Iqtisodiyot
Toshkentda sanoat zonalari tashkil qilishga moratoriy e’lon qilindi
Prezident farmoniga asosan, O‘zbekistonda “Toza havo” umummilliy loyihasi amalga oshiriladi. Ekologik vaziyatni yaxshilash uchun shoshilinch choralar ko‘rishga mas’ul Maxsus komissiya faoliyati endi faqat Toshkent shahri bilan cheklanmasdan, butun respublikani qamrab oladi. Toshkentda yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy qilindi (xizmatlar sohasidagi zonalar bundan mustasno).
Sun’iy intellektda yaratilgan surat
O‘zbekiston prezidenti atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasi to‘g‘risida farmon imzoladi.
Unga asosan, Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha Maxsus komissiya (2025 yil noyabr oyida tuzilgan) faoliyati 2027 yil 1 martgacha uzaytirildi. Komissiya bundan buyon Ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha respublika Maxsus komissiyasi deb ataladi.
Har bir hudud uchun alohida “Toza havo” dasturlari ishlab chiqiladi.
2026 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahrida yangi sanoat zonalarini tashkil qilishga muddatsiz moratoriy joriy qilinadi. Xizmat ko‘rsatish yoki moliyaviy xizmatlarga ixtisoslashgan zonalar bundan mustasno.
Farmonga binoan:
2026 yil 1 oktyabrdan boshlab Xalqaro standartlashtirish tashkilotining ekologik menejment, issiqxona gazlarini boshqarish, ekologik xavfsizlik va yashil energiya xalqaro sertifikatlarini olib, mahsulotining 30 foizini muqobil energiya hisobiga ishlab chiqargan korxonalarning sertifikatni olish xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismi qoplab beriladi (Ekologiya qo‘mitasi huzuridagi Umummilliy ekologik muammolarni bartaraf etish davlat maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan);
2026 yil 1 maygacha Toshkent shahri hamda unga tutash hududlarda joylashgan issiqlik va elektr energiyasini ishlab chiqarish korxonalarida ustuvor (turg‘un) manbalar bo‘yicha majburiy tartibda avtomatik monitoring stansiyalari va avtomatik kuzatuv postlari o‘rnatiladi hamda ushbu qurilmalardan olinadigan ma’lumotlar Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinadi;
atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi korxonalar tomonidan o‘rnatilgan avtomatik monitoring stansiyalari Ekologiya qo‘mitasining yagona geoaxborot ma’lumotlar bazasiga integratsiya qilinmagan taqdirda, ularga nisbatan atrof tabiiy muhitni ifloslantirgani va chiqindilarni joylashtirgani uchun kompensatsiya to‘lovlari 10 baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi;
2026 yil 1 iyuldan boshlab issiqxonalarni issiqlik bilan ta’minlashda issiqxonalardagi muvofiqlik sertifikati mavjud bo‘lmagan hamda yonish jarayoni nazorat qilinmaydigan qozonlardan foydalanish amaliyoti bekor qilinadi.
Qayd etilishicha, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)dan 100 mln dollar qarz, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB)dan 200 mln dollar davlat kafolatisiz kredit jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishilgan. Bu mablag‘lar tijorat banklari orqali sanoat korxonalariga yashil texnologiyalar, chang-gaz tozalash uskunalari, avtomatik monitoring stansiyalari, energiya samarador uskunalar va lokal suv tozalash inshootlarini sotib olish uchun imtiyozli kreditlar ajratishga yo‘naltiriladi.
Vazirlar Mahkamasiga vazifa yuklatildi: hukumat 2026 yil 1 maydan boshlab 2026 yil 1 dekabrgacha atrof-muhitga ta’siri bo‘yicha I va II toifaga kiruvchi korxonalarda yashil texnologiyalar, chang-gaz tozalash uskunalari, avtomatik monitoring stansiyalari, energiya samarador uskunalar va lokal suv tozalash inshootlarni o‘rnatish rejasini tasdiqlab, ijrosini ta’minlashi kerak.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
