Mahalliy

Evrika! Olim faqat igna bilan quduq qazimaydi…

Published

on


Qo‘llariga maxsus qo‘lqoplar kiygan va himoya ko‘zoynaklari taqqan maktab o‘quvchilari ikki xil suyuqlikni aralashtirishdi va… BUM! Shu lahzada laboratoriya stolidagi shisha idishlardan rang-barang ko‘pikli fontan otilib chiqadi. Bolalar hayrat va quvonchdan chapak chalishadi. Ekrandagi bu manzara g‘arbdagi ommabop bolalar ilmiy ko‘rsatuvlaridan biridan olingan. Ushbu ko‘rsatuv ilm yo‘li faqat qalin kitoblar va zerikarli formulalardan emas, balki harakat, kashfiyot va eng muhimi zavqdan iborat ekanligini anglatmoqchidek go‘yo.

Biz yoshligimizdan bir gapni eshitib ulg‘aydik: «Ilm olish – igna bilan quduq qazish». Olimlar bilan uyushtirilgan suhbatlar, ular ishtirokidagi ko‘rsatuvlar, radioeshittirishlarning kirish qismi har doim «olimlik igna bilan quduq qazishga o‘xshaydi», deb boshlanardi. Ilm yo‘lini tanlagan odamlar bilan uchrashuvlarda ham olimning bu mashaqqatli va og‘ir yo‘lni qanday bosib o‘tgani shu qadar dramali tasvirlanardiki, ichingizda ularga havas emas, balki og‘ir mehnat, azob ko‘rgan odamga qaragandek achinish hissi paydo bo‘lardi. Bu ibora sabr va chidamni ifodalasa-da, tan olish kerak, zamonaviy yoshlar uchun u biroz vahimali va zerikarli eshitiladi. Tasavvur qiling: qo‘lida kichkina igna bilan qattiq yerni kavlayotgan inson, chang bosgan xona, qalin ko‘zoynakli, usti-boshi tartibsiz va dunyodan uzilgan olim. Bu obraz kelajak uchun o‘zini qurbon qilgan qahramonni eslatsa-da, bugungi zamon yoshini o‘ziga tortmaydi. Bunday manzara ilm yo‘lini tanlamoqchi bo‘lgan yosh qalbda ishtiyoq emas, balki charchoq va qo‘rquv, zerikish uyg‘otishi tabiiy. Natijada, ko‘plab iqtidorli yigit-qizlar olimlikni faqatgina «umrini qurbon qilish» deb tushunib, bu yo‘ldan qochadilar. Ular kutubxonalarda soatlab kitob titkilashdan ko‘ra, telefon ekranidagi bir necha soniyalik virtual hayotni va tez keladigan zavqni tanlashadi.

Mashaqqatning jozibador talqini…

G‘arb ta’lim tizimi va mediasida ilm-fanga og‘ir majburiyat deb qaralmaydi. U yerda bolalikdanoq «igna bilan quduq qazish» qo‘rquvi o‘rniga, atrof-muhitni tushunish va unga ta’sir o‘tkazish ishtiyoqi singdiriladi. Shuningdek, g‘arb davlatlarida ilm-fan ommabopligi (Science Communication) juda kuchli rivojlangan. Televideniye va ijtimoiy tarmoqlar uchun suratga olinadigan, murakkab ilmiy mavzularni sodda, hazil-mutoyiba va vizual effektlar bilan tushuntiruvchi ko‘plab dasturlar mavjud. Taniqli olimlar, Nobel mukofoti sovrindorlari yulduzli shoularda mehmon bo‘lishadi, ularning chiqishlari xuddi mashhur aktyor yoki xonandalarniki kabi millionlab marta tomosha qilinadi. Bu esa yoshlar ongida olimlikni kitoblarga ko‘milib o‘tiradigan «kutubxonachi» qiyofasidan chiqarib, uni eng nufuzli, zamonaviy va jozibali kasbga aylantiradi.

Bunday yondashuvning amaliy ifodasini ta’lim maskanlarida ham ko‘rish mumkin.


«Eksploratorium» muzeyi.
Foto: Headout.com

Masalan, San-Fransiskodagi mashhur «Eksploratorium» kabi markazlarda «Iltimos, eksponatlarga qo‘l tekkizmang!» degan yozuvni umuman topmaysiz. Aksincha, u yerda har bir qurilmani ushlab ko‘rish, tugmachalarini bosish, fizika yoki kimyo qonuniyatlarini shaxsiy tajribada sinab ko‘rish talab etiladi. Bolalar koinot qonunlaridan tortib tabiat hodisalarigacha bo‘lgan jarayonlarni xuddi o‘yinchoqdek o‘ynab tushunishadi.

Shu bilan birga, «xalqchil ilm» (Citizen Science) loyihalari jamiyatning har bir a’zosini, jumladan, maktab o‘quvchilarini ham katta ilmiy jarayonlarga jalb etadi. Masalan, NASA yoki yirik universitetlar oddiy odamlarga koinot suratlaridan yangi yulduzlarni qidirish yoki o‘z hududlaridagi qushlar migratsiyasini kuzatish, quyosh panellari, mahalliy o‘simliklar, daraxtlar, shevaga oid kuzatuvlarini ma’lumotlar bazasiga kiritish imkoniyatini beradi. Oddiy maktab o‘quvchisi o‘zi topgan ma’lumot orqali haqiqiy ilmiy maqolaning hammuallifiga aylanishi mumkin. Bunday amaliyotlar yoshlarga ilm faqat uzoq yillar davomida unvon olib, keyin shug‘ullanadigan kasb emas, balki bugunning o‘zidayoq jamiyatga naf keltirish va tarix yaratish vositasi ekanini isbotlaydi.

Tarixiy «Evrika!» lahzalari…

Tarixga nazar solsak, eng buyuk kashfiyotlar zamirida faqatgina tinimsiz mehnat emas, balki o‘sha mashhur «Evrika» zavq lahzalari yotganini ko‘ramiz. Ko‘pchilik Arximedni faqat fizika qonunini topgan olim deb biladi. Lekin uning vannadan «Evrika!» (topdim!) deb ko‘chaga yugurib chiqqani shunchaki tarixiy hikoya emas, balki murakkab muammoning, ya’ni podshoh tojining hajmini o‘lchash va sofligini aniqlash vazifasining yechimi to‘satdan ongga kelgan lahzadagi intellektual portlashdir. Olim shu darajada zavqqa to‘lganki, kiyimsiz ko‘chaga chiqib, hatto ijtimoiy normalarni ham unutgan. Bu olimlikning «igna bilan qazish» bosqichidan keyin keladigan, hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydigan zavq olish mukofoti edi.


Foto: Erudyt.ru

Fizik olim Albert Eynshteyn ham ilmning lazzatini hammadan yaxshiroq his qilgan. Yigirma to‘qqiz yoshli yigitlik chog‘ida, ya’ni 1907 yilda u Berndagi patent byurosida o‘tirganida, xayoliga bir fikr keladi: «Agar inson yerga erkin tushayotgan bo‘lsa, u o‘z vaznini his qilmaydi». Keyinchalik u bu lahzani «hayotimdagi eng baxtli fikr» deb atagan. Bu yerda alohida e’tibor qaratish lozim bo‘lgani olim o‘zini azoblanayotgan ilm jonfidosi emas, balki koinot sirlarini yechayotgan «eng baxtli inson» deb his qilmoqda. Bu fikr keyinchalik mashhur «Umumiy nisbiylik nazariyasi»ga asos bo‘ldi. Eynshteyn uchun ilm dunyoning go‘zalligini mantiq orqali anglashdan olinadigan estetik zavq edi.

Agar olimlik faqat «igna bilan quduq qazish» bo‘lganida, Eynshteyn buni hayotidagi eng baxtli lahza deb atamagan bo‘lardi.

Miya uchun «intellektual ziyofat»

Xo‘sh, nega «Evrika!» lahzasi, yangilikni yaratish, savollariga ilm orqali javob topish hissi bizga bunchalik katta quvonch bag‘ishlaydi? Buni shunchaki oddiy hissiyot deb atash mumkinmi yoki miyamizda sodir bo‘ladigan aniq biokimyoviy jarayonmi? Psixologlar va neyrobiologlar ushbu fenomenni chuqur o‘rganib, juda qiziqarli ilmiy xulosalarga kelishgan.

Neyrobiologlarning aniqlashicha, inson murakkab jumboqning yechimini topgan soniyada, miyaning ichki tizimida juda katta miqdorda kuchli dopamin portlashi yuz beradi. Dopamin bu zavq, motivatsiya va qoniqish gormoni bo‘lib, keyingi paytlar psixologlar ham ushbu moddaning ahamiyati haqida bot-bot gapirishmoqda. Dopamin faqatgina inson yangi kiyim kiyganida, sayohatga chiqqanida yoki mazali ovqat yeganida paydo bo‘lmaydi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yangi bilimni o‘zlashtirish yoki kashfiyot qilish paytida miya xuddi shirinlik yegan yoki sevimli musiqasini tinglagan inson kabi rohatlanadi. Demak, olimlik inson aql-zakovati uchun berilgan eng oliy «intellektual ziyofat»dir.

Ushbu lahzaning fiziologik asosi ham juda hayratlanarli. Neyrofiziologlar «Evrika» lahzasini EEG (elektroensefalogramma) qurilmasi orqali kuzatganlarida, yechim topilishdan bir soniya oldin miyaning o‘ng yarim sharida yuqori chastotali gamma-to‘lqinlar faollashishini aniqlashgan. Miyaning bir-biriga bog‘liq bo‘lmagan uzoq nuqtalari o‘rtasida to‘satdan bunday bog‘lanishni ko‘prikka qiyoslash mumkin. Ya’ni, «igna bilan qazilgan» va tarqoq holda yotgan ma’lumotlar zanjiri birlashib, bir soniyada yaxlit, go‘zal manzara kasb etadi.

Mutaxassislar yana ilm bilan izchil mashg‘ul bo‘lishni «oqim» (Flow) holati deb ataydi. Bu noyob ruhiy holatda olim vaqt va makonni butunlay unutadi, charchoq sezilmaydi, chunki bajarilayotgan jarayonning o‘zi inson uchun asosiy maqsad va baxt manbaiga aylanadi. Bunday vaziyatda «igna bilan quduq qazish» azobli va zerikarli mehnat emas, balki yuksak mahorat ko‘rsatish imkoniyati sifatida qabul qilinadi.

***

Ilmiy izlanish ortidan keladigan «zavq» tabiatning insoniyatga bergan betakror sovg‘asi. Inson miyasi olimni izlanishga, yaratishga undash uchun har bir kashfiyotini eng shirin rohat bilan taqdirlaydi. Bu yuksak zavqni hayotida loaqal bir bor tuygan yosh olim uchun ilm-fan endi hech qachon «qo‘rqinchli va zerikarli mehnat» bo‘lib ko‘rinmaydi.

Bugungi zamon yoshlari uchun ilm shunchaki sabr va chidam maktabigina bo‘lib qolmasligi kerak. Olimlik zamonaviy yoshlar uchun intellektual drayv, jasorat va dunyoni o‘zgartirish imkoniyatidir. Bo‘lajak olimlarni oldinda faqat kundalik mashaqqatlar kutmaydi. Ularni hali hech kim anglamagan haqiqatni birinchi bo‘lib ko‘rish hayajoni va o‘z miyasining cheksiz imkoniyatlarini kashf etish zavqi kutadi. Ishoning, kichik bo‘lsada yangilik yaratish, ilm olish bu har bir inson hayotini umrbod bezaydigan betakror «Evrika!» lahzalaridir.

Barno Sultonova



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version