Jamiyat
Toshkentdagi tirbandlik sabab avtobuslar intervali 45 daqiqagacha uzaymoqda – Transport bosh boshqarmasi
Intervaldan tashqari, bir vaqtning o‘zida avtobuslarning ketma-ket bekatga yetib kelish holati ham kuzatilmoqda. Poytaxt transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikromov buni Brutto shartnoma tizimi bilan bog‘ladi. Uning aytishicha, transportlar belgilangan grafikdan chiqib ketmasligi uchun ketma-ket yuradi. “Bu ko‘rsatib turibdiki, bizda avtobusga bo‘lgan ehtiyoj juda ham katta”, – deydi u. Bunday muammolarning oldini olish uchun bu yil 240 ta yangi avtobus olib kelinishi aytildi.
12 mart kuni Toshkent shahar hokimiyati binosida o‘tgan matbuot anjumanida poytaxt transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikromov avtobuslar bekatlarga kechikib kelayotganiga izoh berdi. Rasmiy vakil muammo borligini tan oldi.
“Toshkent shahrida hozirgi kunda 169 ta avtobus yo‘nalishlari mavjud. Ushbu avtobus yo‘nalishlarining o‘rtacha intervali 10-15 daqiqani tashkil qiladi. Lekin xabaringiz bor, tirbandlik paytida bizda ma’lum bir vaqtda intervallarimiz 30 daqiqadan 40 – 45 daqiqaga yetishi kuzatilgan. Buning asosiy sabablari tirbandlik”, – deydi u.
Shuningdek, Ikromov tarmoqlarda ko‘p e’tirozlarni keltirib chiqarayotgan yana bir masala – avtobuslarning ketma-ket bekatga yetib kelishiga ham to‘xtaldi.
“Endi bitta narsa bor-da, 169 ta yo‘nalishimizning hammasi Brutto tizimi asosida faoliyat yuritadi. Brutto tizimi bilasizlar, har bir kilometr uchun har bir yo‘nalishga ma’lum bir narxi belgilangan. Birinchi kelayotgan avtobusimizning vaqti bor, A nuqtadan B nuqtaga yetib borishi [kerak]. Ikkinchisining ham grafik bo‘yicha yetib borish vaqti bor. Shuning uchun bular grafikdan chiqib ketmasligi uchun ketma-ket yuradi”, – dedi bosh boshqarma boshlig‘i.
Ma’lumotlarga ko‘ra, transport tizimini rivojlantirish uchun 2030 yilgacha konsepsiya qilingan. Unga ko‘ra, 169 ta yo‘nalish 280 taga yetkazilishi kerak.
“O‘rganish natijasida ba’zi bir yo‘nalishlarimizda oltita yoki bo‘lmasa sakkizta avtobus bilan 15 daqiqalik intervalni ushlashga harakat qilayotgan edik. Biz [endi] ikki tomondan keldik, ya’ni jamoat transportini ko‘paytirish hisobiga hamda uning ustuvorligini berish, jozibadorligini oshirish maqsadida infratuzilmaviy muammolarni yechish masalasi ustida bir qator ishlar amalga oshirilyapti. To‘g‘ri, hozirgi kunda endi ochilgan yangi tashkilot (Yo‘l harakatini tashkil etish markazi) bo‘lgani uchun ishi balki ko‘rinmayotgandir. Lekin biz bilamiz, 2023 yilda prezidentimiz qarorlaridan keyin loyiha ofisi ochilgan hamda bizning qo‘limizda shahar makromodeli bor. Ya’ni har bir ko‘chada yurayotgan avtotransport vositalarining soni, uning turlari, o‘rtacha hisob-kitoblari bor.
Hozir asosiy maqsad — ushbu markazning birinchi bo‘lib master-rejasini ishlab chiqish. Ya’ni o‘sha berilgan ko‘rsatkichlardan, shaharning o‘sishidan kelib chiqib, master-reja ishlab chiqiladi hamda shunga qarab turib yana yo‘nalishlar qaytadan tashkil etiladi. Qaytadan tashkil etilgandan keyin uning jozibadorligi ham [oshiriladi]. Bizda shunaqa ko‘rsatkich borki, har bir kilometrda tashilayotgan yo‘lovchilar soni bor. Hozirgi kunda Toshkent shahrida buning soni 3,6 ni tashkil qiladi, ya’ni bir kilometrda 3,5 tadan ko‘proq odam tashilyapti. MDH davlatlarining ichida birinchi o‘rinda turamiz. Bu ko‘rsatib turibdiki, bizda avtobusga bo‘lgan ehtiyoj juda ham katta”, – deydi rasmiy.
Qo‘shimcha qilinishicha, 2026 yilda 16 ta yangi avtobus yo‘nalishi ochiladi, 240 ta avtobus olib kelinadi. Uning 200 tasi elektrobus, 40 tasi tabiiy gazda yuradi. Eskirgan yo‘nalishlar yangilanib, intervallar qisqartirilishi kutilmoqda.
Mirakbar Ikromovning ma’lumotiga ko‘ra, hozirda Toshkent shahrida 2000 dan ortiq avtobus mavjud. Shuning 1 050 tasi siqilgan tabiiy gazda, 526 tasi elektrda harakatlanadi. Qolgani dizel yoqilg‘isida ishlaydigan avtotransport vositalari hisoblanadi. Ularning 204 tasi “Mercedes” rusumidagilardir.
Bu avtobuslar 2012-2013 yillarda ishlab chiqarilgan. Ya’ni tashuvda foydalanish yoshi 15 yilni tashkil qiladi. Ikromov keyingi yilda bunday transport vositalaridan foydalanib bo‘lmasligini aytdi.
Jamiyat
Kam ta’minlanganlarga 161,5 mlrd so‘m ijtimoiy keshbek berilgan
2026-yilning yanvar–mart oylarida kam ta’minlangan aholiga 161,5 mlrd so‘mga yaqin ijtimoiy keshbek to‘lab berildi. Soliq qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu davrda 621,6 ming nafar fuqaro mazkur imkoniyatdan foydalangan.
Qayd etilishicha, hisobot davrida jami 2 mln 728,4 mingta chek ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Faqat mart oyining o‘zida 984,5 mingta chek qayd etilib, 65,1 mlrd so‘m keshbek to‘langan.
Ijtimoiy keshbek hajmi bo‘yicha Andijon viloyati yetakchi — 94,7 mlrd so‘m. Keyingi o‘rinlarda Samarqand (12,5 mlrd so‘m) va Toshkent shahri (11,5 mlrd so‘m) qayd etildi.
Shuningdek, Toshkent viloyatida 10,8 mlrd, Farg‘onada 7,1 mlrd, Namanganda 4,6 mlrd so‘m keshbek to‘langan.
Qashqadaryoda 3,8 mlrd, Surxondaryoda 4,3 mlrd, Sirdaryoda 2,5 mlrd, Jizzaxda 2,9 mlrd so‘m qaytarilgan.
Qoraqalpog‘istonda 2,2 mlrd, Xorazmda 1,8 mlrd, Buxoroda 1,5 mlrd, Navoiyda 649 mln so‘m ijtimoiy keshbek ajratilgan.
Ma’lumot uchun, bu tizim 2023-yil 1-maydan joriy etilgan bo‘lib, «Ijtimoiy himoya yagona reyestri»ga kiritilgan shaxslarga tatbiq etiladi. Ular chakana savdo obyektlarida ayrim mahsulotlarni xarid qilganda 1 foiz emas, balki 12 foiz qo‘shilgan qiymat solig‘i miqdorida keshbek oladi.
Jamiyat
Toshkentdagi ayrim ko‘chalar 11-maygacha yopildi
Toshkent shahri markazida ayrim ko‘chalarda transport harakati vaqtincha cheklandi. Shahar hokimligi ma’lum qilishicha, cheklovlar 2-maydan 11-maygacha amal qiladi.
Buning sababi Milliy kutubxona oldidagi maydonda o‘tkaziladigan «Tashkent Flowers Fest 2026» gullar festivali bilan bog‘liq. Ayniqsa, 7–9-may kunlari tadbirning asosiy qismi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Shu munosabat bilan Milliy kutubxona atrofidagi yo‘llarda transport vositalari harakati to‘liq yoki qisman to‘xtatildi.
Cheklovlar bir nechta markaziy ko‘chalarni qamrab olgan. Jumladan, Zarafshon ko‘chasining «Hyatt Regency Tashkent» mehmonxonasi oldidan Mustaqillik shoh ko‘chasigacha bo‘lgan qismi yopildi.
Shuningdek, Istiqlol ko‘chasining Amir Temur shoh va Buyuk Turon ko‘chalari oralig‘idagi qismida harakat cheklangan.
Buyuk Turon ko‘chasining Istiqlol ko‘chasidan Yoshlar ijod saroyigacha bo‘lgan qismida ham transport qatnovi vaqtincha to‘xtatildi.
Jamiyat
Toshkent metrosida yo‘lovchi poyezd yo‘liga tushib ketdi
Holat “G‘afur G‘ulom” bekatida sodir bo‘lgan. Yo‘lovchi ayol poyezd kirib kelayotganida uning yo‘liga tushib ketgan. Mashinist harakat tarkibini tezkor to‘xtatib qolgan. Ayol jiddiy jarohatlanmagan.
Foto: Toshkent metropoliteni
Toshkent metrosida yo‘lovchi ayol poyezd yo‘liga tushib ketdi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, holat 2 may kuni soat 21:35 atrofida “G‘afur G‘ulom” bekatida sodir bo‘lgan. Bekatga 40-sonli harakat tarkibi kirib kelayotgan paytida yo‘lovchi ayol ehtiyotsizlik oqibatida yo‘lga tushib ketgan.
Mashinist tezkor va aniq harakat qilib, harakat tarkibini zudlik bilan to‘xtatgan hamda xavfsizlik choralariga to‘liq rioya etgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, fuqaro jiddiy tan jarohati olmagan. U tez tibbiy yordam xodimlari tomonidan ko‘rik uchun olib ketilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, hodisa metro harakati jadvaliga ta’sir ko‘rsatmagan, barcha poyezdlar belgilangan jadval asosida harakatlangan.
Jamiyat
Buxoro va Surxondaryoni bog‘lagan «narkozanjir» uzildi
DXX va bojxona xodimlari hamkorlikda yirik miqdordagi giyohvandlik moddalarini fosh qilishdi.
Voqea Kogon tumanida Surxondaryo–Buxoro yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lacetti» avtomashinasi to‘xtatib tekshirilishidan boshlandi. Mashinani boshqarib kelayotgan buxorolik shaxs (1993-y.t) muqaddam narkojinoyat sodir etgani uchun sudlangani ma’lum bo‘ldi. Avtomashina ko‘zdan kechirilganda, uning motor qismidagi havo filtri ostiga yashirilgan 993 gramm «opiy» moddasi topildi.
Surishtiruv davomida ushbu modda Termiz tumanida yashovchi, xalqaro yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi 46 yoshli shaxsdan olingani aniqlandi. Tezkor tadbir davom ettirilib, termizlik ham qo‘lga olindi. Uning yonidan Afg‘onistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan 5 kg, yashash xonadonidan esa 7 kg «opiy» ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirildi.
Mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
2026 yilda energiya samaradorligiga yangi talablar joriy etiladi
O‘zbekistonda energiya resurslaridan samarali foydalanishni kuchaytirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar belgilandi. Bu Prezidentning 2026-yil 29-aprelda qabul qilingan «2026-yilda energiya samaradorligini yanada oshirish, energiya resurslarini tejash va ulardan oqilona foydalanishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–70-sonli Farmonida o‘z aksini topgan.
Farmonga muvofiq, 2026-yil 1-iyuldan boshlab davlat tashkilotlari, ijtimoiy soha muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalarning yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan yoki mukammal ta’mirlanadigan bino va inshootlari energiya samaradorligining kamida «S» toifasiga javob berishi shart bo‘ladi. Bu talab binolarni loyihalash va qurish jarayonida energiya tejamkor yechimlarni joriy etishni rag‘batlantirishga qaratilgan.
Shu bilan birga, energiyani tejash iste’molchilarni elektr energiyasi yoki tabiiy gaz tarmoqlaridan uzib qo‘yish orqali emas, balki samaradorlikni oshirish orqali ta’minlanishi belgilandi. Bu yondashuv energiya ta’minotida barqarorlikni saqlash bilan birga, resurslardan oqilona foydalanishni ta’minlashga xizmat qiladi.
Hujjatga ko‘ra, Energiya samaradorligi milliy agentligiga Energiya samaradorligini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali energiya servis kompaniyalari (ESKO) tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun kafolatlangan to‘lovlarni amalga oshirish huquqi berildi. Bu mexanizm sohada xususiy sektor ishtirokini kengaytirish va yangi loyihalarni jalb qilish imkonini oshiradi.
2026 yildan boshlab energiya sarfi belgilangan me’yorlardan keskin oshib ketgan davlat obyektlarida har yili xalqaro standartlar asosida energiya samaradorligini yaxshilashga qaratilgan dasturlar amalga oshiriladi. Bu orqali ortiqcha energiya sarfini kamaytirish va tizimli nazoratni kuchaytirish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, 2026-yil 1-oktyabrga qadar energiya iste’molini tahlil qilishda zamonaviy raqamli yechimlar joriy etiladi. Xususan, Big Data, Business Intelligence va sun’iy intellekt texnologiyalari orqali energiya sarfi va samaradorlik ko‘rsatkichlarini doimiy monitoring qilish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
-
Siyosat4 days agoOʻzbekistonda yashirin forumda davlat xizmatchilariga oid maʼlumotlarning sizib chiqib ketishini tekshirmoqda
-
Siyosat4 days agoOʻzbekiston Davlat investitsiya jamgʻarmasi Toshkent va Londonda ikki tomonlama IPO oʻtkazdi
-
Jamiyat4 days agoMashina olib berish va’dasida yuzlab odamni chuv tushirgan “Umid avto”chilarga hukm o‘qildi
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev energiya tejash vositasi sifatida kommunal xizmatlarni oʻchirishni taqiqlovchi farmonni imzoladi
-
Dunyodan4 days ago
Jarrohlar Apple Vision Pro foydasiga monitorlardan voz kechishmoqda
-
Dunyodan4 days ago
Ukraina va Yevropa Ittifoqi Isroilga qarshi sanksiyalar kiritmoqchi
-
Iqtisodiyot4 days ago«Kursga sun’iy ta’sir o‘tkazish tarafdori emasmiz»
-
Iqtisodiyot5 days agoAQSh logistikasini O‘zbekistonda turib «zabt etgan» Sarvarjon Narimonov hikoyasi
