Jamiyat
Unutilgan jasorat yoki Surxondagi yirik to‘qnashuv
1917-yil oktyabr to‘ntarishidan so‘ng to‘rt oy ham o‘tmasdan Qizil Armiya Buxoro amirligini tugatish maqsadida qurolli hujum uyushtirdi. Tarix Kolesov voqeasi sifatida biladigan mazkur urinishning uchinchi kunida vaziyat shunday kechdiki, qizil bosqinchilarga qarshi ko‘tarilgan Buxoro xalqi son jihatdan g‘animga qaraganda o‘n baravar ko‘paydi, va tabiiy, Kolesov chekinishga majbur bo‘ldi…
Sheroboddan amirlik poytaxtiga xizmat yuzasidan kelib qolgan Mirza Abdulmo‘min ana shu voqealarga shohid bo‘ldi, nainki shohid bo‘ldi, balki barcha buxoroliklar qatori poytaxt mudofaasida qatnashdi, dushmanga qarshi jang qildi.
U yigirma besh yildirki Sherobod begining mirzasi bo‘lib xizmat qilar, asli tog‘li Xo‘janqo qishlog‘idan bo‘lib, xalq va hukumat orasida katta obro‘-e’tibor qozongan edi – oldindan bo‘lsa ham aytib qo‘yamiz – hayotining so‘nggi kunlarigacha ham u mirza bo‘lib qoladi.
Kolesov voqeasida ruslarning harbiy texnikasi, qudrati, jang qilish uslubini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, ularning kuch to‘plab, albatta, yana hujumga o‘tishlariga to‘la ishonch hosil qilgan holda uyga qaytgan edi o‘shanda Mirza Abdulmo‘min.
Qaytib keldiyu, ammo qalbi qandaydir bir iztirobda qoldi, u azoblanardi. Shundanmi yoki boshqa bir sababmi, nima bo‘lganda ham Sherobod begi hamda yurt oqsoqollari bilan kelishgan holda yosh, epchil va albatta mergan yigitlardan tanlab, ellik kishilik guruh tuzdi. Shu zahoti yigitlarni bo‘lg‘usi janglar uchun tayyorlashga kirishdi, miltiq otish, ot choptirish, qilichbozlik, cho‘p bilan olishish va jang qilishning boshqa usullarini yaxshilab o‘rgatdi. Jumladan, orqadan otilgan dushman o‘qiga chap berishning eng yaxshi usulini o‘ylab topdi. Bu “yonboshga sakrab yugurish”, ya’ni hozirgi tilda aytganda, “zigzag” edi.
Xullas, Xo‘janqo, Tangidevon va Xomkondan yigirmata uloqchi ot olib kelib, yigitlar ularni o‘zlariga o‘rgatib olishlari uchun sharoit yaratdi. Yoz oxirlab qolganida barchani bir joyga to‘pladi. Yigitlardan biriga yonib turgan cho‘pning kuyasi bilan yer chizishni buyurib, uzunasi ikki yuz qadam, oralari esa besh qadamdan bo‘lgan yigirmata chiziq torttirdi. Shunday qilinganda, bir paytning o‘zida yigirma ot bilan bemalol mashq bajarish mumkin bo‘lardi. Otlarni chiziqlar boshiga olib keldilar. Dastlab jonivorlarning ko‘zi o‘rganishi uchun mashq ko‘rsatildi. Jangovar kiyim kiygan bir bahodir yigit rosa terlab ishladi: u chiziq bo‘ylab avval o‘ng, so‘ng so‘l tomonga chaqqonlik bilan sakrab-sakrab, shu taxlit marra oxirigacha yugurib borardi. Keyin esa ikkinchi chiziqqa o‘tib, boyagi harakatlarini qaytarardi. Shu tariqa, bahodir yigit otlarning ko‘zi o‘ngicha yigirma chiziq orasidan sakrab-sakrab yugurib o‘tdi. Yugurish amalini o‘tab bo‘lganidan so‘ng bahodir otining yoniga borib uning boshini siladi, bir hovuch yemni og‘ziga tutdi.
Bir oycha davom etgan mashqlar natijasida otlar kerakli ko‘nikmani hosil qilib ulgurgan edi. Shundan so‘ng sayis ularni yetaklab, birinchi qadamda o‘ngga, ikkinchi qadamda esa chapga sakrab, otlarni o‘z izidan ergashtirdi. Bunda birinchi chiziqqa kirgan ot yigirmanchi chiziqdan o‘tmagunga qadar mashq qildirilgan. Chavandoz va otlarning kunlik mashg‘uloti shu tariqa uzluksiz davom ettirilgan.
Keyingi navbatda otlarga miltiq sadolari ostida harakatlanish o‘rgatiladi. Old va orqa tarafdan otilgan o‘qlarga chap berish asosiy qoida bo‘lgan.
Oxirgi sinovda otga chavandoz o‘tiradi. Endi bunda o‘q to‘g‘ri otga qarab otilardi, mabodo o‘q daydi ketsa chavandozga ham tegishi mumkin edi. Bu sinovga hech kim rozi bo‘lmagan. Shunda Mirza Abdulmo‘min otga o‘zi o‘tiradi va merganlarga o‘q otishni buyuradi. Merganlar rad etganda Mirza qat’iylik bilan ularga buyruqni bajartiradi. Nihoyat, eng xavfli sinov boshlanadi. Old tomondan 25 mergan, orqadan 25 mergan joylashadi. Mirza Abdulmo‘min yigirma chiziqning barchasidan o‘tadi. Har chizikda goh olddan, goh orqa tomondan o‘q otilib turadi. Mashqda o‘rganganlarini bajargan ot miltiq o‘qlariga chap berib, zigzagsimon usulda chopadi. Otga ham, chavandozga ham birorta o‘q tegmaydi. Hamma Mirzani olqishlaydi.
Sinovlar tugaganidan so‘ng Mirza Abdulmo‘min qishloq ahliga osh berdi, ruhoniylar, oqsoqollar duosini oldi. Keksa momolar jangovar badash qo‘shiqlarini aytib, doira chalib, o‘yinlar o‘ynab ularga omadlar tilashdi. Mirza Abdulmo‘minning yigitlari shu yerning o‘zida qasamyod qilishdi – ular bo‘lg‘usi janglarga to‘liq tayyor edilar.
Ushbu marosimdan bir necha kun o‘tgach, ya’ni 1920 yilning 2 sentyabrida Amir Olimxon Buxoroni Qizil Armiyaga topshirib, Boysunga qochdi. Bu yerda ham ko‘p qolib ketmadi. Ta’qibchi qizil askarlar Boysunni egalladi. Amir Denovga chekindi.
Ana shunday tahlika, taloto‘p sharoitida amirlikning ba’zi mulozimlari Xatak va Tangidevon orqali Gaurdakka yo‘l olishgan. Chinnixol momo Safarova (1926–2000) o‘z onasi Xoldona momo Qurbonbadal qizidan (1890–1962) eshitganiga ko‘ra, Buxoroi sharif ayovsiz o‘qqa tutilib, ko‘p joylari kultepaga aylantirilgani, masjid va madrasalar vayron etilgani, xalq talon-taroj va qirg‘inga uchragani haqida qishloq ahliga amir odamlari aytgan. Buxoro davlati mulozimlarining qizillardan qochib ketayotganini ko‘rgan tog‘liklar dahshatga tushgan bo‘lsalar-da, ammo ularga imkon darajada yordam ko‘rsatib, otlariga yem-xashak, o‘zlariga yegulik va boshpana berishgan.
Qizil Armiya Boysunni egallaydi va G‘uzorga qaytib ketadi. Amir darhol Olimbek degan kishini Boysun va Sherobodga hokim etib tayinlaydi va Boysunni qaytarib olish, Sherobodni dushmandan himoya qilish vazifasini uning zimmasiga yuklaydi. Olimbek bir dasta navkarlarni o‘zi bilan olib Sherobodga keladi.
Xullas, shu paytdan e’tiboran kelgindilarga qarshi ommaviy qarshilik harakati, «yurt himoyasi uchun tom ma’nodagi muqaddas urush» boshlanadi. Manbalardan birining xabariga ko‘ra, noyabr oyiga kelib amir askarlari soni Sharqiy Buxoroda 15 ming, ko‘ngilli g‘azovotchilar esa 30 ming kishiga yetgan. Qizil Armiyaning ularga qarshi o‘sha yil oxirida tashkil etilgan “Hisor ekspeditsiyasi” 17 dekabr kuni ikki yo‘nalishda: Termiz va Qarshidan yo‘lga chiqadi.
Shiddatli janglardan so‘ng amir qo‘shinlari chekinishga majbur bo‘ladi. 1921 yilning 5 yanvar kuni Darband, Sayrob, Xo‘jabulg‘on, Dahanaijom, Yolg‘izbog‘, To‘da qishloqlari qo‘ldan ketadi. Olimbek boshliq himoyachilar Boysun ko‘chalarida nayzabozlikka o‘tadilar. Orada qattiq jang borar, kuchlar teng emasdi. Oxiri ruslarning qo‘li baland kelib, Boysun ishg‘ol etiladi. Qolgan-qutgan amir qo‘shinlari Hisorga chekinadi.
Qizil Armiya endi Sherobodni egallashi lozim edi. Chunki, ruslar uchun Termiz-Buxoro karvon yo‘lini nazorat qilish imkoniyatini beradigan Sherobodda “Hisor ekspeditsiyasi”ning Termiz guruhi jiddiy qarshilikka duch keldi. Zudlik bilan tuzilgan maxsus qo‘shin Sherobodga jo‘natildi.
Xo‘janqolik Umar bobo Muzropobning (1925–2016) ma’lumotiga ko‘ra, o‘lkada “Qizil keldi, amir qochdi”, “O‘rus Sherobodga kelarmish” singari gap-so‘zlar paydo bo‘lishi bilan oddiy xalq yurt mudofaasiga urinadi. Miyon Safiyulloh ana shu masalada kengash chaqiradi. Xatak amlakdorligiga qarashli Kallamozor, Laylagan, Xatak, Xo‘janqo, Tangidevon, Xomkon, G‘urjak, Xo‘jaulkan va boshqa qishloqlar oqsoqollari bir ovozdan dushmanga qarshi chiqishga ahd qiladilar.
Tog‘lik ko‘ngillilarga Mirza Abdulmo‘min bilan Miyon Safiyulloh yetakchilik qilishgan. Ular dekabr oyida Sherobod himoyasini ta’minlab turganlar. Boysun tomondan ham dushman kelayotgani haqida xabar olingani zahoti Mirza Abdulmo‘min ellik merganni Gumdahanaga joylashtiradi. Maqsad Sherobodga o‘tadigan ana shu yagona yo‘lda dushmanga tuzoq qo‘yish edi. Yo‘l-yo‘lakay ular safiga qo‘shni qishloqlardan yig‘ilgan yana ellik ko‘ngilli qo‘shiladi. Barcha aynan shu yerda Sherobodning takdiri hal bo‘lishini tushunar, chetdan hech qanday madad bo‘lmasligini ham bilishardi. Bu ular uchun hayot-mamot jangi edi.
1921 yilning 6 yanvari. Qahraton sovuq. Kechga yaqin Xatak yo‘lida Mirza Abdulmo‘min dushman ayg‘oqchilarini ko‘rib qoldi. Dushman ham birdan harakatga tushdi. Mirza miltiq o‘qlariga chap berib Gumdahanaga yetib keldi va barchaga tayyor turishni buyurdi. Bosqinchilar mudofaa marrasiga tun qorong‘isida sezdirmasdan yaqinlashardi. Qo‘qqis otilgan dushman o‘qidan Muqimbek mergan shahid bo‘ldi. Otishma boshlandi va otliq qizil askarlar qilich yalang‘ochlab “ura” sadolari ostida hujumga o‘tishdi.
Tish-tirnog‘igacha qurollangan, janglarda chiniqib tajriba orttirgan, son jihatidan qirq marotaba ustunlikka ega bo‘lgan dushman bor-yo‘g‘i ellik mergan joylashgan marrani yorib o‘ta olmadi. Buxorodan to Boysungacha bo‘lgan hududda amir askarlarini tezlikda tor-mor eta olgan, shahar va qishloqlarni zabt etib, vayronu talon-taroj qilgan bosqinchilar bunday qarshilikka duch kelish mumkinligini xayolga ham keltirmagan. Ular uchun bu joyda kutilmagan mutloq holat ro‘y berdi.
O‘q ovozlarini eshitgan Gumdahanaga yaqin qishloqlar aholisi va cho‘ponlar tog‘lar ustiga chiqib olib jangni kuzatishgan, ayrim dovyuraklar himoyachilarga non, suv, qatiq kabi yeguliklar yetkazib bergan, ba’zilar esa yaradorlarga yordam ko‘rsatgan.
Birinchi urinishida muvaffaqiyatsizlik alamini rosa totib ko‘rgan dushman chekinadi, biroz tin olib choshgoxda yana hujum boshlaydi. Bu safar mudofaaning oldingi marrasi yorib o‘tiladi. Himoyachilar o‘q tugab qolganda dushman suvoriylariga qarshi qo‘l, qilich va miltiq qo‘ndog‘i yordamida chiqdilar. Xuddi shu onda ularga o‘z vaqtida mashq qilib o‘rgangan usullari juda qo‘l keladi: kimdir dushman qilichiga chap berib chavandozni yiqitar, ayrimlari esa raqibni oti bilan qo‘shib yerga ag‘darib tashlardi.
Xullas, dushmanni to‘xtatish uchun hamma usullar ishga solinadi. Merganlar jasoratidan ruhlangan ko‘ngillilar ham hujumga qo‘shilishdi. Ular miltiq o‘rnida kaltak, panshaxa, tayoq, bolta, o‘roqni ishlatishgan. Omonsiz jangda har ikki tomon ham katta talafot ko‘radi. Chekinish degan gap vatanparvarlar xayolida mutlaqo bo‘lmagan. Mardonavor qarshilik dushmanni orqaga qaytishga majbur qiladi.
Bosqinchi madad kuchini uzoq kutib qolmaydi. O‘sha kuniyoq zambaraklar bilan qurollangan yordamchi kuchlar yetib keladi. To‘plar ishga solinadi, mudofaachilar ayamay o‘qqa tutiladi. To‘plar na’rasidan yeru ko‘k larzaga kelib, butun osmon chang-g‘ubor va tutun bilan qoplanadi. Vatanparvarlarning aksariyati zambarak o‘qidan joyni almashtirish paytida halok bo‘lgan. Ammo jang maydonini hech kim tashlab ketmagan. Himoyachilarning qarshiligi sindirildi, deb o‘ylagan qizil askarlar tag‘in hujumga o‘tishadi. Ammo, dahanaga kirish joyida qo‘qqis otilayotgan o‘qlardan dushman otliqlari birin-ketin qulay boshlaydi. Hali tirik bo‘lgan himoyachilar to‘plar yomg‘iri ostida, chetdan hech qanday yordam olmasdan qarshilik ko‘rsatib, dushmanni to‘xtatishga urinardi. Buxoro davlatining bayrog‘i turgan joyda jang, ayniqsa, juda shiddatli kechgan.
Kuchlar teng bo‘lmagan ushbu jang takdirini Qarshi-Termiz arava yo‘li orqali yetib kelgan bronevik (zirhli avtomobil) hal qildi. Uning yordamida dushman dahanani egallaydi. Buxoro bayrog‘i qulaydi. Merganlarning hammasi jang maydonida halok bo‘ladi.
Mirza Abdulmo‘min dahanadan o‘tgan dushman Sherobod qarab yo‘l olganini ko‘rib, qarshilik ko‘rsatish endi befoyda ekanini anglaydi. Omon qolganlardan biri, xomkonlik Botir merganni Miyon Safiyulloh bilan birga qishloqqa jo‘natadi. O‘zi esa Sherobodni ogohlantirish uchun ot choptiradi. Uning kimligini bilgan dushman izidan quvishga tushdi. Yuzlarcha otliq askar va bronevik ta’qibida bo‘lgan Abdulmo‘min o‘qlarga chap bera-bera Sherobod qo‘rg‘oniga yaqinlashadi. Qo‘rg‘ondagilar uzok otishmani eshitib va Mirzaning ovozini tanib vaziyat qaltisligini tushunishgan. Nihoyat qo‘rg‘onga yetib kelgan Mirza ichkari kiradi va barchaga zudlik bilan qal’ani tark etib, faqat tog‘ tomon yo‘nalish lozimligini buyuradi. Chunki, qurshovda qolishsa, to‘la qirilib ketardilar.
O‘zi qoladi va qo‘rg‘onning eng baland joyiga chikadi, maqsadi dushman kelishini kuzatish va uni chalg‘itish edi. Otliq askarlar yaqinlashgani hamono ularga qarata miltiklardan qatorasiga har joydan o‘q ota boshladi. Qala o‘rab olinadi. Faqat Allohga tavakkal qilgan, taslim bo‘lishdan ko‘ra jangda shahid o‘lishni afzal bilgan bu fidoyi qo‘rg‘on darvozasidan otilib chiqib, qilichini yalang‘ochlagan holda vahshat ila bosqinchilarga tashlanadi. Unga qarata o‘qlar uzilardi. Og‘ir yarador holida ham kurashni davom ettirib oxiri yiqiladi. Qahramon miltiq nayzalari sanchib o‘ldirilgan edi.
Bu Qizil Armiya Surxon vohasida duch kelgan birinchi yirik to‘qnashuv edi. Ushbu hayot-mamot jangida atigi yuz nafar ko‘ngillidan iborat bo‘lgan xalq qo‘shini dushmanning yirik kuchi bilan to‘qnashgan. Kamsonli qahramonlar jangda mag‘lub etilib, o‘lkada mustabid sovet rejimi o‘rnatildi.
Oddiy xalq orasidan chiqib, Sherobod mudofaasini tashkil etgan merganlar ko‘rsatgan jasoratni xalq xotirasidan o‘chirish uchun barcha harakatlar qilindi. Sodir bo‘lgan muqaddas jangning qolgan-qutgan ishtirokchilari hamda voqea guvohlari 1929-1930 yillar qatlonida so‘roqsiz otilib ketdi, bu hakda eslagan, so‘zlagan kishilar shafqatsiz ravishda yo‘q qilib yuborildi.
El og‘ziga elak tutib bo‘lmaydi, albatta. Shunda tahqiromuz bir cho‘pchak o‘ylab chiqariladi: emishki, oz sonli qizil askarlar bir necha ming avom xalqqa go‘yo rahmi kelib, ularga bir marotaba o‘quv snaryadini otgan va hammasini tum-taraqay qochirgan. Bu cho‘pchak xalqimiz tarixini yo‘q qilish, o‘zini kamsitish va salohiyatini yuzaga chiqarmaslik uchun to‘qilgan edi. Ammo, alaloqibat xalq o‘z qahramonlarini unutmadi, ular xotirasini avloddan-avlodga o‘tkazdi va mustaqillik zamonasiga qadar yetkazdi.
Abdulla Xolmirzayev.
P.S. mazkur mavzuda tarixchi Ikrom Umarov alohida tarixiy asar tayyorlagan.
Jamiyat
Toshkent atrofida yangi «yashil belbog‘»lar barpo etiladi
Toshkent shahri va unga tutash hududlarda «Yashil belbog‘» loyihasining navbatdagi bosqichi amalga oshiriladi. Unga muvofiq, yangi yashil hududlar barpo etilib, iqlimga mos, qurg‘oqchilikka chidamli daraxt va buta ko‘chatlari ekiladi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahri atrofida «yashil belbog‘»lar tashkil etish hamda yo‘l yoqalarida tabiiy o‘sib chiqqan daraxt va buta nihollarini saqlab qolish yuzasidan bildirilgan fikrlar o‘rganilgan.
Qayd etilishicha, prezidentning farmon va qarorlariga muvofiq, 2022–2026 yillarda Toshkent shahrida 1 million 350 ming tupdan ortiq daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilgan. 2025–2026 yillarda esa poytaxt va unga tutash hududlarda Bektemir tumanida 38 ming, Toshkent tumanida 20 ming, Yangihayot tumanida 2,1 ming va Qibray tumanida 100 ming tup daraxt ekilgan. Shuningdek, 4R–21 avtomobil yo‘li yoqasida ham 2 mingdan ziyod manzarali daraxt va buta ko‘chatlari o‘tqazilgan.
2026–2027 yillarda Yangihayot tumanida 21,21 gektar, Sergeli tumanida 6,81 gektar, Bektemir tumanida 40,1 gektar hamda Chirchiq daryosining Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod va Bektemir tumanlari hududidan o‘tuvchi qismi bo‘ylab 100 gektar maydonda yangi «yashil belbog‘»lar tashkil etish rejalashtirilgan.
Shuningdek, prezidentning 2026 yil 25 martdagi farmoniga muvofiq, Toshkent shahri va viloyatida botanika hamda dendrologiya bog‘larini tashkil etish uchun jami 385,3 gektar yer maydoni ajratiladi. Vazirlar Mahkamasining qarori asosida esa poytaxtda umumiy maydoni 139,6 gektar bo‘lgan to‘qqizta yangi jamoat bog‘ini barpo etish belgilangan.
Ekologiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, «Yashil belbog‘» loyihasi doirasida 2045 yilga qadar Toshkent shahri va unga tutash hududlarda kamida 58 ming gektar maydonda intensiv himoyaviy o‘rmonzorlar tashkil etish rejalashtirilgan. Buning uchun 50 million tupdan kam bo‘lmagan iqlimga mos, qurg‘oqchilikka chidamli va changni yaxshi ushlab qoluvchi daraxt hamda buta ko‘chatlari ekilib, ularning yashovchanligini 85 foizga yetkazish maqsad qilingan.
Mas’ullar ta’kidlashicha, «yashil belbog‘» loyihasi faqat ko‘chat ekish bilan cheklanmaydi. Uning doirasida yashil hududlarning huquqiy muhofazasini kuchaytirish, suv tejovchi sug‘orish tizimlarini joriy etish, havo sifati va yashillik qoplamini muntazam monitoring qilish, shuningdek, yo‘l yoqalarida tabiiy o‘sib chiqqan daraxt va buta nihollarini saqlab qolish choralari ham amalga oshiriladi.
Jamiyat
Mustaqillik shohko‘chasida harakat sxemasi vaqtincha o‘zgaradi
Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mustaqillik shohko‘chasida rekonstruksiya ishlarining navbatdagi bosqichi boshlanishi munosabati bilan transport harakati sxemasi vaqtincha o‘zgartiradi. Ta’mirlangan yo‘l qismi harakat uchun ochilsa, ko‘chaning qarshi yo‘nalishida qurilish-ta’mirlash ishlari olib boriladi.
Toshkent shahar hokimligi ma’lum qilishicha, Mustaqillik shohko‘chasida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, transport oqimini tartibga solish va jamoat transporti harakati uchun qulay sharoit yaratish maqsadida qurilish-ta’mirlash ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.
Avvalgi bosqichda ko‘chaning bir tomonidagi qatnov qismi to‘liq ta’mirlanib, yo‘l qoplamasi yangilandi. Shuningdek, ko‘cha bo‘ylab muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va boshqa infratuzilma obektlarini takomillashtirish ishlari ham davom etmoqda.
Endi esa ko‘chaning ikkinchi tomonida ta’mirlash ishlarini boshlash uchun harakat tartibi o‘zgartiradi.
Shu munosabat bilan 2026 yil 16 iyul soat 01:00 dan 31 iyul soat 22:00 gacha Mustaqillik shohko‘chasining Parkent ko‘chasi kesishmasidan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi chorrahasigacha bo‘lgan qatnov qismi transport vositalari harakati uchun vaqtincha yopiladi.
Ayni paytda 16 iyul soat 02:00 dan qurilish-ta’mirlash ishlari yakunlangan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi kesishmasidan Oqqo‘rg‘on ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘nalish barcha transport vositalari harakati uchun qayta ochiladi.
Ma’lum qilinishicha, vaqtinchalik cheklovlar Mustaqillik shohko‘chasini to‘liq va sifatli rekonstruksiya qilish, harakat xavfsizligini oshirish hamda haydovchilar, yo‘lovchilar va piyodalar uchun zamonaviy va qulay yo‘l infratuzilmasini yaratish maqsadida joriy etilmoqda.
Mas’ullar haydovchilardan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, yo‘nalishlarini oldindan rejalashtirishni tavsiya qildi.
Jamiyat
Bo‘stonliqda ko‘knori plantatsiyasi fosh etildi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 17,6 ming tup ko‘knori va 9 tup kannabis yetishtirilgan yashirin plantatsiya aniqlandi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Foto: Videodan kadr / DXX
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi navbatdagi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida Bo‘stonliq tumanida yashovchi 1971 yilda tug‘ilgan fuqaro taqiqlangan ko‘knori o‘simligini ekib, parvarishlab kelayotgani aniqlangan.
Gilavasoy qishlog‘i tog‘ yonbag‘irlarida joylashgan yer maydoni ko‘zdan kechirilganda, jami 17 600 tup ko‘knori va 9 tup kannabis o‘simligi mavjudligi ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, gumonlanuvchining yashash xonadoni tintuv qilinganda, quritilgan ko‘knori boshoqlari hamda quritib, maydalangan holda saqlanayotgan ko‘knori ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan fuqaroga nisbatan Jinoyat kodeksining 270-moddasi 2-qismi «v» bandi hamda 25, 273-moddasi 6-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Serra-Leonedan yuborilgan kokain Toshkentda ushlandi
Toshkent shahrida Serra-Leonedan kurerlik jo‘natmasi orqali olib kirilgan 728 gramm kokain musodara qilindi. Giyohvandlik vositasi avtoehtiyot qismlari ichiga yashirilgan bo‘lib, uni qabul qilib olgan shaxs qo‘lga olindi.
Foto: Videodan kadr / DXX
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bojxona organlari xodimlari tomonidan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi navbatdagi tezkor operatsiya o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, Serra-Leone davlatidan yuborilgan kurerlik jo‘natmasini Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi xususiy kurerlik xizmati orqali qabul qilib olmoqchi bo‘lgan Yashnobod tumanida yashovchi, 1983 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan shaxs ushlangan.
Tekshiruv davomida avtoehtiyot qismlari ichiga yashirilgan 728 gramm kokain borligi aniqlanib, giyohvandlik vositasi protsessual tartibda musodara qilindi.
Shuningdek, gumonlanuvchining yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda, zip-paketlarga joylangan kukunsimon moddalar hamda tarkibida narkotik moddalar mavjud bo‘lgan shirinliklar ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
Jamiyat
Xitoyda ishlab chiqarilgan ayrim o‘yinchoqlar savdodan chiqarildi
Xitoyda ishlab chiqarilgan ayrim bolalar o‘yinchoqlari savdodan chiqarildi.
Jizzax shahridagi savdo nuqtalaridan birida o‘tkazilgan nazorat xaridlari davomida Xitoyda ishlab chiqarilgan ayrim bolalar o‘yinchoqlarida xavfsizlik talablariga nomuvofiqliklar aniqlandi.
Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasining Jizzax hududiy bo‘limi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda Mesh Squezee Ball savdo belgili, stressga qarshi o‘rgimchak shaklidagi yumshoq o‘yinchoqlardan namunalar olinib, laboratoriya sinovlaridan o‘tkazildi.
Sinov natijalariga ko‘ra, mazkur mahsulotlarda o‘tkir hid mavjudligi hamda formaldegid miqdori belgilangan me’yorlardan yuqoriligi aniqlandi.
Mutaxassislarning qayd etishicha, formaldegid moddasi inson salomatligiga, xususan, nafas yo‘llari, ko‘z va teriga salbiy ta’sir ko‘rsatishi, allergik holatlarni kuchaytirishi mumkin.
Shuningdek, tekshiruv davomida mahsulot yorliqlarida zarur ma’lumotlar davlat tilida aks ettirilmagani ham qayd etildi. Aniqlangan holatlar «Bolalar o‘yinchoqlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglament» talablariga zid deb topildi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan savdo subyektlariga tegishli ko‘rsatmalar berilib, mahsulotlarni savdodan chiqarish va realizatsiyasini to‘xtatish bo‘yicha choralar ko‘rildi.
-
Sport5 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Dunyodan5 days ago
Frantsiyada ko’pchilik qo’rqqan narsa yuz berdi.
-
Jamiyat5 days agoBektemir tumanida «zakladchik»lar qo‘lga olindi
-
Jamiyat3 days agoToshkent metrosiga yana 3 ta zamonaviy poyezd qo‘shildi
-
Siyosat3 days ago
Prezident Shavkat Mirziyoyev Qatar amiriga ta’ziya bildirdi
-
Sport4 days agoInfantino yana JCh ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasi haqida gapirdi
-
Dunyodan3 days ago
Anqarada NATO sammiti boshlandi
-
Jamiyat4 days ago
Bugun ayrim hududlarda chang-to‘zon kuzatiladi, havo 43 darajagacha isiydi
