Jamiyat
Toshkent viloyatida advokat 10 ming dollar bilan ushlandi
Toshkent viloyatida advokat fuqaroga nisbatan tayinlangan 2 yillik ozodlikdan mahrum qilish jazosini tanishlari orqali yengilroq jazoga almashtirib berishni va’da qilib, 10 ming AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda advokatlik byurosi advokati ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Ma’lum qilinishicha, u sud idoralari tomonidan mahalliy fuqaroga nisbatan tayinlangan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘zining sud tizimidagi tanishlari orqali ozodlikni cheklash jazosiga o‘zgartirib berishni va’da qilgan. Buning evaziga esa 10 ming AQSh dollari olgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan advokatga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXX fuqarolarni kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda, idoraning 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchining shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
O‘zbekistonlik ayol va uning uch farzandi Rossiyadan olib kelindi
Sankt-Peterburg shahrida murakkab vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi va uning uch nafar voyaga yetmagan farzandi Bosh konsulxona ko‘magi bilan vatanga qaytarildi. Bolalarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari rasmiylashtirilmagani sababli ular vaqtincha davlat idoralari qarmog‘iga olingan edi.
“Dunyo” axborot agentligi xabar qilishicha, O‘zbekiston fuqarosi R.Z. 2020 yilda ishlash maqsadida Sankt-Peterburg shahriga kelgan. 2020–2025 yillar davomida u uch farzandli bo‘lgan, ammo murakkab hayotiy sharoit tufayli bolalarning tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari o‘z vaqtida rasmiylashtirilmagan.
Shu bois, voyaga yetmaganlarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lmagan va bu holat ularni vaqtincha davlat muassasasi qaramog‘iga olish hamda ixtisoslashtirilgan muassasaga joylashtirishga sabab bo‘lgan.
O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi Bosh konsulxonasi vaziyatga aralashib, hamyurtlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirgan. Jumladan, diplomatlar tomonidan bolalarning shaxsi va qarindoshlik aloqalarini tasdiqlovchi hujjatlar tayyorlanib, tegishli idoralar bilan tushuntirish ishlari olib borilgan.
Mazkur ish Sankt-Peterburgning Vasileostrovskiy tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sud jarayonida Bosh konsulxona xodimlari fuqaro manfaatlarini himoya qilib, bolalarni oila bag‘riga qaytarish zarurligini asoslab bergan.
Sud ijobiy qaror qabul qilganidan so‘ng, ona va uning uch farzandi O‘zbekistonga qaytarildi.
Jamiyat
“Global avto” firibgarlik sxemasi ekani tasdiqlanmoqda
Odamlarga oson shartlarda Xitoydan mashina keltirib berishni va’da qilgan “Global avto kredit” MChJ mansabdorlarining ishi tergovda. Kun.uz surishtiruvidan so‘ng holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani ma’lum bo‘ldi.
Toshkent shahridagi “Global avto kredit” MChJ mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Shohrux G‘iyosov buni Kun.uz’ga tasdiqladi.
Jinoyat ishi 2025 yil 12 noyabr kuni qo‘zg‘atilgan. Kun.uz bundan avvalroq ushbu “avtosalon” faoliyatini shubha ostiga olgandi.
Ma’lumotga ko‘ra, “Global avto kredit” MChJ tomonidan fuqarolarga avtotransport vositalarini qulay shartlarda yetkazib berish va’da qilingan. Ammo amalda tegishli shartnomalar tuzilmasdan ulardan pul olinib, majburiyatlar bajarilmagan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi, ya’ni juda ko‘p miqdorda firibgarlik bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Biroq “avtosalon”chilar hamon ochiqda. Tergov boshlanganiga yaqinda 5 oy bo‘ladi. Vaholanki, dastlabki tergov muddati 3 oy.
“Global avto” bilan shartnoma tuzgan vatandoshlarning ma’lum qilishicha, ayni vaqtda firma ofisi muhrlab ketilgan.
Avvalroq prezident Shavkat Mirziyoyev aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangi darajaga ko‘tarish va jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishida tergov sifatini tanqid qilgandi.
“Ayniqsa, ichki ishlar xodimlarining qo‘pol muomalasi va tergov sifatidan norozilik ko‘p. Jo‘rayev, Ashrapov har ming kishiga nisbatan eng ko‘p ariza tushayotgan Denov, Urgut tumanlari, Samarqand, Qarshi, Namangan, Jizzax, Farg‘ona, Chirchiq shaharlariga borib, aholi muammolarini yechsa bo‘ladi-ku?” degandi davlat rahbari.
Shuningdek, prezident yanvar oyida o‘tkazgan videoselektor yig‘ilishida uyushgan jinoyatchilik biznes niqobi ostida daromadli sohalarga kirib borayotganini tanqid ostiga olgandi.
“Ilgari faqat “ko‘cha” deb bilgan uyushgan jinoyatchilik bugun biznes niqobi ostida ancha daromadli sohalarga kirib boryapti. Ayniqsa, jinoiy to‘dalar faoliyati ko‘p qavatli uylar, avtomashinalar oldi-sotdisi, moliyaviy piramidalar tashkil qilish, Umra va Haj ziyoratiga yuborishda ancha ko‘paygan”, degandi Shavkat Mirziyoyev.
“Global avto” ishi
2025 yil fevral oyida davlat ro‘yxatidan o‘tgan hamda 30 maydan “sotuv” reklamalarini boshlagan “Global avto kredit” MChJ odamlarga foizsiz bo‘lib to‘lash sharti bilan qimmatbaho elektromobillarni va’da qilgan. Firma ijtimoiy tarmoqlardagi kanaliga bir nechta mashina “mijozlarga yetkazib berilgani” haqida videolavha joylashtirgan. Kun.uz o‘z surishtiruvida bu mashinalar boshqa avtosalonlardan xarid qilinganini aniqlagandi.
Keyinchalik ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha “avtosalon” direktori va sotuv bo‘limi boshlig‘i tahririyatga kelib, tushuntirish bergan edi. “Mijozlar bankka to‘lagan pulni dividend shaklida naqdlashtirib, Xitoyga yuboramiz”, degandi ular.
Jamiyat
Geroinni svarka apparati ichiga yashirgan shaxs ushlandi
Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda payvandlash uskunasi ichiga yashirilgan 1 kg 460 gramm geroin va 27 gramm opiy aniqlandi. Giyohvandlik moddalarini olib kelgan shaxs ushlanib, unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Davlat xavfsizlik xizmatining Xorazm viloyati bo‘yicha boshqarmasi, bojxona hamda ichki ishlar organlari hamkorligida giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbir o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, tuman markazidagi avtoturargohda turgan Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi, 2001 yilda tug‘ilgan shaxs xolislar ishtirokida tekshirilgan. Tekshiruv davomida uning yuk sumkasida bo‘lgan temir payvandlash uskunasi (svarka apparati) ichiga xufiyona tarzda 1 kg 460 gramm geroin va 27 gramm opiy yashirilgani aniqlangan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shaxs mazkur giyohvandlik vositalarini muqaddam tojikistonlik narkosavdogarlardan olgan. U ularni Xorazm viloyatidagi mijozlarga sotib, daromad topishni rejalashtirgani aytilmoqda.
Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Shuningdek, mazkur jinoyatga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha tezkor-tergov harakatlari davom etmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati fuqarolarni shunday qonunbuzilish holatlariga duch kelganda 1520 qisqa raqami orqali xabar berishga chaqirdi. Qayd etilishicha, murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Buxoro ko‘chalarida «Nasriddin Afandi» kezmoqda (foto)
Bugun, 1-aprel – Kulgi va mutoyiba kuni munosabati bilan Buxoro shahrida keng ko‘lamli bayram tadbirlari bo‘lib o‘tmoqda. Ayniqsa, eski shaharning yuragi hisoblangan Labi Hovuz maydonida joylashgan Xo‘ja Nasriddin, xalq orasida «Afandi» nomi bilan mashhur qahramon haykali atrofidagi muhit bayramona tus olgan.
Ushbu bronza haykal uzoq yillardan buyon mahalliy aholi va xorijiy sayyohlarni o‘ziga jalb qilib kelmoqda. Qadimiy me’moriy obidalar bag‘rida joylashgan bu timsol, nafaqat, tarixiy meros, balki, kulgu va hayotiy hikmat ramzi sifatida ham qadrlanadi. Odamlar Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifa, askiya va hangomalarni hanuz zavq bilan eslashadi.
Shu munosabat bilan shaharda «Nasriddin Afandi hamda Sharq taomlari» festivali tashkil etildi. Bayram doirasida Labi Hovuzdan Ark qo‘rg‘onigacha bo‘lgan hudud saylgohga aylanib, turli madaniy dasturlar, ko‘rgazmali chiqishlar va shou tadbirlar bilan gavjum bo‘ldi.
Festivalning ramziy ochilish marosimi Nodir Devonbegi madrasasi oldida o‘tkazildi. Tadbirda so‘z san’ati ustalari, askiyachilar va yosh ijodkorlar ishtirok etib, kulguga boy chiqishlari bilan tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdilar. Teatrlashtirilgan sahnalar, milliy qo‘shiqlar va jonli ijrolar kulgu san’atining beqiyos imkoniyatlarini namoyon etdi.
Tarixiy manbaalarga ko‘ra, Nasriddin Afandi XIII asrdan boshlab, O‘rta Osiyo, Yaqin Sharq, Kavkaz, Bolqon va hatto, Xitoy xalq og‘zaki ijodida keng tarqalgan hajviy obraz hisoblanadi. Uning real shaxs bo‘lgani yoki bo‘lmagani haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Ayrim rivoyatlarda uning vatani Buxoro deyilsa, boshqalarida boshqa hududlar tilga olinadi. Biroq, aynan, Buxorodagi haykal bu obrazning eng mashhur timsollaridan biri sanaladi.
Buxoro shahar hokimi Qurbon Tursunovning ta’kidlashicha, mazkur festival shaharning turizm salohiyatini xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, milliy qadriyatlarni ommalashtirishga xizmat qiladi. Yil sayin tadbirga bo‘lgan qiziqish ortib, uning dasturi yanada boyib bormoqda. Eski shahar ko‘chalari bo‘ylab yangragan milliy qo‘shiqlar, qahramonlar qiyofasidagi qo‘g‘irchoqlar va rang-barang sahna chiqishlari ayniqsa xorijiy mehmonlarda katta taassurot qoldirmoqda.
Festival doirasida «Sharq taomlari» tanlovi ham tashkil etildi. Unda milliy va buxorocha an’anaviy taomlar namoyish qilinib, mehmonlarga mahalliy oshxona madaniyati bilan yaqindan tanishish imkoniyati yaratildi.
Shu tariqa, Buxoro shahri bugun nafaqat tarixiy merosi, balki kulgu va ijod bayrami orqali ham sayyohlar uchun yanada jozibali manzilga aylanmoqda.
Jamiyat
Farrux Omonov Xalq qabulxonasiga rahbarlik qiladi
Prezident Xalq qabulxonasiga rahbar tayinlandi.
Farrux Omonov Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.
Bu haqda Prezident farmoni e’lon qilindi.
U shu munosabat bilan Prezident Administratsiyasi Kommunikatsiyalar departamenti boshlig‘i o‘rinbosari lavozimidan ozod etildi.
Farrux Omonov 1988-yilda tug‘ilgan. U Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Rossiya Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasini tamomlagan. Avval Yoshlar ishlari agentligi, Moliya vazirligida ishlagan. Prezident Administratsiyasida yuir necha yil avval ish boshlagandi.
-
Dunyodan4 days agoOrmuz boʻgʻozi taqdirini hal qiluvchi yetti orol
-
Dunyodan4 days ago
Prezident Tramp Hormuz boʻgʻozini ochish haqidagi soʻrovni yana keyinga qoldirdi
-
Dunyodan5 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozida baʼzi davlatlar bilan koridor ochadi
-
Turk dunyosi5 days agoBangladesh va Turkiya axborot almashish memorandumi boʻyicha umumiy kelishuvga erishdilar
-
Siyosat3 days agoOʻzbekiston va Afgʻoniston oʻrtasida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash boʻyicha qoʻshma ishbilarmonlar kengashi tuzildi
-
Dunyodan3 days ago
AQShda hukumatga qarshi ommaviy namoyishlar boshlandi
-
Jamiyat3 days ago
Shaxsga doir muhim ma’lumotlar O‘zbekiston hududida saqlanishi shartligi belgilandi
-
Turk dunyosi4 days agoGremio Turkiyadagi turnirga taklif qilindi ✈️
