Jamiyat
Uchtepa tumani hokimligi xodimi 3 ming dollar bilan ushlandi
Uchtepa tumanining uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish bo‘limi bosh mutaxassisi 3 ming dollar bilan ushlangan. U xizmat mavqeyidan foydalanib, tadbirkorga do‘konini «snos» ro‘yxatiga kiritmaslikni va’da qilgan.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Toshkent shahrining Uchtepa tumani hokimligi vakilining noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi, deya xabar bermoqda Davlat xavfsizlik xizmati.
Hokimlikning Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish va obodonlashtirish bo‘limi bosh mutaxassisi noqonuniy ravishda tadbirkordan 3 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
U go‘yoki 2026 yilda tuman hududida buzilishi lozim bo‘lgan savdo do‘konlari va boshqa manzillar ro‘yxati tuzilayotganini aytib, tadbirkorga tegishli do‘konni tuman hokimligida yuqori lavozimda ishlovchi yaqin aloqalari orqali mazkur ro‘yxatga kiritmaslik hamda buzdirmaslik evaziga pul talab qilgan.
Bosh mutaxassisga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi (Xizmat mavqeyidan foydalangan holda firibgarlik) va 28,211-moddasi 1-qismi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Amudaryoda qayiqda suzib o‘tgan narkokurer 10 kg gashish bilan ushlandi
O‘zbekiston-Afg‘oniston davlat chegarasida yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarini kontrabanda qilishga urinish bartaraf etildi.
O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmatining Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari tomonidan qo‘shni Afg‘onistondan mamlakatga narkotik moddalarni noqonuniy olib kirishga bo‘lgan urinish to‘xtatildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Afg‘onistonning Qunduz viloyatida yashovchi, 1974 yilda tug‘ilgan shaxs davlat chegarasini noqonuniy ravishda kesib o‘tib, Amudaryo orqali qayiqda suzib o‘tgan vaqtida qo‘lga olingan.
Tekshiruv davomida uning yonida bo‘lgan ikki dona qopdan jami 10 ta o‘ramga joylangan, sof og‘irligi 10 kilogramm 354 gramm bo‘lgan “gashish” giyohvandlik vositasi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirildi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan DXX Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi Tergov bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatga aloqador bo‘lgan boshqa shaxslarni aniqlash chora-tadbirlari olib borilmoqda.
Jamiyat
75 ming dollar evaziga AQSh vizasini va’da qilgan shaxs ushlandi
Toshkent shahrining Sergeli tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaroni AQShga yuborish uchun “Biznes” vizasi rasmiylashtirib berishni va’da qilgan shaxs katta miqdordagi pulni olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Foto: Bosh prokuratura huzuridagi Departament
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Sergeli tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda fuqaro Sh.A. go‘yoki yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali fuqaro M.O.ga AQShga borishi uchun “Biznes” vizasini rasmiylashtirib berishi mumkinligini aytgani aniqlangan.
U mazkur xizmat evaziga 75 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi, ya’ni firibgarlik, hamda 28, 211-moddalari, ya’ni pora berish bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni Toshkent xalqaro moliya markazini tashkil etish, Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda bank tizimida islomiy moliya mexanizmlarini joriy qilish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Jahondagi geosiyosiy keskinlashuv sharoitida investitsiyalarni jalb qilish uchun raqobat tobora kuchayib bormoqda. Yurtimizning boy tabiiy resurslari, iqtisodiy salohiyati va islohotlari esa bu borada katta ustunlik yaratmoqda.
– Ko‘plab xalqaro kompaniyalar mintaqaviy xavf-xatarlarni baholab, yangi bozorlarni o‘rganishni boshlagan. Bu biz uchun tarixiy imkoniyat. Shu vaziyatda fursatni boy bermasdan, xalqaro moliya kompaniyalarini o‘zimizga tezroq jalb qilishimiz shart, – dedi Prezidentimiz.
Joriy yilda 50 milliard dollardan ziyod investitsiya jalb qilish maqsadiga erishish uchun investorlarning O‘zbekiston bozoriga kirishini yengillashtirish, ularga zamonaviy infratuzilma, xalqaro standartlarga mos huquqiy rejim, qo‘shimcha qulayliklar va eng muhimi, ishonchli hamda shaffof biznes muhitini ta’minlash zarur.
Shu bois, taqdimotda mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirishga qaratilgan uchta ustuvor yo‘nalish – xalqaro moliya va raqamli texnologiyalar markazlarini tashkil etish hamda islomiy moliya xizmatlarini joriy qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Toshkent xalqaro moliya markazi muhokama qilinar ekan, ushbu markaz yangi turdagi investitsiyalarni jalb qilish va barqaror iqtisodiy o‘sishning samarali vositasi bo‘lishi qayd etildi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2030-yilgacha moliya markazi iqtisodiyotga qo‘shimcha 20-25 milliard dollar jalb qilish, yalpi ichki mahsulot o‘sishiga har yili qo‘shimcha 1 foizgacha hissa qo‘shish, 15 mingtagacha yangi yuqori malakali ish o‘rni yaratish, 10 ming nafar mutaxassis malakasini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Markaz faoliyati uchun maxsus huquqiy rejim joriy etish ko‘zda tutilgan. Bunda Angliya va Uelsning umumiy huquqi markaz to‘g‘risidagi qonunga zid bo‘lmagan darajada tatbiq qilinadi, markazning boshqaruv organlari o‘z normativ-huquqiy hujjatlarini qabul qilish vakolatiga ega bo‘ladi, nizolarni ko‘rib chiqishga ixtisoslashgan Toshkent xalqaro tijorat sudi va xalqaro arbitraj markazi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Markaz rezidentlari uchun kapitalning erkin harakati va repatriatsiyasi, erkin valyuta operatsiyalari, zamonaviy to‘lov vositalari, jumladan, raqamli aktivlar bilan ishlash, imtiyozli soliq rejimi, soddalashtirilgan viza tartibi kabi keng imkoniyatlar yaratilishi belgilangan. Moliya-investitsiya va bank faoliyati, sug‘urta, raqamli aktivlar, qimmatli qog‘ozlar, to‘lov tizimlari va xizmatlari, moliyaviy texnologiyalar bilan bog‘liq xizmatlar markazning asosiy faoliyat yo‘nalishlari bo‘ladi
Ikkinchi yo‘nalish – “Enterprise Uzbekistan” brendi ostida Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish va rivojlantirish.
Taqdimotda mazkur markaz uchun 2100-yilga qadar amal qiladigan maxsus huquqiy rejim nazarda tutilgani ma’lum qilindi. Markazda tartibga solish “qumdoni” doirasida yangi yechimlarni sinovdan o‘tkazish, ish haqini xorijiy valyutada to‘lash, xalqaro mehnat standartlarini joriy qilish, shaxsga doir ma’lumotlarni xalqaro standartlar va bulutli texnologiyalar asosida qayta ishlash mumkin bo‘ladi. Intellektual mulkni himoya qilish, investitsiyalar, startaplar va eksport uchun qulay sharoitlar yaratiladi, bojxona va soliq bo‘yicha yengilliklar beriladi.
Sun’iy intellekt texnologiyalari, raqamli transformatsiya, tadqiqot va ishlanmalar, sertifikatlashtirish, startaplar hamda ma’lumotlar markazlari ushbu markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanmoqda.
Taqdimotda 2030-yilgacha mazkur markaz orqali 1 mingtagacha kompaniyani jalb qilish, 300 mingdan ziyod ish o‘rni yaratish va 5 milliard dollarlik eksport salohiyatiga chiqish maqsadi belgilangani aytildi. Bir qator yirik xalqaro texnologik kompaniyalar ushbu tashabbusga qiziqish bildirgani qayd etildi.
Uchinchi yo‘nalish sifatida mamlakatimizda islomiy moliya xizmatlarini joriy qilish masalasi ko‘rib chiqildi.
Yurtimizda tovarni nasiyaga sotish orqali mijozni moliyalashtirish – murobaha, foydani taqsimlash sharti asosida mijozni moliyalashtirish yoki pul mablag‘larini jalb etish – muzoraba, vakillik shartnomasi orqali pul mablag‘larini berish yoki jalb etish – vakala, tovarlar uchun oldindan haq to‘lash orqali moliyalashtirish – salam va istisno, birgalikdagi faoliyat orqali mijozni moliyalashtirish – mushoraka, mol-mulkni islomiy ijaraga berish kabi operatsiyalar, shuningdek, qonunchilikka zid bo‘lmagan boshqa islomiy moliya instrumentlarini joriy qilish nazarda tutilmoqda.
Bunda sotilgan tovar ustamasiga qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanmasligi, investitsiyaviy omonatdan olingan daromad soliqdan ozod qilinishi, islomiy ijara shartnomalari moliyaviy ijara va lizingga tenglashtirilishi belgilanmoqda.
Sohada tizimli boshqaruvni ta’minlash maqsadida Markaziy bank huzurida Islomiy moliya kengashi tashkil etiladi. Shuningdek, islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatuvchi banklarda ham alohida kengashlar tuziladi. Ushbu kengashlar standartlar ishlab chiqish, me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda ko‘maklashish, bahsli masalalarga izoh berish, shartnomalar va ichki hujjatlarni ko‘rib chiqish, muvofiqlik ustidan nazoratni ta’minlash bilan shug‘ullanadi.
Joriy yilda kamida bitta tijorat bankida islomiy “darcha” faoliyatini yo‘lga qo‘yish, 2026-2030-yillarda esa to‘liq islomiy bank faoliyatini amalga oshiruvchi ikkita bank tashkil etish rejalashtirilgan. Umuman, sohadagi yangiliklar orqali 2026-2030-yillarda qo‘shimcha 1 milliard dollar miqdorida investitsiya va depozitlarni jalb qilish imkoniyati yaratilishi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari mazkur uch yo‘nalish mamlakatimizda zamonaviy moliyaviy va texnologik ekotizimni shakllantirishga xizmat qilishini ta’kidlab, ularni amaliyotga tatbiq etish ishlarini jadallashtirish yuzasidan topshiriqlar berdi.
Jamiyat
«Ташаббусли бюджет» ғолиблари эълон қилинди
«Ташаббусли бюджет» жараёнининг 2026 йилги 1-мавсуми якунига етди. Иқтисодиёт ва молия вазирлиги 21 март куни ғолиб лойиҳалар рўйхатини эълон қилди.
Ўзбекистон бўйича 1 996 та лойиҳа ғолиб бўлди. Уларни молиялаштиришга 3 трлн сўмдан ортиқ маблағ ажратилади. Кўкдала туманидан қўйилган лойиҳа энг кўп овоз йиғди — 13 386 та. Мўйноқ туманидан қўйилган лойиҳа эса атиги 58 та овоз билан ғолиб бўлди.
Маълумот берилишича, республика бўйлаб жами 10 млн 284 мингта овоз берилган ва 3 трлн 5 млрд сўмлик жами 1 996 та (1 980 та анъанавий ҳамда 16 та шериклик) лойиҳа ғолиб деб топилган. Жорий мавсумда бир лойиҳа учун энг юқори қиймат 1 млрд 648 млн сўмни (БҲМнинг 4 000 баравари) ташкил этди.
Ғолиб лойиҳаларнинг асосий йўналишлари:
ички йўлларни таъмирлаш — 868 та
мактабларни таъмирлаш ва моддий-техника базасини ривожлантириш — 566 та
соғлиқни сақлаш муассасаларини таъмирлаш ва моддий-техника базасини ривожлантириш — 163 та
Маълумот учун: бу йилги 1-мавсумга 1 февралда старт берилганди. Лойиҳаларни киритиш 1−20 феврал кунлари, уларни саралаш 21 февралдан 7 мартгача ҳамда тарғибот қилиш 8-10 март кунлари бўлиб ўтган. Овоз бериш босқичи 20 март оқшомида якунланди.
Ғолиб бўлган лойиҳалар билан шу ерда танишишингиз мумкин.
Jamiyat
O‘zbekistonliklar qaysi mamlakatlarga eng ko‘p safar qilmoqda (top-10)
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar-fevral oylarida 1 081 612 nafar O‘zbekiston fuqarosi turistik maqsadlarda chet elga safar qilgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda qariyb 49,3 ming nafarga oshgan.
2026-yilning dastlabki ikki oyida O‘zbekiston fuqarolari eng ko‘p borgan mamlakatlar (top-10):
Qirg‘iziston — 426 421 nafar;
Tojikiston — 179 390 nafar;
Qozog‘iston — 166 017 nafar;
Saudiya Arabistoni — 115 350 nafar;
Rossiya — 62 054 nafar;
Turkiya — 34 634 nafar;
BAA — 26 449 nafar;
Tailand — 10 946 nafar;
Xitoy — 8 890 nafar;
Misr — 8 872 nafar.
-
Siyosat3 days agoIslom bank ishi anʼanaviy foizlarga asoslangan modellardan nimasi bilan farq qiladi?
-
Jamiyat5 days agoImom Buxoriy masjid-majmuasida ilk hayit namozi o‘qildi (foto)
-
Jamiyat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqini hayit bilan tabrikladi
-
Jamiyat2 days agoO‘zbekistonda taksichilarni aldashning yangi firibgarlik usuli fosh etildi
-
Sport5 days ago
Masharipov va Fayzullayev jarohat sabab xalqaro turnirda qatnashmaydi
-
Dunyodan1 day ago
Eron tarixidagi eng katta banknotalar muomalaga chiqariladi
-
Iqtisodiyot5 days agoEron urush va iqtisodiy inqiroz fonida rekord qiymatdagi banknotni muomalaga chiqardi
-
Turk dunyosi5 days agoTurk kurdlari Navro’z bayramida qatnashadilar
