Jamiyat
Toshkentda hayit namozi munosabati bilan harakat cheklanadigan ko‘chalar ro‘yxati e’lon qilindi
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining Qurbon hayiti kuni 6-iyunga to‘g‘ri kelishi haqidagi qarorini inobatga olib, 2025-yilning 6 iyun kuni poytaxtdagi 122 ta masjidda hayit namozi o‘qilishi kutilmoqda.
Hayit namozini yuqori saviyada va tartibli o‘tkazish, fuqarolarga zarur shart-sharoit yaratish va ularning xavfsizligini ta’minlash maqsadida 6 iyun soat 00:00 dan 08.00 gacha poytaxtning qator ko‘chalari va yo‘llarida avtotransport vositalarining harakati vaqtincha cheklanadi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.
Transport vositalari harakati cheklanadigan ko‘chalar ro‘yxati:
Mirzo Ulug‘bek tumani
«To‘ra buva» masjidi oldidagi Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi — Sho‘rtepa ko‘chasidan, Buyuk Ipak yo‘li — Sultoniya ko‘chasigacha.
Bektemir tumani
«Xo‘ton» masjidi oldidagi Bektemir shohko‘chasi — Husayn Boyqaro ko‘chasidan, Bektemir yo‘li ko‘chasigacha.
Olmazor tumani
«Islomobod» masjidi oldidagi KHAY ko‘chasi, KHAY — Sag‘bon ko‘chalari chorrahasidan, Nurafshon — Sag‘bon ko‘chalari chorrahasigacha.
«Hazrati imom» masjidi oldidagi Qorasaroy ko‘chasi, Qorasaroy — Nurafshon ko‘chalari chorrahasidan, Qorasaroy — Abdulla Qodiriy ko‘chalari chorrahasigacha.
«Do‘stjonboy» masjidi oldidagi Sag‘bon — Sag‘bon 12-tor ko‘chalari kesishmasidan, Keles yo‘li — Noraztepa ko‘chalari chorrahasigacha.
Shayxontohur tumani
«Shayx Zayniddin» masjidi oldidagi Ko‘kcha Darvoza — Nurafshon ko‘chalari chorrahasidan, Ko‘kcha Darvoza — Beshqayrag‘och ko‘chalari chorrahasigacha.
«Xo‘ja Allambardor» masjidi oldidagi Bunyodkor — Kamolon ko‘chalari chorrahasidan, Kamolon — Ustazoda 2-tor ko‘chalari chorrahasigacha.
«Kox ota» masjidi oldidagi Sebzor ko‘chasi, Nurafshon — Sebzor ko‘chalari chorrahasidan, Nurafshon — Labzak ko‘chalari chorrahasigacha.
Chilonzor tumani
«Ubay ibn Ka’b» masjidi oldidagi Al Xorazmiy ko‘chasi, Al Xorazmiy — Xirmontepa ko‘chalari chorrahasidan, Al Xorazmiy — Katta qani chorrahasigacha.
«Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf» masjidi oldidagi So‘galli ota ko‘chasi, Al Xorazmiy — So‘galli ota ko‘chalari kesishmasidan, Xonabod 2-berk ko‘chasidan — So‘galli ota ko‘chasigacha.
«Novza» masjidi oldidagi Bunyodkor — Muqimiy ko‘chalari kesishgan ko‘prik ostidan, Oliy Majlis binosi qarshisigacha.
Uchtepa tumani
«Abdulloh ibn Ma’sud» masjidi oldidagi Lutfiy ko‘chasi, Lutfiy — Xirmontepa ko‘chalari chorrahasidan, Lutfiy — Katta qa’ni ko‘chalari chorrahasigacha.
«Hazrati Ali» masjidi oldidagi Nazarbek — Mahorat ko‘chalari chorrahasidan, Nazarbek — Zamaxshariy 1-tor ko‘chalari chorrahasigacha.
Yunusobod tumani
«Minor» masjidi oldidagi KHAY ko‘chasi, KHAY — Ko‘rgazma ko‘chalari chorrahasidan, KHAY — Sh.Rashidov ko‘chalari chorrahasigacha.
«Mirzo Yusuf» masjidi oldidagi Bog‘ishamol ko‘chasidan, Shivli ko‘chasigacha.
Yakkasaroy tumani
«Usmon bin Ma’zun» masjidi oldidagi KHAY ko‘chasi, KHAY — Qushbegi chorrahasidan, KHAY — Fayzli Toshkent ko‘chalari chorrahasigacha.
Sergeli tumani
«Nurul Islom» masjidi oldidagi THAY — Fayzli Toshkent ko‘chalari chorrahasidan, THAY — Qumariq ko‘chalari chorrahasigacha.
Yashnobod tumani
«Islom ota» masjidi oldidagi Farg‘ona yo‘li ko‘chasi, Farg‘ona yo‘li — Fitrat ko‘chalari chorrahasidan, Farg‘ona yo‘li — Tolimarjon ko‘chalari chorrahasigacha.
Mirobod tumani
«Qo‘yliq ota» masjidi oldidagi THAY ko‘chasi — Qo‘yliq bozori ko‘prik ostidan, THAY — Munis ko‘chalari chorrahasigacha cheklanadi.
Masjidlar joylashgan boshqa ko‘chalarda ham avtotransport vositalarining harakati vaqtincha cheklanadi.
Fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida 6-iyun kuni Toshkent shahridagi jamoat transportlari ya’ni avtobus yo‘nalishlari va metropoliten soat 03:00 dan o‘z harakatini boshlaydi.
Jamiyat
Qamchiq dovonida sotuvchini miltiq bilan jarohatlagan erkak 4 yildan ko‘proqqa qamaldi
33 yoshli erkak qo‘lida miltiq bilan do‘konga kirib kelgan va sotuvchi ayolning boshiga urgan. So‘ngra rastadan oshib o‘tib, unga tan jarohati yetkazgan. Sud erkakni o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish va bezorilik jinoyatini sodir qilishda aybli deb topdi.
Ohangaronda do‘konga qurol bilan bostirib kirib, sotuvchiga tahdid qilgan erkak jinoiy jazoga tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmiga ko‘ra, 1992 yilda tug‘ilgan D.K. 2025 yil 22 oktyabr kuni tunda Qamchiq dovonidagi do‘konda savdo qiluvchi Sh.N.ning oldiga borgan. Ular avvaldan o‘zaro tanish bo‘lishgan. Erkak Sh.N.ni o‘ldirish bilan qo‘rqitib, qo‘lidagi miltiq bilan uning bosh qismiga urgan. Oqibatda sotuvchi ayol jarohatlangan.
D.K. sudda aybiga qisman iqrorlik bildirib, ayolni o‘ldirish niyati bo‘lmaganini aytgan. Erkak o‘z ko‘rsatmasida Sh.N. bilan oila qurmoqchi bo‘lganini, Rossiyada ishlab yurganida uy olish uchun unga pul jo‘natganini, so‘ngra undan shu pullarni so‘ray boshlaganini aytgan.
“Turli bahonalarni aytib, meni aldab keldi. O‘sha kuni ov qurolim va 2 dona patronni olib, hovlida yurgan daydi itlarni otish uchun uydan chiqdim. Shu orada unga qo‘ng‘iroq qilib, olgan narsa va buyumlaringni berib yubordingmi, deb so‘radim. U “Vaqtim bo‘lmayapti, har kuni ishdaman” dedi. Shunda tayyorlab qo‘yishini, o‘zim borib olib ketishimni aytdim. So‘ng ko‘chada bo‘lganim sababli pivo ichdim.
Shu orada taksi chaqirdim. Ov qurolimni uyga tashlab chiqishga erinib, o‘zim bilan birga olib ketdim. U ishlaydigan do‘konga bordim. Oldiga kirib, o‘zimning narsalarimni so‘ragan vaqtimda u meni eshitishni istamasdan, gap qaytardi. Shunda bosh qismiga ov qurolimning qo‘ndog‘i bilan bir marotaba urdim”, degan u sudda.
Jabrlanuvchi Sh.N. esa haqiqatan ham D.K. Rossiyadan pul jo‘natganini, uning ma’lum qismini o‘rtog‘i olib ketganini, yana bir qismini esa uning o‘zi bo‘lib-bo‘lib olganini aytgan.
“Shundan keyin oramizga sovuqchilik tushib, tez-tez urishadigan bo‘ldik. U meni o‘zining uyida ov miltig‘i bilan o‘ldirishini aytib, qo‘rqitib keldi. Ushbu holat bo‘yicha uning yaqin qarindoshlariga ham bir necha marotaba aytganman. Shunda ham u o‘ziga tegishli xulosa chiqarmasdan, menga tazyiq o‘tkazishda davom etib keldi”, degan ayol o‘z ko‘rsatmasida.
JIB Ohangaron tuman sudining 2026 yil 1 apreldagi hukmi bilan D.K. Jinoyat kodeksining 112-moddasi (o‘ldirish yoki zo‘rlik ishlatish bilan qo‘rqitish) 1-qismi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “b” bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 4 yil 3 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazoni manzil koloniyalarda o‘tash belgilandi.
D.K. Qamchiq dovonidagi savdo do‘koniga miltiq bilan bostirib kirib, sotuvchini urgani avvalroq xabar qilingandi. Oradan ko‘p o‘tmay u qamoqqa olingandi.
Jamiyat
Buk-kafe ochgan tadbirkorlarga imtiyoz beriladi
2026 yilda Farg‘ona viloyatidagi 100 ta mahallada namunaviy mahalla kutubxonalari tashkil etiladi. Buk-kafe ochgan tadbirkorlarga soliq va ijara to‘lovlaridan imtiyoz beriladi.
Axborot xurujlari avj olayotgan hozirgi davrda yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni ommalashtirish har qachongidan ham dolzarb. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasidagi yig‘ilishda aytib o‘tdi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, shu maqsadda 2026 yilda viloyatdagi 100 ta mahallada namunaviy mahalla kutubxonalari tashkil etiladi, buk-kafe ochgan tadbirkorlarga soliq va ijara to‘lovlaridan imtiyoz beriladi.
Shavkat Mirziyoyev “Burhoniddin Marg‘inoniy” ilmiy-ma’rifiy va turizm majmuasida har ikki yilda Xalqaro kitobxonlik festivalini o‘tkazish, ushbu tadbirga dunyoning mashhur yozuvchi va shoirlarini taklif qilish tashabbusini bildirdi.
Prezident o‘zbek adabiyoti tarixida Qo‘qon adabiy muhitining o‘rni beqiyos ekani, bu zaminda 300 dan ziyod shoir va adib yashab ijod qilganini ham qayd etdi.
Shunday adiblarni yetishtirgan Qo‘qon UNESCO’ning “Adabiyot shahri” maqomini olishga ham munosib. Lekin bunday boy meros haligacha tizimli o‘rganilmagani, ilmiy tadqiqotlar olib borilmagani qayd etildi
Shu bois, Qo‘qon adabiy muhiti antologiyasi va elektron platformasini yaratish, Adabiyot va ijod maktabini tashkil etish taklif qilindi.
Jamiyat
Navoiyda maktab o‘quvchilari boshqaruvidagi mashina YTHga uchradi
Hodisa Karmana tumanida sodir bo‘lgan. YTH oqibatida 16 yoshli yigit vafot etgan. Yana bir o‘quvchi shifoxonada qolmoqda.
Karmana tumanida maktab o‘quvchilari ishtirokida YTH sodir bo‘ldi. Bu haqda Navoiy viloyati IIB YHXB axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, YTH 22 aprel kuni soat 21:00 lar atrofida tumanning Malik mahallasi hududida sodir bo‘lgan. Ichida Hazora qishlog‘idagi 22-umumta’lim maktabining ikki o‘quvchisi bo‘lgan Cobalt yo‘ldan chiqib ketgan.
YTH oqibatida 9-sinf o‘quvchisi I.H. shifoxonada vafot etgan. 11-sinf o‘quvchisi esa tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Navoiy viloyati IIB YHXB maktabda yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokida muhokama yig‘ilishi o‘tkazgan.
Kun.uz’ning aniqlik kiritishicha, mashina shifoxonadagi o‘quvchining otasiga tegishli bo‘lgan. Biroq u rulni sherigiga berganini aytmoqda. Mashinani kim boshqarganini aniqlash uchun ekspertiza tayinlanishi mumkin.
Avvalroq Navoiyda YTH oqibatida 5 kishi halok bo‘lgandi.
Jamiyat
O‘zbekistonda uch oyda 62 kishi ish joyidagi baxtsiz hodisalarda halok bo‘ldi
Yanvar-mart oylarida mehnat faoliyati bilan bog‘liq 198 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Ularning 49 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan. Eng ko‘p baxtsiz hodisa sanoat va qurilish sohalarida qayd etilgan.
O‘zbekistonda 2026 yilning 1-choragida 62 kishi mehnat faoliyati bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar oqibatida halok bo‘lgan. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, yanvar-mart oylarida respublikada mehnat faoliyati bilan bog‘liq 198 ta baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan. Ularning 9 tasi guruhiy, 139 tasi og‘ir oqibatli, 49 tasi esa o‘lim bilan yakunlangan.
Baxtsiz hodisalar oqibatida:
146 kishi og‘ir tan jarohati olgan;
15 kishi yengil jarohatlangan;
62 kishi vafot etgan.
Sohalar kesimida sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar:
sanoat – 71 ta;
qurilish – 54 ta;
qishloq va suv xo‘jaligi – 9 nafar;
savdo va xizmat – 8 nafar;
transport – 8 ta;
ta’lim – 4 nafar;
sog‘liqni saqlash – 4 nafar.
Hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkich Toshkent shahrida kuzatilgan – 44 ta baxtsiz hodisa. Keyingi o‘rinlarda Surxondaryo (36 ta), Toshkent (29 ta), Navoiy (18 ta), Buxoro (16 ta), Andijon (15 ta) viloyatlari qayd etilgan.
O‘zbekistonda 2025 yilda ishdagi baxtsiz hodisalarda 248 ta o‘lim kuzatilgandi.
Jamiyat
O‘zbekistonda har ming oiladan 175tasi ajrashadi – tadqiqot
Hududlar kesimida Toshkent shahri, Sirdaryo va Toshkent viloyatida ajrimlar soni ko‘pligi kuzatilmoqda.
2025 yil holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda nikoh barqarorligi koeffitsiyenti 175,6 promilleni tashkil etdi. Bu 1000 ta nikohga o‘rtacha 175 ta ajrim to‘g‘ri kelishini anglatadi.
Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti tahlillariga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich xalqaro miqyosda past bo‘lib, O‘zbekistondagi ajrimlar darajasi ko‘plab boshqa davlatlarga nisbatan «ancha kam ekanini» ko‘rsatadi.
Xususan, nikoh barqarorligi koeffitsiyenti Moldovada – 642,7, Ozarbayjonda – 431,9, Qozog‘istonda – 328,2, Qirg‘izistonda esa – 289,6 promilleni tashkil etadi.
“Tahlillardan ko‘rinadiki, O‘zbekistonda ajrimlar darajasi xalqaro ko‘rsatkichlarga nisbatan ancha past bo‘lib, bu jamiyatda oilaviy qadriyatlar ustuvor ekanini va nikohlar barqarorligini ko‘rsatadi”, deyiladi xulosada.
Oila va gender instituti tayyorlagan nikoh barqarorligi haritasi
Hududlar kesimida tahlil qilinganda, Qashqadaryo, Xorazm va Surxondaryo viloyatlarida nikoh barqarorligi yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Toshkent shahri, Sirdaryo va Toshkent viloyatida esa ajrimlar nisbatan yuqoriroq ekani kuzatilmoqda.
-
Iqtisodiyot5 days ago“QQSni oson qaytarib olish ta’minlanmasa, stavkani 6 foizga tushirishni taklif qilamiz” – Davron Vahobov
-
Dunyodan5 days ago
Buyuk Britaniyada “chekmaydigan avlod” dunyoga keldi
-
Dunyodan5 days ago
Eron oliy rahbari yuzi va oyog‘idan jiddiy jarohat oldi
-
Siyosat5 days ago
Shavkat Mirziyoyev Mirzo Ulug‘bek tumani hokimligiga tashrif buyurdi
-
Siyosat4 days agoYevropa Ittifoqi Rossiya mudofaa sanoatiga xomashyo yetkazib bergan ikki O‘zbekiston shirkatiga sanksiyalar kiritdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Ikki oyda xorijga 466,6 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari sotildi
-
Jamiyat2 days agoJomboyda mast haydovchi YTH sodir etdi
-
Dunyodan2 days ago
AQSh Eronga qarshi urush uchun har soniyada 11,5 ming dollar sarflamoqda
