Jamiyat
Toshkentda yuz bergan yong‘inda ayol va ikki bola halok bo‘ldi
Shayxontohur tumanida yuz bergan ofatda yana 1 kishi jabrlangani aytilmoqda.
Toshkent shahri, Shayxontohur tumanidagi xonadonlarning birida yuz bergan yong‘in oqibatida 3 kishi halok bo‘ldi, 1 kishi jarohatlandi. Bu haqda «Millar» ko‘rsatuvi ma’lum qildi.
Qayd qilinishicha, yong‘in haqidagi xabar Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga 16 fevral kuni soat 20:51 da kelib tushgan. Yong‘in qutqaruv ekipajlari tomonidan soat 21:38 da o‘chirilgan.
Yong‘in o‘chirilganidan so‘ng, uy ichida uch nafar fuqaroning jasadi aniqlangan. Shuningdek, bir nafar fuqaro tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan.
«Millar» ko‘rsatuvi xabariga ko‘ra, vafot etganlar ona va uning voyaga yetmagan ikki farzandi bo‘lgan.
«Kelinimiz bilan ikkita jiyanimiz xonadan chiqolmay qolibdi. Kira olmadik. Yong‘in sababli qo‘shni tomonidan devorni buzib kirdik oxiri. Kirganimizda kech bo‘lgan ekan», dedi guvohlardan biri.
Holat bo‘yicha tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Maktab hovlisida qolgan umr sadosi yoxud 25-mayning aytilmagan hikoyasi
1990-yil. O‘rta maktabni bitirdik. 29 nafar sinfdosh edik. O‘shanda 24 may kuni edi. Sinfdoshlar 25-may kuniga «So‘nggi qo‘ng‘iroq»ni belgilashgan. Kim yangi kiyimlar sotib olish uchun bozorma-bozor yugurgan, kim bayramda muallimlarni xursand qilish uchun guldastalar tayyorlashga kirishgan, kim bayram dasturxonini to‘ldirish uchun pishir-kuydir bilan ovora…
Maktab hovlisida esa 10-15 sinfdosh ertangi kunga tayyorgarlik ko‘rish: yig‘ishtirish, supir-sidir ishlari uchun qolganmiz. Kim maktabni bitirayotganidan xursand, yana kimdirning ko‘zida yosh. Men esa aynan, o‘sha kuni Toshkentga — o‘qishga kirish uchun poyezdga chipta olganman.
— Sinfdoshlar!!!
Idiboy ismli sinfdoshimiz qarsak chalib, hammamizning e’tiborimizni o‘ziga qaratdi:
— Hammamiz Layloning o‘qish uchun Toshkentga ketishini bilamiz, to‘g‘rimi?
— To‘g‘ri!
— Ha, bilamiz!
— Bu yaxshi-ku!
— Ammo, yomon tomoni: uning poyezdga bileti bugun ekan, — biroz norozinamo so‘z qotdi Idiboy.
To‘rt tarafdan sinfdoshlar sal qolsa, yoqamga yopishishdi:
— Bir kun ming kun emas-ku!
— O‘zi har safar shu: nimadir boshlasak, Laylo o‘zining nimasinidir boshlab qo‘yadi!
— Yaxshi qilmayapsan, ertaga 25 mayni o‘tkazib, keyin ketishing kerak edi!
— E-e, ko‘rding, Laylo, ketmasang, yaxshi bo‘lardi, bu kunni qaytib topib bo‘lmaydi. Kim biladi, keyin kim bor, kim yo‘q! — so‘zladi Idiboy.
Bu gapga Ikrom va Odil ham qo‘shildi.
— E-e, qo‘ysanglar-chi, bunaqa sovuq gaplarni! Xudo xohlasa, yaxshi kunlarda ko‘p-ko‘p ko‘rishaylik. Endi ilojsizman, bilasizlar, Toshkentda o‘qish uchun o‘zi otamni zo‘rg‘a ko‘ndirganman, hozir biletni bekor qilsak, shu bilan tamom… qaytib ruxsat bermaydi! Undan ko‘ra, yaxshi niyatda duo qilinglar! — dedim xuddi iltijo qilgandek.
Sinfdoshlar «O‘qishlarga kir, omadingni bersin, lekin, baribir, bir kunginaga qolsang yaxshi bo‘lardi…», — deyishdi.
Mana bugun 25-may. Maktabni bitirganimizga 36 yil bo‘libdi. Ammo, shu kun meni hali-hanuz azoblaydi. «Nega o‘sha kun «So‘nggi qo‘ng‘iroq»ni tashlab keldim?», — degan o‘y ezadi.
«So‘nggi qo‘ng‘iroq» o‘z nomi bilan bolalikka, yoshlikka qo‘yilgan so‘nggi jarang ekan.
«Jaranglab chalinsa, «So‘nggi qo‘ng‘iroq»,
Eng so‘ngi onlarga qo‘yilur nuqta.
Umrning 10 yili o‘tibdi, biroq,
Nelarga ulgurdi, qiloldik udda… »
Qaysidir shoir qalamiga mansub shu she’r 36 yilki, tilimdan ketmaydi.
Bundan 36 yil ilgari: «Kim biladi, keyin kim bor, kim yo‘q», — degan Idiboy sinfdoshim, «Yaxshi qilmayapsan, ertaga 25 mayni o‘tkazib, keyin ketishing kerak edi!», — degan Barot sinfdoshim bugun oramizda yo‘q.
Ularning aynan, shu gaplari hamon qulog‘imda jaranglaydi. Ularning ovozi, xafa holda so‘zlagan hazilomuz gaplari, maktab hovlisining changi, may oyining iliq shamoli — hamma-hammasi xotirada tirikday.
Bugun men inson har doim ham «keyin»ni tanlash imkoniga ega emasligini anglab yetdim. Har bir «bugun»ning o‘z bahosi, o‘z taqdiri bo‘lar ekan. Va ba’zan bitta poyezd chiptasi butun bir umrlik xotiralar yo‘lini belgilab qo‘yar ekan.
«So‘nggi qo‘ng‘iroq» o‘sha kuni men uchun bolalik bilan vidolashuv emas, yurakda xotiralarning muhrlanishi ekanini, dard ekanini keyinroq tushundim. Bu dard yurakdan ketmaydi: u faqat shakl almashadi, odam bilan birga kattalashib boraveradi.
Bugun ham 25-may. Maktab hovlisidagi jaranglar yo‘q, o‘sha ovozlar yo‘q.
***
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda turli qarashlarda talqin qilinayotgan «So‘nggi qo‘ng‘iroq» — faqatgina maktab hovlisida chalingan temir qo‘ng‘iroq emasligini unutmasligimiz kerak. Yuqorida aytganimizdek, u bolalikning so‘nggi sadosi. Kim uchundir orzularga ochilgan eshik, kim uchun vidolashuv va kim uchundir yangi tashvishlar boshlanishi.
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, may oyining oxirlari kelishi bilan mamlakatning har bir maktabida o‘ziga xos ruh paydo bo‘ladi. Odatda, shovqin-suronga to‘la bo‘lgan sinfxonalar sokinlashadi. O‘quvchilar kulgisidayam g‘alati mahzunlik paydo bo‘ladi. Chunki, bu darslar, bu parda, bu derazayu-jovonlar, qo‘ng‘iroqlar… ortda qoladi.
Bir vaqtlar darsga chiqishni istamagan bola ham yillar o‘tib, aynan, o‘sha kunlarni sog‘inib yashaydi. Bir paytlar yoqtirmagan o‘qituvchisining qattiqqo‘lligi ortida mehr borligini keyinroq anglaydi. Har kuni ko‘rib, bir-biridan zerikkan sinfdoshlar ham yillar o‘tib, eng qadrli insonlarga aylanadi.
Ma’lumot o‘rnida: «So‘nggi qo‘ng‘iroq» tarixiga nazar tashlansa, uning sobiq ittifoq davrida shakllangani ma’lum. Tarixchilarning qayd etishicha, ilk bunday tadbir 1948 yilda sobiq Ittifoq hududida o‘tkazilgan ekan. Uni birinchi bo‘lib rus pedagoglaridan biri Fyodor Bryuxovetskiy yo‘lga qo‘ygani haqida ma’lumotlar bor.
Shundan keyin «So‘nggi qo‘ng‘iroq» asta-sekin an’anaga aylangan. Oradan yillar o‘tdi, davlatlar o‘zgardi, tizim o‘zgardi, ta’lim tizimi yangilandi, ammo, bu marosim saqlanib qoldi. Xalqona an’anagayam aylanib ulgurdi.
Har yili 25-may kuni maktab hovlilarida bitiruvchilar saf tortadi. Yelkasida qo‘ng‘iroq ushlagan birinchi sinf o‘quvchisini ko‘tarib chiqqan bitiruvchi davrani aylanadi. Mana shu tasvirning o‘ziyam juda chiroyli taassuroti bilan xotiralarni qayta-qayta tiklaydi.
Buxorolik 68 yoshli Hamid aka 1975 yilda maktabni bitirgan:
— O‘sha paytlarda xuddi bugungidek dabdababozliklar bo‘lmasdi. Maktab hovlisida saf tortardik. Direktor tabriklardi. O‘qituvchilar omad tilardi. Keyin esa sinfdoshlar bilan rasmga tushib, tarqalishardik. Hashamati oz bo‘lsa ham hozirgilaridan ko‘ra, samimiyroq bo‘lardi. Sababi o‘shanda biz qimmat liboslar, restoranlar, ortiqcha dabdaba, ijtimoiy tarmoq uchun sahnalashtirilgan videolar ko‘rsatish uchun emas, xayrlashuvni his qilish uchun to‘planishardik, — dedi.
Bugungi bitiruvchilar esa boshqacharoq fikrlaydi.
— Bu kun biz uchun muhim. Bolalik hayotimizning yakuni. Hamma narsa esda qolardi bo‘lishi kerak: liboslar, rasmlar, vals.., — deydi bitiruvchi qiz.
Ha, har bir avlodning his qilish tarzi boshqacha. Kechagi bitiruuvchi xotirani yurakda saqlagan bo‘lsa, bugungi bitiruvchi uni telefon galareyasida saqlaydi.
Hatto, ota-onalar ham ikki tarafga bo‘linganini yashirmaslik kerak. «Kimning ko‘ylagi qimmat, kimning restorani zo‘r…» musobaqaga aylanyapti. Iqtisodiy jihatdan yetishmovchiligi bor ota-onalar esa qiynalib qolishyapti.
Aslida, bahsning ildizidagi muammo «So‘nggi qo‘ng‘iroq»da emas, uning mazmuni o‘zgarib borayotganida. Shuningdek, maktablarda «vals» ham bahslashuvlarga sabab bo‘lmoqda.
Albatta, maktab rahbarlari va mas’ullar esa bu masalada ehtiyotkor. Vazirlik tomonidan ham ortiqcha dabdaba, restoranlarda bitiruv kechalari, pul yig‘ish, qimmat liboslar va xavfli sayrlarga qarshi qat’iy cheklovlar belgilangan. Bu qarorlar bejiz emas, har yili istamasak-da, «So‘nggi qo‘ng‘iroq»dan keyin turli ko‘ngilsiz hodisalar kuzatiladi. Bayram xuddi qimmat liboslaru, go‘zal chehrali qiz-yigitlar namoyishga aylanib ketadi.
Muhokamayu bahslarda, hatto, «So‘nggi qo‘ng‘iroq» kerakmi?» degan savolni tashlashga ham ulgurishibdi. To‘g‘ri, bu savolga aniq va bir xil javob yo‘q. Ammo, bir haqiqat borki, inson hayoti ramzlarga ham muhtoj. Nikoh, tug‘ilgan kun, harbiy xizmatga kuzatish, nafaqaga chiqish va hokazo… bularning barchasi hayotiy bosqichlarni belgilaydi.
Gap uni bekor qilishda emas, ma’noli va mazmunli o‘tkazishda. Agar bu tadbir orqali ota-onalar bolalar ko‘z o‘ngida «boy-kambag‘al»ga ajratilsa, «So‘nggi qo‘ng‘iroq», shubhasiz, ahamiyatini yo‘qotadi, o‘zidan bezdiradi. Yuqorida 68 yoshli Hamid aka aytganidek, asosiy urg‘u ustozlarga rahmat aytish va sinfdoshlar bilan xayrlashishga qaratilsa, an’ananing umri davomli bo‘ladi.
***
Oradan yillar o‘tar. 30 yil. 50 yil. Bugungi bitiruvchilar xuddi biz kabi sochiga oq tushgan holda maktab hovlisidan o‘tar, ammo, bolalik sog‘inchi o‘zgarmaydi. «Kim biladi, keyin kim bor, kim yo‘q!», — degan og‘riq xotiralar qalblarni bu qadar o‘rtamaydi…
Jamiyat
Toshkentda o‘quvchini urgan o‘qituvchiga oid jinoyat ishi tugatildi
Toshkent shahrida o‘quvchiga nisbatan kuch ishlatgani uchun jinoyat ishi ochilgan maktab o‘qituvchisiga oid tergov harakatlari tugatildi. Ichki ishlar vazirligi holat yuzasidan yaqin kunlarda qo‘shimcha rasmiy axborot berilishini ma’lum qildi.
Toshkent shahrida o‘quvchiga nisbatan kuch ishlatgani ortidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan o‘qituvchiga oid tergov harakatlari tugatildi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shohruh G‘iyosov ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 19 may kuni Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 275-maktabda sodir bo‘lgan. Dars jarayonida informatika fani o‘qituvchisi va 9-sinf o‘quvchisi o‘rtasida janjal kelib chiqqan. IIV axborotiga ko‘ra, o‘quvchi dars intizomiga rioya qilmagan va o‘qituvchining talablarini bajarmagan. Shundan keyin ikki tomon o‘rtasida janjal yuzaga kelgan.
Oradan ko‘p o‘tmay, holat aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
25 may kuni esa mazkur holat bo‘yicha o‘qituvchiga nisbatan ochilgan jinoyat ishi tugatilgani ma’lum qilindi. Ichki ishlar vazirligi yaqin vaqt ichida bu borada qo‘shimcha rasmiy ma’lumot berilishini bildirgan.
Jamiyat
Namanganda yirik sifatsiz dori va tibbiyot buyumlari savdosi aniqlandi
Namangan viloyatida sifati kafolatlanmagan dori vositalari va tibbiyot buyumlarining savdosi fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Chortoq tumani bo‘lim tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.
Unda «N.F.» MChJ rahbari I.H.«Baynalminal» MFY hududidagi dorixonasida umumiy bahosi 495,7 mln so‘mlik 633 turdagi davlat reyestrida qayd etilmagan, muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini savdoga qo‘yganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni o‘tkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki o‘tkazish, dori vositalarini yoki tibbiy buyumlarni dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizatsiya qilish, shuningdek tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi moddalar mavjud bo‘lgan dori vositalarini retsept bo‘yicha chakana realizatsiya qilish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Toshkent viloyatida tog‘da jarohatlangan sayyoh qutqarildi
Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida joylashgan Katta Chimyon tog‘ida sayohat vaqtida jarohat olgan fuqaro FVV qutqaruvchilari tomonidan qutqarib qolindi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 24 may kuni soat 14:05 da Toshkent viloyati FVBBga 10 nafar fuqaro Katta Chimyon tog‘iga sayohatga chiqqan vaqtida ulardan biri sirpanib yiqilgani va tan jarohati olgani haqida xabar kelib tushgan.
Xabar ortidan Chimyon qutqaruv otryadi xodimlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan. Qutqaruvchilar jabrlangan fuqaroga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, uni dengiz sathidan taxminan 2300 metr balandlikdan xavfsiz hududga olib tushgan.
Shundan so‘ng fuqaro tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan. Ayni vaqtda uning ahvoli yaxshi ekani bildirilmoqda.
Jamiyat
«So‘nggi qo‘ng‘iroq» kuni o‘zbekistonliklarni qanday ob-havo kutmoqda?
«So‘nggi qo‘ng‘iroq» kuni o‘zbekistonliklarni qanday ob-havo kutmoqda?
Source link
-
Siyosat4 days agoBirlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyodagi chegaralarni tinch yoʻl bilan tartibga solish boʻyicha rezolyutsiyani qabul qildi
-
Siyosat5 days agoO’zbekistonda banklardan oltin quymalarini qanday sotib olish mumkin
-
Dunyodan2 days agoPrezident Trampning Gʻazo boʻyicha 15 banddan iborat rejasi eʼlon qilindi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev YeXHT bosh kotibini qabul qildi
-
Jamiyat4 days ago
Kontent markazida «Yurt qayg‘usida 365 kun» nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonda IPO investorlari huquqini himoya qilish bo‘yicha qonun ishlab chiqilmoqda
-
Iqtisodiyot4 days agoOLX onlayn reklama bozorida ustun mavqega ega deb topildi
-
Siyosat5 days agoJazoir elchisi O‘zbekistondagi diplomatik missiyasini yakunladi
