Jamiyat
Toshkent markazida o‘nlab daraxtlar xavf ostida
Abdulla Qodiriy ko‘chasi bo‘yidagi daraxtlar ko‘kalamzorlashtirish tadbirlari qurboni bo‘lishi mumkin. O‘nlab daraxtlarning poyiga yarim metr va undan yuqori balandlikda tuproq tortildi. Dendrolog Atirgul Xolmirzayevaga ko‘ra, bu daraxtlarning sekin-asta qurishiga olib keladi. Toshkent shahar hokimligi esa daraxt atrofidagi tuproq bahorgacha olib tashlanishini ma’lum qildi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Abdulla Qodiriy ko‘chasining 3 kmlik qismida buta va gullar ekilmoqda. Bu uchun ko‘cha yoqasiga tuproq to‘kilib, yer sathidan 1 metrcha ko‘tarilgan. Mutaxassislar va ekofaollar agar holat aslicha qolsa daraxtlar yetarlicha nafas olmay, nobud bo‘lishini ta’kidlamoqda. Kun.uz muxbiri manzilda bo‘lib, vaziyatni o‘rgandi. Shayxontohur tumani obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish bo‘limi boshlig‘i Nurlan Qulmanovning aytishicha, har kuni bu yerga shahar va tuman ekologiya bo‘limi xodimlari kelib ketadi.
“1-2 kun katta hajmda gul ekish ishlari olib boriladi. O‘sha gul ekib bo‘lib, daraxtlarning tagini ochib chiqamiz. Tuproq ildizning havo olishini qiyinlashtiradi. Uzog‘i 2-3 kunda ochamiz. 15 noyabrda shaharda mehmonlar bor, o‘shanga gul, buta ekish jarayoni bo‘lyapti, 2-3 kun ichida agrotexnik tadbirlar olib boramiz. Daraxt joylashuvi inobatga olingan. Dizaynerlar daraxtning keyingi o‘suvchanligini o‘ylab 3 metr masofa qilib olgan. Butalar hozir daraxtgacha bo‘lgan joyiga ekilyapti”, – deydi u.
Qulmanovning so‘zlariga ko‘ra, qisqa vaqtda katta ish qilingani uchun daraxtlar atrofiga tuproq to‘plangan.
“Bitta daraxt emas bu yerda. Qariyb 3 kilometr joyida bo‘lyapti. Ko‘chaning ikki tomonida. Komanda bo‘lgan bunga. Qor yog‘adimi, tosh yog‘adimi daraxtlarning atrofini ochib chiqishiga majburmiz”, – deydi Qulmanov.
Toshkent shahar botanika bog‘i vakili, dendrolog Atirgul Xolmirzayeva ham hududga kelib, Kun.uz muxbiri bilan suhbatda bo‘ldi. Uning ma’lum qilishicha, daraxtlar oxir-oqibat chirib ketishi mumkin.
“Bu yerga bitta tuproq bilan qolmaydi, gazon qiladi. Mana, lavanda, gullar ekib qo‘yishibdi. Bularga suv quyiladi. Zaxlaydi.
Gazon sepilsa ham zax ketadi. Tuproq doimiy ho‘l bo‘lgandan keyin tana chirishga o‘tadi. Men hozir quriydi deb aytmayman, sekin-asta qurib boradi. Shu yerni salgina yumshatib, ozuqa berib, haligi lavandalarni eksa, chiroyli bo‘lib turardi. Ko‘rinsin deganmi? Chiroyli qilamiz deb daraxtlarni o‘ldirishga olib kelyapti-da. Buning chiroyli bo‘lgani kerakmi, bizga kislorod kerakmi? Menimcha, bu noto‘g‘ri.
Undan ko‘ra chiroyli qilib, to‘siq qilib pastga ekilsa, ana o‘shanda ko‘p yillik o‘simliklar yildan yilga chiroyli bo‘lib turaverardi”- deydi Xolmirzayeva.
Dendrolog bunday xarajatlarning o‘rniga daraxtlarni oziqlantirish, parvarishlashni ko‘rib chiqish zarurligini aytdi.
“Lavandalar rosa qalin ekilgan. Hozir chiroyli bo‘lib tursin deb qalin ekilyapti-da. Bularga kenglik kerak. Ildiziga ham joy kerak. Maydoni keng bo‘lsa, gurkirab o‘sadi”, – deydi Xolmirzayeva.
Uning qo‘shimcha qilishicha, poytaxt hokimligi daraxt yoki butalar o‘tqazayotganda dendrologlarning tavsiyalarini olmaydi.
“Bizdan umuman maslahat olishmaydi. O‘zlari olib keladi, o‘zlari ekadi. Qurigandan keyin bizni chaqirishadi-da, nima uchun qurib qoldi, opa deydi. Keyin biz O‘zbekiston iqlimiga chidamaydi deymiz. Mana hozir bu yerda rozmarinlar bor, ular bizni sovuqqa chidamaydi, lavandalar issiqsevar hisoblanadi”, – deydi Atirgul Xolmirzayeva.
Toshkent shahar hokimligiga ko‘ra, daraxtlar tanasining pastki qismini yopib turgan ko‘tarma tuproq zichlash jarayoni yakunlangach olib tashlanadi.
“Ushbu jarayon daraxtlar uchun xavf tug‘dirmaydi, chunki havo almashinuvi saqlanib qolgan va vaqt cheklangan”, – deyiladi hokimlik axborotida.
Jamiyat
Elektr ta’minoti korxonalari muhandislari pora olayotganda ushlandi
Farg‘ona viloyati va Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida elektr ta’minoti korxonalarida faoliyat yurituvchi ikki muhandis xizmat mavqeidan foydalanib, turli masalalarni hal qilib berish evaziga pora talab qilgan vaqtida qo‘lga olindi.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda elektr ta’minoti korxonalari muhandislarining korrupsiyaviy harakatlari fosh etildi.
Xususan, Farg‘ona tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi fuqaroning qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish sexiga elektr tarmog‘i tortish, hisoblagich o‘rnatish va elektr ta’minotiga ulash, shuningdek, mansabdor tanishlari orqali ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirib berish evaziga 100 million so‘m talab qilgan.
Tezkor tadbir davomida muqaddam sudlangan muhandis talab qilingan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Yana bir holatda esa Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani elektr ta’minoti korxonasi muhandisi mahalliy fermer xo‘jaligining elektr energiyasidan to‘plangan 122 million so‘m qarzdorligini mansabdor tanishlari orqali bekor qildirib berishni va’da qilib, buning evaziga 50 million so‘m talab qilgan.
U muqaddam 10 million so‘m olgan bo‘lib, qolgan 40 million so‘mni olayotgan vaqtida DXX va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan qo‘lga olindi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan muhandislarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
1 iyuldan mahallalar boshqaruvida muhim o‘zgarishlar kuchga kiradi
Prezidentning «Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, 2026 yil 1 iyuldan mahallalar boshqaruvi tizimida qator yangiliklar joriy etiladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston mahallalari uyushmasiga qo‘shimcha vakolatlar berilib, «mahalla yettiligi» faoliyatini qo‘llab-quvvatlashning yangi tartibi belgilanadi.
Prezidentning 2026 yil 24 iyunda qabul qilingan PF–116-sonli farmoni bilan mahalla boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.
Farmonga ko‘ra, 1 iyuldan O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlariga mahallalardagi muammolarni tizimli tahlil qilish, mas’ul idoralar o‘rtasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, hududiy dasturlarni ishlab chiqish va ularning ijrosini nazorat qilishda ishtirok etish huquqi beriladi.
Shuningdek, mahallada birinchi marta ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni sodir etgan fuqarolarga nisbatan sud-tergov organlari yengillik qo‘llagan taqdirda, «mahalla yettiligi» ularni qayta tarbiyalash, kasbga o‘rgatish, bandligini ta’minlash va ta’limga yo‘naltirish uchun mas’ul bo‘ladi.
Agar kafillikka olingan shaxs uch yil davomida jinoyat va huquqbuzarlik sodir etmasa, uning ijobiy tarbiyasida faol ishtirok etgan «mahalla yettiligi» a’zolarini qo‘shimcha rag‘batlantirish choralari ko‘riladi.
Farmon bilan, shuningdek, mahallalar uyushmasining tuman (shahar) bo‘limi boshliqlariga «mahalla yettiligi» faoliyatiga noqonuniy aralashuv yoki ularni xizmat vazifasiga kirmaydigan ishlarga jalb qilish holatlari yuzasidan tuman (shahar) hokimlariga taqdimnoma kiritish vakolati ham berildi.
Jamiyat
O‘zbekistonda aholisi eng ko‘p hududlar qaysilar?
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 1 aprel holatiga O‘zbekistonning doimiy aholisi qariyb 38,4 million nafarga yetgan. Shu bilan birga, mamlakatda aholi soni eng ko‘p bo‘lgan tuman va shaharlar reytingi ham ma’lum qilindi.
Milliy statistika qo‘mitasi 2026 yil 1 aprel holatiga aholi soni eng ko‘p bo‘lgan tuman va shaharlar ro‘yxatini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, Namangan shahri 731,3 ming aholi bilan birinchi o‘rinni egallagan. Ikkinchi o‘rinda 607,6 ming aholiga ega Samarqand shahri, uchinchi o‘rinda esa 588,6 ming kishi yashaydigan Urgut tumani qayd etilgan.
Reytingning keyingi o‘rinlaridan Andijon shahri (506 ming kishi), Denov tumani (442,7 ming kishi), Olmazor tumani (419,6 ming kishi), Pastdarg‘om tumani (401,5 ming kishi), Yunusobod tumani (395 ming kishi), Shayxontohur tumani (374,6 ming kishi) hamda Asaka tumani (369,6 ming kishi) joy olgan.
Qayd etilishicha, 2026 yil 1 aprel holatiga mamlakatning doimiy aholisi soni qariyb 38,4 million nafarni tashkil etgan.
Jamiyat
5 kilogrammdan ortiq gashish, marixuana va minglab dori vositalari aniqlandi
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari ichki ishlar va bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirlarda 5 kilogrammdan ortiq gashish, 7 kilogrammdan ziyod marixuana hamda minglab kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari noqonuniy muomaladan olib qo‘yildi.
Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi qaratilgan bir qator tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, Qarshi – Toshkent yo‘nalishida harakatlanayotgan «Kobalt» rusumli avtomashina YPX maskanida tekshirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan Andijon viloyati Buloqboshi tumanida yashovchi 1966 yilda tug‘ilgan fuqaroning qo‘l sumkasidan jami 5 kilogramm 32 gramm «gashish» giyohvandlik vositasi aniqlandi.
Yana bir holatda Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanida yashovchi 1974 yilda tug‘ilgan shaxs o‘z tomorqasida 33 tup kannabis o‘simligini yetishtirib kelayotgani fosh etildi. Shuningdek, uning xonadondan 7 kilogramm 79 gramm «marixuana» giyohvandlik vositasi ham olindi.
Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda esa Andijon – Qo‘qon yo‘nalishida harakatlanayotgan «Lasetti» rusumli avtomashina to‘xtatilib, undagi ikki yo‘lovchiga tegishli qoplardan 1200 dona «Tropikamid» kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topildi.
Tadbir davomida ular bilan bog‘liq bo‘lgan yana uch nafar shaxs ushlanib, ulardan jami 345 dona «Tropikamid» hamda 15 dona «Regapen» dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Tergov davomida mazkur shaxslar kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini Qirg‘izistondan aylanma yo‘llar orqali olib kelib, sotish bilan shug‘ullangani aniqlangan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Hayot Davlatov Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari etib tayinlandi
Hayot Davlatov Buxoro viloyati hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Hayot Davlatov 1979-yilda Peshku tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 1999-yilda Sankt-Peterburg davlat universitetini, 2006-yilda Buxoro davlat universitetini hamda 2011-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan. Mutaxassisligi – menejment, iqtisodchi.
U ish faoliyatini Buxoro viloyati monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish hududiy boshqarmasida oddiy nazoratchi sifatida boshlab, Buxoro viloyati hokimligi iqtisodiyot bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, Buxoro viloyati qurilishda tanlov savdolari va narxlarni shakllantirish konsalting markazi direktori, Buxoro viloyati Investisiya bosh boshqarmasi boshlig‘i, Buxoro viloyati qurilish bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida ishlagan.
Shuningdek, u 2021-2024-yillarda Kogon shahar hokimi vazifasida faoliyat ko‘rsatgan. 2024-yildan ayni vaqtga qadar Peshku tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgandi.
-
Dunyodan4 days agoEron Hormuz boʻgʻozi yopilganini eʼlon qildi
-
Siyosat3 days ago
«Endigi vazifa erishilgan kelishuvlarni real loyihalarga aylantirish»
-
Jamiyat4 days ago
Bugun ayrim hududlarda havo harorati 44 darajaga yetishi mumkin
-
Jamiyat4 days ago
Uy qurmoqchimisiz? Hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi bilan tanishing
-
Iqtisodiyot3 days agoO‘zbekiston qaysi mamlakatlarga ko‘proq mahsulot sotmoqda?
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Sport5 days agoNodirbek Abdusattorov jahon shaxmat reytingida eng yuqori uchtalikka kirdi
-
Dunyodan4 days agoAQSh va Eron o’rtasidagi urushning iqtisodiy oqibatlari hisoblanmoqda
