Jamiyat
“Uchastka noziri mast holda mashinasida otamni urib o‘ldirdi” – Furqatdagi YTH tafsiloti
Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi Karmak mahallasi uchastka noziri Zafar Qo‘shmatov mast holda mashina boshqarib, YTH sodir qildi: u tumanning Bekobod mahallasi hududida velosipedda ketayotgan 63 yoshli fuqaroni urib yuborib, voqea joyidan qochib ketgan. Voqeadan xabar topgan uchastka nozirining otasi dala chetidagi ariqda yotgan fuqaroni shifoxonaga olib borib, uni ko‘chadan hushsiz topib olganini aytgan. Jabrlanuvchi tez tibbiy yordam bo‘limiga olib kelinganida jonsiz bo‘lgan.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Furqat tumanida inson o‘limi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘ldi. Ma’lum bo‘lishicha, Karmak mahallasi uchastka noziri Zafar Qo‘shmatov mast holda mashina boshqarib, 63 yoshli No‘monjon Ahmedovni urib yuborgan. Otaxon og‘ir tan jarohati olib, vafot etgan. Marhumlar yaqinlari Kun.uz muxbiriga voqea tafsilotini gapirib berdi.
“Birinchi yordam ko‘rsatmay qochib ketgan”
“Otam No‘monjon Ahmedov 63 yoshda edi. Paxta qabul qilish punktida 42 yildan beri ishlardi. 16 sentabr uyda birga kechki ovqat yedik. Taxminan soat 19:15 larda otam velosipedini minib ishiga chiqib ketdi.
Sherzod Ahmedov, marhum No‘monjon Ahmedovning o‘g‘li
Ketayotganda qo‘shni mahallada uchastka noziri bo‘lib ishlovchi Zafar Qo‘shmatov Matiz mashinasida mast holatda otamning orqasidan kelib urgan. Eng alam qilgani birinchi yordam ko‘rsatmay qochib ketgan. Ichib olib mashina boshqargani haqida barcha dalillar bor. Buni o‘zi ham tan oldi.
Uchastka noziri uyiga borib, otasiga bo‘lgan voqeani gapirib bergan. Bir soatdan keyin otasi akasi bilan birga otamni o‘sha joydan olib, shoshilinch tez tibbiy yordamga olib borishgan va bu odamni yo‘ldan behush yotganda topib oldik, deb shifokorlarni bunga ishontirgan.
marhum No‘monjon Ahmedov
Bu paytda biz bo‘lib o‘tgan ishdan bexabar edik. Ukam otamga telefon qilib, ishga sog‘-omon yetib oldingizmi demoqchi bo‘lsa telefonni doktor olib otam reanimatsiyadaligini aytgan.
Shifoxonaga borsam vrachlar otangizni yurak xurujidan olib kelishdi, deb aytishdi. Ishonmadim. Chunki otam biror marta yuragidan shikoyat qilgan emas. Otamni mashina urib ketgan joyni topdim. Borsam u yerda uchastkavoyning otasi turgan ekan. Meni ko‘rib mazam qochyapti, deb qochib ketdi. Shubhalandim. Yugurib paxta punktga kirdim. Paxta punktidagilar otangizni oq rangdagi Matiz urib qochib ketdi deyishdi. Ko‘chada turgan voqea guvohlari Matiz’ni orqasidan quvlab borishgan, lekin yeta olishmagan. Qaytib kelib asfaltdagi qon va pachaq bo‘lgan velosipedni ko‘rishgan. Ariqda yotgan otamni ko‘rishmay qolgan.
YTH sodir bo‘lgan joy
Mast holatda bo‘lgan ichki ishlar xodimi otamni urib yuboribdi, nega unga birinchi yordam ko‘rsatmadi?! Birinchi yordam ko‘rsatilganda otam tirik qolgan bo‘larmidi? Shuni o‘ylab ichimiz ezilyapti. Endi jazosini olsin ichki ishlar xodimi”, deydi marhumning o‘g‘li Sherzod Ahmedov.
“Qonuniy jazo berilsin”
Marhumning turmush o‘rtog‘i Sharifa Ahmedova mast holda mashina boshqargan IIB xodimi qonun oldida jazo olishini so‘rayapti.
“Nahotki ichki ishlar xodimi mast holda mashina boshqarsa? IIB xodimi boshqalarga o‘rnak bo‘lmaydimi? Turmush o‘rtog‘imga birinchi yordam ko‘rsatmaganini eshitib kechira olmayapmiz. Bo‘lgan voqeaga chiday olmayapmiz. Turmush o‘rtog‘im halol mehnat bilan 4 o‘g‘il, 1 qizni voyaga yetkazib o‘stirdi. Uyli-joyli qildi. Endi ularning rohatini ko‘raman deganida shunday ko‘ngilsiz voqea bo‘lib turibdi. Mast holda mashina boshqargan IIB xodimi qonun oldida jazosini olsin”, deydi u.
Sharifa Ahmedova, marhum No‘monjon Ahmedovning turmush o‘rtog‘i
Hodisa guvohlari bor
O‘sha kuni YTHga guvoh bo‘lganlar ham bor. Shulardan biri fuqaro Muhammadjon Hotamov. U YTH sodir bo‘lganida haydovchi qochib ketganini ta’kidladi.
“O‘sha kuni ko‘chada suhbatlashib o‘tirgan edik. Qorong‘i tushib qolgandi. To‘satdan qarsillagan ovoz keldi. 200 metr nariroqda bir mashina 2, 3 daqiqa to‘xtab turdi. Keyin mashinasini tezlikda haydab ketdi. Borsak velosipedning o‘zi ko‘rindi. Boshqa hech narsa ko‘rinmadi. Pachaqlangan velosiped ariq bo‘yida turgan ekan. Matiz orqasidan quvladik lekin yetib bo‘lmadi. Ariq ichida yotgan No‘mon akaga e’tibor qilmabmiz. Urib yuborgan mashina haydovchisi tezlikda shifoxonaga olib ketdi, deb o‘yladik-da”, deydi guvohi Muhammadjon Hotamov.
Muhammadjon Hotamov, voqea guvohi
“No‘monjon aka bilan 27 yil birga ishladik. Yaxshi inson edi. Mol-qo‘ylari paxta punktida turardi, shulardan xabar olib kelaman deb kelayotgan bo‘lgan-da uyidan.
O‘sha kuni biz ichkarida paxta qabul qilayotgan edik. Otaxon velosipedida har kuni uyiga borib kelardi, “ujin” qilib kelardi-da. Yaxshi kadrlarimizdan biri edi. Tunnelimizni teshib berardi har yili. Hozir mana kadr yo‘q endi, o‘rniga odam topa olmay turibmiz. Og‘ir mehnat qilardi. Yaxshi inson edi-da, Alloh rahmatiga olgan bo‘lsin”, deydi marhumning hamkasbi Abdusalom G‘anijonov.
Abdusalom G‘anijonov, marhumning hamkasbi
“Yo‘ldan topib oldim degan”
Furqat tumani tibbiyot birlashmasi travmatologi Abdumalik Ermatovga ko‘ra, marhumni olib kelgan shaxs, ya’ni uchastka nozirining otasi bemorni yo‘ldan topib olganini aytib, shifokorlarni ishontirgan.
“16 sentabr 20:10 larda Furqat tumani markaziy shifoxonasi qabul bo‘limiga No‘monjon Ahmedov biologik o‘lik holatida olib kelingan. Marhumning og‘iz-burnida qotgan qonlar bo‘lgan. Chap qo‘lining kafti ichki sohasida, bosh ensa tepa sohalarida urilgan-shilingan jarohatlari bo‘lgan. Ko‘krak oldi sohasi, orqa sohalarida o‘lim dog‘lari bo‘lgan.
Marhumni olib kelgan shaxs bemorni yo‘ldan topib oldim, yo‘lda yotgan ekan deb aytgan shifokorlarga. Keyinchalik esa marhum YTH oqibatida vafot etgan ma’lum bo‘ldi”, deya ta’kidladi Abdumalik Ermatov.
Abdumalik Ermatov, Furqat tumani tibbiyot birlashmasi travmatologi
Farg‘ona viloyati prokuraturasining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, ayblanuvchi ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Holat bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.
Sarvar Ziyoyev,
Kun.uz
Operator va montajchi – Sardor Mamirov.
Jamiyat
Saida Mirziyoyeva Samarqanddagi bir qator infratuzilma loyihalari bilan tanishdi (foto)
Saida Mirziyoyeva Samarqand viloyatiga tashrifi davomida bir qator infratuzilma loyihalari hamda «Yangi O‘zbekiston» massivini rivojlantirish ishlari bilan tanishdi.
Xususan, musiqa maktabi kabi yangilanishga muhtoj binolar ko‘zdan kechirildi. «Geologlar» mahallasidagi bog‘cha nafaqat kapital ta’mirlanadi, balki tubdan qayta quriladi. Rekonstruksiyadan so‘ng u Samarqanddagi eng yirik maktabgacha ta’lim muassasasiga aylanadi va 600 nafargacha bolani qabul qiladi.
Tashrif yakunida Samarqand viloyati va tumanlari rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Ta’kidlanishicha, hududlardagi bunday o‘zgarishlar Prezident tomonidan olib borilayotgan tizimli islohotlarning bir qismidir. Bunday tashriflardan asosiy maqsad — topshiriqlar ijrosini qog‘ozdagi hisobotlarda emas, balki joyiga chiqqan holda real ko‘rish va amaliy ko‘mak berishdan iborat.
«Rahbarimiz topshiriqlarining joylardagi ijrosini ta’minlashga jamoam bilan birga ko‘maklashish, haqqoniy holatni qog‘ozlardagi hisobotlarda emas, balki o‘z ko‘zim bilan ko‘rish uchun ham bu yerga tez-tez kelib turaman», — dedi Saida Mirziyoyeva.
Jamiyat
Korrupsiyaga qarshi kurashdagi oqsashlar tanqid qilindi
O‘zbekiston prezidenti 2025-yil 26-dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida korrupsiyaga qarshi kurashda keskin va qat’iy pozitsiyani e’lon qilib, 2026-yil korrupsiyaga qarshi kurashda «favqulodda holat» yili sifatida belgilanishini ta’kidlagan edi. Shundan kelib chiqib, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida o‘tgan tanqidiy tahliliy yig‘ilishda komplayens nazorati tizimining bugungi holati va kechiktirib bo‘lmaydigan vazifalar ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda Prezident Administratsiyasining Komplayens xizmati, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi mas’ul xodimlari, shuningdek, davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens) tuzilmalari rahbarlari ishtirok etdi.
2030-yilgacha bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida korrupsiya oqibatlari bilan kurashishdan ko‘ra, uning omillarini barvaqt aniqlash va preventiv mexanizmlar orqali tizimli korrupsiyaning oldini olish zarurligi qayd etildi, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, yangi komplayens nazorati tizimi yordamida jinoyat ishlari doirasida 4,2 trln so‘m, yashirin iqtisodiyotni jilovlash hisobiga esa 8,5 trln so‘m mablag‘ undirilishi ta’minlangan. Shuningdek, 1,3 trln so‘mlik ortiqcha budjet xarajatlarining oldi olingan.
Shu bilan birga, ayrim bo‘linmalar faoliyatida hanuzgacha ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmayotgani keskin tanqid qilindi va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ochiq muhokama qilindi.
Birinchidan, komplayens bo‘linmalarining asosiy vazifasi korrupsiyaviy holatlarning oldini olishga qaratilgan tizimli preventiv choralarni ishlab chiqish va amaliyotga tatbiq etish bo‘lsa-da, aksariyat davlat organlari va tashkilotlari tomonidan faoliyati talab darajasida ish tashkil etilmagan.
Shuningdek, ayrim davlat organlarida komplayens bo‘linmalari qonunchilikda belgilangan minimal mezonlar asosida tashkil etilmagan. O‘rganilgan 50 ta tashkilotning 23 tasida bu talablar bajarilmagan.
Ikkinchidan, ayrim vazirlik va hokimliklarda nazorat tadbirlari umuman o‘tkazilmagan. Ba’zi tashkilotlarda o‘tkazilgan tekshiruvlarda esa moliyaviy qonunbuzilishlar umuman aniqlanmagan, bu esa nazorat samaradorligiga shubha uyg‘otadi.
Uchinchidan, manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish bo‘yicha ishlar yetarlicha samara bermayapti. Xususan, joriy yilning o‘zida manfaatlar to‘qnashuvi yo‘l qo‘yganlik bo‘yicha 105 ta ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etilgan.
To‘rtinchidan, ayrim davlat organlari tomonidan ijtimoiy ahamiyatga molik ma’lumotlar rasmiy veb-saytlarda o‘z vaqtida va to‘liq joylashtirilmayapti.
Beshinchidan, komplayens tizimida kadr va tashkiliy muammolar saqlanib qolmoqda, ayrim lavozimlar uzoq vaqt vakant holatda qolmoqda.
Oltinchidan, davlat xaridlari sohasida korrupsiya xavfining yuqoriligi saqlanib qolmoqda. So‘nggi yillarda 800 nafardan ortiq shaxs ushbu yo‘nalishda jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Prezident Administratsiyasining Komplayens xizmati vazirlik va idoralar rahbarlariga shaxsiy mas’uliyatini oshirish hamda tizimni natijador mexanizmga aylantirish bo‘yicha qat’iy vazifalarni belgilab berdi. Bundan buyon komplayens bo‘linmalari faoliyati korrupsiyaviy omillarni barvaqt aniqlash va preventiv choralarni samarali amalga oshirish darajasiga qarab baholanadi. Shuningdek, mas’uliyatsizlikka yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan keskin choralar ko‘rilishi haqida ogohlantirildi, deyiladi xabarda.
Jamiyat
«Haj» ziyorati uchun 18 ming dollar so‘ragan shaxs ushlandi
Andijon viloyatida «Haj» ziyoratiga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Asaka tumani bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda fuqaro M.Ch. 18 000 AQSh dollar evaziga fuqarolar A.I. va B.X.ni «Haj» ziyorati uchun Saudiya Arabistoniga yuborishini aytib, kelishilgan puldan 9 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Toshkent shahridagi tuman elektr tarmoqlari korxonasining ikki nafar muhandisi pora bilan ushlangandi.
Jamiyat
Toshkentda narkolaboratoriya ochgan yirik jinoiy guruh fosh etildi
Toshkentda narkolaboratoriya ochgan yirik jinoiy guruh fosh etildi.
IIV Tezkor qidiruv departamenti, Toshkent shahar IIBB hamda DXX tomonidan giyohvandlik moddalari va kuchli ta’sir qiluvchi vositalarning savdosi bilan shug‘ullangan jinoiy guruh qo‘lga olinib, yirik narkolaboratoriyalar fosh etildi.
Ushbu jinoiy guruh a’zolari jinoiy faoliyat olib borish maqsadida vazifalarni o‘zaro taqsimlab olishgan.
Jumladan, 2000-yilda tug‘ilgan Sh.U.«ombor mudiri», 2000-yilda tug‘ilgan O.M., 2000-y.t. O.T.lar «laborant», 2004-yilda tug‘ilgan Sh.O‘. «qadoqlovchi» vazifalarini bajarishgan.
Tayyorlangan kuchli ta’sir qiluvchi vositalarni aholi orasida, ta’lim muassasalari oldida tarqatish maqsadida «tarqatuvchi»larni («zakladchiklar») yollashgan. Shuningdek, ijtimoiy tarmoq platformasida onlayn narkodo‘kon ochishgan.
Narkolaboratoriya tashkil qilish maqsadida jinoiy guruh a’zolari ikkita xonadonni ijaraga olgan. Ushbu xonadonlarda kuchli ta’sir qiluvchi vositalarni qadoqlash uchun zarar bo‘lgan asbob-anjomlar, kapsulalar, kukun ko‘rinishidagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, prekursorlarni saqlashgan.
Hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor-tadbirlar davomida «tarqatuvchi» vazifasini bajargan shaxslar: 1993-yilda tug‘ilgan V.A., 2003-yilda tug‘ilgan D.Yu., 2004- yilda tug‘ilgan I.R.lar ushlangan. Xolislar ishtirokida tekshirilganda ularning yonidan jami 1 050 dona kuchli ta’sir qiluvchi vositalar, telefon apparatlari aniqlangan va dalolatnoma asosida rasmiylashtirib olingan.
Toshkent viloyatida davom ettirilgan tezkor tadbirda Sh.O‘., Sh.U., O.M.lar ijarada yashab kelgan xonadonda tintuv tergov harakati o‘tkazilgan. Xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilgan ushbu xonadonda 9 kg «Pregabalin», 500 gramm )«Tropikamid» moddalari, 600 dona kapsuladagi «Pregabalin» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari, qadoqlash uchun zarur asbob-anjomlar daliliy ashyolar tariqasida olingan.
Shuningdek, Olmaliq shahrida O.T. ijarada yashayotgan xonadon xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda 6 kg «Pregabalin», 500 gramm «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi moddalar hamda qadoqlash uchun zarur asbob-anjomlar aniqlanib, bayonnoma asosida rasmiylashtirib olindi.
Mazkur shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251-prim.1-moddasi («Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni targ‘ib qiluvchi mahsulotni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoki bunday moddalarni yoxud zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish») bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jinoiy guruh a’zolariga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlarining sa’y-harakatlari bilan 360 mingdan ortiq bir marotabalik dozaga teng bo‘lgan kuchli ta’sir qiluvchi vositalarining aholi orasida tarqalishi oldi olindi.
Jamiyat
Yaponiyada «turizm» yoki «talaba» vizasi bilan ishlash man etiladi – elchixona
Joriy yil 24-aprel kuni Yaponiya immigratsiya xizmatlari agentligi Yaponiyada noqonuniy ravishda yashab turgan O‘zbekistonning ikki fuqarosini mamlakatdan chiqarib yubordi. Bu haqda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolardan biri Yaponiyaga «talaba» vizasi bilan kirgan, ammo keyinchalik o‘qishdan haydalganiga qaramay, mamlakatda noqonuniy ravishda qolib ketgan va vakolatli rasmiylar tomonidan hibsga olingan.
Ikkinchi fuqaro Yaponiyaga qisqa muddatli viza bilan kirib, ruxsat berilgan qolish muddati tugashiga qaramay mamlakatdan chiqib ketmagan.
Diplomatik vakolatxonaning eslatishicha,«turizm», «yaqinlarni ko‘rish», «biznes (konferensiya, madaniy almashinuv kabi)» maqsadidagi qisqa muddatli viza bilan Yaponiyada ishlash qat’iyan man etiladi. O‘zbekistonda qarz (kredit) olib bo‘lsa ham Yaponiyaga o‘qishga borgan, ammo yapon tilini o‘rgana olmay o‘qishdan chetlatilgan fuqaroning Yaponiyada yashash maqomi bekor qilinadi.
«Yaponiyaga «turizm» yoki «talaba» maqomidagi viza bilan kirib,«uzoq muddat qolish mumkin» yoki «ishlash mumkin» degan chaqiruvlar butunlay yolg‘on. Shu kabi yolg‘on maqsadlar bilan Yaponiyaga kirishga yo‘l qo‘yilmaydi.«Talaba» vizasi ishlash uchun emas, balki faqatgina mamlakatda o‘qish uchungina beriladi», – deyiladi elchixona xabarida.
Ta’kidlanishicha, Yaponiyada noqonuniy ravishda yashayotgan shaxslar aniqlansa, ular politsiya tomonidan hibsga olinadi va bunday shaxslarga nisbatan immigratsiya muassasasida ushlab turish yoki deportatsiya qilish kabi qat’iy choralar ko‘riladi.
«Bundan tashqari, Yaponiya hukumati shu kabi shaxslar haqida O‘zbekiston hukumatiga ma’lumotlarni berib borayotganligi sababli, O‘zbekistonga qaytgandan keyin ham ularga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi mumkin. Shu sababli,«Yaponiyada ishlash mumkin» deb da’vo qiluvchi vositachilarning va’dalariga osonlik bilan ishonib qolmang, ogoh bo‘ling!» – deb ogohlantiradi Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi.
-
Iqtisodiyot4 days ago“QQSni oson qaytarib olish ta’minlanmasa, stavkani 6 foizga tushirishni taklif qilamiz” – Davron Vahobov
-
Iqtisodiyot4 days ago
Markaziy bank: 24-aprelda dollar pasayadi
-
Dunyodan4 days ago
Buyuk Britaniyada “chekmaydigan avlod” dunyoga keldi
-
Dunyodan4 days ago
Eron oliy rahbari yuzi va oyog‘idan jiddiy jarohat oldi
-
Iqtisodiyot4 days agoQirg‘iziston ilk marta Yevropa Ittifoqining sanksiyalarni chetlab o‘tishga qarshi kurashish mexanizmiga tushdi
-
Siyosat3 days agoYevropa Ittifoqi Rossiya mudofaa sanoatiga xomashyo yetkazib bergan ikki O‘zbekiston shirkatiga sanksiyalar kiritdi
-
Siyosat4 days agoToshkent yangi integratsiyalashgan raqamli avtoturargoh piloti yordamida yo‘l harakati muammolarini hal qilmoqda
-
Iqtisodiyot4 days ago
Ikki oyda xorijga 466,6 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari sotildi
