Jamiyat
Toshkentda yangi loyiha yo‘lga qo‘yildi
Poytaxt metrosi yo‘lovchilari kitobni javondan olib, sayohat davomida o‘qishlari mumkin, uni avvalgi joyiga yoki xuddi shunday kutubxona mavjud bo‘lgan boshqa bekatga qaytarishlari kerak bo‘ladi
Toshkent metrosida kutubxonalar tarmog‘i ochildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
“Turon kitob bekati” deb nomlangan loyiha doirasida mahalliy va xorijiy mualliflarning asarlari joylashtirilgan kitob javonlari metropolitenning qator bekatlarida o‘rnatildi.
Hozirgi kunda “Alisher Navoiy” va “Paxtakor” bekatlari o‘rtasidagi o‘tish joyida, shuningdek, “Turkiston”, “Buyuk Ipak yo‘li”, “Beruniy”, “Chilonzor”, “Mingo‘rik”, “Toshkent” va “Do‘stlik” bekatlarida kutubxona javonlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
Loyiha doirasida kelgusida yer osti va yer usti metrosining barcha bekatlarida, shu jumladan, bekatlararo o‘tish joylarida ham kutubxonalar tashkil etish rejalashtirilgan.
Yo‘lovchilar javondan istagan kitobni olib, sayohat vaqtida o‘qishlari mumkin. Kitobni avvalgi joyiga yoki kutubxona javoni mavjud bo‘lgan istalgan stansiyaga qaytarish talab etiladi.
Loyiha “Toshkent metropoliteni” DUK, Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat” markazi hamda “Turonbank” hamkorligida amalga oshirilmoqda.
Jamiyat
Chilonzor va Yakkasaroy tumanlarining bir qismida elektr ta’minoti qayta tiklandi
Energetiklar tomonidan nosozlikni bartaraf etish va barcha iste’molchilarning elektr ta’minotini bosqichma-bosqich qayta tiklash ishlari davom ettirilmoqda.
Foto: Energetika vazirligi
Bugun, 28 iyun soat 20:45 da Toshkent shahridagi «Yuksak» podstansiyasida nosozlik yuz berishi oqibatida poytaxtning Mirobod, Chilonzor va Yakkasaroy hamda Toshkent viloyatining Zangiota tumanlarining ayrim hududlarida elektr ta’minotida vaqtincha uzilish kelib chiqqani xabar qilingandi.
FVV xabariga ko‘ra, “svet” o‘chishi oqibatida Chilonzor tumanida joylashgan Dream Park istirohat bog‘idagi «Charxpalak» attraksionida qolib ketgan fuqarolar xavfsiz joyga tushirib olingan.
Xabar qilinishicha, ayni paytda Energetika vazirligi hamda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ rahbariyati podstansiyada bo‘lib, ular tomonidan nosozlikni tiklash ishlari nazoratga olingan.
Energetiklar tomonidan nosozlikni bartaraf etish va barcha iste’molchilarning elektr ta’minotini bosqichma-bosqich qayta tiklash ishlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Dubayda og‘ir ahvolga tushib qolgan oila O‘zbekistonga qaytarildi
Aviareyslarda kechikish va Yaqin Sharq mintaqasidagi keskin vaziyat sababli oila mamlakatni tark eta olmagan. Shuningdek, vizasiz yurish muddati tugagani uchun ular jarimaga tortilgan.
BAAda og‘ir vaziyatga tushib qolgan oila O‘zbekistonning Dubaydagi Bosh konsulxonasi ko‘magida vatanga qaytarildi.
Qayd etilishicha, P.G. va uning farzandi A.Z. 2025 yilda mavsumiy ishlash maqsadida BAAning Dubay shahriga borgan.
Biroq moliyaviy qiyinchiliklar sababli 2026 yil yanvarida O‘zbekistonga qaytish uchun aviachiptalar xarid qilgan. Aviareyslarda kechikish va Yaqin Sharq mintaqasidagi keskin vaziyat tufayli ular mamlakatni tark eta olmagan.
Shuningdek, vizasiz yurish muddati tugagani uchun oila vakillari jarimaga tortilgan.
O‘zbekistonning BAAdagi Bosh konsulxonasi tomonidan Dubay immigratsiya xizmati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida ularning mamlakatni jarimasiz tark etishiga ruxsat olindi.
Ushbu oila a’zolari uchun 26 iyun kuni “Dubay–Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha aviachiptalar xarid qilindi hamda ularning O‘zbekistonga qaytishi ta’minlandi.
Jamiyat
Toshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Bugun, 28 iyun kuni Toshkent davlat agrar universitetida yong‘in sodir bo‘ldi.
Xabar qilinishicha, soat 15:17 da «112» tizimidan Toshkent viloyati FVBBga Toshkent davlat agrar universiteti sport kompleksi binosining tom qismi yonayotganligi to‘g‘risida xabar kelib tushgan.
Xabarga asosan, qutqaruv bo‘linmalari voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 15:59 da qurshab olingan hamda soat 16:15 da to‘liq bartaraf etilgan.
Qayd etilishicha, hodisa oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Yong‘in sababi va zarari aniqlanmoqda.
Jamiyat
Boysundagi dor yo‘li attraksionida nosozlik ro‘y berdi
Dor yo‘lining po‘lat arqonlari belgilangan texnik me’yorlar asosida yetarli darajada tarang tortilmagani hamda qiyalik burchagi talab darajasida ta’minlanmagani oqibatida fuqaro harakat yo‘nalishining o‘rtasida to‘xtab qolgan.
27 iyun kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumani Omonxona mahallasi hududida joylashgan qarashli dor yo‘li (ziplayn) attraksionida noxush hodisa qayd etildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur dor yo‘li attraksioni texnik jihatdan to‘liq ishga tushirilmagan, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan hamda undan foydalanish uchun tegishli ruxsatnoma olinmagan bo‘lishiga qaramasdan, fuqaro undan foydalanishga harakat qilgan.
Dor yo‘lining po‘lat arqonlari belgilangan texnik me’yorlar asosida yetarli darajada tarang tortilmagani hamda qiyalik burchagi talab darajasida ta’minlanmagani oqibatida fuqaro harakat yo‘nalishining o‘rta qismida to‘xtab qolgan.
Tashkilot xodimlari tomonidan fuqaro xavfsiz tarzda attraksiondan tushirib olingan.
Hodisa oqibatida fuqaro tan jarohati olmagan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Audiosi tarqalgan Muzrabot tumani hokimi jazoga tortildi
Muzrabot tumani hokimiga jazo berildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovning fermerlarni haqorat qilgani aks etgan audiosi tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ushbu holat yuzasidan Surxondaryo viloyati hokimligiga xizmat tekshiruvi o‘tkazish bo‘yicha taqdimnoma kiritdi.
O‘rganishlar davomida mazkur holatda davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalari talablariga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi.
Qonunchilikka muvofiq, davlat fuqarolik xizmatchilari xizmat vazifalarini vijdonan bajarishi, davlat organlari va tashkilotlarining obro‘-e’tiboriga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan xatti-harakatlardan tiyilishi, shuningdek, fuqarolar bilan munosabatlarda xushmuomalalik, hurmat va professionallik tamoyillariga qat’iy rioya qilishi shart, deyiladi agentlik xabarida.
Davlat xizmatchisining odob-axloq qoidalarini buzgani uchun Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulovga nisbatan «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llanildi.
Agentlik davlat xizmatida axloqiy standartlar buzilishiga qarshi choralarni davom ettirishini ma’lum qildi.
-
Sport3 days agoYaponiya futbolining buyuk sabog‘i: mag‘lubiyatdan to‘g‘ri xulosa chiqarish
-
Dunyodan2 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Jamiyat3 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar bir necha kunlik ko‘tarilishdan so‘ng pastladi
-
Sport5 days agoEldor Shomurodov muxlislardan uzr so‘radi
-
Jamiyat2 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Dunyodan4 days ago
BAAda 15 yoshgacha bo’lgan bolalar uchun ijtimoiy tarmoqlar taqiqlangan
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston banklari aktivlari 962,8 trln so‘mga yetdi
