Jamiyat
Toshkentda 10-sinf o‘quvchisi urib yuborgan YPX inspektori vafot etdi
Toshkentda 10-sinf o‘quvchisi urib yuborgan YPX inspektori vafot etdi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning 25-fevral kuni soat 21:48larda Toshkent shahrida xizmat olib borayotgan YPX inspektori kichik serjant Hosilbek Eshnazarov 10 sinf o‘quvchisi — voyaga yetmagan haydovchi boshqaruvidagi «BMW» rusumli avtomashina tomonidan urib yuborilgan. Hayoti uchun og‘ir tan jarohatlarini olib uch kun davomida shifokorlar nazoratida bo‘lgan ichki ishlar organlari xodimi ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan vafot etdi.
«Kichik serjant Hosilbek Eshnazarov 2022-yildan ichki ishlar organlarida xizmat qilgan. Uning ortidan ota-onasi, ayoli, 2 nafar o‘g‘il va 1 nafar qiz farzandlari qoldi», deyiladi vazirlik xabarida.
Xabar.uz marhumning yaqinlariga ta’ziya bildiradi.
Jamiyat
Toshkent va Sirdaryoda narkojinoyatlar zanjiri fosh etildi
Poytaxtda giyohvand moddalarni “zakladka” usulida tarqatib kelgan shaxs qo‘lga olinib, uning yashash manzilida narkolaboratoriya aniqlandi. Shuningdek, Sirdaryo viloyatida katta miqdorda prekursorlar musodara qilindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida sintetik giyohvand moddalar tayyorlash va tarqatish bilan bog‘liq jinoiy faoliyatga chek qo‘yildi.
Tezkor tadbir davomida 1979 yilda tug‘ilgan shaxs Toshkent shahri hududidagi ko‘p qavatli uylar yo‘laklari va boshqa joylarga xorijdan olib kelingan giyohvandlik vositalarini berkitib ketayotgan vaqtida ushlandi.
Xolislar ishtirokida uning yoni va avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganda, 15 dona kichik bo‘laklarda “Al’fa PVP” va 24 dona bo‘laklarda “Mefedron” giyohvandlik vositalari borligi aniqlandi.
Shuningdek, uning yashash xonadoni ko‘zdan kechirilib, uyning yerto‘la qismida narkolaboratoriya tashkil etilgani ma’lum bo‘ldi. Tezkor tadbirlar natijasida jami 2,8 kg giyohvand moddalar, 11,5 litr prekursorlar hamda narkolaboratoriya uchun zarur anjomlar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Bundan tashqari, gumonlanuvchining telefonidagi geolokatsiya ma’lumotlari asosida Sirdaryo viloyati Xovos tumani hududida xufiya joyga yashirib qo‘yilgan, sintetik narkotiklar tayyorlashda foydalaniladigan 49,9 kg va 48 litr prekursorlar ham topilib, musodara qilindi.
Hozirda mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 28, 246-moddasi 2-qismi va 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelinsa, Davlat xavfsizlik xizmatining 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilish mumkin. Shaxsning sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Bolalar saratonini davolash yo‘lida nimalar qilinmoqda?
27-fevral kuni Toshkent davlat tibbiyot universitetida bolalar saratoniga qarshi kurash masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Avliyo Jud bolalar tadqiqot shifoxonasi vakillari ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi yo‘nalishida amalga oshirilayotgan islohotlar xususida ma’lumot berildi. Davlat rahbari tashabbusi bilan bolalar gematologiyasi va onkologiyasi kattalar yo‘nalishidan ajratilib, alohida tizim sifatida shakllantirildi. Natijada yagona bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi xizmati tashkil etilib, tibbiy yordam sifati yangi bosqichga ko‘tarildi.
2024-yil 21-maydagi Prezident qarori asosida bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi tubdan takomillashtirildi. Referens laboratoriya ishga tushirildi, yuqori dozali kimyoterapiya hamda zamonaviy diagnostika usullari amaliyotga joriy etildi. Yevropa klinik protokollari asosida davolash yo‘lga qo‘yilib, erta tashxis, reabilitatsiya va palliativ yordam dasturlari ishlab chiqildi.
Bugungi kunda Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda hududiy bolalar shifoxonalarida 180 o‘rinli ixtisoslashtirilgan xizmat faoliyat yuritmoqda. Markaz quvvati 200 o‘ringa yetkazilib, Onkojarrohlik bo‘limi tashkil etildi va yuqori texnologik operatsiyalar yo‘lga qo‘yildi. Uzoq muddat davolanuvchi bemorlar uchun 112 o‘rinli mehmon uyi hamda yangilangan kunduzgi statsionar ish boshladi.
O‘zbekiston Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Bolalar saratoniga qarshi kurashish bo‘yicha Global tashabbusi doirasida tanlangan o‘nta davlatdan biri hisoblanadi. Ushbu tashabbus bolalar yashovchanligini 60 foizga yetkazishni ko‘zda tutadi. 2024-yilda mamlakatimiz bolalar saratoniga qarshi dori vositalarini yetkazib berish bo‘yicha Global platformaga qo‘shildi. Mazkur platforma Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Avliyo Jud bolalar tadqiqot shifoxonasi hamkorligida amalga oshirilib, bolalarni xavfsiz va sifatli dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlashga qaratilgan.
Ayni paytda platforma doirasida 14 ta hududdagi tibbiyot muassasalari hamda markazda davolanayotgan 2000 nafar bolalar uchun zamonaviy kimyopreparatlar yetkazib berilmoqda. Ushbu dori vositalari bilan 2028 yilgacha uzluksiz ta’minlash rejalashtirilgan.
Hududlarda filiallar ochilib, 14 ta davolash bo‘limi birlamchi tashxis va hamrohlik terapiyasiga ixtisoslashtirildi. Suyak, jigar hamda ko‘krak qafasi o‘smalarini olib tashlash kabi murakkab jarrohlik amaliyotlari hududlarda ham bajarilmoqda.
Kadrlar malakasini oshirish maqsadida xalqaro hamkorlik kengaytirilgan. Jumladan, Vena tibbiyot universiteti hamda Germaniyadagi Avliyo Anna klinikasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, “Mehrli maktab” loyihasi doirasida uzoq muddat davolanayotgan bolalarning ta’lim olishi ta’minlanmoqda. “Taskin” bolalar onkologik xospisi faoliyati yo‘lga qo‘yilib, palliativ yordam tizimi izchil rivojlantirilmoqda.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi va avliyo Jud bolalar tadqiqot shifoxonasi o‘rtasida imzolangan memorandum esa bolalar onkologiyasi va gematologiyasi yo‘nalishida uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamladi.
Jamiyat
Isroilga yuborish uchun 17 ming dollar so‘ragan shaxs ushlandi
Samarqand viloyatida xorijga ishga yuborish bilan bog‘liq firibgarlik holati fosh etildi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Samarqand shahri bo‘limi va boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan.
Unda fuqaro X.K. fuqaro F.K.ning ishonchiga kirib, uni 17 000 AQSh dollari evaziga Isroil davlatiga ishga yuborishini va’da qilib, oldindan bo‘nak sifatida 7 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avval Isroil istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari ogohlantirilgandi.
Jamiyat
Buxorodagi Ko‘kaldosh madrasasida kuzatilgan holat bo‘yicha izoh berildi
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoroning tarixiy qismi – Labi Hovuz hududida joylashgan Ko‘kaldosh madrasasida bir guruh shaxslar tomonidan devor g‘ishtlari ko‘chirilayotgani aks etgan video tarqaldi. Holat yuzasidan Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Foto: Buxoro viloyati Madaniy meros boshqarmasi
Ma’lum qilinishicha, XVI asrning ikkinchi yarmida bunyod etilgan mazkur madrasa Buxoroning qadimiy va noyob me’moriy obidalaridan biri sanaladi. Qariyb besh asr davomida bu yerda talabalar tahsil olgan va istiqomat qilgan. XX asr boshlaridan esa ta’lim jarayoni to‘xtatilib, bino muzey sifatida foydalanila boshlangan.
Mutasaddilarga ko‘ra, vaqt o‘tishi, tabiiy omillar hamda texnogen jarayonlar ta’siri natijasida obidaning shimoliy devorlarida jiddiy yoriqlar va yemirilishlar paydo bo‘lib, ayrim qismlari avariya holatiga kelib qolgan. Mazkur hudud mahalliy aholi va sayyohlar ko‘p harakatlanadigan joyda joylashgani bois xavfsizlik choralarini ko‘rish zarurati tug‘ilgan.
Shu sababli hozirda Buxoro mintaqaviy restavratsiya markazi mutaxassislari ishtirokida avariya holatidagi qismlarda restavratsiya va qayta tiklash ishlari olib borilmoqda. Idora vakillariga ko‘ra, jarayon obidaning tarixiy qiyofasini saqlagan holda amalga oshirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Buxoroning eski shahar hududi xalqaro miqyosda muhofaza qilinadigan tarixiy maskan bo‘lib, u YuNeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. U hajmi va ko‘lami jihatidan nafaqat Buxoro, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik madrasa inshooti ekani aytiladi.
Madaniy meros boshqarmasi restavratsiya jarayonlari yuzasidan qo‘shimcha savollar bo‘yicha fuqarolarni rasmiy tartibda murojaat qilishga chaqirdi.
Jamiyat
Turkiyada yana bir o‘zbekistonlik ayol o‘ldirilgani taxmin qilinmoqda
O‘rmondan topilgan ayol jasadi 36 kundan beri qidiruvda bo‘lgan samarqandlik ayolga tegishli bo‘lishi mumkin. Gumonlanuvchi sifatida ham O‘zbekiston fuqarosi qo‘lga olingan.
Turkiyaning Balikesir viloyatida 46 yoshli samarqandlik Dilafruz Cho‘liyeva 21 yanvar kuni bedarak yo‘qolganidan beri undan hech qanday xabar bo‘lmagan. 2 mart kuni o‘rmon hududidan ayol kishining tanib bo‘lmaydigan holatdagi jasadi topilgani va kiyimlar unga tegishli bo‘lishi mumkinligi taxmini qidiruvdagi o‘zbekistonlik ayol taqdiri yuzasidan xavotirlarni yanada kuchaytirdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Dilafruz Cho‘liyeva Turkiyada qonuniy yashash va ishlash ruxsatnomasiga ega bo‘lgan. U Balikesir viloyatining Burhoniya tumanidagi xonadonda ishlagan. 21 yanvar kuni u Edremitdan Burhoniyaga qaytayotib soat 20:00–20:30 atrofida avtobusdan tushgan. Shundan keyin u bilan aloqa uzilgan. 22 yanvar kuni ishga chiqmagan. 23 yanvar kuni ish beruvchilari uni qidirib, politsiyaga xabar berishgan.
Yaqinlari 24 yanvar kuni uning yo‘qolganini bilib, Turkiyadagi O‘zbekiston elchixonasi va konsulxonasiga, shuningdek Tashqi ishlar va Ichki ishlar vazirliklariga murojaat qilishgan.
Politsiya tergovi doirasida Ilyos ismli shaxs gumondor sifatida so‘roq qilingan. Aytilishicha, Cho‘liyevaning telefonidan oxirgi signal ushbu shaxsning uyi atrofida qayd etilgan. U o‘z bayonotida Cho‘liyevani tanishini, ammo u Istanbulga ketganini aytgan.
2 mart kuni Turkiyada o‘rmon hududidan ayol kishining tanib bo‘lmaydigan holatdagi jasadi topilgan. Kiyimlar va ayrim alomatlarga qarab, yaqinlari bu jasad Dilafruz Cho‘liyevaga tegishli bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Hozircha bu ma’lumot rasman tasdiqlanmagan. Biroq hodisa yuzasidan gumonlanuvchi sifatida o‘zbekistonlik fuqarolar qo‘lga olingani xabar qilinmoqda.
Ta’kidlash joiz, so‘nggi oylarda Turkiyada o‘zbek ayollari bilan bog‘liq bir necha fojiali holatlar kuzatilgan. Jumladan, Istanbulda o‘zbekistonlik fuqarolar – Durdona Hakimova va Sayyora Ergashaliyevaning o‘limi jamoatchilikda katta muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Dilafruz Cho‘liyevaning taqdiri bo‘yicha rasmiy ekspertiza va DNK natijalari kutilmoqda.
-
Siyosat5 days agoKorrupsiyaga qarshi kurash agentligi 2025-yilda davlat tenderlarida 666,6 milliard bedana sotilganini maʼlum qildi.
-
Siyosat4 days agoSaida Mirziyoyeva Toshkent transport tizimini modernizatsiya qilish boshlanganini maʼlum qildi
-
Jamiyat3 days ago10:10 “Hovlimizda doim bahor” – angrenlik qulupnaychi
-
Dunyodan4 days ago
Saudiya Arabistoni AQSh elchisining “Isroilning qo’shni hududlarga bo’lgan huquqlari” haqidagi izohlariga izoh berishni talab qildi.
-
Siyosat4 days agoShavkat Mirziyoyev Surkandaryo harbiy qismining havo hujumidan mudofaa tizimini ko‘zdan kechirdi
-
Siyosat5 days ago
Londonda Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari uchrashadi
-
Jamiyat3 days ago
55 metrli shokoladli poyezd Ginnesning rekordlar kitobiga kiritildi
-
Jamiyat3 days ago1200 dollarga “prava” olib berishni va’da qilgan shaxs ushlandi
