Jamiyat
Toshkentda yana bir avtosalon o‘nlab mijozlarini chuv tushirgani ma’lum bo‘ldi
“Premier Motors Auto” MChJ ta’sischilaridan biri, menejeri va ishchilari firibgarlikda gumonlanyapti. Avtosalon menejeri 20 ga yaqin holatda mashina olib berish yoki sotib olish va’dasi bilan fuqarolarni aldagani hamda to‘langan milliardlab so‘m pullarni o‘z ehtiyojiga ishlatib yuborgani aytilmoqda. Olib berilishi aytilgan mashinalar orasida qimmatbaho avtomobillar ham bor.
Toshkent shahridagi “Premier Motors Auto” MChJ vakillariga nisbatan jinoyat ish qo‘zg‘atildi. 2022 yil 5 sentabrda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan MChJda menejer sifatida ishlagan D.I. juda ko‘p miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir qilganlikda gumonlanmoqda.
Kun.uz tanishgan ayblov xulosasida keltirilishicha, D.I. MChJ ta’sischilaridan biri Sh.R. va jamiyat ishchilari bilan bir guruh bo‘lib, 20 ga yaqin holatda mashina olib berish yoki mashinasini sotib olish va’dasi bilan fuqarolarni aldagan. To‘langan pul mablag‘larini esa shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Jumladan, u Sergeli tumani Qumariq ko‘chasida joylashgan “Premier Motors Auto” avtosalonida fuqaro V.A.ning ishonchiga kirib, uning Cobalt mashinasini 10 200 dollarga sotib olishga, pulini qisqa muddatda berishga kelishgan. So‘ngra qo‘lga kiritilgan mashinani boshqa shaxsga sotib, pulini o‘z ehtiyojlariga sarflagan.
D.I. shu kabi fuqaro A.B.ning 375 mln so‘mga savdolashilgan Malibu, I.M.ning 72 500 dollarga savdolashilgan Lixiang L9, A.M.ning 47 ming dollarga savdolashilgan BMW I3, U.X.ning 13 ming dollarga savdolashilgan Cobalt, I.Yu.ning 12 ming dollarga savdolashilgan Gentra mashinasini boshqa shaxslarga sotib yuborib, pulini shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Shuningdek, D.I. o‘zini MChJ rahbari sifatida tanishtirib, fuqaro S.M.ga Equinox olib berishni va’da qilgan va 44 mln so‘m pulini olib, u bilan shartnoma imzolagan. Sudga oid xatshunoslik ekspertizasi mazkur shartnomadagi imzo MChJ rahbari Sh.R.ga tegishli emasligi, balki D.I. tomonidan bajarilgani haqida xulosa bergan. D.I. va’dasini bajarmagan, 44 mln so‘m pulni esa shaxsiy ehtiyojlariga sarflagan.
Shu kabi F.X.ga Onix olib beraman deb 88 mln so‘m, F.Y.ga BMW I3 olib beraman deb 400 mln so‘m, G.X.ga Lixiang L9 olib beraman deb 68 500 dollar, Sh.A.ga Equinox olib beraman deb 231 mln so‘m, B.Q.ga Traverse olib beraman deb 28 300 dollar, S.S.ga Lixiang L9 olib beraman deb 67 ming dollar, T.P.ga Equinox olib beraman deb 369 mln so‘m, R.Xga Equinox olib beraman deb 235 mln so‘m, N.N.ga Equinox olib beraman deb 229 mln so‘m, J.S.ga 3 dona Malibu-2 mashinasini olib beraman deb 669 mln so‘m, M.M.ga Equinox olib beraman deb 447 mln so‘m, M.D.ga Malibu-2 mashinasini olib beraman deb 219 mln so‘m, S.T.ga Lixiang L9 olib beraman deb 390 mln so‘m pul mablag‘larini olgan. Biroq va’dasini bajarmagan, pullarni esa o‘z ehtiyojiga ishlatib yuborgan.
32 yoshli D.I. Jinoyat kodeksining 228-moddasi (Hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a, b” bandlari, 228-moddasi 3-qismi va 168-moddasi (Firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan ayblanmoqda.
Jinoyat ishining “Premier Motors Auto” MChJ ta’sischilaridan biri Sh.R. va jamiyatning bir nechta ishchilarga oid qismi ajratilib, alohida ish yurituviga olingan.
Kun.uz oldinroq odamlarga foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan qimmatbaho elektromobillarni va’da qilgan “Global avto kredit” MChJ faoliyatini shubha ostiga olgandi. Undan avval esa «Pr premier-avto» MChJ rahbariga sud hukmi o‘qilgandi.
Jamiyat
34 yilda 9 yoshga o‘sish: o‘zbekistonliklar uzoqroq umr ko‘rmoqda
O‘zbekistonda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi izchil o‘sib bormoqda. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda ushbu ko‘rsatkich 75,4 yoshga yetgan bo‘lib, bu 1991 yilga nisbatan 9 yoshga ko‘pdir.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qilishicha, 2025 yil yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda doimiy aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,4 yoshni tashkil etgan.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mustaqillikning dastlabki yillarida bu ko‘rsatkich ancha past bo‘lgan. Xususan, 1991 yilda aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 66,4 yoshni tashkil etgan. Shu tariqa, so‘nggi 34 yil ichida mazkur ko‘rsatkich 9 yoshga oshgan.
Yillar kesimidagi dinamikaga nazar tashlansa, 1995 yilda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 69,1 yosh, 2000 yilda 70,8 yosh, 2005 yilda 71,8 yosh, 2010 yilda 73 yosh, 2015 yilda 73,6 yoshni tashkil etgan.
2020 yilda bu ko‘rsatkich 73,4 yoshgacha biroz pasaygan bo‘lsa-da, keyingi yillarda yana o‘sish kuzatildi. Jumladan, 2024 yilda o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 75,1 yoshga, 2025 yilda esa 75,4 yoshga yetgan.
Mutaxassislar bunday o‘sishga sog‘liqni saqlash tizimidagi islohotlar, tibbiy xizmatlar qamrovining kengayishi, profilaktika choralarining kuchaytirilishi hamda aholining turmush sifati yaxshilanib borayotgani kabi omillar ta’sir ko‘rsatganini qayd etadi.
Jamiyat
Yunusobodda hojatxonaga tushib ketgan bola qutqarildi
Toshkent shahrining Yunusobod tumanida hovlidagi hojatxona chuquriga tushib ketgan 5 yoshli qizaloq Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan tezkorlik bilan qutqarildi. Bolaga voqea joyida tibbiy yordam ko‘rsatildi, hozirda uning ahvoli yaxshi.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, hodisa 25 iyun kuni soat 17:33 da Yunusobod tumanidagi Obiravon ko‘chasida joylashgan xususiy uylardan birida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda tug‘ilgan qizaloq ehtiyotsizlik va nazoratdan chetda qolgani oqibatida hovlidagi hojatxona chuquriga tushib ketgan.
Xabar kelib tushgach, Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi qutqaruvchilari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, qutqaruv ishlarini boshlagan. Qutqaruvchilardan biri hojatxona chuquriga tushib, bolani xavfsiz tarzda yuqoriga olib chiqqan.
Shifokorlar tomonidan qizaloqqa voqea joyining o‘zida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Shundan so‘ng u yaqinlariga topshirilgan. Ma’lum qilinishicha, hozirda bolaning sog‘lig‘i qoniqarli.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ota-onalarga farzandlarini nazoratsiz qoldirmaslik, ayniqsa hovlilardagi quduq, hojatxona va boshqa xavfli joylar atrofida bolalar xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish zarurligini eslatdi.
Jamiyat
Shavkat Mirziyoyev Gullar festivaliga tashrif buyurdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Namanganga tashrifi asnosida an’anaviy gullar festivaliga tashrif buyurdi.
Festival muddati 2018-yildagi 3 kundan 2025-yilda 40 kunga uzaytirilgani natijasida xorijlik sayyohlar soni 25 mingdan 800 ming nafarga, mahalliy turistlar esa 6,4 million nafarga yetdi.
Navbatdagi maqsad – 50 dan ortiq davlatdan 1 million nafar xorijiy va 7 million nafar mahalliy turistni jalb etish, 150 dan ziyod tadbir o‘tkazish hamda xizmatlar hajmini 8 trillion so‘mga yetkazish.
Joriy yil 24-maydan 12-iyulga qadar davom etadigan 65-xalqaro gullar festivali ham o‘zgacha shukuh bilan o‘tmoqda
Festival «Ginnessning rekordlar kitobi»ga rasman kiritildi. Uning doirasida kitob vakillari bir oy davomida Namangan shahri aholisi tomonidan 29 milliondan ziyod gul ko‘chati qo‘lda ekilishi jarayonini kuzatdi. Natijada jahon rekordi qayd etildi.
Namangan shahrining 45 ta mahallasi gulchilikka ixtisoslashtirilib, 16 ming xonadon qamrab olindi, 21 ming nafar aholining bandligi ta’minlandi. Ushbu xonadon tomorqalarida mart-aprel oylarida 4 ming 683 ta issiqxona tashkil etilib, 120 million dona gul ko‘chati yetishtirildi. Odamlar qo‘shimcha 300 milliard so‘m daromadga ega bo‘ldi.
Davlatimiz rahbari festival doirasida barpo etilgan gul kompozitsiyalari, mavzuli maydonlar va ko‘rgazmalarni ko‘zdan kechirdi. Gulchilik bilan shug‘ullanayotgan aholi, tadbirkorlar, festival ishtirokchilari va mehmonlarni qutladi.
Jamiyat
O‘zbekiston bo‘ylab Janubiy Koreyaga yuborish bo‘yicha firibgarliklar aniqlandi
Koreya davlatiga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari aniqlandi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro T.T. 12 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Koreya davlatiga ishga yuborishini aytib, 38 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritib, ushbu pullarni muqaddam Migratsiya Agentligida ishlagan A.A.ga (muqaddam JKning 168 va 211-moddalari bilan sudlangan) berganligi aniqlangan.
Departamentning Marg‘ilon shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro I.R. (muqaddam sudlangan) 2 nafar fuqaroni Koreya davlatiga ishga yuborishini va’da qilib, ulardan jami 3 500 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 3 mln so‘mning qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Departamentning Dehqonobod tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqarolar I.X. (muqaddam JKning 168-moddasi bilan sudlangan) va A.K. migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali fuqaro B.T.ni Koreya davlatiga ishga yuborishlarini aytib, 2 000 AQSh dollari va 36 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganliklari aniqlangan.
Departamentning Xonobod shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro A.A. (muqaddam JKning 168-moddasi bilan sudlangan) 3 nafar fuqaroni Koreya davlatiga ishga yuborishi uchun viza olib berishini aytib, 2 500 AQSh dollari va 11 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlanib, ushbu pullar hisobidan 1 000 AQSh dollarining qaytarilishi protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Departamentning Do‘stlik tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro Yu.L. (muqaddam sudlangan) 11 000 AQSh dollari evaziga fuqaro U.F.ni migratsiya agentligida ishlovchi tanishlari orqali Koreya davlatiga ishga yuborishini va’da qilib, shundan 2 300 AQSh dollarini firibgarlik bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Departamentning Bog‘ot tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda fuqaro X.K. 3 500 AQSh dollari evaziga fuqaro A.A.ni Koreya davlatiga ishga ketishi uchun o‘tkaziladigan imtihonlaridan ijobiy natijalar bilan o‘tkazib berishini aytib, kelishilgan puldan 1 000 AQSh dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Jamiyat
Vatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
O‘zbekiston prezidenti matbuot va OAV xodimlarini kasb bayrami bilan tabrikladi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga bayram tabrigini yo‘lladi.
Davlat rahbari tabrigida mamlakatning bosma va internet nashrlari, teleradiokanallar, axborot va media xizmatlari, nashriyot hamda matbaa korxonalarida faoliyat yuritayotgan ijodiy va texnik xodimlar, jurnalistlar hamda soha faxriylarini samimiy qutladi.
Prezident jurnalistlarni o‘zining doimiy maslakdoshi va jonkuyar do‘sti deb bilishini ta’kidladi.
Qayd etilishicha, bu yilgi kasb bayrami milliy matbuot tarixidagi muhim sanalar – jadidlar tomonidan «Taraqqiy» gazetasi tashkil etilganining 120 yilligi hamda O‘zbekistonda ilk radioeshittirishlar boshlanganining 100 yilligi arafasida nishonlanmoqda.
Tabrikda so‘nggi yillarda mamlakatda so‘z erkinligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari faoliyatining ochiqligini kengaytirish, axborot sohasini raqamlashtirish va zamonaviy mediamakonni shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar qayd etildi.
Prezidentning ma’lum qilishicha, bugungi kunda mamlakatdagi qariyb 2 ming 700 ta ommaviy axborot vositasining 67 foizi, noshirlik sub’yektlarining 90 foizdan ortig‘i va matbaa korxonalarining 83 foizi nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, joriy yilda nashriyotlarning ishlab chiqarish quvvati o‘tgan yilga nisbatan ikki barobar oshib, 15 ming nomdagi 60 milliondan ortiq nusxada kitob nashr etilgan.
Davlat rahbari axborot oqimi ortib, dipfeyk texnologiyalari keng tarqalayotgan sharoitda ishonchli manbalarga tayanish muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Shu bilan birga, qisqa vaqt ichida 10 ming nafar yoshni qamrab oladigan zamonaviy media-ta’lim tizimi shakllantirilgani qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev erkin va mas’uliyatli, xalqchil jurnalistikani davlat va jamiyat taraqqiyotining muhim sharti deb atab, jurnalistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, malakasini oshirish hamda mehnatini rag‘batlantirishga qaratilgan yangi chora-tadbirlar amalga oshirilishini bildirdi.
Shuningdek, prezident O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi faoliyatini takomillashtirish, uning nufuzini oshirish va jurnalistlarni huquqiy hamda axborot-texnologik jihatdan qo‘llab-quvvatlash muhim vazifalardan biri ekanini ta’kidladi.
Tabrik so‘zi yakunida davlat rahbari kasb bayrami munosabati bilan davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan soha xodimlarini qutlab, barcha jurnalistlarga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va ijodiy muvaffaqiyat tiladi.
-
Sport4 days ago🔴 LIVE: AQSh-Eron muzokaralari va Starmer iste’fosi
-
Siyosat5 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Siyosat4 days ago
O‘zbekiston uchun nimalar muhim? (video)
-
Iqtisodiyot5 days agoMurojaatlar bo‘yicha eng salbiy ko‘rsatkichga ega bo‘lgan banklar ro‘yxati e’lon qilindi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Octobank xalqaro hamkorlikni va global kapital bozorlariga kirishni kengaytirmoqda: TXIF-2026 natijalari
-
Jamiyat2 days ago«Andijon polkasi» tadbiriga ketayotgan o‘quvchilar YTHga uchradi
-
Jamiyat5 days agoO‘zbekistonda aholiga tegishli avtomobillar soni qariyb 5 millionga yetdi
-
Sport4 days agojahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi to‘purar
