Jamiyat
Uchtepada Kichik halqa yo‘lining bir qismida 3 kunga harakat cheklanadi
Uchtepa tumanidagi Kichik halqa avtomobil yo‘lida ta’mirlash ishlari sabab, 21 noyabr soat 20:00 dan 24 noyabr soat 06:00 gacha Beshqayrag‘och ko‘chasidan Foziltepa ko‘chasigacha bo‘lgan yo‘l qismida transport vositalarining harakati bir tomonlama tartibda vaqtincha cheklanadi. Haydovchilardan yo‘nalishni oldindan rejalashtirish so‘ralmoqda.
Ma’lumotga ko‘ra, Uchtepa tumanida joylashgan Kichik halqa avtomobil yo‘lida rejali ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Shu munosabat bilan yo‘lning Beshqayrag‘och ko‘chasidan Foziltepa ko‘chasigacha bo‘lgan qismida transport harakati 21 noyabr kuni soat 20:00 dan boshlab 24 noyabr soat 06:00 gacha vaqtincha cheklanadi.
Ushbu yo‘l uchastkasidan foydalanuvchi haydovchilar harakatlanish yo‘nalishlarini oldindan belgilab olishi, zarurat tug‘ilganda esa aylanma yo‘llardan foydalanishi tavsiya etilmoqda.
Vaqtincha cheklovlar davrida yo‘lda tirbandliklar kelib chiqmasligi va harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida yo‘l harakati qatnashchilaridan belgilangan qoidalarga rioya qilish, yo‘l belgilari va yo‘l-patrul xizmat xodimlari ko‘rsatmalariga amal qilish so‘ralgan.
Ta’mirlash ishlari yakunidan so‘ng ko‘rsatilgan yo‘l uchastkasidan transport harakati odatiy tartibda tiklanishi ma’lum qilingan.
Jamiyat
sog‘lom bolalarni nosog‘lom tizim o‘ldirdi
Ishtixonda ikki bola xatna qilinganidan keyin vafot etdi. Ularning ikkisi ham sog‘lom holda tuman tibbiyot birlashmasiga olib kelinib, sunnat qilingan, lekin tegishli tartiblar qo‘pol ravishda buzilgan: bolalardan na tahlil olingan, na biror joyda bu amaliyotlar qayd etilgan. E’tiborlisi, jarrohlardan biri bolaning o‘limidan keyin yuqoriroq mansabga ko‘tarilib ketgan.
Kun.uz muxbiri Ishtixonda bo‘lib, voqea tafsilotlarini o‘rgandi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2026 yil 22 mart kuni besh yoshli Elxan Tursunov tuman tibbiyot birlashmasida xatna qilingan. Oradan bir kun o‘tib, bolaning ahvoli yomonlashgan. Kesilgan joydan qon ketish boshlangan.
Shundan so‘ng Elyor Rajabov o‘g‘lini shifoxonaga olib borgan. Bolani xatna qilgan jarroh Aziz Xudoyberdiyev bilan telefon orqali bog‘lanishganida, u ishda emasligi sabab bemor bolani hamkasbi Javlon Meliyevga ko‘rsatishlarini aytgan.
“Javlon Meliyev o‘g‘limni olib kirib, taxminan 20 daqiqa davomida tibbiy yordam ko‘rsatdi. Operatsiya qilingan joyni bog‘lab qo‘ydi va bizga hammasi yaxshi ekanini, xavotir olmasligimizni aytdi. Lekin kechga borib o‘g‘limning issig‘i ko‘tarilib ketdi”, deydi Rajabov.
Bolaning ota-onasi bu kunlar davomida operatsiya qilgan shifokor bilan telefon orqali bog‘lanib turishgan va tavsiyalarini bajarishgan. Ammo bolada o‘zgarish bo‘lmagan, aksincha ahvoli yomonlashib boravergan.
“27 mart kuni jarroh Xudoyberdiyevni uyga chaqirtirdik. U bolaning holatini ko‘rib: “Shamollatib qo‘yibsizlar, o‘tib ketadi”, dedi. O‘sha paytda holatga guvoh bo‘lib turgan hududiy hamshiramiz e’tiroz qildi, bolaning ahvoli yomonlashayotganini aytdi. Shundan so‘ng o‘g‘limni yana shifoxonaga olib bordik. Uni jonlantirish bo‘limiga olib kirishdi, taxminan yarim soatlardan so‘ng joni uzilganini aytishdi”, deydi bolaning otasi.
Shifokorlardan izoh olish uchun Ishtixon tuman tibbiyot birlashmasida bo‘ldik. Elxan ertasi kuni shifoxonaga olib borilgan vaqtda unga tibbiy yordam ko‘rsatgan Javlon Meliyevning aytishicha, hamkasbi Aziz Xudoyberdiyev undan bir kun avval xatna qilingan bolaga tibbiy yordam ko‘rsatishni so‘ragan.
Meliyev eski qon izlarini tozalab, bir muddat kuzatib turgani, keyin o‘rnini bog‘lab qo‘yganini bildirdi. Jarroh bolada alohida nojo‘ya holatlarni ko‘rmagani uchun uyiga javob bergani, kechqurun bog‘langan bintni olib tashlash kerakligini tavsiya qilganini aytdi.
Jarrohlik amaliyoti tahlillarsiz o‘tkazilgan
Xo‘sh, aslida xatna amaliyoti qanday o‘tkazilishi kerak edi va amalda qanday bo‘lmoqda?
Navbatchi shifokor, jarroh Sohibjon Xoljigitovning aytishicha, xatna amaliyotini o‘tkazishdan avval har bir bola umumiy tekshiruvlardan o‘tkazilishi shart. Agar tekshiruvlar natijasi ijobiy chiqmasa, amaliyot to‘xtatib turilishi lozim.
Lekin Elxan Tursunov sunnat qilinishidan avval hech qanday tekshiruvlardan o‘tkazilmagan.
O‘n kun ichida ikkinchi o‘lim
Afsuski, bu – Ishtixondagi yagona holat emas. Elxan bilan bog‘liq holatdan bir hafta o‘tgach, 3 aprel kuni ushbu tibbiyot birlashmasida yana bir bola – Hamidjon To‘xtayevning ham xatna amaliyotidan so‘ng sog‘lig‘i yomonlashgan. Unda allergiya kuzatilgan, issig‘i ko‘tarilgan.
Shifoxonaga olib borilganda “o‘tib ketadi, tabiiy holat” mazmunida javob berilgan. 8 aprelga kelib, Hamidjon To‘xtayev shifoxonada hayotdan ko‘z yumgan.
Ma’lum bo‘lishicha, To‘xtayev ham operatsiyadan avval umumiy tekshiruvlardan o‘tkazilmagan.
Ishtixon tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Javlon Qaynarov bolalar amaliyotdan avval umumiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganda, bu holat sodir bo‘lmasligi mumkinligini yashirmadi.
Jarroh “ko‘tarilib” ketdi
Masalaning yana bir o‘ziga xos tomoni shundaki, 2026 yil 27 mart kuni Elxan Tursunov bilan bog‘liq holat bo‘yicha Ishtixon tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi tomonidan tuman prokuraturasiga xat chiqarilgan. Unga ko‘ra, jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan Aziz Xudoyberdiyev, ertasi kuni tibbiy yordam ko‘rsatgan Javlon Meliyev va boshqa mas’ullarning yo‘l qo‘ygan xato-kamchiliklari e’tirof etilib, ularga nisbatan intizomiy choralar qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilishi ma’lum qilingan.
Biroq ushbu bildirgidan bir hafta o‘tib, Aziz Xudoyberdiyev yuqoriroq lavozimni egallagan: u Sirdaryo viloyati Sayxunobod tuman tibbiyot birlashmasiga bosh shifokor etib tayinlangan.
Jinoyat ishlari ochildi
Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, Elxan Tursunov va Hamidjon To‘xtayevning sunnat amaliyotidan keyin vafot etgani yuzasidan tekshiruv o‘tkazilgan.
To‘plangan materiallarga ko‘ra, mazkur holatlarda tibbiyot xodimlarining harakatlariga huquqiy baho berish uchun qo‘shimcha tergov harakatlari, jumladan, yuzlashtirish, eksgumatsiya va boshqa protsessual ishlar o‘tkazilishi zarur deb topilgan.
Shu asosda 2026 yil 2 may kuni Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Tahlil olmasdan operatsiya qilish odatiy holmi?
Ishtixon tumanida kuzatilgan ushbu holatni faqat bir hudud doirasidagi fojia sifatida baholash yetarli emas. Chunki bugun tibbiyot tizimida raqamlashtirish va elektronlashtirish jarayonlari kechayotgan bir paytda, eng oddiy amaliyot oldidan ham zarur tibbiy tekshiruvlar o‘tkazilmagani – jiddiy tizimli muammolardan darak beradi.
Agar rasmiy gaplar amalda ishlayotgan bo‘lganida, bunday holatlar kuzatilmasligi kerak edi. Demak, savol tug‘iladi: bu faqat Ishtixondagi holatmi, boshqa hududlarda sunnat kabi amaliyotlar oldidan bolalar to‘liq ko‘rikdan o‘tkazilyaptimi, tahlillar olinyaptimi?
Yoki shu kabi holatlar kuzatilganda, marhum bolalarning o‘limiga ota-onalarning o‘zi aybdor qilinyaptimi?
Kun.uz mavzuga yana qaytadi.
Jamiyat
Mehnat munosabatlarini isloh qilishga doir qonun loyihasi qabul qilindi
Oliy Majlisda mehnat munosabatlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan qabul qilindi. Hujjat mehnat sohasidagi ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, ishga qabul qilish jarayonlarini soddalashtirish va xodimlar huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga qaratilgan.
Qonun loyihasiga ko‘ra, ishga qabul qilishda talab etiladigan hujjatlar ro‘yxati sezilarli darajada qisqartirilmoqda. Yangi tartib bo‘yicha fuqaroni ishga olishda asosan uning shaxsiy identifikatsiya raqami talab etiladi. Faqat harbiy xizmatga majburlar va chaqiriluvchilar qo‘shimcha ravishda harbiy guvohnoma yoki harbiy hisobda turganlik haqidagi hujjatni taqdim etadi.
Shu bilan birga, mehnat munosabatlarini raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratilgan. Jumladan, ishga kirishda elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma taqdim etish amaliyoti bekor qilinishi nazarda tutilmoqda. Elektron raqamli imzo yoki biometrik identifikatsiya — Face-ID orqali tasdiqlangan hujjatlar yuridik jihatdan qo‘lda imzolangan hujjatlar bilan tenglashtiriladi.
Hujjatda ish joyida tazyiq va zo‘ravonlikka qarshi kurashishga oid normalar ham mustahkamlangan. Unga ko‘ra, bunday holatlarni taqiqlash, ularning oldini olish va jabrlangan xodimlarni himoya qilish bo‘yicha aniq mexanizmlar joriy etiladi.
Bundan tashqari, ish beruvchi tomonidan ish haqi to‘lash muddati buzilgan taqdirda, har bir kechiktirilgan kun uchun kompensatsiya to‘lash tartibi ham aniqlashtirilmoqda.
Qonun loyihasi qabul qilinishi mehnat bozorida shaffoflikni oshirish, raqamlashtirishni jadallashtirish va fuqarolar uchun ishga joylashish jarayonini yengillashtirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Jamiyat
Navoiyda 13 nafar bog‘cha bolasini tashib ketayotgan Matiz YTHga uchradi
Nurota tumanidagi oilaviy bog‘cha rahbari bo‘lgan ayol 13 nafar bolani Matiz mashinasida bog‘chaga olib ketayotganda YTHga uchragan. Oqibatda ayol vafot etgan. Bir bola koma holatida, 8 nafari esa viloyat markaziga shifoxonaga olib ketilgan. Er-xotin haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan holda mashina boshqarib kelgani aytilmoqda.
Navoiy viloyatining Nurota tumanida bog‘cha bolalari ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Kun.uz’ning aniqlik kiritishicha, YTH 5 may kuni ertalab sodir bo‘lgan. Tumandagi oilaviy bog‘chalardan birining rahbari bo‘lgan 34 yoshli ayol 13 nafar tarbiyalanuvchi va o‘zining 3 oylik chaqalog‘ini Matiz mashinasiga mindirib tashigan.
Ayol bolalarni yashash xonadonlaridan bog‘chaga olib ketayotgan bo‘lgan. U harakat paytida boshqaruvni yo‘qotgan va mashina yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilgan. YTH oqibatida ayol vafot etgan, bolalar esa turli darajada tan jarohatlari olgan. Ayni vaqtda bir bola koma holatida, 8 nafari esa viloyat markazidagi shifoxonaga olib ketilgani aytilmoqda.
Manbaga ko‘ra, er-xotin haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan holda yillar davomida mashina boshqarib kelgan. Ya’ni bolalar doimiy ravishda shu holda uydan bog‘chaga va bog‘chadan uyga tashilgan. Hatto ota-onalar ham bunga e’tiroz bildirmagan.
Bu Navoiyda haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan shaxs bolalarni mashinada tashishi bilan bog‘liq ilk holat emas: avvalroq haydovchilik guvohnomasi ham, avtomobilni boshqarish huquqi ham bo‘lmagan shaxs mast holda 23 nafar bolani Damas’da tashigani aniqlangandi.
Ko‘za kunda emas, kunida sinadi. Bog‘chalar bolalar hayoti bilan o‘ynashmoqda
Jamiyat
Germaniya O‘zbekistonda «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish uchun 9 mln yevro ajratadi
O‘zbekistonda hududlarni barqaror rivojlantirish va «yashil» iqtisodiyotni rag‘batlantirish maqsadida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) bilan yangi kelishuv imzolandi. Hujjatga ko‘ra, master rejalar ishlab chiqish va «yashil» pilot loyihalarni amalga oshirish uchun 9 million yevro miqdorida grant mablag‘lari jalb etiladi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda GIZning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ishtirokida o‘tgan muzokaralarda tomonlar ilgari amalga oshirilgan ishlar natijalarini tahlil qilib, yangi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab oldi. Qayd etilishicha, avval ajratilgan grantlar hisobidan 12 ta tuman uchun kompleks rivojlanish master rejalari ishlab chiqilgan va 24 ta pilot loyiha ijobiy baholangan.
Jumladan, Shahrisabz tumanida 500 gektar maydonda agroturizm majmuasi tashkil etilgan. Shuningdek, Amudaryo, Chimboy, Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Mirishkor, Xiva va Hazorasp tumanlarida kasbga o‘qitish markazlari yo‘lga qo‘yilgan. Bundan tashqari, intensiv baliqchilik xo‘jaliklari rivojlantirilib, ijtimoiy obyektlarda energiya tejovchi issiqlik nasoslari o‘rnatilgan, IT va hunarmandchilik markazlari tashkil etilgan. Ushbu ishlar uchun jami 1,3 million yevro grant mablag‘lari yo‘naltirilgan.
Yangi kelishuvga muvofiq, 2026–2029 yillarda ushbu tashabbuslar yangi bosqichga olib chiqiladi. Xususan, master rejalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda sun’iy intellekt va innovatsion tahlil usullaridan foydalanish, shuningdek «yashil» pilot loyihalarni kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Vazirlik axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Baxmal, Boysun va So‘x tumanlarida ham yangi master rejalar asosida pilot tashabbuslar amalga oshiriladi. Shuningdek, loyihalar samaradorligini oshirish maqsadida mahalliy va xorijiy ekspertlar jalb qilinib, mutaxassislar malakasini oshirishga qaratilgan o‘quv dasturlari, seminar va treninglar tashkil etiladi.
Mazkur hamkorlik O‘zbekistonda «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish, hududlarni kompleks tarzda modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda muhim qadam bo‘lishi kutilmoqda.
Jamiyat
otasi farzandini o‘g‘irlab ketishganidan shubha qilmoqda
Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumanida joylashgan Sangardak dam olish maskanida yo‘qolgan ikki yoshli bola 10 kundan beri topilmayapti. Uning otasi Kun.uz bilan bog‘lanib, farzandi o‘g‘irlab ketilgan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda. Tuman IIB esa “kechiktirib bo‘lmas tezkor qidiruv tadbirlari” davom ettirilayotganini bildirdi.
Yo‘qolgan bolaning otasi Sardor Iskandarovning Kun.uz’ga aytishicha, uning oilasi 26 aprel kuni Termiz shahridan hordiq chiqarish uchun Sangardak dam olish maskaniga borgan. Bolaning onasi farzandiga kerakli buyumni olish uchun bir necha daqiqaga mashinaga ketgan vaqtda ikki yoshli Zubayr dam olish joyi yaqinidagi qum uyumi ustida o‘ynab o‘tirgan bo‘lgan. Biroq ona qaytib kelganida bola g‘oyib bo‘lgan.
Otaning ta’kidlashicha, dastlabki daqiqalardagi stress va vahima oqibatida ona farzandi yaqin atrofdagi anhorga tushib ketgan bo‘lishi mumkinligini aytgan va shu sababli asosiy qidiruv ishlari g‘avvoslar yordamida suvdan izlashga qaratilgan.
Biroq Sardor Iskandarov ushbu taxmindan shubhalanmoqda. Uning ta’kidlashicha, o‘tgan o‘n kun davomida daryodan hech qanday iz topilmagan. Daryoga qaratilgan kuzatuv kameralari ham sinchiklab ko‘rib chiqilgan.
Bundan tashqari, qidiruv davomida bolaning so‘rg‘ichi daryo qirg‘og‘idan emas, balki voqea joyidan nariroqdagi daraxt tagidan topilgan. Ota qidiruvga jalb qilingan xizmat itlari ma’lum bir yo‘nalish bo‘ylab hid olgani, biroq o‘sha vaqtda bu yo‘nalish yetarlicha tekshirilmagani aytmoqda.
Iskandarovning iddao qilishicha, hududdagi sotuvchi ayollardan biri o‘sha kuni shubhali shaxs ikki yoshli bolaga mos keladigan gigiyenik tagliklar sotib olganini aytgan. Shu bilan birga, ijtimoiy tarmoqlarda bola yo‘qolganini aytib qo‘yilgan xabarlar ostida yangi ochilgan profillardan «bola tirik, menda» mazmunidagi izohlar yozilgan. Sardor Iskandarov o‘n kundan buyon IIB xodimlari asosiy e’tiborni faqat suvga qaratayotganidan xavotirda ekanini bildirib, farzandini topishda va qidiruv yo‘nalishini o‘zgartirishda amaliy yordam so‘ramoqda.
Kun.uz Zubayr Salimovning yo‘qolgani yuzasidan Sariosiyo tuman IIB bilan bog‘landi.
“Z.Salimov suv qirg‘og‘iga yaqin joyda qarovsiz qolgani va uning daryoga tushib ketish xavfi yuqori bo‘lgani sababli, IIB va FVB xodimlari tomonidan daryoning quyi oqimi bo‘ylab keng qamrovli qidiruv hamda aholi o‘rtasida surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Shuningdek, 2026 yil 1 may kuni bolani topish bo‘yicha rasmiy qidiruv yig‘ma jildi ochilgan. Hozirda voyaga yetmagan bolaning jinoyat qurboni bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlar ham istisno qilinmagan holda, kechiktirib bo‘lmaydigan tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda”, — deyiladi idora izohida.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Xorazm viloyatidan Zomin tumanidagi tog‘li qishloqqa sayohatga kelgan oilaning ikki yoshli farzandi ham sirli ravishda g‘oyib bo‘lib, bir necha kundan so‘ng uning jasadi topilgan edi. Keyinchalik uni «Zomin» sanatoriysida feldsher bo‘lib ishlagan erkak mashinasida urib yuborgani va izni yo‘qotish maqsadida jasadni yashirgani aniqlangandi.
-
Jamiyat4 days ago
O‘zbekistonning ikki qo‘shnisi bilan tutashgan chegarasida «Tinchlik parki» tashkil etilishi mumkin
-
Dunyodan3 days ago
Sudya Terranovaning o’ldirilishi
-
Jamiyat5 days agoJinoiy guruh yetakchisidan 2,7 ming dollar olgan profilaktika inspektori ushlandi
-
Jamiyat5 days agoDiyetolog qarishning asosiy «dushmani»ni ma’lum qildi
-
Sport5 days ago
FIDE reytingi yangilandi: ikki o‘zbekistonlik «top-5»talikda!
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekiston tashqi qarzi 2025 yilda 18 mlrd dollarga oshdi. Bu rekord ko‘rsatkich
-
Iqtisodiyot3 days ago
qaysi modellar ko‘p ishlab chiqarilmoqda?
-
Siyosat4 days agoO‘zbekistonda Ikkinchi jahon urushida o‘zbek askarlarini qutqargan britaniyalik er-xotin vafotidan so‘ng sharaflanadi
