Jamiyat
Toshkentda 40 ta zamonaviy AYoQSh qurish rejalashtirilmoqda
Toshkent shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida 40 ta zamonaviy avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasini barpo etish rejalashtirilmoqda. Tegishli manzilli ro‘yxat xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori bilan tasdiqlandi.
Qarorga muvofiq, poytaxtning turli tumanlarida davlat-xususiy sheriklik (DXSh) asosida amalga oshiriladigan infratuzilma loyihalarining manzilli ro‘yxati tasdiqlangan.
Unga ko‘ra, Sergeli, Bektemir, Chilonzor, Yangihayot, Mirzo Ulug‘bek, Yashnobod, Olmazor, Uchtepa va Yunusobod tumanlarida jami 40 ta zamonaviy avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchasi tashkil etiladi.
Loyihalar 10 yillik davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilishi belgilangan.
Shuningdek, qaror doirasida Olmazor va Chilonzor tumanlarida zamonaviy fudkort, sport maydonchalari hamda avtoturargohlarni o‘z ichiga olgan majmualarni barpo etish bo‘yicha loyihalar ham tasdiqlangan.
Mutasaddilarga mazkur obektlarni shaharsozlik normalari va amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq amalga oshirilishini ta’minlash vazifasi yuklatildi.
Jamiyat
1,5 gektar yerni «sotish» bahonasida 750 ming dollar so‘ragan shaxs ushlandi
Toshkent viloyatida davlat zaxirasidagi 1,5 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berishni va’da qilgan shaxs 750 ming dollar talab qilib, oldindan 20 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan yer maydonini noqonuniy rasmiylashtirib berish bilan bog‘liq holat fosh etildi.
Aniqlanishicha, Toshkent shahrida yashovchi, 1979 yilda tug‘ilgan shaxs tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroning ishonchiga kirib, Yangiyo‘l tumanida joylashgan va davlat zaxirasida bo‘lgan 1,5 gektar yer maydonini arxitektura hamda kadastr tizimlarida ishlovchi mansabdor tanishlari orqali uning nomiga rasmiylashtirib berishini aytgan.
Evaziga u 750 ming AQSh dollari talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi so‘ralgan mablag‘ning bir qismi sifatida oldindan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolarni shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelgan taqdirda idoraning 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilishga chaqirdi. Ma’lum qilinishicha, murojaat etuvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Farg‘onada membranali suv havzasida bir kishi cho‘kib ketdi
Farg‘ona viloyatining Bog‘dod tumanida joylashgan fermer xo‘jaliklaridan birida baxtsiz hodisa yuz berdi. Membranali qoplamali suv havzasiga tushib ketgan fuqaro halok bo‘ldi.
Foto: FVV / Videodan kadr
Kecha, 3 iyun kuni Farg‘ona viloyati Bog‘dod tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan birida inson o‘limi bilan bog‘liq baxtsiz hodisa sodir bo‘ldi.
Ma’lum qilinishicha, membranali qoplama asosida qurilgan suv havzasiga tushib ketgan fuqaro cho‘kib halok bo‘lgan.
Mazkur holatdan so‘ng Favqulodda vaziyatlar vazirligi mutaxassislari membranali qoplamali suv rezervuarlaridan foydalanuvchi fermerlarni xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.
Ta’kidlanishicha, bunday suv havzalari atrofi to‘sib qo‘yilishi, ogohlantiruvchi belgilar o‘rnatilishi hamda ularga begonalar va bolalarning yaqinlashishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozim.
Mutaxassislarga ko‘ra, xavfsizlik talablariga amal qilmaslik nafaqat fermer xo‘jaligi xodimlari, balki atrofdagi aholi uchun ham jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Jamiyat
Ayrim toifa tadbirkorlarga alkogol va sigaretani naqd pulga sotishga ruxsat beriladi
Joriy yil 26-may kuni imzolangan «Kichik biznes subyektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi Prezident farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-iyundan soliq solishning umumbelgilangan tartibiga o‘tish uchun belgilangan chegaraviy miqdor BHMning 12 ming baravari etib belgilandi.
Shuningdek, 2026-yil 1-iyundan mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar tomonidan:
alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishda naqd pul to‘lovlarini qabul qilishga ruxsat beriladi;
alkogol mahsulotlari xarid qilinganda raqamli markirovka kodlari ushbu subyektlarda yakuniy iste’molga realizatsiya qilingan deb e’tirof etiladi.
Umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun:
ayrim toifadagi xodimlarni mehnat organlarining mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tarzda shu kunning o‘zida va muayyan muddatga rasmiylashtirish va ish haqini to‘lash tartibi joriy etiladi;
to‘langan QQSning bir qismini qaytarish, tushumning naqd pulsiz shaklda tushgan ulushidan qat’i nazar, to‘langan soliq summasining 40 foizi miqdorida amalga oshiriladi.
Jamiyat
Guvohnomasi yo‘q ikki yigitchaning poygasi o‘limlar bilan tugadi
Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida 17 va 20 yoshli yigitlar – ular o‘zaro tanish va ikkalasining ham haydovchilik guvohnomasi yo‘q – Damas va Nexia avtomobillarida tungi vaqtda poyga o‘ynab, avtohalokatga uchradi. Oqibatda ikki kishi: o‘smir yigit va narigi mashinadagi bir yo‘lovchi halok bo‘ldi.
YHXX e’lon qilgan reportajdan kadr
Voqea 28 may soat 23:50 larda tumanning Chaqar mahallasi hududida ro‘y bergan.
IIV YHXX xabariga ko‘ra, Damas’ni 2009 yilda tug‘ilgan, hali haydovchilik yoshiga yetmagan yigit boshqargan. Avtomobilda undan tashqari yana 4 nafar tengqurlari ham bo‘lgan.
Nexia rulidagi shaxs esa ularning tanishi – 2006 yilda tug‘ilgan, haydovchilik guvohnomasi yo‘q erkak bo‘lgan.
Ikkala mashina kimo‘zarga o‘ynab, bir yo‘nalishda harakatlanayotgan paytda halokatga uchragan. Oqibatda Damas’ning 17 yashar haydovchisi va Nexia’dagi yo‘lovchi vafot etgan. Qolganlar turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.
YHXX reportajidan ma’lum bo‘lishicha, 20 yoshli Nexia haydovchisi guvohnomasi bo‘lmasa-da, avvaldan avtomobil haydab yurgan, mahalla ahlining bundan xabari bo‘lgan.
“Farzand tarbiyasida umuman rahm qilmaslik kerak ekan-da, otib tashlasa ham… Kalit joyida bo‘lmaganda minib keta olmasdi”, – degan haydovchilardan birining otasi.
Ichki ishlar organlari hodisa yuzasidan mahallada jamoatchilik muhokamasini tashkil etgan.
“Ikkita-uchtadan o‘g‘il hammada bor, lekin biz [mashinani] bolalarimizga bermaymiz. Pravasi bor haydaydi! Shuning uchun ota-onalarga jarimani bosish kerak, komandir”, – degan keksalardan biri.
Rasmiy reportajda voqeaga mahalla-ko‘y va yoshi kattalarning befarqligi, jamoatchilik nazoratining sustligi va ta’siri yo‘qligi sabab bo‘lgani ta’kidlangan.
Jamiyat
O‘zbekistonda 4 ming yillik jarrohlik amaliyoti izlari topildi
Surxondaryo viloyatidagi Jarqo‘ton arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar davomida bronza davriga mansub bola bosh suyagida trepanatsiya izlari aniqlandi. Olimlar bu topilmani Markaziy Osiyoda qadimgi jarrohlik amaliyoti mavjud bo‘lganining muhim dalillaridan biri sifatida baholamoqda.
Turkiyaning arxeologiya sohasidagi nufuzli nashrlaridan biri bo‘lgan Arkeofili jurnali O‘zbekistonda amalga oshirilgan noyob arxeologik kashfiyot haqida maqola e’lon qildi.
Unda qayd etilishicha, Surxondaryo viloyatida, Afg‘oniston bilan chegaradosh hududda joylashgan Jarqo‘ton arxeologik yodgorligida taxminan 4 ming yillik tarixga ega bo‘lgan bola bosh suyagi topilgan. Unda qadimiy jarrohlik amaliyoti — trepanatsiya izlari saqlanib qolgan.
Topilma o‘zbek va italiyalik olimlardan iborat xalqaro tadqiqotchilar guruhi tomonidan aniqlangan. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, bosh suyagi miloddan avvalgi III ming yillik oxiriga mansub bo‘lib, Baqtriya–Marg‘iyona arxeologik majmuasi, ya’ni Oks sivilizatsiyasi davriga tegishli.
Olimlar trepanatsiya izlari taxminan besh yoshida vafot etgan bolaga tegishli bosh suyagida aniqlanganini ma’lum qildi.
Qazishma ishlariga rahbarlik qilgan Italiyaning Salento universiteti arxeologi Enriko Askalone bu kashfiyot Markaziy Osiyoda 4 ming yil muqaddam tibbiy bilim va ko‘nikmalar yuqori darajada bo‘lganini ko‘rsatishini ta’kidladi.
Tadqiqotchilarning fikricha, mazkur topilma qadimgi jamiyatlarda tibbiyot qanday rivojlangani, bunday murakkab amaliyotlar kimlar tomonidan va qanday sabablar bilan o‘tkazilgani haqida yangi ilmiy savollarni o‘rtaga qo‘ymoqda. Bu savollarga javob izlash bo‘yicha tadqiqotlar davom ettiriladi.
-
Dunyodan3 days ago
Myanmadagi portlash 46 kishining hayotiga zomin bo’ldi: tafsilotlar
-
Sport4 days agoParijda «PSJ» fanatlari tartibsizlik keltirib chiqardi – fotolar YeChLdagi g‘alabani nishonlash chog‘ida ko‘chalarda mashinalar yoqib yuborilgan, politsiyachilar bilan to‘qnashuvlar ro‘y bergan va yuzlab fanatlar qo‘lga olingan.
-
Iqtisodiyot3 days agoMetan-shoxobchalarda gaz narxi ko‘tarildi
-
Jamiyat4 days ago
Onani norozi qilib baxtga erishib bo‘lmaydi
-
Iqtisodiyot3 days agoXitoyning ikki yirik kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirish niyatida
-
Siyosat4 days agoPutin Armanistonga jiddiy tahdid qildi
-
Dunyodan2 days agoEron va AQSh barcha muzokaralarni to’xtatdi
-
Jamiyat3 days agoVazirlik va hokimliklar “yashil reyting” asosida baholanadi
