Jamiyat
Urush qatnashchilariga 30 mln so‘mdan mukofot puli beriladi
II jahon urushi qatnashchilari 30 mln so‘m miqdorida mukofotlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevga harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, 9 may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan axborot berildi.
Avvalo, armiyaning jangovar shayligi va tayyorgarligini rivojlantirish, shaxsiy tarkibga yangi tizim asosida ta’lim berish va kasbga tayyorlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berildi.
Xususan, jangovar shaylik yo‘nalishida qo‘shinlarda majmuaviy strategik va qo‘mondonlik shtab o‘quvlari, yig‘in, dala chiqishlari va o‘quv kurslari tizimli ravishda o‘tkazib kelinayotgani, bunda shaxsiy tarkibda axloqiy-ruhiy, real jangovar vaziyatlarda qo‘rquv va emotsiyalarni boshqarish hamda dadil harakatlana olish kabi muhim jangovar sifatlarni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.
Zamonaviy jangovar harakatlar tahlilidan kelib chiqib, barcha o‘quv, trening va mashg‘ulotlarda jang olib borishning yangi usul va shakllari o‘zlashtirilayotgani, bo‘linmalarning mobilligini, jangovar imkoniyatlarini va qo‘yilgan vazifalarni mustaqil bajarish qobiliyatini oshirishga qaratilgan tegishli chora-tadbirlar ko‘rilayotgani yuzasidan axborot berildi.
Har yili mamlakatimizda 9 may – Xotira va qadrlash kuni umumxalq bayrami sifatida nishonlanishi yurtimizda tinchlikni asrash, mustaqillikni mustahkamlash, Vatan ozodligi yo‘lida qurbon bo‘lganlar xotirasini yod etish, bugun oramizda sog‘-omon yashayotgan urush va mehnat faxriylariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishning yorqin amaliy ifodasidir.
Joriy yilda bayram munosabati bilan Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va nogironlarining har biriga 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofotini to‘lash taklif qilindi.
Shuningdek, bu kunda urush qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, keksalar va ustozlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, yolg‘iz va kam ta’minlangan faxriylarning turar joylarini obodonlashtirish, turli xotira va qadrlash tadbirlarini tashkil etish rejalashtirilgan. Mustaqillik yillarida xizmat burchini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan Vatan fidoyilarining xotirasi ham ulug‘lanadi. Ularning oila a’zolariga moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatiladi.
Ona Vatanimiz tinchligi, xalqimiz osoyishtaligi yo‘lida jon fido qilgan harbiy xizmatchilarning mardligi va jasoratini targ‘ib qilishga qaratilgan ma’naviy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkaziladi. Mamlakatimiz bo‘ylab “Burch, jasorat, matonat!” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, uch avlod uchrashuvlari, ijodiy kechalar, tanlovlar va ommaviy sport musobaqalari tashkil etiladi.
Taqdimotda rezervdagi va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar ham ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, dunyoda yuz berayotgan harbiy mojarolar tahlili urush davridagi safarbarlik ehtiyojlaridan kelib chiqib, tinchlik davrida harbiy tayyorgarlikka ega bo‘lgan ofitserlar zaxirasini shakllantirish va ularni mutaxassisliklar bo‘yicha to‘g‘ri taqsimlash dolzarb vazifa ekanini ko‘rsatmoqda.
Hozirgi kunda 4 ta oliy ta’lim va 2 ta oliy harbiy ta’lim muassasasining harbiy tayyorgarlik o‘quv markazlari va fakultetlarida 42 ta mutaxassislik bo‘yicha rezerv va zaxiradagi ofitserlar tayyorlanmoqda. Bunga qo‘shimcha ravishda Urganch, Termiz, Andijon davlat universitetlari, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti hamda Andijon davlat tibbiyot institutida yana 5 ta harbiy tayyorgarlik o‘quv markazini tashkil etish taklif qilindi.
Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasalarida qo‘shimcha ravishda “Chaqiriqqacha harbiy ta’lim” yo‘nalishi bo‘yicha 3 yillik bakalavriat ta’limi asosida rezerv va zaxiradagi ofitserlarni tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Harbiy tibbiyot institutida esa ilk bor klinik ordinatura va magistraturaga qabul qilingan hamda harbiy tayyorgarlikdan o‘tish istagini bildirgan talabalar to‘lov-kontrakt asosida o‘qitiladi. Bunday imkoniyat nodavlat oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun ham yaratiladi.
Bugungi kunda dolzarb bo‘lgan sun’iy intellekt, dron, robototexnika kabi zamonaviy va tor mutaxassisliklar bo‘yicha ham zaxira ofitserlari tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Harbiy tayyorgarlik o‘quv bo‘linmalari uchun ilg‘or xorijiy armiyalar tajribasi asosida yangi o‘quv reja va dasturlar ishlab chiqiladi.
Harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Joriy yil 13-yanvar kuni Prezidentimiz, Qurolli Kuchlarimiz Oliy Bosh Qo‘mondoni raisligida o‘tkazilgan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida mazkur masala ustuvor vazifalardan biri sifatida belgilangan edi.
Jumladan, Mudofaa vazirligi ofitserlariga xizmat yillari uchun to‘lanadigan har oylik ustama miqdori ikki baravarga oshirish, kontrakt bo‘yicha xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik pul ta’minotini 10 foizga ko‘paytirish taklif qilindi.
Prezidentimiz takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ularning ijrosi harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirish, harbiy xizmat nufuzi va jozibadorligini oshirishga xizmat qilishini ta’kidladi hamda tegishli hujjatlarni imzoladi.
Jamiyat
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi
Buxoro viloyati hokimiga birinchi o‘rinbosar tayinlandi.
Jamshid Sharopov Buxoro viloyati hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – viloyat iqtisodiyot va moliya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Jamshid Sharopov 1984-yil 27-yanvarda G‘ijduvon tumanida tug‘ilgan. 2005-yilda Buxoro davlat universiteti, 2009 yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi-iqtisodchi.
Mehnat faoliyatini 2002-yilda AT “Paxta Bank”ning Buxoro viloyati boshqarmasi bank jarayonlari bo‘limi iqtisodiy bo‘linmasi mutaxassisi sifatida boshlab, ATB “Agrobank” Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i (2014-2020), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Buxoro viloyati bosh boshqarmasi boshlig‘i (2020-2021), Shofirkon tumani hokimi (2021-2023), ATB “Agrobank” agrosanoat majmuasi korxonalarini moliyalashtirish departamenti direktori o‘rinbosari (2023-2026) lavozimlarida faoliyat yuritgan.
Ayni paytga qadar u ATB “Agrobank” muammoli kreditlar bilan ishlash departamenti direktori vazifasida ishlab kelayotgan edi.
Jamiyat
Chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz mukofotlandi
«O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan chet el fuqarolari va xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida»gi Prezident farmoni e’lon qilindi.
Mukofotlanganlar ro‘yxati:
“Do‘stlik” ordeni bilan
Ivan Sao – “BYD Auto” kompaniyasining Yevropa sotuv bo‘limi bosh direktori o‘rinbosari
Klod Imoven – Fransiyaning “MEDEF International” harakatining O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlar kengashi raisi
Masayoshi Fujimoto – “Sojitz” kompaniyasi direktori
Sabine Maxl – BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori
Turaman Sinan – Shayxontohur tumanidagi “Outdoor Factory Toshkent” mas’uliyati cheklangan jamiyati kuzatuv kengashi raisi, Toshkent shahri
II darajali “Salomatlik” ordeni bilan
Qahorova Nilufar Hamroyevna – AQShning Garvard universiteti huzuridagi Boston bolalar shifoxonasi loyiha menejeri
Yuldasheva Nodira Muxamedovna – Kanadaning Toronto shahridagi Kanadadagi o‘zbekistonliklar uyushmasi asoschisi, “Sog‘lom yo‘l” tibbiy va diagnostik markazi rahbari
“Shuhrat” medali bilan
Abdullayeva Shahlo Abdirashidovna – Koreya Respublikasining Kvangju shahridagi Migrant ayollar huquqlarini himoya qilish va ta’lim berish markazi rahbari.
Jamiyat
Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i etib tayinlandi
Podpolkovnik Baxtiyor Inoqov Surxondaryo viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi. U bunga qadar Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi magistratura bosqichida tahsil olgan.
Tayinlov Xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining jamoat xavfsizligi va kriminogen vaziyatga bag‘ishlangan navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qilindi.
Sessiyada viloyatdagi jinoyatchilik holati ham tahlil qilindi. Joriy yilning hisobot davrida hududdagi 723 ta mahallaning 528 tasida (73 foiz) bironta ham jinoyat sodir etilmagan. Ichki ishlar xodimlarining tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar soni 40 foizga yaxshilangan.
Shu bilan birga, 28 ta mahalla «qizil» toifada qolayotgani qayd etildi.
Yangi IIB boshlig‘iga jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, har bir mahallada xavfsizlikni ta’minlash, aholi bilan yaqin muloqotni yo‘lga qo‘yish va fuqarolarning ichki ishlar organlariga ishonchini mustahkamlash vazifalari yuklatildi.
Jamiyat
Raqobat qo‘mitasi «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirmaslikka chaqirdi
Yangi o‘quv yili arafasida O‘zbekiston hududidagi umumta’lim maktablari, dehqon bozorlari va savdo majmualarida mavsumiy «Maktab bozorlari» tashkil etilmoqda.
Raqobat qo‘mitasi mavsumiy savdo jarayonlarida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, raqobat muhitini ta’minlash hamda aholini sifatli va hamyonbop mahsulotlar bilan ta’minlash muhimligini ta’kidladi.
Qo‘mita ota-onalar va o‘quvchilarga xarid vaqtida mahsulotning sifati, ishlab chiqaruvchisi, narxi va boshqa muhim ma’lumotlarga e’tibor qaratishni tavsiya qildi.
Tadbirkorlarga esa «Maktab bozorlari»da sotilayotgan mahsulotlar sifati va narxlarining asosliligini ta’minlash, iste’molchilarga zarur axborotlarni taqdim etish hamda ularning huquqlariga rioya qilish majburiyati eslatildi.
Raqobat qo‘mitasi maktab bozorlarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni darsliklar, maktab formalari, o‘quv-yozuv qurollari va boshqa anjomlar narxlarini asossiz oshirmaslikka hamda qonunchilik talablariga qat’iy amal qilishga chaqirdi.
Fuqarolar «Maktab bozorlari»da narxlarni asossiz oshirish holatlariga duch kelsa, Raqobat qo‘mitasining 1159 ishonch telefoni orqali murojaat qilishi mumkin.
Qo‘mita tomonidan maktab bozorlarida narxlar barqarorligini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilishi ma’lum qilindi.
Jamiyat
O‘zbekistonda endi uylarni «rassrochka»ga olib bo‘lmaydimi?
Prezidentning 2026-yil 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan 2027-yil 1-yanvardan muddatli to‘lov xizmati operatorlari faoliyati tartibga solinadi.
Ma’lum qilinishicha, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar operator hisoblanadi. Ular iste’molchiga tovar yoki xizmatni muddatli to‘lov asosida olish imkoniyatini vositachi sifatida taqdim etadi.
Qarorning 3-bandi «d» kichik bandiga ko‘ra, ko‘chmas mulk operator ko‘rsatadigan muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi. Shu sababli vositachi operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish imkoniyati nazarda tutilmagan.
Biroq bu qoida uy-joyni bo‘lib-bo‘lib to‘lash asosida sotishni umumiy tarzda taqiqlamaydi.
Qarorning 3-bandi «a» kichik bandida sotuvchi tomonidan iste’molchiga tovarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotish holatlari muddatli to‘lov xizmati tushunchasidan mustasno qilingan.
Shunga ko‘ra, quruvchi o‘zining qurgan uy-joyini xaridorga bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi mumkin. Ya’ni yangi tartib quruvchi va xaridor o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri savdoni taqiqlamayapti.
Demak, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan «endi uyni rassrochkaga olib bo‘lmaydi» degan talqin to‘liq to‘g‘ri emas. Cheklov aynan muddatli to‘lov operatorlari orqali ko‘chmas mulkni moliyalashtirishga taalluqli.
Yangi tartibga ko‘ra, muddatli to‘lov operatorlari maxsus reyestrga kiritiladi va ularning faoliyati Markaziy bank nazorati ostida bo‘ladi. Shuningdek, operatorlar bilan tuziladigan shartnomalar, ustama va komissiyalarga nisbatan aniq talablar belgilanadi.
Shunday qilib, 2027-yildan operator orqali uy-joyni «rassrochka»ga olish cheklanadi, ammo quruvchining xaridorga uyni bevosita bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotishi saqlanib qoladi.
-
Siyosat4 days ago
«Milliy manfaatlarni himoya qilish dunyodan yopilish degani emas» — Sherzod Asadov
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston kartoshkani asosan qaysi davlatlardan sotib oldi?
-
Sport5 days ago
Rossiyalik shaxmatchilar O‘zbekistonda o‘tkaziladigan Olimpiadada qatnashmaydi
-
Iqtisodiyot3 days ago
Oziq-ovqat ishlab chiqarishda qaysi hududlar yetakchi?
-
Iqtisodiyot4 days agoPrezident ishtirokida umumiy qiymati 50 trln so‘mlik loyihalar ishga tushirildi
-
Siyosat10 hours ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
