Iqtisodiyot
Toshkentda oltinchi «INNOPROM. Markaziy Osiyo» ko‘rgazmasi o‘tkaziladi
2026 yilning 20-22 aprel kunlari Toshkent shahrida oltinchi marotaba «INNOPROM. Markaziy Osiyo» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Hududning bosh sanoat ko‘rgazmasi maqomini olgan tadbirda O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Belarus, Turkiya, Xitoy va boshqa mamlakatlardan davlat idoralari vakillari, investorlar va ishlab chiqaruvchilar ishtirok etadi.
Ko‘rgazmaning yuksak nufuzi 2025 yilda «INNOPROM. Markaziy Osiyo»ga ilk bor O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashrif buyurganida e’tirof etildi. Davlat rahbari ishtirokchi bo‘lgan yirik kompaniyalarning top-menejmenti bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazib, sanoat kooperatsiyasi va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish sohasidagi strategik loyihalarni muhokama qildi. 2025 yilda ko‘rgazmaga dunyoning 35 dan ortiq mamlakatidan 11 ming nafardan ziyod kishi tashrif buyurdi, 500 dan ortiq eksponent sifatidagi kompaniyalar esa o‘z texnologik yechimlarini namoyish etdi.
Bu yilgi tadbir texnologik sheriklik yo‘nalishini davom ettiradi. Ko‘rgazmada Rossiya tomonidan TMX, Rosatom, Arnest Yunirus, Tatneft, KAMAZ, MMK, Rostex, Natsproyektstroy va boshqa yirik korxonalar ishtirok etadi. An’anaga ko‘ra, Rossiya eksport markazi (REM) eksport qiluvchilarga keng ko‘lamli yordam ko‘rsatadi. Shuningdek, O‘zbekistonlik hamkorlar bilan bevosita ishlab chiqarish zanjirlarini rivojlantirishni maqsad qilgan Rossiya Federatsiyasining Moskva shahri, Tatariston Respublikasi, Boshqirdiston Respublikasi, Chelyabinsk viloyati kabi hududlari ham o‘z imkoniyatlarini taqdim etadi. Bundan tashqari, ko‘rgazmada O‘zbekiston, Belarus, Xitoy va Turkiya kompaniyalari ham qatnashadi.
2026 yilda ko‘rgazmada sanoatning barcha sohalari uchun zamonaviy texnologiyalarning ko‘p yo‘nalishlarga egaligi namoyish etiladi: shahar muhiti va transport tizimlarini rivojlantirish yechimlaridan tortib murakkab sanoat uskunalari va ishlab chiqarishni avtomatlashtirishgacha. Shunday qilib, tashrif buyuruvchilar muhandislik infratuzilmasini nazorat qilishning intellektual tizimi, avtomobillar, vertolyotlar va tezyurar poyezdlar modellari, uchuvchisiz uchish apparatlari, sun’iy intellektga ega ta’lim dronlari, sanoat ishlari uchun robotlashtirilgan texnika, ishlab chiqarish liniyalari uchun mashina ko‘rish tizimiga asoslangan raqamli platforma, binolarni avtonom energiya bilan ta’minlashni tashkil etish tizimi va boshqa ko‘plab imkoniyatlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘radilar.
Ishbilarmonlik dasturining asosiy voqeasi 20 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan Bosh plenar sessiya hisoblanadi. Taklif etilgan spikerlar orasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Rossiya Federatsiyasi Hukumati Raisining birinchi o‘rinbosari Denis Manturov, Qozog‘iston Respublikasi Sanoat va qurilish vaziri Yersayin Nagaspayev, Qirg‘iziston Respublikasi Iqtisodiyot va savdo vaziri Sidikov Bakit, Tojikiston sanoat va yangi texnologiyalar vaziri Sherali Kabir, Turkmaniston sanoat va qurilish sohasida ishlab chiqarish vaziri Toyguli Nurov, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining sanoat va agrosanoat majmuasi bo‘yicha hay’at a’zosi (Vazir) Goar Barsegyan, shuningdek, xalqaro delegatsiyalar rahbarlari, sanoat kompaniyalari va tarmoq birlashmalari boshliqlari ishtirok etishadi.
Batafsil ma’lumot olish va bepul ro‘yxatdan o‘tish uchun tadbirning rasmiy veb-saytiga tashrif buyuring: https://centralasia.biwexpo.com/registration-visitor
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
