Jamiyat
Toshkentda ov qurollari va yuzlab o‘q-dorilar ixtiyoriy topshirildi
Toshkent shahrida ikki nafar fuqaro marhum yaqinlaridan qolgan o‘qotar qurollar va o‘q-dorilarni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ixtiyoriy ravishda topshirdi. Holatlar Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilayotgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati ma’lum qilishicha, joriy yilning 1 iyulidan respublika bo‘ylab o‘tkazilayotgan «Xavfsiz va sog‘lom yurt» keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlarining ikkinchi bosqichi doirasida o‘qotar qurollarning noqonuniy muomalasiga qarshi qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri davomida Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida yashovchi 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro marhum otasi yashagan xonadondan topilgan 1 dona vintovka, 19 dona o‘qotar ov quroli, 13 dona stvol va kolodka, 117 dona o‘q-dori hamda boshqa ehtiyot qismlarni o‘z ixtiyori bilan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirdi.
DXX va Ichki ishlar vazirligining poytaxt boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan yana bir tadbirda esa Mirobod tumanida yashovchi 1960 yilda tug‘ilgan ayol marhum turmush o‘rtog‘iga tegishli bo‘lgan 2 dona o‘qotar ov quroli va 181 dona o‘q-dorini ixtiyoriy ravishda topshirdi.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarga murojaat qilib, amaldagi qonunchilikka muvofiq, o‘qotar qurollar, o‘q-dorilar va portlovchi moddalarni ixtiyoriy ravishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod etilishini eslatdi.
Jamiyat
Toshkentda onlayn qimor uchun mashina o‘g‘irlagan shaxs qo‘lga olindi
Avtomobillarni yuvish shoxobchasida ishlagan erkak o‘zganing Spark mashinasini boshqarib ketgan. U avtomobilni ehtiyot qismlarga bo‘lib sotgan holda pulini onlayn qimorga tikmoqchi bo‘lganini aytgan.
Foto: YHXB matbuot xizmati
Toshkent shahrida birovning mashinasini o‘g‘irlagan shaxs ushlandi. Bu haqda poytaxt YHXB matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, erkak Yunusobod tumanidagi avtomobillarni yuvish shoxobchasidan Spark mashinasini egasining ruxsatisiz olib qochib ketgan. Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasi hamda YHXB qidiruv bo‘limi xodimlari olib borgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida mashina Bektemir tumanida topilib, gumondor qo‘lga olingan.
“Moyka”dan Spark’ni olib ketib qoldim. Bu yoqqa kelganimga hozir bir soatcha bo‘ldi. Maqsad – “zapchast” qilib sotish edi. Onlayn qimor o‘ynayman. O‘sha O‘shanga pul tikib, yutaman degan maqsadda shu ishni qildim”, degan erkak.
Hozirda holat yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda tergovga qadar tekshiruv va protsessual harakatlar olib borilmoqda.
Toshkent shahar YHXB fuqarolardan mashinalarini qarovsiz qoldirmaslik, kalitlarini begona shaxslarga ishonib topshirmaslik hamda xavfsizlik choralariga qat’iy rioya qilishni so‘ragan.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 267-moddasiga ko‘ra, transport vositasini talon-toroj qilish maqsadida o‘g‘rilik yoki talonchilik yo‘li bilan olib qochish 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jamiyat
Navoiyda noqonuniy oltin qazish vaqtida chuqurlikda qolib ketgan 3 nafar fuqaro qutqarildi
Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida noqonuniy ravishda oltin qazib olishga uringan 4 nafar fuqarodan 3 nafari qazilgan chuqurlikka tushib, tuproq ostida qolib ketdi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruvchilari tomonidan ularning ikki nafari qutqarib olindi, yana bir fuqaro esa qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar mahalliy aholi yordamida chuqurlikdan chiqarildi.
Hodisa 7 iyul kuni soat 04:22 atrofida Navoiy viloyati, Xatirchi tumani, “Angidon” MFY, Quvray qishlog‘i tog‘ hududida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 4 nafar fuqaro noqonuniy ravishda oltin qazib olish maqsadida kon hududiga borgan.
Ulardan 3 nafari noqonuniy qazilgan chuqurlikka tushib ketib, tuproq ostida qolgan. Tashqarida qolgan bir nafar sherigi zudlik bilan atrofdagilar va Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar bergan.
Qutqaruvchilar yetib kelguniga qadar mahalliy aholi va hodisa vaqtida tashqarida bo‘lgan fuqaro sa’y-harakatlari bilan jabrlanganlarning biri chuqurlikdan chiqarib olingan.
FVB qutqaruvchilari voqea joyiga tezkorlik bilan yetib kelib, tuproq ostida qolgan yana ikki nafar fuqaroni qutqarishga muvaffaq bo‘lgan. Qutqarilganlarga dastlabki tibbiy yordam ko‘rsatilib, ular tegishli tibbiyot muassasasiga yuborilgan.
Hodisa yuzasidan tegishli tartibda tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Andijondagi YTH qasddan odam o‘ldirish deya malakalanishi kerak
Andijonda yuz bergan mudhish hodisa ko‘z o‘ngingizda turgan bo‘lsa kerak: katta tezlikda, boz ustiga boshqa avtomobil(lar) bilan poyga o‘ynab harakatlangan Malibu boshqa mashinalar yo‘l bergach piyodalar yo‘lagidan o‘tayotgan buvi va uning ikki nabirasini majaqlab ketdi.
Haydovchiga Jinoyat kodeksining 266-moddasi tegishli bandi, ya’ni odam o‘limiga sabab bo‘lgan yo‘l transport hodisasi sodir etish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov ketmoqda.
Ammo bu malakalash xato. Qilmish qasddan sodir etilgan jinoyat sifatida e’tirof etilishi va Jinoyat kodeksining mos moddalariga qayta malakalanishi lozim. Bunga qonunlarda yetarli asoslar mavjud. Sud amaliyotida ham bu tajriba bor. Shular haqida muallifning nuqtai nazari bilan bo‘lishamiz.
Oliy sud Plenumining 2015 yil 26 iyundagi 10-sonli qarori 10-bandida Jinoyat kodeksi 266-moddasida nazarda tutilgan jinoyat harakatlanish yoki transport vositalaridan foydalanish yoki boshqa qoidalar buzilishi xususiyatidan qat’ii nazar, ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgan, deb e’tirof etiladi, chunki, bunda aybdor barcha hollarda o‘z-o‘ziga ishonish yoki beparvolik bilan harakat qiladi. Agar aybdor harakatlanish yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini qasddan buzsa, uning qilmishi Jinoyat kodeksining qasddan sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tegishli moddalari bo‘yicha kvalifikatsiya qilinishi lozim.
Oliy sud Plenumining yana bir qarorida agar aybdor o‘z harakatining ijtimoiy xavfli ekanligini anglasa, jabrlanuvchi badaniga muayyan darajada shikast yetkazishi mumkinligiga ko‘zi yetsa va shuni xohlasa yoinki xohlamasada, bunga ongli ravishda yo‘l qo‘ysa yoki o‘z qilmishidan kelib chiqadigan oqibatlarga befarq qarasa, barcha qilmish aslida kelib chiqqan oqibatlar bo‘yicha kvalifikatsiya qilinishi lozimligi aytiladi.
Malibu haydovchisi harakatlariga e’tibor qaratamiz:
katta tezlikda harakatlanayotgani ko‘rinadi (bir nechta kameralarga yozib olingan);
yo‘nalishdagi avtomobillar piyodalarni o‘tkazib yuborish uchun harakatni to‘xtatgan;
60 Z 511 ZZ raqamli Malibu esa bo‘sh turgan birinchi polosadan katta tezlikda kelyapti va o‘z yo‘lidan harakatlanayotgan piyodalarni urib (uchirib) o‘tib ketgan.
Ma’lumot uchun, ikki piyoda (ayol va uning 4 yoshli nabirasi) hodisa joyining o‘zida vafot etgan. 4 yoshli Yusufjon Malibu’ning tagiga qisilib qolgan va mashina uni 100 metrgacha sudrab borgan.
Ushbu argumentlar aybdor yo‘l harakati qoidalarining tezlikni oshirish va piyodalarga yo‘l bermaslik qoidalarini qasddan buzganini ko‘rsatmoqda.
Bundan kelib chiqadiki, Andijondagi bu hodisa qasddan sodir etilgan jinoyat deya e’tirof etilishi va oqibatlariga qarab malakalanishi lozim.
Hodisada ikki shaxs vafot etgani inobatga olinsa, qilmish kamida Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish), maksimumda 97-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi (ikki va undan ortiq shaxsni qasddan o‘ldirish) bilan malakalanishi lozim.
Bunga oid tergov va sud amaliyoti mavjud
Joriy yil fevralida Toshkentda 15 yoshli o‘smir YHXBB xodimini BMW x5 mashinasida urib ketdi. Xodim vafot etdi. Ushbu qilmish tergov organi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi uchinchi qismi “d” bandi (jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bilan malakalanib sudga yuborildi.
Yan bir misol: 2024 yil 12 may kuni fuqaro O.A. BYD XAN mashinasini boshqarib borayotib, Chilonzor tumanida hizmat olib borayotgan YPX katta inspektori U.Usmanovning to‘xtash haqidagi qonuniy talablarini bajarmagan. U qochib, Muqimiy ko‘chasi bo‘ylab yo‘l-harakati qoidalari rioya qilmagan holda 152 km/soat tezlikda harakatlangan va mazkur hududda xizmat olib borayotgan YPX inspektori X.Sharipovni urib ketib, unga og‘ir tan jarohati yetkazgan.
JIB Chilonzor tuman sudining 2025 yil noyabridagi hukmi bilan O.A. Jinoyat kodeksi 104-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan aybli deb topilgan va 6 yilga ozodlikdan mahrum qilingan.
Sud hukmni asoslashda Oliy sud Plenumining aynan biz maqolada tilga olgan qarorlari asos qilib keltirilgan.
Andijondagi voqea nima uchun og‘irroq moddaga qayta malakalanishi kerak?
Statistika shuni ko‘rsatmoqdaki, 2025 yilda O‘zbekistonda 2 188 kishi YTH oqibatida vafot etgan, 8 901 kishi esa turli darajada jarohatlangan. Jinoyat kodeksining 266-moddasidagi jazo yengil ekanidan rulda o‘tirgan haydovchilar mas’uliyatni yetarli darajada xis qilmayotganday.
Jinoyat ishi sudga oshirilganda mavzuga yana qaytamiz.
Dilshod Abduqodirov,
huquqshunos
Jamiyat
«Tashabbusli budjet»ning 11-mavsumi 15 iyuldan start oladi
Joriy yilning 15 iyul kunidan «Tashabbusli budjet» jarayonining 2026 yilgi ikkinchi mavsumi boshlanadi. Fuqarolar o‘z hududidagi muammolarni hal etishga qaratilgan loyihalarini 3 avgustga qadar taqdim etishi mumkin.
2026 yilgi ikkinchi mavsum «Tashabbusli budjet» loyihasi joriy etilganidan buyon o‘tkazilayotgan o‘n birinchi mavsum hisoblanadi.
Tasdiqlangan jadvalga ko‘ra, 15 iyuldan 3 avgustgacha loyihalar qabul qilinadi. Shundan so‘ng 4–18 avgust kunlari loyihalar saralab olinadi.
19–21 avgust kunlari tashabbuslarni targ‘ib qilish bosqichi o‘tkaziladi. 22–31 avgust kunlari esa aholi loyihalar uchun ovoz beradi.
An’anaviy ovoz berish yakunlariga ko‘ra g‘olib deb topilgan loyihalar 1 sentabr — O‘zbekiston Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan e’lon qilinadi. Shuningdek, 1–10 sentabr kunlari qo‘shimcha g‘oliblarni aniqlash bosqichi ham o‘tkaziladi.
Mas’ullar fuqarolarni jarayonda faol ishtirok etishga, mahallasi va yashash hududini yanada obod qilishga qaratilgan tashabbuslar bilan qatnashishga chaqirmoqda.
Jamiyat
Xitoyda og‘ir xastalikka chalingan vatandosh qo‘llab-quvvatlandi
Xitoyning Xebey provinsiyasida ko‘krak bezi saratoni tashxisi qo‘yilgan O‘zbekiston fuqarosiga diplomatik vakolatxona tomonidan konsullik va gumanitar yordam ko‘rsatildi. Davolanish xarajatlarini kamaytirishga ko‘maklashildi, shuningdek, yetti yildan buyon ko‘rishmagan ona va qizning uchrashuvi tashkil etildi.
«Dunyo» axborot agentligi ma’lum qilishicha, Xitoy fuqarosi bilan turmush qurgan hamyurtimiz T.M. ayni paytda Xebey provinsiyasida yashab, ikki nafar farzandni tarbiyalab kelmoqda. Unda ko‘krak bezi saratoni aniqlangani munosabati bilan O‘zbekiston diplomatlari uning holatini alohida nazoratga olgan.
Diplomatik vakolatxona xodimlari bemor davolanayotgan tibbiyot muassasasi bilan muzokaralar o‘tkazib, muhim tibbiy muolajalar narxini kamaytirishga erishdi. Ma’lum qilinishicha, fuqaroga 16 bosqichdan iborat kimyoterapiya kursi tayinlangan.
Shuningdek, vaziyatning humanitar jihatiga ham e’tibor qaratildi. Qayd etilishicha, vatandosh qariyb yetti yil davomida Andijon shahrida yashovchi onasi bilan uchrasha olmagan. Diplomatik missiya ko‘magida aviachipta xarid qilinib, onasining Toshkent–Pekin–Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha safari tashkil etildi. Shu tariqa uzoq kutilgan oilaviy uchrashuv ta’minlandi.
Diplomatik vakolatxona xodimlari fuqaroning yashash va davolanish joyiga tashrif buyurib, uning ahvolidan xabar oldi hamda ma’naviy qo‘llab-quvvatladi.
Bundan tashqari, Xebey provinsiyasida Xitoy fuqarolariga turmushga chiqqan 20 nafarga yaqin o‘zbekistonlik ayol ishtirokida uchrashuv o‘tkazildi. Tadbirda ularga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosati va konsullik xizmatlari haqida ma’lumot berildi.
Diplomatlar xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash hamda ularning ijtimoiy moslashuviga ko‘maklashish doimiy e’tiborda ekanini ta’kidladi.
-
Siyosat4 days agoO‘zbekiston va Gruziya strategik sheriklik deklaratsiyasini imzoladi
-
Jamiyat4 days agoO‘zbekistonda ayollar umr ko‘rish bo‘yicha erkaklardan oldinda
-
Siyosat4 days agoShavkat Mirziyoyev Gruziyaning oliy milliy mukofoti bilan taqdirlandi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Dollar kursida keskin pasayish yuz berdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Iyunda eskrou orqali 34 mingdan ortiq bitim rasmiylashtirildi
-
Jamiyat4 days agoOliy sud Plenumida inson huquqlari va sud amaliyotiga oid muhim qarorlar qabul qilindi
-
Jamiyat4 days agoToshkentda qurilish tashkiloti markaziy kanalizatsiya quvurini uzib yubordi
-
Sport4 days agoJahon chempionatida bir nechta futbolchi doping bilan qo‘lga tushdi
