Connect with us

Jamiyat

Toshkentdagi mahalla ichida 5 qavatli mehmonxona qurilishi mumkin. Aholi bunga qarshi chiqmoqda

Published

on


Yakkasaroy tumanining hovlilardan iborat To‘qimachi mahallasida yashovchilar mahalla hududidagi 6 sotixli maydonda kotlovan qazish boshlangach, bu yerda 5 qavatli ofis va mehmonxona qurilishidan xabar topdi. Aholi vakillari otel kelajakda nobop maskanga aylanishi, mahallaning tinchini o‘g‘irlashidan xavotirda. Ularning da’vosini ko‘rib chiqayotgan sudya qurilish joyiga kelib, holatni o‘rgandi. O‘rganish jarayonida Kun.uz muxbiri ham qatnashdi.

{Yii::t(}

O’tkazib yuborish 6s

O’tkazib yuborish

Toshkentning Yakkasaroy tumani “To‘qimachi” MFY Jambul ko‘chasida 5 qavatli mehmonxona qurilishi mumkin. Hozircha kotlovan holatida turgan obekt mahalliy aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.

“Toshneftgazishchita’minot” MChJ Jambul ko‘chasi 2-uy manzilida ofis va mehmonxona qurish uchun 2024 yil 15 iyulda Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasidan ijobiy xulosa olgan. Shu yerda yashovchi aholi vakillari esa bu loyihadan 2025 yil may oyiga kelib, ya’ni qurilish ishlari boshlangach xabar topganini aytmoqda.

Bir guruh fuqarolar qurilish boshqarmasining xulosasini haqiqiy emas deb topish bo‘yicha Toshkent tumanlararo ma’muriy sudiga da’vo arizasi kiritgan. 2025 yil 20 may kuni sudya Olim Shamsiyev arizachilarning iltimosnomasini qanoatlantirib, obektning qurilish-montaj ishlarini vaqtincha to‘xtatish bo‘yicha ajrim chiqardi.

Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, aholi vakillarini tingladi. Ularning aytishicha, 6 sotixlik yer maydoni qo‘ldan qo‘lga o‘tib kelgan, mehmonxona qurilishidan qo‘ni-qo‘shnilarning xabari bo‘lmagan.

“Aka-ukalar turardi. Ota-onasi o‘tgandan keyin sotib ketishdi. Undan keyin joy yana ikki marta sotildi. Keyin bu keldi. Unga aytdim, ota-onang bormi seni dedim. Bor dedi. Ota-onang bo‘lsa dedim, ikki qavatlik qurasan dedim. Besh qavatlik qurmaysan dedim. Bu bizga to‘g‘ri kelmaydi. Peshonamda turadi. Foxishaxona bo‘ladimi dedim. Yo‘q, xola, qurib beraman, olib kelaman dedi. Shu bo‘yicha yo‘q bo‘lib ketgandi”, – deydi fuqarolardan biri.

Jambul ko‘chasida yashovchilardan yana biri oxirgi paytlar atrofda mehmonxonalar ko‘payib ketgani, shu sabab mahalladan osudalik ariganini aytdi. Bir holatda, otellardan birining mijozlari mashinada ichki ishlar xodimlaridan qochib, mahalla ichidan yurib, yo‘l chetida turgan mashinalarni qirib o‘tib ketgan.

“Mana shularni dastidan mashina ko‘p. Yurib bo‘lmaydi. Ko‘chaga chiqa olmaymiz. Bolalar ko‘chaga chiqib, shu mashina turtib yubormasin deb eshikni qulflab o‘tiramiz. Yana otishmalar bo‘lib ketdi, hammayoq militsiyaga to‘lib ketdi. Juda xavotirga tushib yashayapmiz. Mahallani ichi tinch bo‘ladi deymiz-u, tinchligimiz yo‘qoldi-da. Ko‘chani narigi yuzi mehmonxona. Hamma yoqni mehmonxona bosib ketdi. Endi bunisi juda ortiqcha bo‘ldi. Svetimizga, suvimizga ta’siri bo‘lyapti”, – deydi Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan ayol.

Sud ishida asosiy da’vogar bo‘lgan Sanobar Rahimova ham mehmonxona kerak emasligini aytdi. “Hech kim kelishuvga imzo chekmadi. Ular bizni eshitmayapti”, – deydi da’vogar.

Kun.uz’ga berilgan ma’lumotga ko‘ra, loyihani amalga oshirayotgan “Toshneftgazishchita’minot” vakillari 2024 yil 16 noyabrda mahallada yig‘ilish o‘tkazib, 2-uy manzilida nimalar bo‘lishi haqida ma’lumot bergan. Shundan keyin mahalla raisi, hokim yordamchisi va boshqa faollar yig‘ilish bayonini muhr va imzo bilan tasdiqlab berishgan. Sanobar Rahimovaning ishonchli vakili, advokat Farrux Sayfullayevga ko‘ra, quruvchi qo‘shnilarning roziligini olmagan, xulosani esa noqonuniy qo‘lga kiritgan.

“Himoyam ostidagi shaxs 17-uyda yashab keladi. Tadbirkor besh qavatli mehmonxona qurish jarayonida kotlovan ishlarini olib borgan. Shu jarayonda mana shu uyda devorlarda siljish, pollarda uyning ichida treshina berish holatlari yuzaga kelgan. Aholini juda ham ko‘p noroziligiga olib kelyapti. Aholini roziligini olish kerak degan sharti bor. Chunki Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasini ijobiy xulosasini bandida yon qo‘shnilarni roziligini olish tavsiya etiladi deb belgilab ketilgan. O‘ndan ziyod fuqarolar norozi”, – deydi advokat.

3 iyun kungi sud majlisida sudya Olim Shamsiyev masalani joyiga chiqib o‘rganish bo‘yicha qaror chiqargan. 4 iyun kuni sudya manzilga kelib, loyiha bilan tanishdi. Sanobar Rahimovaning uyi va obektning oraliq masofasi 6 metr chiqdi. Sudya avtoturargoh qayerda bo‘lishi va nechta mashinaga mo‘ljallanayotgani bilan ham qiziqdi. MChJ vakiliga ko‘ra, turargoh ko‘chaga qilinmaydi. Shundan so‘ng, sudya asosiy da’vogar Sanobar Rahimovaning uyini ko‘zdan kechirib, uyning shikastlangan devorini suratga tushirdi.

surat

“Toshneftgazishchita’minot” MChJning manfaatlarini himoya qilayotgan advokat Marat Hayitov aholi taklif bersa, kelishish masalasi ko‘rib chiqilishni bildirdi.

“Bu uyning devorlari xom g‘ishtdan yoki loydan terilgan. Bu aynan biz tomonimizdan qurilish xavfsizligiga rioya qilinmagani natijasida devori zax tortib ko‘chganini bildirmaydi. Tepasidan suv o‘tgan bo‘lishi mumkin. Ichkaridan ham qarasangiz, devorni yiqitadigan yoki biror narsa emas. 6,4 metr qochirilgan. Yerning o‘zi hozir 5 metr turgan bo‘lsa, 1 metri kotlovan ochilib qoldiriladi, yana qaytadan zasipka qilinadi, ya’ni qayta ko‘miladi. Bu degani 200-sonli qaror bo‘yicha 6 metrdan ham ko‘proq degani. Sanitariya organlari tomonidan xulosa berilganki, biz tomonimizdan, ya’ni barpo etilayotgan bino qo‘shni, yondosh, qo‘shni yashayotgan boshqa odamlarni huquqlariga daxl qilmaydi. Ikkinchidan, yong‘in xavfsizligi bo‘yicha 6 metrdan ko‘p masofa qoldirilsa, boshqalarning huquqini buzmaydi. Taklif bersin, kelishish masalasini ko‘rib chiqamiz. Taklif ma’qul kelsa. Agar taklif ma’qul kelmasa, bizga noma’qul taklif keladigan bo‘lsa, unda kelishishga hojat ham yo‘q”, – deydi u.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, elektr energiyasi tarmog‘iga tushadigan yuklama ham hisobga olingan. Bunda tegishli elektr tarmoqlari korxonasidan texnik shart olinadi.

Hayitovga ko‘ra, tegishli hujjatlarda aholidan ruxsat olish talabi yo‘q.

“Bular qo‘shni bizga. Yo‘lning narigi betida. 14 metr masofasi bor ekan u tomonigacha, Lekin qonunda yoki Vazirlar Mahkamasi qarorida, boringki, normativ-huquqiy hujjatda yo‘q talabni bizga qo‘yishga hech kimning vakolati, haqqi yo‘q”, – deydi u.

Kun.uz ijobiy xulosa qanday berilgani, obektga yaqin qo‘shnilarning roziligi qanchalik inobatga olinganini bilish uchun Toshkent shahar qurilish boshqarmasi bilan bog‘landi. Matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yangi tahrirdagi shaharsozlik normalari va qoidalariga asosan, qo‘shni uchastkalardan rozilik yoki ruxsat olish bandi olib tashlangan.

Yuqoridagi kabi holatlarda bino-inshootlar sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga javob berishi yoki javob bermasligi nuqtayi nazaridan loyiha-smeta hujjatlari tegishli tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqiadi va xulosa beriladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligida nazorat qilish inspeksiyasi matbuot xizmati esa qurilish boshlamasdan oldin kamida 10-15 ta aholining roziligini olib kelishish kerakligini bildirdi.

Holat bo‘yicha sud ishi davom etmoqda.

Shahzod O‘roqboyev,

Kun.uz



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Jamiyat

Raqobat qo‘mitasi Centrum Air va Qanot Sharq reyslaridagi kechikishlar bo‘yicha so‘rov yubordi

Published

on


Centrum Air va Qanot Sharq aviakompaniyalari ustidan e’tirozlar ko‘paygan. Xususan, zarar ko‘rgan yo‘lovchilarga parvozgacha yoki boshqa transportga o‘tkazilgunga qadar kutish vaqtida oziq-ovqat va ichimlik suvi berilmagan. Bundan tashqari, chiptada ko‘rsatilgan tutash reyslarga kechikish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash kabi xizmatlar ham yetarli darajada bajarilmagan.

Raqobat qo‘mitasi Centrum Air va Qanot Sharq xususiy aviakompaniyalar faoliyatida ortiqcha chiptalar sotilishi va iste’molchilar huquqlarini ta’minlash holati yuzasidan Fuqaro aviatsiyasi agentligiga (O‘zaviatsiya) so‘rov yubordi.

Qo‘mitaga aviaqatnovlar bo‘yicha iste’molchilardan tushgan murojaatlarning tahlili 2025 yilda 127 tani, 2026 yilning o‘tgan 4 oyida esa 145 tani tashkil etib, ularning soni ortib boryapti.

 O‘rganishlarda ko‘rsatilmagan xizmat uchun haq olinish (110 ta), belgilangan vaqt oralig‘iga rioya etmaslik (90 ta) va sifatsiz xizmat ko‘rsatilishi (72 ta) holatlari aniqlangan. Ushbu murojaatlarda asosan quyidagi e’tirozlar bildirilgan:

·       xizmat ko‘rsatuvchi iste’molchiga o‘zi ko‘rsatayotgan xizmatlari haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot taqdim etilmasligi;

·        rasmiylashtirilgan chipta va oldindan band qilingan joyga ega bo‘lgan yo‘lovchiga tashuvchi tomonidan havo kemasidan joy berishni rad etilishi;

·       parvozlarni bir necha soatlab kechikishi yo‘lovchilarning aeroportlarda qolib ketishi, vaqti, mablag‘i hamda rejalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatayotgani;

·       aviakompaniya tomonidan yetkazilgan zarar belgilangan tartib va miqdorda kompensatsiya yoki bepul qo‘shimcha xizmatlar bilan qoplanmayotganligi.

O‘rganishlarda yuqori aviakompaniyalar tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun, shuningdek, “Havo transportida yo‘lovchi va bagaj tashish” qoidalari, “Havo kodeksi” va “Fuqarolik kodeksi” to‘g‘risidagi qator qoidalarga yetarlicha rioya qilinmayotganligi aniqlangan.

Xususan, zarar ko‘rgan yo‘lovchilarga parvozgacha yoki boshqa transportga o‘tkazilgunga qadar kutish vaqtida oziq-ovqat va ichimlik suvi berilmagan.

Kutish vaqti tashuvchi qoidalarida belgilangan muddatdan oshgan hollarda mehmonxona bilan ta’minlash, aeroportdan vaqtinchalik yashash joyiga olib borish va qaytarish xizmatlari ham bajarilmagan.

Bundan tashqari, chiptada ko‘rsatilgan tutash reyslarga kechikish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash kabi xizmatlar ham yetarli darajada qilinmagan.

Raqobat qo‘mitasi tomonidan 2025−2026 yillarda aviakompaniyalar reyslari kechikishi, sabablari va kompensatsiyalar yuzasidan o‘rganish olib borayotgani va yakunlar bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi ma’lum qilindi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Suv va sel-suv omborlarida suvdan bo‘shagan yerlar ijaraga beriladi

Published

on


Prezident Shavkat Mirziyoyev suv fondi yerlari hamda sel suvlaridan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Mamlakatimizda suv resurslaridan oqilona foydalanish, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va suv tejamkorligini ta’minlash davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.

Xususan, yurtimizdagi 150 ming kilometr daryo va kanal o‘zanlarini betonlash ishlarining boshlangani natijasida yiliga 1,3 milliard kub metr suv tejalmoqda. Bu Navoiy viloyatining bir yillik suv iste’moliga teng. Shu kunga qadar 2 ming kilometr magistral kanal betonlashtirildi, 721 kilometr kanal, 525 kilometr lotok va yopiq tarmoqlar qurildi. Ushbu maqsadlarga 3 trillion so‘m ajratildi. Natijada 858 ming gektarda suv ta’minoti yaxshilanib, 51 ming gektar yer qayta foydalanishga kiritildi.

Yig‘ilishda suv infratuzilmasini nafaqat texnik obyekt, balki iqtisodiy aktiv sifatida ko‘rish zarurligi ta’kidlandi. Bugun dunyoda daryo, kanal, suv omborlari va ko‘llar bo‘yida turizm, dam olish, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik hududlarini tashkil etish katta iqtisodiy yo‘nalishga aylangan.

Bunday loyihalar ko‘chmas mulk va yer uchastkalari qiymatini oshirish, tuman va shaharlar iqtisodiyotini jonlantirish, ichki turizm va xizmatlar sohasini rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, yangi ish o‘rinlari yaratish hamda ekologik barqarorlikni yaxshilashga xizmat qiladi.

Jahon tajribasida suv infratuzilmasi atrofidagi turizm loyihalariga kiritilgan 1 dollar sarmoyaning iqtisodiy qaytimi 3-10 dollar atrofida baholanadi.

Shu bois, mutasaddilar va hokimlar suv infratuzilmasini iqtisodiy samara beradigan loyihalarga aylantirish ustida tizimli ishlashi zarurligi qayd etildi.

Buning uchun qator yangi imkoniyatlar yaratiladi. Jumladan, qirg‘oqlar yuvilishi va suv bosishiga sabab bo‘layotgan qum-shag‘alni qazib olishga ruxsat beriladi. Suv va sel-suv omborlari, kanal, kollektor, tabiiy ko‘l va gidrotexnika inshootlarini tuproqdan tozalash ishlariga tadbirkorlar tendersiz jalb qilinadi. Suv va sel-suv omborlarida suvdan bo‘shagan yerlar ekin ekish uchun auksion orqali ijaraga beriladi.

Shu bilan birga, ayrim hududlarda mazkur imkoniyatlardan yetarlicha foydalanilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Suv fondiga tegishli uchastkalarda tadbirkorlik, turistik va ko‘ngilochar obyektlar qurish imkoniyati bo‘lgan 100 ming gektar yer maydoni aniqlangan. Ushbu yerlarda 100 ming aholining bandligini ta’minlab, yiliga 220 milliard so‘m qo‘shimcha daromad manbaini yaratish mumkin.

Mutasaddilarga suv fondi yerlarini ijaraga berish, monitoring qilish, shartnomalar tuzish va hisobotini onlayn yuritish bo‘yicha axborot tizimini ishga tushirish topshirildi. Kosmik tadqiqotlar agentligiga daryo o‘zanlari va suv xo‘jaligi obyektlaridan qazib olinadigan qum-shag‘al hajmini aniq hisoblash va tegishli idoralarga taqdim etish vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda sel-toshqin suvlaridan foydalanish masalasi ham atroflicha ko‘rib chiqildi.

Iqlim o‘zgarishi tufayli so‘nggi yillarda qisqa vaqtda kuchli yomg‘irlar ko‘paymoqda. Bu esa sel-toshqinlar xavfini oshirmoqda. Ayniqsa, Samarqand, Jizzax va Toshkent viloyatlarining tog‘li va tog‘oldi hududlarida sel xavfi yuqori hisoblanadi.

Sel-toshqinlar infratuzilma va qishloq xo‘jaligigagina emas, balki sanoat, sug‘urta, logistika va tashqi savdoga ham zarar yetkazadi. Qolaversa, sel suvlari xavf manbai bo‘lish bilan birga suv zaxiralarini to‘ldirish uchun ham katta imkoniyatdir.

Mamlakatimizda sel xavfi mavjud 60 ta yirik soy orqali yiliga 690 million kub metr suv samarasiz oqib ketmoqda. Undan samarali foydalanish orqali 13 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish, suv ta’minotini yaxshilash va baliqchilikni rivojlantirish imkoniyati borligi ta’kidlandi.

Shu bois, sel suvlarini boshqarishda faqat to‘g‘on qurish bilan cheklanmasdan, integral yondashuvni ham joriy etish zarurligi qayd etildi. Bunda sel xavfini kamaytirish, suvni to‘plash, qishloq xo‘jaligi, energetika, baliqchilik, turizm va xizmatlar sohasi bilan bog‘liq loyihalarni birgalikda amalga oshirish nazarda tutiladi.

Davlatimiz rahbari tomonidan mutasaddilarga suv infratuzilmasini iqtisodiy faollik manbaiga aylantirish, sel-toshqin xavflarini kamaytirish, suv zaxiralaridan samarali foydalanish va mazkur yo‘nalishda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish yuzasidan qator topshiriqlar berildi.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Andijonda «qo‘shib yozuvchi» elektromontyor qo‘lga olindi

Published

on


Andijonda 680 ming so‘mlik qarzdorlikni 34 mln so‘m deb ko‘rsatgan elektromontyor ushlandi. 

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.

Unda Qo‘rg‘ontepa tumani «So‘fi qishloq» – podstansiya navbatchi elektromontyori F.X. fuqaro F.D.ning Jalaquduq tumani,«Namuna» MFY hududidagi xonadonida elektr energiyasidan 680 ming so‘mlik qarzdorligini 34 mln so‘m deb yolg‘on ko‘rsatib, 17 mln so‘m bersa ushbu qarzdorlikni yo‘q qilib berishini va’da qilib, 17 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.   

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda. 



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Buxoro shahar IIB sobiq tergovchisi qidiruvga berildi: Kalavaning uchi qayerda?

Published

on


Tergovchi Buxoro shahrida ko‘p qavatli turar joy majmuasi qurib sotuvchi qurilish firmasiga nisbatan olib borilgan tergovda dalillarni soxtalashtirgani aytilmoqda. Lochinbek Toshpo‘latov o‘ziga nisbatan nohaqlik bo‘layotgani, bu ishlar ortida viloyat prokurorining o‘rinbosari Aliakbar Po‘latov va viloyat prokuraturasi tergov bo‘limi boshlig‘i Otabek Muzaffarovlar turganini aytadi. Kun.uz surishtiruvida muammo markaziga olib chiqilgan “Best building company” MChJning ilk ta’sischisi Umidjon Nurullayev aynan Lochinbek Toshpo‘latovning g‘ayriqonuniy tergovi natijasida nohaq ayblangani aytilmoqda.

Jinoyat kodeksining 230¹-moddasi 2-qismi “a” bandida (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib  dalillarni soxtalashtirish (qalbakilashtirish) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganligi uchun ayblangan Toshpo‘lotov Lochinbek Komilovich Buxoro viloyati ichki ishlar boshqarmasi tomonidan qidirilmoqda.

Ushbu shaxs Buxoro shahar IIB xuzuridagi tergov bo‘limi sobiq tergovchisi ekani ma’lum. U YouTube sahifalaridan biriga bergan intervyusida o‘ziga nisbatan Buxoro viloyat prokuraturasi O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, shu sabab 2025 yil 29 dekabr kuni lavozimidan ozod qilingani haqida gapirgan.

Lochinbek Toshpo‘lotov o‘z intervyusida Buxoro viloyati prokuraturasi 21-bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan jinoyat ishlari Buxoro shahar IIB tergov bo‘limi ish yurituviga yuborilgani, ular orasida Bobur Raupov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi ham bo‘lgani, aynan ushbu jinoyat ishi uning yurituviga topshirilgani haqida gapiradi (B.Raupov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi doirasida Umidjon Nurillayev ham ayblangan – tahr.).

 “Ushbu jinoyat ishi viloyat prokuraturasining o‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi boshlig‘i Otabek Muzaffarov tomonidan 3 yil davomida tergov qilinib, go‘yoki “jinoyat sodir etgan shaxs noma’lum”ligi sababi bilan to‘xtatib qo‘yilgan bo‘lgan.

Men ish bo‘yicha tergov harakatlari o‘tkazdim. 500ga yaqin jabrlanuvchilar aniqlandi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararni qoplash uchun Buxoro viloyat prokurori o‘rinbosari Aliakbar Po‘latovning topshirig‘iga asosan ayblanuvchilarning uylarida tintuvlar o‘tkazildi. Tintuvda olingan ashyolarning ishga doir emaslari bo‘yicha axborot berganimda “qaytarib bermaysan”, ariza yozsa ham bizga keladi, degani uchun men bu ashyolarni qaytarib bermadim. Chunki ishni prokuror tasdiqlaydi, u bilan kelishilmagan har qanday qarorni bekor qilish vakolatiga ega.

Jinoyat ishini tugatib, sudga yubordim. Ayblanuvchilarga hukm bilan jazolar tayinlandi. Ammo oradan 2 yil o‘tgandan so‘ng ayblanuvchilar qarindoshlari tintuv davomida olingan tilla taqinchoqlarni qaytarib berilmaganini vaj qilib ariza yozishdi. Shundan so‘ng menga Buxoro shahar prokuraturasi Jinoyat kodeksining 207-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi” deydi L.Toshpulatov.    

 Qidiruvdagi tergovchi va Kun.uz surishtiruvidagi figurant: qanday bog‘liqlik bor?

Kun.uz Toshkentning Shota Rustaveli ko‘chasida quruvchi va investorlar o‘rtasidagi mojaroga e’tibor qaratib, fuqarolarga va’da qilingan uylar 7 yil o‘tib ham topshirilmayotgani, nizoli obekt esa sud qarori bilan buzishga tushgani haqida surishtiruv e’lon qilgandi.

 https://www.youtube.com/watch?v=HW35jbu1c-w

 “Best building company” MChJning ilk ta’sischisi Umidjon Nurullayev hisoblanadi.

Kun.uz o‘rgangan sud hukmida aytilishicha, Umidjon Nurullayevga dastlabki tergov organi qo‘ygan Jinoyat kodeksining 165-moddasi 3-qismi “a,v” bandlari, 184-moddasi 3-qismi, 228-moddasi 3-qismi, 242-moddasi 1-qismi va 243-moddasi ayblovdan chiqarilgan.

U JKning 168-moddasi 4-qismi “a,v” bandlari, 189-moddasi 1-qismi, 192-11-moddasi 2-qismi “a,b” bandlari va 228-moddasi 2-qismi “a,b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilib, 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.

Apellyatsiya instansiyasi ajrimi bilan U.Nurillayevning ayblovidan 192-11-moddasi 2-qismi “a,b” bandlari chiqarib yuborilib, 11 yillik jazo muddati 1 yilga qisqartirilgan.

Taftish instansiyasi Buxoro viloyat sudi taftish instansiyasi apellyatsiya ajrimini o‘zgarishsiz qoldirgan.

 Umidjon Nurillayevning advokati sud hukmi va ajrimlar ustidan Oliy sudga taftish tartibida shikoyat tayyorlanayotganini, chunki Nurillayevning B.Raupov va boshqalar sodir etgan jinoyatlarga aloqasi yo‘qligini aytmoqda.

Umid Nurillayev qanday ish bo‘yicha “o‘tiribdi”?

Sud hukmiga ko‘ra Bobur Raupov, Ibrohimjon Murotov, Umidjon Nurullayev va Xurshid Razakov sudlanuvchi sifatida e’tirof etiladi. Ular “Absolute Elite Building” MChJ tomonidan Buxoro shahri Hamza ko‘chasi, 25-uy manzilidagi yer maydonida joylashgan eski tipdagi uy-joyni buzib, o‘rniga zamonaviy turar-joy binosini bir yil muddatda qayta qurib yakunlash va’dasi bilan mijozlar bilan shartnomalar tuzib, pulardan to‘lovlarni qabul qilib olishgan.

Bobur Raupov “Absolute Elite Building” MChJda ta’sischi, Umidjon Nurillayev esa 2018-2019 yilarda direktor vazifasida ishlagan.

Sud hukmi va ajrimlarida Umidjon Nurillayev 2019 yilda ushbu firmadagi faoliyatini yakunlab, Toshkent shahriga ko‘chib ketgani keltiriladi. Jinoyat ishining asosiy figuranti sifatida ko‘rilgan Bobur Raupov ko‘rsatmalarida tergovga tortilgan epizodlarda  Umidjon Nurillayevning umuman aloqasi bo‘lmaganini aytgan.



Source link

Continue Reading

Jamiyat

Maktab hovlisida qolgan umr sadosi yoxud 25-mayning aytilmagan hikoyasi

Published

on


1990-yil. O‘rta maktabni bitirdik. 29 nafar sinfdosh edik. O‘shanda 24 may kuni edi. Sinfdoshlar 25-may kuniga «So‘nggi qo‘ng‘iroq»ni belgilashgan. Kim yangi kiyimlar sotib olish uchun bozorma-bozor yugurgan, kim bayramda muallimlarni xursand qilish uchun guldastalar tayyorlashga kirishgan, kim bayram dasturxonini to‘ldirish uchun pishir-kuydir bilan ovora…

Maktab hovlisida esa 10-15 sinfdosh ertangi kunga tayyorgarlik ko‘rish: yig‘ishtirish, supir-sidir ishlari uchun qolganmiz. Kim maktabni bitirayotganidan xursand, yana kimdirning ko‘zida yosh. Men esa aynan, o‘sha kuni Toshkentga — o‘qishga kirish uchun poyezdga chipta olganman.

— Sinfdoshlar!!!

Idiboy ismli sinfdoshimiz qarsak chalib, hammamizning e’tiborimizni o‘ziga qaratdi:

— Hammamiz Layloning o‘qish uchun Toshkentga ketishini bilamiz, to‘g‘rimi?

— To‘g‘ri!

— Ha, bilamiz!

— Bu yaxshi-ku!

— Ammo, yomon tomoni: uning poyezdga bileti bugun ekan, —  biroz norozinamo so‘z qotdi Idiboy.

To‘rt tarafdan sinfdoshlar sal qolsa, yoqamga yopishishdi:

— Bir kun  ming kun emas-ku!

— O‘zi har safar shu: nimadir boshlasak, Laylo o‘zining nimasinidir boshlab qo‘yadi!

— Yaxshi qilmayapsan, ertaga 25 mayni o‘tkazib, keyin ketishing kerak edi!

— E-e, ko‘rding, Laylo, ketmasang, yaxshi bo‘lardi, bu kunni qaytib topib bo‘lmaydi. Kim biladi, keyin kim bor, kim yo‘q! — so‘zladi Idiboy.

Bu gapga Ikrom va Odil ham qo‘shildi.

— E-e, qo‘ysanglar-chi, bunaqa sovuq gaplarni! Xudo xohlasa, yaxshi kunlarda ko‘p-ko‘p ko‘rishaylik. Endi ilojsizman, bilasizlar, Toshkentda o‘qish uchun o‘zi otamni zo‘rg‘a ko‘ndirganman, hozir biletni bekor qilsak, shu bilan tamom… qaytib ruxsat bermaydi! Undan ko‘ra, yaxshi niyatda duo qilinglar! — dedim xuddi iltijo qilgandek.

Sinfdoshlar «O‘qishlarga kir, omadingni bersin, lekin, baribir, bir kunginaga qolsang yaxshi bo‘lardi…», —  deyishdi.

Mana bugun 25-may. Maktabni bitirganimizga 36 yil bo‘libdi. Ammo, shu kun meni hali-hanuz azoblaydi. «Nega o‘sha kun «So‘nggi qo‘ng‘iroq»ni tashlab keldim?», —  degan o‘y ezadi.

«So‘nggi qo‘ng‘iroq» o‘z nomi bilan bolalikka, yoshlikka qo‘yilgan so‘nggi jarang ekan.

«Jaranglab chalinsa, «So‘nggi qo‘ng‘iroq»,

Eng so‘ngi onlarga qo‘yilur nuqta.

Umrning 10 yili o‘tibdi, biroq,

Nelarga ulgurdi, qiloldik udda… »

Qaysidir shoir qalamiga mansub shu she’r 36 yilki, tilimdan ketmaydi.

Bundan 36 yil ilgari: «Kim biladi, keyin kim bor, kim yo‘q», — degan Idiboy sinfdoshim, «Yaxshi qilmayapsan, ertaga 25 mayni o‘tkazib, keyin ketishing kerak edi!», —  degan Barot sinfdoshim bugun oramizda yo‘q.

Ularning aynan, shu gaplari hamon qulog‘imda jaranglaydi. Ularning ovozi, xafa holda so‘zlagan hazilomuz gaplari, maktab hovlisining changi, may oyining iliq shamoli — hamma-hammasi xotirada tirikday.

Bugun men inson har doim ham «keyin»ni tanlash imkoniga ega emasligini anglab yetdim. Har bir «bugun»ning o‘z bahosi, o‘z taqdiri bo‘lar ekan. Va ba’zan bitta poyezd chiptasi butun bir umrlik xotiralar yo‘lini belgilab qo‘yar ekan.

«So‘nggi qo‘ng‘iroq» o‘sha kuni men uchun bolalik bilan vidolashuv emas, yurakda xotiralarning muhrlanishi ekanini, dard ekanini keyinroq tushundim. Bu dard yurakdan ketmaydi: u faqat shakl almashadi, odam bilan birga kattalashib boraveradi.

Bugun ham 25-may. Maktab hovlisidagi jaranglar yo‘q, o‘sha ovozlar yo‘q.

***

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda turli qarashlarda talqin qilinayotgan «So‘nggi qo‘ng‘iroq» — faqatgina maktab hovlisida chalingan temir qo‘ng‘iroq emasligini unutmasligimiz kerak. Yuqorida aytganimizdek, u bolalikning so‘nggi sadosi. Kim uchundir orzularga ochilgan eshik, kim uchun vidolashuv va kim uchundir yangi tashvishlar boshlanishi.

E’tibor qilgan bo‘lsangiz, may oyining oxirlari kelishi bilan mamlakatning har bir maktabida o‘ziga xos ruh paydo bo‘ladi. Odatda, shovqin-suronga to‘la bo‘lgan sinfxonalar sokinlashadi. O‘quvchilar kulgisidayam g‘alati mahzunlik paydo bo‘ladi. Chunki, bu darslar, bu parda, bu derazayu-jovonlar, qo‘ng‘iroqlar… ortda qoladi.

Bir vaqtlar darsga chiqishni istamagan bola ham yillar o‘tib, aynan, o‘sha kunlarni sog‘inib yashaydi. Bir paytlar yoqtirmagan o‘qituvchisining qattiqqo‘lligi ortida mehr borligini keyinroq anglaydi. Har kuni ko‘rib, bir-biridan zerikkan sinfdoshlar ham yillar o‘tib, eng qadrli insonlarga aylanadi.

Ma’lumot o‘rnida: «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tarixiga nazar tashlansa, uning sobiq ittifoq davrida shakllangani ma’lum. Tarixchilarning qayd etishicha, ilk bunday tadbir 1948 yilda sobiq Ittifoq hududida o‘tkazilgan ekan. Uni birinchi bo‘lib rus pedagoglaridan biri Fyodor Bryuxovetskiy yo‘lga qo‘ygani haqida ma’lumotlar bor.

Shundan keyin «So‘nggi qo‘ng‘iroq» asta-sekin an’anaga aylangan. Oradan yillar o‘tdi, davlatlar o‘zgardi, tizim o‘zgardi, ta’lim tizimi yangilandi, ammo, bu marosim saqlanib qoldi. Xalqona an’anagayam aylanib ulgurdi.

Har yili 25-may kuni maktab hovlilarida bitiruvchilar saf tortadi. Yelkasida qo‘ng‘iroq ushlagan birinchi sinf o‘quvchisini ko‘tarib chiqqan bitiruvchi davrani aylanadi. Mana shu tasvirning o‘ziyam juda chiroyli taassuroti bilan xotiralarni qayta-qayta tiklaydi.

Buxorolik 68 yoshli Hamid aka 1975 yilda maktabni bitirgan:

— O‘sha paytlarda xuddi bugungidek dabdababozliklar bo‘lmasdi. Maktab hovlisida saf tortardik. Direktor tabriklardi. O‘qituvchilar omad tilardi. Keyin esa sinfdoshlar bilan rasmga tushib, tarqalishardik. Hashamati oz bo‘lsa ham hozirgilaridan ko‘ra, samimiyroq bo‘lardi. Sababi o‘shanda biz qimmat liboslar, restoranlar, ortiqcha dabdaba, ijtimoiy tarmoq uchun sahnalashtirilgan videolar ko‘rsatish uchun emas, xayrlashuvni his qilish uchun to‘planishardik, —   dedi.

Bugungi bitiruvchilar esa boshqacharoq fikrlaydi.

— Bu kun biz uchun muhim. Bolalik hayotimizning yakuni. Hamma narsa esda qolardi bo‘lishi kerak: liboslar, rasmlar, vals.., —  deydi bitiruvchi qiz.

Ha, har bir avlodning his qilish tarzi boshqacha. Kechagi bitiruuvchi xotirani yurakda saqlagan bo‘lsa, bugungi bitiruvchi uni telefon galareyasida saqlaydi.

Hatto, ota-onalar ham ikki tarafga bo‘linganini yashirmaslik kerak. «Kimning ko‘ylagi qimmat, kimning restorani zo‘r…» musobaqaga aylanyapti. Iqtisodiy jihatdan yetishmovchiligi bor ota-onalar esa qiynalib qolishyapti.

Aslida, bahsning ildizidagi muammo «So‘nggi qo‘ng‘iroq»da emas, uning mazmuni o‘zgarib borayotganida. Shuningdek, maktablarda «vals» ham bahslashuvlarga sabab bo‘lmoqda.

Albatta, maktab rahbarlari va mas’ullar esa bu masalada ehtiyotkor. Vazirlik tomonidan ham ortiqcha dabdaba, restoranlarda bitiruv kechalari, pul yig‘ish, qimmat liboslar va xavfli sayrlarga qarshi qat’iy cheklovlar belgilangan. Bu qarorlar bejiz emas, har yili istamasak-da, «So‘nggi qo‘ng‘iroq»dan keyin turli ko‘ngilsiz hodisalar kuzatiladi. Bayram xuddi qimmat liboslaru, go‘zal chehrali qiz-yigitlar namoyishga aylanib ketadi.

Muhokamayu bahslarda, hatto, «So‘nggi qo‘ng‘iroq» kerakmi?» degan savolni tashlashga ham ulgurishibdi. To‘g‘ri, bu savolga aniq va bir xil javob yo‘q. Ammo, bir haqiqat borki, inson hayoti ramzlarga ham muhtoj. Nikoh, tug‘ilgan kun, harbiy xizmatga kuzatish, nafaqaga chiqish va hokazo… bularning barchasi hayotiy bosqichlarni belgilaydi.

Gap uni bekor qilishda emas, ma’noli va mazmunli o‘tkazishda. Agar bu tadbir orqali ota-onalar bolalar ko‘z o‘ngida «boy-kambag‘al»ga ajratilsa, «So‘nggi qo‘ng‘iroq», shubhasiz, ahamiyatini yo‘qotadi, o‘zidan bezdiradi.  Yuqorida 68 yoshli Hamid aka aytganidek, asosiy urg‘u ustozlarga rahmat aytish va sinfdoshlar bilan xayrlashishga qaratilsa, an’ananing umri davomli bo‘ladi.

***

Oradan yillar o‘tar. 30 yil. 50 yil. Bugungi bitiruvchilar xuddi biz kabi sochiga oq tushgan holda maktab hovlisidan o‘tar, ammo, bolalik sog‘inchi o‘zgarmaydi. «Kim biladi, keyin kim bor, kim yo‘q!», — degan og‘riq xotiralar qalblarni bu qadar o‘rtamaydi…



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.