Jamiyat
Ayrim toifa tadbirkorlarga alkogol va sigaretani naqd pulga sotishga ruxsat beriladi
Joriy yil 26-may kuni imzolangan «Kichik biznes subyektlarining o‘sishi uchun yanada qulay iqtisodiy va ma’muriy shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida»gi Prezident farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-iyundan soliq solishning umumbelgilangan tartibiga o‘tish uchun belgilangan chegaraviy miqdor BHMning 12 ming baravari etib belgilandi.
Shuningdek, 2026-yil 1-iyundan mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar tomonidan:
alkogol va tamaki mahsulotlarini sotishda naqd pul to‘lovlarini qabul qilishga ruxsat beriladi;
alkogol mahsulotlari xarid qilinganda raqamli markirovka kodlari ushbu subyektlarda yakuniy iste’molga realizatsiya qilingan deb e’tirof etiladi.
Umumiy ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlar uchun:
ayrim toifadagi xodimlarni mehnat organlarining mobil ilovasi orqali soddalashtirilgan tarzda shu kunning o‘zida va muayyan muddatga rasmiylashtirish va ish haqini to‘lash tartibi joriy etiladi;
to‘langan QQSning bir qismini qaytarish, tushumning naqd pulsiz shaklda tushgan ulushidan qat’i nazar, to‘langan soliq summasining 40 foizi miqdorida amalga oshiriladi.
Jamiyat
Guvohnomasi yo‘q ikki yigitchaning poygasi o‘limlar bilan tugadi
Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida 17 va 20 yoshli yigitlar – ular o‘zaro tanish va ikkalasining ham haydovchilik guvohnomasi yo‘q – Damas va Nexia avtomobillarida tungi vaqtda poyga o‘ynab, avtohalokatga uchradi. Oqibatda ikki kishi: o‘smir yigit va narigi mashinadagi bir yo‘lovchi halok bo‘ldi.
YHXX e’lon qilgan reportajdan kadr
Voqea 28 may soat 23:50 larda tumanning Chaqar mahallasi hududida ro‘y bergan.
IIV YHXX xabariga ko‘ra, Damas’ni 2009 yilda tug‘ilgan, hali haydovchilik yoshiga yetmagan yigit boshqargan. Avtomobilda undan tashqari yana 4 nafar tengqurlari ham bo‘lgan.
Nexia rulidagi shaxs esa ularning tanishi – 2006 yilda tug‘ilgan, haydovchilik guvohnomasi yo‘q erkak bo‘lgan.
Ikkala mashina kimo‘zarga o‘ynab, bir yo‘nalishda harakatlanayotgan paytda halokatga uchragan. Oqibatda Damas’ning 17 yashar haydovchisi va Nexia’dagi yo‘lovchi vafot etgan. Qolganlar turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.
YHXX reportajidan ma’lum bo‘lishicha, 20 yoshli Nexia haydovchisi guvohnomasi bo‘lmasa-da, avvaldan avtomobil haydab yurgan, mahalla ahlining bundan xabari bo‘lgan.
“Farzand tarbiyasida umuman rahm qilmaslik kerak ekan-da, otib tashlasa ham… Kalit joyida bo‘lmaganda minib keta olmasdi”, – degan haydovchilardan birining otasi.
Ichki ishlar organlari hodisa yuzasidan mahallada jamoatchilik muhokamasini tashkil etgan.
“Ikkita-uchtadan o‘g‘il hammada bor, lekin biz [mashinani] bolalarimizga bermaymiz. Pravasi bor haydaydi! Shuning uchun ota-onalarga jarimani bosish kerak, komandir”, – degan keksalardan biri.
Rasmiy reportajda voqeaga mahalla-ko‘y va yoshi kattalarning befarqligi, jamoatchilik nazoratining sustligi va ta’siri yo‘qligi sabab bo‘lgani ta’kidlangan.
Jamiyat
O‘zbekistonda 4 ming yillik jarrohlik amaliyoti izlari topildi
Surxondaryo viloyatidagi Jarqo‘ton arxeologik yodgorligida olib borilgan qazishmalar davomida bronza davriga mansub bola bosh suyagida trepanatsiya izlari aniqlandi. Olimlar bu topilmani Markaziy Osiyoda qadimgi jarrohlik amaliyoti mavjud bo‘lganining muhim dalillaridan biri sifatida baholamoqda.
Turkiyaning arxeologiya sohasidagi nufuzli nashrlaridan biri bo‘lgan Arkeofili jurnali O‘zbekistonda amalga oshirilgan noyob arxeologik kashfiyot haqida maqola e’lon qildi.
Unda qayd etilishicha, Surxondaryo viloyatida, Afg‘oniston bilan chegaradosh hududda joylashgan Jarqo‘ton arxeologik yodgorligida taxminan 4 ming yillik tarixga ega bo‘lgan bola bosh suyagi topilgan. Unda qadimiy jarrohlik amaliyoti — trepanatsiya izlari saqlanib qolgan.
Topilma o‘zbek va italiyalik olimlardan iborat xalqaro tadqiqotchilar guruhi tomonidan aniqlangan. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, bosh suyagi miloddan avvalgi III ming yillik oxiriga mansub bo‘lib, Baqtriya–Marg‘iyona arxeologik majmuasi, ya’ni Oks sivilizatsiyasi davriga tegishli.
Olimlar trepanatsiya izlari taxminan besh yoshida vafot etgan bolaga tegishli bosh suyagida aniqlanganini ma’lum qildi.
Qazishma ishlariga rahbarlik qilgan Italiyaning Salento universiteti arxeologi Enriko Askalone bu kashfiyot Markaziy Osiyoda 4 ming yil muqaddam tibbiy bilim va ko‘nikmalar yuqori darajada bo‘lganini ko‘rsatishini ta’kidladi.
Tadqiqotchilarning fikricha, mazkur topilma qadimgi jamiyatlarda tibbiyot qanday rivojlangani, bunday murakkab amaliyotlar kimlar tomonidan va qanday sabablar bilan o‘tkazilgani haqida yangi ilmiy savollarni o‘rtaga qo‘ymoqda. Bu savollarga javob izlash bo‘yicha tadqiqotlar davom ettiriladi.
Jamiyat
Toshkentdagi barcha qurilish obektlari uchun yangi talablar joriy etiladi
Poytaxtdagi qurilish maydonlarida ekologik holatni yaxshilash, xavfsizlikni ta’minlash va qurilish jarayonlarini samarali nazorat qilish maqsadida yangi standartlar joriy etiladi. Yangi talablar Toshkentdagi qariyb 1700 ta qurilish obektini qamrab oladi.
Toshkent shahar hokimining «Axborot, hisobot, muloqot» shaklidagi uchrashuvi doirasida qurilish obektlarida ekologik normalarni joriy etish va maydonlarni yagona tartib asosida tashkil etishga qaratilgan yangi loyiha taqdim etildi.
Loyihaga ko‘ra, qurilish obektlari tashqi tomondan maxsus to‘siqlar bilan o‘raladi. Shuningdek, obekt pasporti o‘rnatilib, unda qurilish haqidagi barcha zarur ma’lumotlar joylashtiriladi. Piyodalar xavfsizligi uchun himoya soyabonlari tashkil etish ham majburiy talablardan biri bo‘ladi.
Qurilish maydonlari atrofida mikroiqlim yaratish tizimlari, suv purkagich va dozatorlar o‘rnatish rejalashtirilgan. Bu choralar havoga tarqaladigan chang miqdorini kamaytirishga xizmat qiladi.
Qurilish jarayonlarini doimiy kuzatib borish maqsadida videokuzatuv kameralari o‘rnatiladi va ular Qurilish nazorati inspeksiyasining yagona tizimiga integratsiya qilinadi. Bundan tashqari, ekologik datchiklar, tungi kuzatuv vositalari, artezian quduqlari, avtomobillarni yuvish maydonchalari hamda avtomatik elektr hisoblagichlari joriy etiladi.
Shuningdek, qurilish texnikalarining shahar ko‘chalariga toza holda chiqishini ta’minlash ham asosiy talablardan biri sifatida belgilanmoqda.
Ma’lum qilinishicha, poytaxtdagi 1700 ga yaqin qurilish obektini yangi talablarga moslashtirish uchun qurilish tashkilotlariga muayyan muddat beriladi.
Uchrashuv davomida aholi va mutaxassislarning takliflari ham muhokama qilindi. Toshkent shahar hokimi loyihani takomillashtirish bo‘yicha konstruktiv takliflar inobatga olinishini ta’kidladi.
Jamiyat
Trackerʼdan 8,9 kg gashish topildi
Toshkent–Farg‘ona yo‘nalishida harakatlanayotgan Tracker rusumli avtomashina to‘xtatilib tekshirilganda, uning yukxonasidan qariyb 9 kilogramm gashish moddasi aniqlandi. Haydovchiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari hamda Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi va kontrabandasiga qarshi qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida «Toshkent – Farg‘ona» yo‘nalishida harakatlanayotgan Tracker rusumli transport vositasi yo‘l-patrul xizmati maskanida to‘xtatildi. Avtomashina Farg‘ona shahrida yashovchi, muqaddam talonchilik jinoyati uchun sudlangan 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan boshqarilayotgan bo‘lgan.
Transport vositasi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, haydovchining o‘z iste’moli uchun saqlab qo‘ygan 1,72 gramm narkotik moddasi borligi aniqlangan. Qo‘shimcha tekshiruvlar davomida esa avtomashinaning yukxonasidan 8 kilogramm 913 gramm gashish musodara qilingan.
Tergovga qadar tekshiruv jarayonida ushbu shaxs mazkur narkotik moddani qo‘shni davlatdan Toshkent viloyati hududiga kontrabanda yo‘li bilan olib kirilgan narkotuhfani qabul qilib olib, doimiy yashash manziliga olib ketayotgani ma’lum bo‘lgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom etmoqda.
DXX fuqarolarni giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlar haqida 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Ma’lumot beruvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Qo‘qonda yirik miqdordagi gashish va «Regapen» musodara qilindi
Qo‘qon shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida 2 kilogrammdan ortiq gashish hamda 5600 dona kuchli ta’sir qiluvchi «Regapen» dori vositasi aniqlandi. Ularni sotishni rejalashtirgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Giyohvandlik vositalari, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy aylanmasi hamda kontrabandasiga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Ichki ishlar va Bojxona organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida Qo‘qon shahrida harakatlanayotgan «Damas» rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib, xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirildi. Avtomashina Farg‘ona tumanida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan fuqaro tomonidan boshqarilayotgan bo‘lgan.
Tekshiruv jarayonida transport vositasi salonidan 2 kilogramm 40 gramm gashish moddasi hamda 5600 dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topilib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.
Tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, mazkur shaxs ushbu giyohvandlik vositalarini Qirg‘iz Respublikasidagi jinoiy sherigidan olib, Qo‘qon shahrida sotishni rejalashtirgan.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 246-, 251-1 va 273-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud qarori bilan unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Mutasaddilar fuqarolarni giyohvandlik vositalari savdosi bilan bog‘liq holatlar haqida DXXning 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirmoqda.
-
Dunyodan2 days ago
Myanmadagi portlash 46 kishining hayotiga zomin bo’ldi: tafsilotlar
-
Sport3 days agoParijda «PSJ» fanatlari tartibsizlik keltirib chiqardi – fotolar YeChLdagi g‘alabani nishonlash chog‘ida ko‘chalarda mashinalar yoqib yuborilgan, politsiyachilar bilan to‘qnashuvlar ro‘y bergan va yuzlab fanatlar qo‘lga olingan.
-
Iqtisodiyot3 days agoMetan-shoxobchalarda gaz narxi ko‘tarildi
-
Jamiyat3 days ago
Onani norozi qilib baxtga erishib bo‘lmaydi
-
Iqtisodiyot3 days agoXitoyning ikki yirik kompaniyasi O‘zbekiston bozoriga kirish niyatida
-
Siyosat3 days agoPutin Armanistonga jiddiy tahdid qildi
-
Dunyodan2 days agoEron va AQSh barcha muzokaralarni to’xtatdi
-
Jamiyat13 hours agoTrackerʼdan 8,9 kg gashish topildi
