Jamiyat
Toshkentdagi bog‘chada nimalar sodir bo‘ldi?
Toshkentdagi Rayan Kids xususiy bog‘chasida bolalar qiynoqqa solib kelingani ma’lum bo‘ldi. Ota-onalarning aytishicha, bog‘chada bolalar muntazam kaltaklangan, haqoratlangan va qiynoqqa solingan. Ota-onalarga videohisobot uchun bolalarga berilgan mevalar tortib olingan, olti bolaga bir kosa ovqat berilgan, va’da qilingan til kurslari esa 2 daqiqadan ham oshmagan. Kun.uz voqea joyida bo‘lib, jabrlangan oilalar, bog‘cha ma’muriyati va mas’ul idoralar munosabatini o‘rgandi.
Poytaxtning Uchtepa tumanida joylashgan Rayan Kids xususiy bog‘chasida tarbiyachilarning bolalarga nisbatan zo‘ravonlik qilayotgani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi. Videolarda ayrim tarbiyachilarning bolalarni sudrashi, urishi, og‘ziga latta tiqishi va kamera tushmaydigan joylarga olib kirishi aks etgan.
Kun.uz voqea joyida bo‘lib, farzandlari mazkur bog‘chaga qatnagan ota-onalar bilan suhbatlashdi.
“Bog‘chaning reklamalariga ishonib qoldik” – Rayan Kids’da qiynoqqa solingan bolalarning ota-onalari
“Bizga bolangizni soat 8:30-9 da tashlab ketsangiz, o‘n-o‘n birgacha ovqatlantiramiz, 13:00 gacha hovlida yuradi, olib kiramiz, besh mahal ovqat, hammasi chiroyli, zo‘r bo‘ladi, deb guruhlarda reklamalarini ko‘rsatishgan. U reklama ekan. Keyin bolam uch-to‘rt kundan beri yarim kechasi turib, burchaklarda yig‘laydigan bo‘lib qoldi. Kelib ogohlantirdik. Tarbiyachisini ishdan bo‘shatishdi. Kamerani ochib berishlarini so‘radik, ochib berishmadi. Keyin o‘n-o‘n besh kun o‘tganidan keyin onasi bolamning ko‘kargan joylarini tashladi menga. Besh-o‘n kundan keyin yana ko‘kargan holatlar bo‘lgan. E’tibor berishmagan. 24 iyun kuni soat 13:00 larda bolaning oyoqlari ko‘karib, badanlari shilingan, qo‘llari ezilgan holatda onasiga “bolani bog‘chada ertalab shunaqa tashlab ketdingiz, shunaqa bo‘ldi” deb video tashlashyapti. Men jahl bilan kelib, kamerani ochishlarini talab qildim, chunki ertalab bolani o‘zim kuzatganman, bunaqa jarohati yo‘q edi. Kelib kamerani och desam, kameraning kodini bilmasliklarini aytishdi, faqat telefon orqali ko‘rish mumkin ekan. Telefon orqali ko‘rsam, bolani zinadan sudrab, urib, tan jarohati yetkazyapti. O‘zi yetkazgan tan jarohatini bir soat-bir yarim soatdan keyin qilgan jinoyatini yashirish maqsadida bizga video qilib tashlab, to‘nkab qo‘yyapti. Keyin mutaxassis chaqirtirdim. Unga 1,5 mln so‘m to‘lab, kamerani kodini ochtirdim. Va kamerani shu yerda qisman yozib oldim. Videoning 3-4 minutini ko‘rib, uyog‘ini ko‘rolmadim. Bolalarning og‘ziga latta tiqqani, hojatxonaga olib kirib qiynagani, kaltaklagani, chimchilab, o‘ymalab ko‘kartirib tashlagani, bola to‘polon qilsa, kamera yo‘q joylarga, kameralar olmaydigan joylarga olib kirib ketyapti. Bu qanaqa vahshiylik? Bola yig‘lasa, badaniga bola nafas olmasligi uchun og‘zi bilan bosib hiqqillatyapti. Nafasi qaytib o‘lib qolishi mumkin. 24 iyunda ariza bersam ham shu kungacha chora yo‘q. Bog‘cha haliyam ishlayapti, o‘sha rahbariyat, o‘sha tarbiyachilar haliyam ishlayapti.
Ikki yashar bolani shunaqa azoblash – bu manyaklik-ku! Agar ovoza qilinmaganda, ushbu holat ham “yopti-yopti” bo‘lardi va boshqalarning bolalari ham muntazam shunaqa qiynalib kelardi. Bunaqada bolalar “travma” bo‘lib qoladi, bolalar ertaga qo‘rqoq, fikrini bildirolmaydigan, ruhiy bosimda o‘sganidan keyin, ruhi singan, hech narsaga yaroqsiz bola bo‘lib o‘sadi”, – deydi bolalardan birining otasi.
“Oltita bolaga bir kosa ovqatni aylantirib bir qoshiqdan berishgan”
Ota-onalarning aytishicha, bu birinchi holat emas, may oyida ham ushbu bog‘cha tarbiyachilaridan biri bolaga tan jarohati yetkazgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan va BHMning uch baravari miqdorida jarima bilan jazolangan. Shu bog‘chaga farzandi qatnagan yana bir ona ham zo‘ravonlik avvaldan davom etib kelganini aytadi.
“Mana, to‘rt oy bo‘ldi bu ishga. Men ham ariza berganman, “portal”gayam chiqqanman, SESgacha yozganman. Menda ham videolari bor. Bolamning oyog‘idan tortganda, payi ezilib qolgan. 16 kun gipsda yurganmiz, oyog‘ini bosmaydigan darajada bo‘lgan. Hali chaqaloq edi, endi yurishni boshlagan payti edi. Ishonib bergan edik. O‘shanda ham bog‘cha opani ishdan olishdi, direktorni ishdan olishdi, yangi odam qo‘yishgan. Bir oyda o‘zgaraveradi bularda. Shunaqa muammo chiqsa yana o‘zgaraveradi. Men o‘zim blogerman, reklama qilganman bog‘chani. O‘zim reklama qilganman, o‘zim javobgarman men ham. Oxiri Instagram sahifamda bu bog‘chaga bolalarini bermasliklarini aytganman odamlarga. Ba’zilar oldi bolasini. Mana, yana shunaqa holat bo‘lyapti.
Bu bitta mening bolamga nisbatan qilinmagan, u yerda kichik guruhda 20 ta bola bo‘lgan. Shu tili chiqmagan bolalarga qilishyapti buni. Oyog‘idan, qo‘lidan bitta qo‘llab ko‘tarib, rasm uchun stolga o‘tkazishar ekan. Rasmga olib bo‘lganidan keyin siltalab stoldan tushirib, boshqa bolani o‘tkazishadi. Arab tili, ingliz, rus tili fanlari bor, lekin 2 minut ham shug‘ullanishmayapti o‘qituvchilari. Oltita bolaga bir kosa ovqatni aylantirib bir qoshiqdan berishgan, bitta qoshiqda. Salati, noni, va’da berilgan menyu umuman yo‘q bu yoqda. SES xodimlarini ham yuborganman o‘shanda ham, tekshiruv o‘tkazishgan, jarima yozib ketishgan, shundan keyin ham tuzatilmagan bu narsa. Videolarda bog‘cha opa bolalarning qo‘lidagi bananini tortib olib o‘zi yeb ketyapti”, – dedi farzandi mazkur bog‘chada tarbiyalangan ona.
Kun.uz ikkinchi tomonning ham pozitsiyasini eshitish maqsadida bog‘cha ma’muriyatiga murojaat qildi. Biroq muassasa vakillari rahbariyat xorijda ekani, mas’ul xodim esa ayni paytda ichki ishlar organida bo‘lgani sababli hozircha izoh berilmasligini, mazkur xususiy bog‘cha faoliyati to‘xtatilganini ma’lum qilishdi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi litsenziya talablariga javob bermaydigan har qanday xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotiga nisbatan litsenziyani bekor qilishgacha bo‘lgan choralar ko‘rilishini bildirdi.
Shuningdek, Toshkent shahar IIBB tarbiyachiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi. Bolalar ombudsmani esa Kun.uzʼga bergan munosabatida bunday holatlarda faqat xodimni ishdan bo‘shatish bilan cheklanmasdan, barcha mas’ul shaxslarning harakatlariga huquqiy baho berilishi lozimligini ta’kidladi.
Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan boshqa videolarda ham bog‘chaning turli tarbiyachilari tomonidan bolalarga nisbatan ehtimoliy zo‘ravonlik holatlari aks etgan. Tahririyat ushbu videolarga ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar huquqiy baho berishidan umid qiladi. Voqea rivojini va mas’ul idoralar ko‘radigan choralarni kuzatishda davom etamiz.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
Jamiyat
SSV 4 ta MSKT xaridi bo‘yicha bekor qilingan tender xususida tushuntirish berdi
Bir muddat oldin Raqobat qo‘mitasi SSV huzuridagi Xaridlar markazining boshlang‘ich narxi 14 mlrd so‘m bo‘lgan davlat xaridi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga nomuvofiq deb topilgani sababli bekor qilingani aytilgan edi.
Markaz ushbu holat yuzasidan bergan rasmiy tushuntirish berib, respublika tibbiyot muassasalari uchun 4 ta MSKT uskunasini xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tender natijalari bekor qilinganini tasdiqladi.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, maxsus axborot portalida 497870-sonli lot bo‘yicha o‘tkazilgan tender yakunlaridan so‘ng “SKYMED Technologies” MChJ tomonidan e’tiroz xati kelib tushgan.
Murojaat Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganilganda, ishtirokchilarning texnik takliflarini baholash jarayonida tibbiyot muassasalari ekspert guruhi tomonidan ayrim texnik xatolarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Xususan, servis xizmati ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan mezon asosida g‘olib ishtirokchiga asossiz ravishda qo‘shimcha 1 ball berilgan.
Shundan so‘ng Xarid komissiyasining 2026-yil 18-sentyabrdagi qarori bilan mazkur lot bo‘yicha tender natijalari bekor qilingan.
Shuningdek, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 21-sentyabr kuni tender yuzasidan o‘rganish o‘tkazish maqsadida ishtirokchilar taqdim etgan hujjatlarni so‘ragan.
Xaridlar markazi 22-sentyabr kuni qo‘mitaga javob yo‘llab, tender natijalari bekor qilingani va bunga sabab bo‘lgan holatlar haqida ma’lumot bergan.
Markazning ta’kidlashicha, tender natijalarining bekor qilinishi texnik baholash jarayonida aniqlangan xatolar bilan bog‘liq bo‘lib, qaror Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganish yakunlariga ko‘ra qabul qilingan.
Jamiyat
O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi
O‘zbekistonda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.
Bu Prezident farmonida belgilandi.
Yangi vazirlik maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’lim va ilmiy faoliyatgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni yagona boshqaruv tizimiga birlashtiradi.
Islohotdan asosiy maqsad mamlakatda ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Shuningdek, ta’limning barcha bosqichlari o‘rtasida uzviylik va davomiylikni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ya’ni maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy faoliyat yagona tizim doirasida muvofiqlashtiriladi.
Farmonda sohada samarali boshqaruv tizimini joriy qilish, turli ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va vazirlikning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish ham nazarda tutilgan.
Yangi tuzilma orqali ta’lim va ilm-fan sohasida davlat siyosatini yagona yondashuv asosida amalga oshirish maqsad qilingan.
