Jamiyat
Tozalik va ozodalik oyligida respublika bo‘ylab 422 ming tonnadan ortiq chiqindi tozalandi
15 oktyabrdan 15 noyabrgacha mamlakat miqyosida o‘tkazilgan Tozalik va ozodalik oyligi doirasida sanitar tozalash xizmatlari hamda obodonlashtirish sohasining qariyb 369 ming nafar xodimi ishtirokida respublika hududi 422 ming tonnadan ko‘proq chiqindidan tozalandi.
Foto: Chiqindilarni boshqarish agentligi
Ma’lumki, 15 oktyabrdan 15 noyabrgacha butun O‘zbekiston bo‘ylab Tozalik va ozodalik oyligi o‘tkazildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, oylik doirasida amalga oshirilgan obodonlashtirish va sanitar tozalash ishlarida sanitar tozalash xizmati hamda obodonlashtirish sohasining jami 368,8 ming nafar xodimi qatnashgan.
Tadbirlar jarayonlariga 66 291 ta maxsus chiqindi tashuvchi va yuklovchi texnika jalb etilgan.
Oy davomida sanitar tartib-qoidalarga rioya etmaslik va tozalikka oid talablar buzilishining 448 mingta huquqbuzarlik holati aniqlanib, ular bo‘yicha amaldagi tartibga muvofiq choralar ko‘rilgan.
Tozalik tadbirlarida shuningdek 100 dan ortiq tashkilotning 70 301 nafar xodimi ham faol ishtirok etib, yurt obodligiga o‘z hissasini qo‘shgan.
Sanitar tozalash xizmati sifati va chiqindilarni boshqarish sohasiga oid taklif va murojaatlarni Chiqindilarni boshqarish agentligining 1205 ishonch raqami orqali 24/7 tartibida bildirish mumkin.