Jamiyat
Toshkentda suv sepish va sug‘orish ishlari kuchaytirildi
Issiq ob-havo sharoitida poytaxt aholisi uchun qulay sharoit yaratish hamda yashil hududlarni asrash maqsadida Toshkentda suv sepish va sug‘orish ishlari kuchaytirildi.
Foto: Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati
Poytaxt hokimligi axborot xizmati xabar qilishicha, markaziy va asosiy ko‘chalarda maxsus texnikalar yordamida suv sepish ishlari belgilangan jadval asosida davom etmoqda.
Shu bilan birga, gazonlar, daraxtlar va boshqa yashil hududlarda sug‘orish ishlari ham kuchaytirildi.
“Mazkur ishlar Toshkent shahar hokimligi, Toshkent shahar Obodonlashtirish bosh boshqarmasi, Toshkent shahar Maxsus sug‘orish uskunalarini ta’mirlash va saqlash ixtisoslashtirilgan boshqarmasi hamda Alohida ahamiyatga ega ko‘chalarni obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish boshqarmasi tomonidan hamkorlikda olib borilmoqda. Shuningdek, yaqin vaqt ichida shahar favvoralarining uzluksiz ishlashi ham ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.
Avvalroq Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri va yana 8 ta tumanda jazirama issiq tufayli bog‘chalar faoliyati vaqtincha to‘xtatilishi xabar qilingandi.
Jamiyat
Talabalar o‘rtasida “Mahalla master rejasi” tanlovi o‘tkaziladi
Tanlovda biriktirilgan OTMlarning iqtisodiyot va texnika yo‘nalishidagi bitiruvchi bakalavrlari hamda 1- va 2-bosqich magistratura talabalari qatnashishlari mumkin.
Respublika bo‘ylab belgilangan 16 ta «og‘ir» toifadagi mahalla uchun eng maqbul master reja loyihalarini ishlab chiqish orqali hududlarni rivojlantirishga hissa qo‘shish maqsadida talabalar o‘rtasida tanlov o‘tkaziladi.
Tanlov Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda Jahon banki va Yevropa Ittifoqi hamkorligida tashkil etilmoqda.
Unda biriktirilgan OTMlarning iqtisodiyot va texnika yo‘nalishidagi bitiruvchi bakalavrlari hamda 1- va 2-bosqich magistratura talabalari qatnashishlari mumkin.
Jamoa tarkibi ichki saralash asosida 5 nafardan 7 nafargacha talaba va 1 nafar mas’ul pedagog iborat bo‘ladi.
G‘olib deb topilgan beshta eng yaxshi talabalar jamoasi mukofot sertifikatlari bilan taqdirlanadi.
2026 yil 15 sentabrgacha OTMlar tomonidan talabalar guruhlari shakllantirilib, 30 sentabrgacha ekspertlar ishtirokida master reja bo‘yicha onlayn seminarlar o‘tkaziladi.
30 oktyabrgacha esa dastlabki master reja loyihalari muhokamasi bo‘lib o‘tadi. Yakuniy master reja loyihalari 1 dekabrgacha topshiriladi.
Yakuniy taqdimot va g‘oliblarni baholash 25 dekabrgacha o‘tkaziladi.
Jamiyat
Toshkentdagi xonadonlardan birida 20 kilodan ortiq narkotik moddalar topildi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida katta miqdordagi giyohvandlik vositasining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yildi.
Foto: DXX / Videodan kadrlar
Xususan, Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan fuqaroning Toshkent shahridagi vaqtincha yashash xonadoni ko‘zdan kechirilganda 13 kg 50 gr «opiy» va 7 kg 137 gr «gashish» moddalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Tergov harakatlari doirasida uning jinoiy sheriklari hamda narkotik moddalarning kelib chiqish manbalarini aniqlash bo‘yicha tegishli tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, DXX Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va poytaxt IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda virtual narkokanal tashkil qilgan ikki nafar fuqaro ushlanib, ulardan «gashish» va «gashish moyi» olindi.
Mazkur shaxslarning biri Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan muqaddam sudlangan bo‘lsa, ikkinchisi esa joriy yilning aprel oyida giyohvandlik vositalari bilan ushlanib, hozirda gumondor sifatida tergovga jalb etilgan bo‘lgan.
Ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Jamiyat
O‘zbekistonda Jahon islom sivilizatsiyasi alyansi tashkil etiladi
Alyans xalqaro tashkilotlar, ilmiy va ta’lim muassasalari, fanlar akademiyalari, muzeylar, kutubxonalar, arxivlar, islom qo‘lyozmalari markazlari, tadqiqot institutlari hamda boshqa ixtisoslashgan tashkilotlarni birlashtiradi.
Foto: O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi negizida Jahon islom sivilizatsiyasi alyansi tashkil etiladi.
Xabar qilinishicha, Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan I Xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi ishtirokchilari 10 ta muhim tashabbusni qamrab olgan deklaratsiyani bir ovozdan qabul qildi. 40 dan ortiq davlatning 300 ga yaqin xorijiy ishtirokchilari deklaratsiyaga muvofiq Jahon islom sivilizatsiyasi alyansini tashkil etish tashabbusini bir ovozdan ma’qulladi.
Alyans xalqaro tashkilotlar, ilmiy va ta’lim muassasalari, fanlar akademiyalari, muzeylar, kutubxonalar, arxivlar, islom qo‘lyozmalari markazlari, tadqiqot institutlari hamda boshqa ixtisoslashgan tashkilotlarni birlashtiradi.
Qayd etilishicha, alyansning asosiy maqsadi uzoq muddatli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy, ta’limiy, madaniy, muzey va raqamli loyihalarni amalga oshirish, bilim va ilg‘or tajriba almashinuvini rag‘batlantirish, shuningdek, islom sivilizatsiyasining jahon madaniy va intellektual merosining ajralmas qismi sifatidagi bunyodkorlik salohiyatini asrash, ilmiy o‘rganish, ommalashtirish va keng namoyon etishga qaratilgan sa’y-harakatlarni birlashtirishdan iborat.
Jamiyat
Atamalar komissiyasi yangi so‘z va atamalar ro‘yxatini e’lon qildi
Ro‘yxatdan 41ta so‘z o‘rin olgan bo‘lib, jumladan, breket – tishsim, brend – xosnom, mikser – qorg‘ich, suflyor – shivirchi, xeshteg – kalitso‘z, xostel – qo‘noquy deyilgan.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atamalar komissiyasi o‘zbek tili qoida va me’yorlari asosida shakllantirilgan hamda rasmiy muomalaga kiritiladigan yangi so‘z va atamalar ro‘yxatini e’lon qildi.
Qayd etilishicha, Atamalar komissiyasi tomonidan turli fan va faoliyat sohalariga oid atamalar muntazam ravishda tahlil qilinib, ularning milliy til me’yorlariga mos muqobillari ishlab chiqilmoqda hamda belgilangan tartibda rasmiy iste’molga kiritilmoqda.
“Ushbu jarayon o‘zbek tilining ilmiy va rasmiy uslubdagi imkoniyatlarini kengaytirish, terminologik tizimni milliylashtirish, atamalarning yagona me’yor asosida qo‘llanishini ta’minlash hamda davlat tilining nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda”, deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, ro‘yxatda turli sohalarga oid xorijiy o‘zlashmalarning ilmiy asoslangan, o‘zbek tili qoida va me’yorlari asosida shakllantirilgan hamda rasmiy muomalaga kiritiladigan o‘zbekcha muqobillari berilgan.
Ilova qilingan ro‘yxatdan 41ta so‘z o‘rin olgan bo‘lib, jumladan, breket — tishsim, brend — xosnom, datchik — sezgich, dedlayn — so‘ngmuddat, mikser — qorg‘ich, suflyor — shivirchi, xeshteg — kalitso‘z, xostel — qo‘noquy deyilgan.
Jamiyat
Shoir Ikrom Otamurod vafot etdi
Ikrom Otamurod Uolt Uitmen, Pablo Neruda, Yevgeniy Yevtushenko, O‘ljas Sulaymon kabi shoirlarning she’r va dostonlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Ikrom Otamurod vafot etdi. Bu haqda uyushma axborot xizmati xabar berdi.
“Marhum ertaga, 13 iyul kuni soat 7:00da uyidan chiqariladi va Yalang‘och ota qabristoniga qo‘yiladi”, deyiladi xabarda.
Ikrom Otamurod 1951 yil 5 mayda Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi Kasbi qishlog‘ida tug‘ilgan.
Shoirning “Vaqt ranglari”, “Janub qushlari”, “To‘rg‘ayli manzillar”, “Ufqlar orti bepoyon”, “Uzoqlashayotgan og‘riq”, “Uzoqlashayotgan og‘riq”, “Sopol siniqlari”, “Sen”, “Ruhimning qayg‘usi” kabi o‘ndan ortiq she’riy kitoblari chop etilgan.
Ikrom Otamurod Uolt Uitmen, Pablo Neruda, Yevgeniy Yevtushenko, O‘ljas Sulaymon kabi shoirlarning she’r va dostonlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Shoir “Do‘stlik” ordeni, “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi” faxriy unvoni bilan mukofotlangan.
-
Turk dunyosi5 days agoPrezident Tramp NATO aʼzolarini Grenlandiya va mudofaa xarajatlari yuzasidan tanqid qilmoqda
-
Dunyodan4 days ago
Ramzan Qodirov yana Checheniston rahbariyatiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan
-
Turk dunyosi5 days agoPrezident Tramp, Turkiyaga moʻljallangan F-35 samolyotlari haqida hech qanday qaror qabul qilinmaganini aytdi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston eng ko‘p giloslarni Rossiyaga eksport qilmoqda
-
Jamiyat3 days agoSaida Mirziyoyeva yetakchi fransuz kompaniyalari vakillari bilan uchrashdi
-
Sport5 days agoArgentinada afsonaviy 13 daqiqa. Amaldagi chempionlar kambek qilishdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollarning bir necha kunlik ko‘tarilishi to‘xtadi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekistonda pensiya oluvchilar 4,4 mln nafardan oshdi
