Jamiyat
«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
O‘quvchilar mingan Damas yo‘lda yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. Oqibatda bir bola vafot etgan, qolganlari shifoxonaga yotqizilgan. Andijon viloyati YHXB o‘quvchilarni o‘zboshimchalikda aybladi.
Andijon viloyatida «Andijon polkasi» tadbiri doirasida maktab o‘quvchilari YTHga uchragan, ulardan biri vafot etgan. Bu haqda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonovning Instagram’dagi posti ostidagi izohlarda foydalanuvchilardan biri xabar qoldirgan.
Ma’lum bo‘lishicha, ushbu hodisa Asaka tumanidagi 14-maktab o‘quvchilari bilan ro‘y bergan. Hodisa oqibatida o‘quvchilardan biri vafot etgan, qolganlari esa jonlantirish bo‘limida qolmoqda.
Holat yuzasidan izoh bergan Andijon viloyati YHXB axborot xizmati maktab o‘quvchilarini o‘zboshimchalikda ayblagan.
Andijon viloyati YHXB axborot xizmati Daryo.uz’ga ma’lum qilishicha, YTH 23 iyun kuni sodir bo‘lgan.
«Asaka tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan Andijon shahrida o‘tkaziladigan tadbirga tayyorgarlik ko‘rish uchun borib-keladigan o‘quvchilarga alohida avtobus ajratilgan. Ammo bir guruh o‘quvchi o‘zboshimchalik bilan Damas avtomobilida ketayotgan bo‘lgan. Yo‘lda avtomobil „ZIL“ yuk mashinasi bilan to‘qnashgan. O‘quvchilar shifoxonaga yotqizilgan. Shifokorlarning sa’y-harakatlariga qaramay, ulardan bir nafari vafot etgan. Qolgan o‘quvchilarning holati yaxshi», – deyiladi taqdim etilgan axborotda.
Holat yuzasidan Asaka tumani IIB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchilari surishtiruv olib borayotgani qo‘shimcha qilingan.
Ma’lumot uchun, 24 iyun kuni Andijon viloyati markazidagi stadionda «Andijon polkasi» raqsiga tushish orqali rekord o‘rnatildi.
Stadionda 20 ming kishi bir vaqtning o‘zida raqs tushgan. Hokimlik matbuot xizmati e’lon qilgan suratlarda tadbirda yosh bolalar ham ishtirok etganini ko‘rish mumkin.