Connect with us

Mahalliy

U yerda men ham bor edim! (Esse)

Published

on


“Urush — bu dunyodagi eng katta va eng shafqatsiz be’manilikdir. Uni boshlaganlar, birinchi kuniyoq o‘z farzandlarining jasadini ko‘rganlarida edi, urush darhol to‘xtagan bo‘lardi.”

(Ernest Xeminguey)

U yerda men ham bor edim. Bahor eshik qoqib turgan sururbaxsh kunlar edi. Quyosh yanada charaqlab bor saxiyligini ulashar, undan minnatdor daraxtlar, ko‘kalam o‘t-o‘lanlar qulochini keng yoyib, chuqur-chuqur nafas olishayotgan, tuproq-zamin ham o‘tgan yildan qolgan changu g‘uborlarini quyosh taftida eritib, bahoriy epkin bilan artib tozalab, qayta tug‘ilmoq uchun ko‘pchib tayyorgarlik ko‘rayotgan ajib pallalar edi. Qushlarni aytmaysizmi, moviy osmonda suzib yurgan pag‘a bulutlardan uchib tushayotgandek ozod va baxtiyor qanot qoqishar, shodon chug‘urlarini ta’riflashga manaman degan shoirning ham tili ojiz qolardi.

Ayniqsa, bu go‘zalliklarga jo‘r bo‘layotgan bolalar kulgusi, shavq-zavqqa to‘lgan qiyqiriqlar atrof-olamga jon bag‘ishlar, ko‘p qavatli maktabga olib boradigan yo‘l chetidagi nimpushti o‘rik gullari, yuzidan nur taratib turgan jajji quyosh nusxalari bo‘lmish qoqigullar ham ularga ergashib maktabga borgisi kelayotgandek xiyol egilib, nozik qo‘llarini cho‘zib turishardi. Navnihol o‘g‘il-qizlar maktab sumkalarini yelkalariga ilib olishganicha saf-saf bo‘lib o‘tishar, qaysilari sho‘xlik qilib quvlashmachoq o‘ynasa, boshqalari o‘zaro gurunglashib ketishardi. Chamamda 8-9 yoshlar atrofida bo‘lgan qizaloq yonidagi tengdosh dugonasiga yo‘l bo‘yidagi andizlar orasidan sariq bo‘yog‘ini sachratib jilmayib turgan qoqigullarni ko‘rsatib, qo‘lidan tortqilaydi:

 — Yur, gullardan terib olaylik, ustozga olib borardik!

 — Yo‘q, darsga kech qolamiz. Kel, yaxshisi maktabdan qaytishda onamiz uchun terib olamiz. Ustozga ertaga olib boramiz, bo‘ladimi?

 — Mayli! — deydi-da, uzun ikki o‘rim sochiga taqilgan oppoq shoyi tasmalarini silkitganicha yuguradi. — Qani, meni tutib ol-chi!

 ​Ikkinchi qizaloq dugonasining ortidan chopqillay turib gap qotadi:

 — To‘xtasang-chi, sen karra jadvalini yodladingmi?

 — Haa, yodladiim! — degan shodon ovoz shundoqqina ro‘paradagi maktab binosiga urilib, aks-sado beradi. — Ikki karra bilan uch karrani yod oldim. Sen-chi?!

 — Men yaxshi yodlay olmadim, to‘xtasang-chi, menga yordam berib yubor! Birga takrorlaylik!

 — Kelaqol, tez yetib ol! Ikki karra ikki — to‘rt, ikki karra uch — olti!

 Ortidan yugurayotgan qizaloq davom ettiradi:

 — Ikki karra to‘rt — sakkiz, ikki karra besh — o‘n…

​Shu tariqa ovozlar maktab bag‘riga singib ketadi. Ko‘klam osmonida qanot qoqib, shodon kuylayotgan qaldirg‘ochlarga jo‘r bo‘lib, darsga shoshilayotgan katta-kichik o‘quvchilar ham maktab binosiga kirib ketishadi. Yakkam-dukkam kechikuvchi bolalar uchrab qolmasa, maktab yo‘li tinib qoladi. Endi g‘ala-g‘ovur maktab binosining derazalaridan eshitila boshlaydi.

Maktab qo‘ng‘irog‘i bilan bir paytda qayerdandir kelib qolgan daydi shamol uvillab, bezovta aylanib, daraxt shoxlari, o‘t-o‘lanlarni tortqilab o‘tdi-yu, bor bezovta ruhini hamda qoramtir kulrang bulutlarini qoldirib ketdi. O‘riklar beixtiyor gulbarglarini to‘kib yuborishdi, qoqio‘tlar seskanib yuzlarini yopib olishdi. Qushlarning bezovta chinqirig‘i butun olamni tutgandek bo‘ldi. Ular nima bo‘layotganini anglab, o‘zlarini o‘nglab ulgurmaslaridan avvaliga chiyillagan, keyin gumburlagan tovushdan oyoqlarim ostidagi yer zir titrab, go‘yoki qiyomat qo‘pdi: quloqlar tom bitdi, hushim boshimdan uchdi. Portlash zarbidan tanam qayoqlargadir uloqtirildi va hushimga kelib o‘rnimdan turganimda, vayron bo‘lib, o‘radek o‘yilib ketgan maktab xarobalari qa’ridan qora tutun buruqsib, oh-vohlar hamda dahshatli chinqiriqlarga guvoh bo‘ldim. Nima bo‘layotganini idrok etolmay qanchadir vaqt merovsirab turdim. Keyin shang‘illayotgan qulog‘im, karaxt miyam ochila turib, maktab tomon yugurayotgan odamlar, yordam chaqiriqlari, dod-faryodlar ortidan gandraklaganimcha ketaverdim…

Sizga rostini aytaman, bugun ilk bor yozuvchi bo‘lganimdan o‘kindim. Yozib boshlaganimga besh yilcha vaqt bo‘lib qolgan bo‘lsa, o‘sha qo‘qqisdan ijod qila boshlagan kunlarimdan uyqu degan hayotiy sokinlik, ruhiy hamda jismoniy orom olish jarayoni meni butkul tark etdi. Xuddi butun dunyo dardi, g‘am-tashvishlari boshimga kelgan-u, kiprik qoqmasdan o‘ylayversam bartaraf etilib, bu bedavo dunyo charog‘on, odamlari baxtli bo‘lib ketadigandek. Kun bo‘yi jonsarakman. Go‘yoki boshimdagi tinimsiz aylanayotgan tegirmon toshining g‘uvillashi har aylanada miyamni ezib o‘tib azob beradi: boshim, balki butun tanam toshmetindek qotib og‘irlashib, ruhimni pachoqlaydi. O‘zim barpo etgan ruhiyat olamim vayronalarida yashashga mahkumman. Dunyoda sodir etilayotgan har bitta adolatsizlik, xunrezlik hamda shafqatsizlik fonida bevosita men borman — qashshoqlar va och-nahor bechoralar kulbasida ochlik, chorasizlikdan azob chekaman. Voz kechilgan yetim go‘dak, qariyalar uyida mo‘ltirab yo‘l qarayotgan ota-ona, umuman, jaholat qurbonlari bo‘lmish — tutday to‘kilayotgan mahkumlar hukmi mening yuragimda ijro etiladi.

Ishonavering, bu ayni haqiqatki, Albert Kamyu o‘zining “Isyonkor odam” asarida aytgan: “Men dunyoning qayeridadir bir bolaning azob chekayotganini bilar ekanman, o‘zimni baxtiyor his qilishga haqqim yo‘q!” kalomi bilan hamohang tarzda eshitiladi. Shu tariqa, kashkulini yo‘qotgan devonadek qalbim vayronalari labirintida adashib yuraveraman.

​Ha, ishonavering, o‘sha XXI asrning eng yirik va qonli fojialaridan biri bo‘lib tarixga kirgan, qurbonlari soni 30 mingdan oshib (shundan 13 mingdan ortig‘i bolalar), chinakamiga bolalar qabristoniga aylangan G‘azo urushida men ham bor edim. Vayronalar shahrida och bo‘ridek uvillab, betonlar ostida qolib ketgan minglab qavmdoshlari va bolalarini chiqarib olish uchun tirnoqlari sinib, panjasi qon qotgan abgor ona bo‘ri men bo‘laman. Yetmish mingdan ortiq yaradorlarga yordam ko‘rsatish uchun tun-u kun jon berib yugurgan, ammo tibbiy yordam yetishmasligi tufayli qo‘lidan hech narsa kelmay yig‘lagan, bolakaylar va qizaloqlarni biror tibbiy muolajalarsiz, og‘riq qoldiradigan malhamsiz jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan ilojsiz va beburd shifokor ham mendan boshqa hech kim emas! Men o‘sha pichoq ostida chinqirayotgan go‘daklarning ko‘zlarida Xeminguey aytgan “itdek o‘lib ketish” qismatini ko‘rdim. Adib haq edi: “Urush qanchalik “adolatli” niqobini kiymasin, u baribir eng katta jinoyat bo‘lib qolaveradi”. Ruhim hamda tanam havoda vizillayotgan o‘qlar, qonli osmondan yog‘ilayotgan surobsiz bombalar, dimoqni yoradigan porox hamda kuyindi hidlar orasida qo‘rquvdan esini yo‘qotib chinqirib tasdiqlaydi: oilasidan biror kimi tirik qolmagan yarador bolani kunpayakun bo‘lgan G‘azo, balki yuragim vayronalarini oralaganimcha uvvos tortib yetaklab yurgan chorasiz bandai bechora — o‘zimman…

O‘zimga kelganimda maktab hovlisidagi yarmi kuyib qorayib ketgan o‘rindiqda omonatgina o‘tirardim. Karaxtligim atrofimda bo‘layotgan harakatlarni kinolardagi sekinlashtirilgan kadrlar kabi ko‘rsatar, jahannam qa’ridan kelayotgan ovozlar ham cho‘zilib guvillab eshitilardi. Ko‘zlarim ko‘rayotganlariga ishonmas, urush haqidagi kinokartinani suratga olish maydonchasida turibman-u, ro‘y berayotgan sahna dekoratsiyalari aktyorlar ijrosidan keyin yig‘ishtirib olinadigandek tuyular, balki shuni istardim. Boshlarini qay devorga urishini bilmay har tarafga yugurib, alam va azobdan ko‘ksiga mushtlab faryod chekayotgan ota-onalar, xarobalar ostidan sug‘urib olinayotgan qizaloqlar, bolakaylarning majaqlangan tanalari: “Olindi! Bugun yaxshi ishladik, hammaga rahmat!” deyilishi bilan jilmayishib, ust-boshini qoqib o‘rinlaridan turib ketishsa-da… “Vahimamni qara, juda ta’sirchanman-da, axir bu kino-ku! Qoyil, bolalar soxtalikni bilishmaydi, juda samimiy ko‘rsatib berishadi, ularga aktyorlikning ham keragi yo‘q!” deganimcha mamnun jilmayib qo‘ysam qanday soz bo‘lardi-ya, deb o‘ylayman.

​Yo‘q! Bundayin vahshiylikni, gunohsiz bolalarni qonga botirib, farishta vujudlarini jasadlarga aylantirib, polietilen qoplarga joylab qo‘yishni kinochilar eplay olishmaydi! Bundayin qonli sahna ko‘rinishlarini qonxo‘r siyosatdan boshqasi amalga oshirolmaydi va hech narsa bo‘lmagandek bamaylixotir, kamiga qonli panjasida g‘alaba bayrog‘ini hilpiratganicha yo‘lida davom etolmaydi. Bu kostyumli po‘rim jallod urushlarni adolatli yechim, o‘limlar ro‘yxatini statistika, vayronalarni g‘alaba deb ataydi va boshi uzra ko‘targan zafar qadahi ham begunoh odamlar qoni bilan to‘latilgan bo‘ladi.

Maktab xarobalari orasida qancha vaqt o‘tirganimni bilmayman: balki soatlar, balkim kunlar, balki yillardir — bilmadim. Shu vaqtlar oralig‘ida dod-faryodlar, vayronalar yo‘qlikka singib, maktab o‘rni la’nat tekkandek qorayib ketgan ulkan o‘raga aylanibdi. Uvillagan sovuq shamol kitob-daftarlarning kuygan parchalari, qon yuqi tekkan soch tasmalar, singan qalam bo‘laklarini uchirib o‘ynaydi. Bo‘m-bo‘sh yuragim bilan yolg‘iz huvillab qolaveraman…

Uch kundan buyon yomg‘ir tinay demaydi. Anchayin achchiq, alamli izg‘irini ham bor. Yomg‘ir emas, bolaginasi kuyigidan dunyolarga sig‘may ketayotgan alamzada onaning faryodli ko‘z yoshlariga o‘xshaydi. Odatda, yomg‘irli ob-havodan qandaydir ruhiy sokinlik his etar, ayniqsa, soyabon ostida yolg‘iz sayr qilishni yoqtirardim. Ammo bugungi yomg‘ir badanimni junjiktirdi va o‘z navbatida bu sovuqlik ichkariga o‘rlab, yuragimni uvishtirdi. Uncha-bunchaga ko‘z yoshlarini ko‘rsatmaydigan toshmetin diydam ham yig‘ilib turgan achchiq yomg‘irini qo‘yib yubordi. Go‘yoki yomg‘ir va men ko‘z yoshlarimiz bilan begunoh bolalar qoni bo‘yagan tuproqni yuvib, ularni ortga qaytarishni ahd qilganga o‘xshaymiz. Qaniydi, ko‘z yoshlar xunrezliklar, besabab to‘kilgan qonlarni yuvib, barchasini ortga qaytara olganida edi, butun dunyo ayollari to‘xovsiz uvvos solib ko‘z yosh to‘kardik. Qaniydi, adabiyot qalami bilan beshavqat siyosatni yenga olganimda edi, umrim yetgunicha, uyqu nimaligini bilmay beto‘xtov yozishga kuch topar edim. Qaniydi… Qaniydi…

​Esladim, 13-14 yoshlarda edim. Otamning kutubxonasidan sevimli adibim O‘tkir Hoshimovning “Ikki eshik orasi” asarini topib oldim-u halovatim yo‘qoldi. O‘sha paytda ilk marta noming o‘chgur urush bilan yuzlashgan edim. Robiyani ota-onasiz qoldirgan, minglab otalar, bahodir o‘g‘lonlarni bag‘rimizdan yulib ketgan, ayollarni beva, bolalarni yetimlikka mahkum etgan, front ortida qolgan xalqni ham zulm va ochlikdan abgor qilgan la’nati maxluqni bolalarcha duoibad qilgandim. “Seni o‘ylab topganlarni Xudoyim jazosini bersin! Urush bo‘lishini, odamlar o‘lishini hecham xohlamayman!” deb ko‘z yosh to‘kardim. Robiya hamda Kimsanning endigina kurtak ochib kelayotgan muhabbati haqqi, ota-onasining chekkan zahmatlari haqqi, Kimsan urushdan tirik qaytsin derdim. Robiya bilan yonma-yon, kunu tun, goh shirin xayollar surib, goh ro‘molcha chetiga “K” harfidan kashta tikib, ko‘zlarim to‘rt bo‘lib Kimsanni kutgan edim. Maktabga borardim, qaytardim, xayolim asar davomi bilan band bo‘lar va bir gapni pichirlardim: “Nima bo‘lsa bo‘lsin, Kimsan qaytib kelsin! Mayli, bir oyog‘idan ayrilar yo bo‘lmasa qo‘lini yo‘qotar, lekin tirik qaytsin!”

Afsuski, buni urush deydilar: ko‘zlarimiz to‘rt bo‘lib kutgan Kimsanimiz begona yurtlarda halok bo‘ldi, Robiya Ra’no kelinoyisi tashlab qochgan erga xotin, o‘g‘liga ona bo‘ldi, Muzaffar o‘z singlisini sevib qoldi, Munavvar zilzila tufayli devor ostida qoldi. Yuzi qora urush hech kimni ayab o‘tirmadi. Asarni tugatib shunchalar umidsiz bo‘lib qolgandimki, yuragimda paydo bo‘lgan bo‘shliqni urushga la’natlar yog‘dirish bilan to‘ldirishga harakat qilardim. Yosh bo‘lishimga qaramay, o‘shandayoq urushning ma’no-mantiqsiz qirg‘in ekani, o‘lat keltiruvchi panjalari bilan asrlar osha nechalab odamlar umrini zavol etishdan to‘xtamasligini yuragimdan his etgandim.

Endi-chi, kasofat urush domiga tortib ketgan bolalar, ayollar, umuman, odamlarni kutishimdan biror mantiq bormi? Yo‘q, yana xuddi o‘sha Kimsanni intizorlik bilan kutgan va o‘limini eshitgan og‘riqli vaqtlardagidek umidsizlik hamda tushkunlik botqog‘iga botib ketaveraman.

​Mana, men shu yerdaman: hali tuprog‘i sovib ulgurmagan son-sanoqsiz qabrlar oralab ketyapman. Ularni sanay olmayman, tishimni tishimga bosib, jimgina quloq tutib boraveraman.

 — Karra jadvalini yod oldingmi? — deydi qizcha shivirlab.

 — Ha, yodladim, sen-chi? — deydi ikkinchi qizaloq yanada shivirlab.

 — Men yodlay olmadim, kelaqolinglar, birga yodlay qolaylik!

 — Ikki karra ikki — to‘rt! Qaytaramiz!

 — Besh karra besh — yigirma beyesh! — jo‘r bo‘lishadi hammasi.

 — Yo‘q, bu kamlik qiladi! Ortimdan takrorlang: o‘n karra o‘n — yuuuz!

 — Bu ham kamlik qiladi! — shivirlaydi uchinchi qizaloq. — Yuz karra yuu-uz…

Qulog‘imni kaftlarim bilan yopaman. Ammo shivirlar hamda sanoqlar tinay demaydi…

O-o, bu shivirlar biz katta odamlarni tinch qo‘yarmikin? Go‘daklarni o‘limga mahkum etayotgan qo‘llarimiz qonini ming yil yomg‘ir yog‘sa ham ketkazolmasligimizni anglab turgan holimizda mantiqsiz va “adolatli” qirg‘inlarni yana va yana davom ettiraverishimizni nima deb atasak bo‘ladi? Biz shafqatsiz odamzot gunohlarimizni qanday yuvamiz? Undan ko‘ra, abgor etgan dunyomizga oddiygina qoqio‘t bo‘lib kelsak bo‘lmasmidi? Qizaloqlar terib olishib, boshlariga gulchambar yoki onajonlariga guldastalar yasab quvonishardi. Daraxt bo‘lsak-chi, bahorda go‘zal gullarimiz, yozda mevalarimiz bilan ularni xursand qila olardik. Urushlar bo‘lmas edi. Bolalar ham o‘lmas edi.

Endi o‘zimni tushunib yetgandekman: aslida yozuvchi emas, odam bo‘lganimdan o‘kinayotgan ekanman. Ha, xuddi shunday, odam bo‘lib dunyoga kelganimdan!

Men hamon shu yerdaman…

Mastura Abduraimova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mahalliy

Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlari jadallashtiriladi

Published

on


Joriy yil 24-fevral kuni Prezidentinng «Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–29-son farmoni qabul qilindi.

Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:


uy-joy qurilishini rag‘batlantirish va uy-joyga bo‘lgan huquqni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishga doir konstitutsiyaviy norma talablarini bajarish;
ko‘p kvartirali uylar bozorida talabga muvofiq takliflarni mutanosib ravishda oshirib borish;
ko‘p kvartirali uylar qurilishida yer ajratish va ruxsat berish tartib-taomillari jarayonlarini o‘z ichiga oluvchi investitsiya-qurilish davrining davomiyligini 1,5 baravargacha qisqartirish.

Farmonga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda «Yangi O‘zbekiston» massivlari uchun yangi hududlarni tanlab olishning qonunchilikda belgilangan mezonlariga mos keladigan loyihalarga «Yangi O‘zbekiston» massivi maqomini berish orqali ularga amaldagi tartib-taomillar va moliyalashtirish manbalari tatbiq etiladi.

«Yangi O‘zbekiston» massivlarining yo‘l-transport infratuzilmalari loyihalarini ishlab chiqishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya tejovchi uskunalar, muqobil issiqlik tizimlaridan keng foydalaniladi va «yashil» transport muhiti yaratiladi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Talaba qizlarga “ikkinchi imkoniyat” beriladi

Published

on


Prezident farmonga ko‘ra, homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga oliy ta’lim olish uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratish maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan:


kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish imkoni yaratiladi;
talabalar fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishi uchun qo‘shimcha muddat beriladi va boshqa zarur shart-sharoitlar tashkil etiladi.

Shuningdek, voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzishga da’vat etganlik (qiziqtirganlik) va uni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash to‘g‘risidagi taklif ma’qullandi.

2026 yil 1 sentyabrdan nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibini buzishga oid huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarimaning 15 foizi bunday holat haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.

Erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida ichki ishlar organlari va “Inson” markazlariga xabar berish majburiyati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish hamda FHDYo organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillari zimmasiga yuklatiladi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Ayrim toifa yoshlar va pedagoglarga imtiyozli ta’lim krediti beriladi – Hukumat qarori

Published

on


Joriy yil 2-martdagi Hukumatning 88-son qarori bilan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish istagidagi yoshlar va pedagog xodimlarga ta’lim kreditini ajratish tartibiga doir nizom tasdiqlandi.

Nizom Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi hisobidan imtiyozli ta’lim kreditini ajratish va ularni qaytarish tartibini belgilaydi.

Nizomga ko‘ra, ta’lim krediti quyida talablarga javob beradigan yoshlar (30 yoshdan oshmagan, shu jumladan, 30 yoshda bo‘lgan) va pedagoglarga ajratiladi:


QS (Quacquarelli Symonds) yoki THE (The Times Higher Education) bo‘yicha TOP-300 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilingan;
O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.

 Kredit ularning bakalavriat hamda magistratura dasturlarida ta’lim olishlari uchun ajratiladi.

Kredit 1 o‘quv yili uchun 20 ming AQSh dollarigacha miqdordagi ekvivalentda milliy valyutada ajratiladi.

Kreditning asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng 7-oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.

Kredit oluvchi bankka murojaat qilishda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:


ariza;
shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
taklifnoma-xat (1-kurslar uchun);
akademik o‘zlashtirish natijalari (2-kursdan boshlab);
to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha shartnoma hamda oliy ta’lim tashkilotining bank rekvizitlari ko‘rsatilgan invoys;
birgalikda qarz oluvchilarning so‘nggi 12 oylik daromadlari yuzasidan ma’lumot;
mehnat daftarchasidan ko‘chirma (30 yoshdan oshgan pedagoglar uchun).

Ta’lim krediti stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida belgilanadi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Bugun Xalqaro yozuvchilar kuni: bizda nishonlanadimi?

Published

on


Yurtimizda barcha kasb egalarining bayramlari – o‘qituvchilar, jurnalistlar, quruvchilar, shifokorlar mehnati ulug‘lanadigan kunlar bor. Masalan, uzoqqa bormaylik 1 aprel hazil kuni ham keng nishonlanadi: turli tadbirlar, televideniyeda kulguga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar, qiziqchilar bilan uchrashuvlar… Lekin 3 mart kuni ana shu barcha kasb egalari haqida kitob yozadigan, zamonni qog‘ozga muhrlaydigan, tarixni jimgina hujjatga aylantiradigan so‘z zargarlari kuni ekanini bilasizmi?

So‘z umid, tasalli beradi, tarixni muhrlaydi, kerak bo‘lsa tarbiya, jazo ham bo‘ladi. Asrlar davomida yozuvchilar va shoirlar o‘z davrining og‘rig‘ini, quvonchini, savollarini qog‘ozga tushirgan. Shu bois biz bugun antik mutafakkirlarning qo‘lyozmalarini o‘qiy olamiz, o‘tmishga sayohat qilamiz, o‘tgan asrning nafasini his etamiz.

Bu bayramning tarixi ham so‘z erkinligi bilan bog‘liq. XX asr boshlarida ingliz yozuvchisi Ketrin Douson adabiyot va jurnalistikada haqiqatni himoya qiladigan xalqaro klub tuzish g‘oyasini ilgari surdi. Shu tariqa PEN klubi tashkil etildi – nomi inglizcha poets (shoirlar), essayists (essenavislar), novelists (romannavislar) so‘zlarining bosh harflaridan olingan. 1921-yildan boshlab klubga Jon Golsuorsi rahbarlik qildi. Oradan 65 yil o‘tib, 1986-yil Nyu-Yorkda o‘tkazilgan tashkilotning 48-xalqaro kongressida 3 mart sanasi «Butunjahon yozuvchilar kuni» deb e’lon qilindi.

PEN klub – xalqaro yozuvchilar birlashmasi bo‘lib, uning Xartiyasida qayd etilganidek, u «har bir mamlakat ichida va barcha davlatlar o‘rtasida axborot erkinligi tamoyillarini himoya qiladi». A’zolar o‘zlari mansub bo‘lgan jamiyatlarda va imkoni boricha butun dunyoda so‘z erkinligini bostirishning har qanday shakliga qarshi chiqish majburiyatini oladi.
PEN klub tinchlik davrida senzuraning ixtiyoriy va asossiz qo‘llanilishiga qarshi turadi, matbuot erkinligini himoya qiladi. Tashkilot fikricha, insoniyatning siyosiy va iqtisodiy jihatdan yuksakroq tizimlarga intilishi erkin tanqidsiz amalga oshmaydi. Hukumat, boshqaruv organlari va siyosiy institutlarni erkin tanqid qilish taraqqiyot shartlaridan biri.

Shu bilan birga, erkinlik o‘z-o‘zini tiyishni ham talab qiladi. Shu sabab PEN klub a’zolari erkin matbuotning salbiy jihatlari – yolg‘on axborot, ataylab soxtalashtirish, faktlarni buzib ko‘rsatish yoki ularni siyosiy, guruhiy yoki shaxsiy manfaatlar yo‘lida biryoqlama talqin qilishga qarshi chiqishni o‘z zimmasiga oladi. Qarang, yozuvchilarning ishi faqat kitob yozish emas, balki taraqqiyot uchun o‘z so‘zi, aralashuvi bilan hissa qo‘shish ham ekan. Endilikda 100 dan ortiq mamlakatda 130 dan ortiq PEN markazlari faoliyat yuritadi. Butunjahon yozuvchilar kuni ko‘plab mamlakatlarda nishonlanadi. Ko‘pincha bu sanaga turli adabiy mukofotlarni topshirish marosimlari, mashhur adabiyot namoyandalarini taqdirlash, ommaviy mutolaalar, ijodiy uchrashuvlar, yangi kitoblar taqdimoti va boshlovchi yozuvchilar uchun mahorat darslari bag‘ishlanadi. Shuningdek, muallif va publitsistlar yig‘ini, seminarlar o‘tkazilib, yozuvchilik mehnati va adabiyotning yangi yo‘nalishlari muhokama qilinadi.

Masalan, uzoqqa bormaylik Rossiyada bu kun nisbatan yaqin yillardan beri nishonlanib kelinadi va u ko‘proq kasbiy bayram sifatida qabul qilinadi. Odatda sana tantanali va mazmunli tadbirlar bilan o‘tadi. Adabiy kechalar, konsertlar, seminarlar, anjumanlar, yozuvchi va publitsistlar yig‘ini tashkil etiladi. So‘z ustalari bir joyga jam bo‘lib, faqat tabrik eshitish bilan cheklanmaydi – adabiyotning buguni va ertasi haqida jiddiy suhbatlar qiladi.
An’anaga ko‘ra, shu kunda turli mukofot va adabiy sovrinlar topshiriladi. Konferensiyalarda yangi adabiy yo‘nalishlar muhokama etiladi, asarlarning kuchli va zaif jihatlari tahlil qilinadi. Ijodiy ko‘rgazmalar, tanlovlar o‘tkazilib, muayyan yo‘nalishda eng yaxshi deb topilgan mualliflar e’tirof etiladi.

Yozuvchilar kitobxonlar bilan uchrashadi, tajribasi bilan o‘rtoqlashadi, yangi nashrlar taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Ommaviy axborot vositalarida adabiyotga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar efirga uzatiladi. Maktablarda ochiq darslar tashkil etiladi, muzeylarda adabiy ko‘rgazmalar va taqdimotlar o‘tkaziladi.

Xo‘sh, bu kun bizda qanday nishonlanadi? Ochig‘ini aytsam, deyarli bu kunning nishonlanishi bilan bog‘liq tadbirlar haqidagi ma’lumotlarni izlab topa olmadim. Boshqa mamlakatlardagidek, bugun kutubxonalarda, maktablarda har xil tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilmas ekan.

2023-yil noyabrida Kvanjuda o‘tgan koreys tilli ijodkorlarning 9-xalqaro kongressiga taklif etilgan, dunyoning 70 davlatidan 500 nafar adib jamlangan yig‘inda o‘zbek adabiyoti haqida ma’ruza qilgan yozuvchilar uyushmasi a’zosi, iqtidorli jurnalist va yozuvchi Fozil Farhodning aytishicha, Koreyada PEN markazi faoliyati juda kuchli. Adiblar birlashgan, xalqaro aloqalar tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Nobelga nomzod ko‘rsatish jarayonlarida ham shu markazlar faol ishtirok etadi.

– Koreyadagi olti kunlik tajriba shuni ko‘rsatdiki, adabiyotni yuzaga chiqaruvchi jarayon turli mukofotlar emas, balki uning atrofida birlashgan muhitdir, – deydi u bugungi kun haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlasharkan. – Bizda esa PEN markazi yo‘q, shu bois Butunjahon yozuvchilar kuni deyarli nishonlanmaydi. Balki bir-ikki xabar tarqalar, xolos. Bugun ham katta bayram emas, Yozuvchilar uyushmasida she’riyat kengashining yillik hisobot yig‘ilishini o‘tkazayapmiz. Agar xalqaro maydonga chiqishni istasak, avvalo shu yo‘llarni ochishimiz kerak. Yurtimizda Nobelga munosib adiblar bor, deb o‘ylayman. Lekin ularni dunyoga olib chiqadigan ko‘priklar kerak. Koreyada 500 nafar ijodkorni bir joyga jamlash oddiy ish emas. Bu adabiyotga munosabat. Bizda esa 3 mart sanasi deyarli nishonlanmaydi…

Darhaqiqat, keling, o‘sha ko‘priklarni bugundan, o‘zimizdan boshlab quraylik. Biz bugundan yozuvchilar kunini nishonlashni boshlashimiz, 3 mart kuni kimni va qanday tabriklash kerakligi haqida o‘ylashimiz mumkin. Buni bizga hech kim taqiqlamaydi. 3 mart sanasini an’anaviy ravishda nishonlashni boshlash orqali biz nafaqat adabiyotga, balki o‘zligimizga bo‘lgan munosabatni o‘zgartiramiz. Balki bugungi kichik tabriklarimiz, e’tiborimiz va sovg‘alarimiz kelajakda yurtimizda yangi adabiy muhitning shakllanishiga, xalqaro PEN markazlarining ochilishiga va o‘zbek ijodkorlarining dunyo minbarlarida baralla so‘z aytishiga turtki bo‘lar.

Yozuvchi deganda faqat kitoblari minglab nusxada chop etilgan mashhur adibni tushunish shart emas. Qalam tutgan, so‘z bilan ishlaydigan har qanday inson – yangi boshlagan muallif ham, she’r yozayotgan talaba ham o‘zini bu bayramga daxldor deb his qilishi mumkin.

So‘z ixlosmandlarini tabriklashning eng chiroyli yo‘li, balki ularga bag‘ishlab she’r yozishdir, balki klassik yo‘l kitob sovg‘a qilish ham mumkin. Kitob barcha zamonlarning eng munosib tuhfasi.
Butunjahon yozuvchilar kunini nishonlash uchun qimmatbaho restoran yoki rasmiy minbarlar ham shart emas. Ba’zan ijodkor uchun eng katta sovg‘a uning mehnati qadrlanishini his qilishdir. Agar siz ijod ahliga yaqin bo‘lsangiz, quyidagi kichik, ammo ma’noli qadamlarni tashlashingiz, ya’ni sevimli muallifingizning asaridan bir parchani ijtimoiy tarmoqlarda ulashishingiz va uni belgilab tashakkur aytishingiz mumkin.

Agar biror tanishingiz ijod bilan shug‘ullansa, unga shovqindan xoli, shinamgina qahvaxonada bir soatlik «ijodiy tanaffus» sovg‘a qiling.
Yangi boshlagan yosh qalamkashning ilk mashqlarini tinglang. Tanqid emas, «Senda iste’dod bor, to‘xtama!» degan bir og‘iz so‘z ba’zan eng katta mukofotdan ham kuchliroq ta’sir qiladi.

Butunjahon yozuvchilar kuni nafaqat mashhur adiblarni, balki qo‘liga qalam tutib, dunyoni yaxshiroq qilishga intilayotgan har bir insonni qo‘llab-quvvatlash uchun imkoniyatdir. Biz bugun 3 martni bayram sifatida qabul qilsak, ertaga jamiyatimizda So‘zning qadri baland bo‘ladi.

Barno Sultonova



Source link

Continue Reading

Mahalliy

25 yil ichida kitob olamida nimalar kashf etildi?

Published

on


XXI-asrning birinchi choragi ya’ni 2001-2025-yillarda adabiyot olamida, umuman kitobga bog‘liq sohalarda qanday yangiliklar bo‘ldi?

Avvalo kitoblarning shakli o‘zgardi — elektron kitoblar va audio kitoblar paydo bo‘ldi. Endi kutubxonaga qatnab kerakli kitobni izlash muammosiga barham berildi. Chunki, istalgan kitobning elektron ko‘rinishi yaratildi. Elektron qurilmalar mutolaani juda osonlashtirib yubordi. Audio kitoblar esa insonlarga harakat paytida ham mutolaa qilish imkonini yaratdi.

Muallifga erkinlik berildi. Shoir va yozuvchilar endi avvalgidek nashriyotga qaram bo‘lmay qoldi. Ular o‘z saytlarini, ijtimoiy tarmoqlarda blog va sahifalarini yuritib, ijodini ommaga olib chiqa boshladilar. Yozuvchiyu shoirlar nashriyotlar yordamida asarlarini e’lon qilib, avvalgidek noyob, sirli muallif emas, kontent yaratuvchiga aylandilar.

Kitob terapiya yo‘lga qo‘yildi. Kitob “san’at”dan tashqari terapiya – davolovchi hamda motivator vazifasini ham bajara boshladi. Mualliflar ilmiy-ommabop, psixologik va biznes mavzusidagi kitoblar bilan odamlarga ta’sir o‘tkaza boshladilar.

Multimediali kitoblar ommalashdi. XXI asrda nashriyotlar bolalar uchun ovozli, interaktiv kitoblar chiqara boshladilar. Va mazkur kitoblarning ichidagi animatsiyalar va har xil o‘yinlar bolalarni kitobga qiziqtirishda muhim rol o‘ynadi.

Yaxlit janrlar kamayib, ularning aralashmalari paydo bo‘ldi. Masalan: Roman esselar, hujjatli badiiy asarlar, tarixiy fentezilar yaratildi.

Shuningdek, distopiya, grafik roman, manga, LitRPG (o‘yinlar ichida kechadigan asarlar), iqlim o‘zgarishi haqidagi asarlar, muxlislar yozgan asarlar kabi yangi janr va oqimlar ham vujudga keldi.

Yirik asarlar qisqartirildi va yangi mutolaa turlari paydo bo‘ldi. Chunki yostiqday romanlar endi zamonaviy kitobxon uchun zerikarli bo‘la boshladi. Vaqtni tejash uchun esa yirik romanlarning qisqartirilgan nasriy bayonlari yaratildi. Zamonaviy mualliflar 50 betlik romanlar, epizodik hikoyalar yozishmoqda.

Shuningdek, tez o‘qishning yangi yo‘llari kashf etildi. Shoshqaloq o‘quvchi vaqtini tejash uchun vertikal o‘qib, bir oyda 20 talab asar tugatayapti.

Yevropa kutubxonalaridagi “tirik” kitoblar paydo bo‘ldi. Masalan Daniyadagi kutubxonalardan biri “tirik kitoblar”dan iborat. Bunda siz kutubxonaga kirib mavzuga qarab bironta odamni tanlaysiz, u esa sizga o‘z hayotidan qiziqarli hikoyalar so‘zlab beradi. Bu kabi “tirik kitoblar” qisqa vaqt ichida Yevropada ommalashdi va hozirgacha faoliyat yuritib kelmoqda.

Eng mashhur elektron kitob do‘koni Amazon o‘z faoliyatini 1990-yillarda boshlagan bo‘lsa-da, XXI boshida ommalashdi. Natijada, butun dunyoga bosma va elektron kitoblar sotish orqali katta natijalarga erishdi.

2018-yilga kelib O‘zbekistonda ham Amazondan ilhomlanib Asaxiy Books elektron kitob savdosini yo‘lga qo‘ydi.

Birinchi internet bloglar 1990 yillarda tor doirada yaratilgan edi, XXI-asrning boshlarida esa faollasha boshladi. 2004 yilda Facebook, 2010 yilda Instagram, 2013-yilda yesa Telegram platformalari ishga tushgach kitob bloglarini yurituvchilar ko‘paydi.

Sun’iy intellekt XXI-asrning birinchi choragidagi eng katta kashfiyot bo‘ldi. Chunki uning ommalashishi tufayli barcha sohalarning ish sistemasi o‘zgardi. SI adabiyot va kitoblar dunyosiga ham ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Masalan: SI yordamida hikoya, qissa, roman yozish, tarjima qilish, rasm va illyustratsiyalar chizish osonlashib ketdi.

Hatto ilmiy ishlardagi murakkablik ham SI oldida ojiz qolmoqda.

Temur Tangriberganov



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.