Mahalliy
Toshkent: Eski shahar hikoyalari suratlarda
Toshkentga o‘qishga hujjat topshirish uchun kelganimda, ilk hayratlanganim metro bo‘lgan. «Paxtakor» bekatidan chiqib, 100-avtobusga o‘tirganmiz. Va shu bilan men shaharga kelganimni deyarli his qilmaganman: eshigi zo‘rg‘a yopiladigan tiqilinch avtobus — ichida havo yo‘q, bir oyoqda turganlarniku aytmasa ham bo‘ladi. Issiqdan zo‘rg‘a nafas olasan, oynalari xira, shovqin va hatto orqa eshik yaxshi yopilmagan. Avtobus jin ko‘chalardan, pastqam darvozali uylar, nuragan devorlar orasidan o‘tar, u qadar chiroyli manzara emasdi, balki go‘yo qishloq ichida yurgandek edi.
Shunda o‘ylaganman: «Toshkent chiroyli, katta shahar deyishgandi-ku, nahotki u shunchalik eski va xarob bo‘lsa?…» Biz o‘tirgan avtobus to‘g‘ri universitet oldiga borgan.
foto: Anatoliy Gorokrik
O‘shanda men tushunmaganman, nega shuncha zamonaviy shaharda go‘yoki qishloq oralab yurdik? Keyin bildimki, biz yurgan ko‘chalar qishloq emas, balki Poytaxtning yuragi, aniqrog‘i, Toshkent barpo bo‘lgan joy ekan.
Oradan qancha yillar o‘tdi… men yana o‘sha joylarga qaytdim, xotira va sog‘inch bilan. Qizig‘i shundaki, bu sayohat ham o‘sha kabi shaharda endilikda deyarli uchramaydigan, o‘rindiqlari bilan o‘tmish nafasini saqlagan avtobusdan boshlandi.
Farobiy, Chig‘atoy, Samarqand darvoza, Sog‘bon dahalari… Olcha, Dutorchi, Qo‘shtut, Shoshiy ko‘chalari, tupik, ya’ni berk ko‘chalar, jin ko‘chalar — ular oralab yurarkanman, Toshkentning yuragida joylashgan o‘tmishni, tarixni his qildim.
Bu sayohat men uchun xarita bo‘ylab yurish emas, balki vaqt bo‘ylab ortga qaytish edi.
Sayohatim Chig‘atoy ko‘chasidan boshlandi, unga yondosh Sag‘bon ko‘chaning boshlanishi hovlilar devorlariga relef surat (bo‘rtma devor san’ati) chizilgan edi. Devorlarda go‘yo shahar o‘z xotirasini so‘zlayotgandek: bo‘rtma suratlar ichida o‘sha davrni va odamlarini uchratasiz.
Ochig‘i hamma ko‘chalar bir-birini takrorlayotgandek, agar avval kirgan ko‘changizni eslab qolmasangiz yana aylanib shu yerga kelib qolishingiz aniq.
Eng qizig‘i ko‘chalarda saqlanib qolgan eshiklarning tuzilishi bo‘ldi — biri ikki tavaqali, yana biri bir va hatto g‘ayritabiiy uzun va ingichka eshiklarni ham uchratishingiz mumkin:
Ba’zi uylarning tashqari tomoni boshqatdan suvalgan, ba’zi uylarning oyna, romlari almashtirilgan, ammo ba’zi boloxonali uylarning hamon o‘sha davrdagidek o‘zgartirilmagani o‘tmish arxitekturasini ko‘z oldingizda qayta jonlantiradi:
O‘sha davrdagi ko‘chalar nafaqat tor va uzun bo‘lgan balki zinali bo‘lgani yanada qiziq:
Eski ko‘chalarga, eski uylarga ularning eskiligini eslatib turuvchi har qanday ashyolar yarashaveradi:
Ushbu shisha lampa ham har holda tarixga aylangani rost…
Ko‘chalarda mana bunday ulovda yurgan hamshaharlarimizni ham uchratdim:
Shom payti. Shu yerda yashaydiganlarning eslashicha, ushbu do‘konga 40 yildan oshibdi.
Menga yana sirli ko‘ringan narsa, bu mana shunday eshiklar ortidagi shu mahallalarda tug‘ilib yashayotgan odamlarning turmush tarzi, o‘y-xayollari, o‘tmish bilan bog‘liq xotiralari bo‘ldi.
Boshi berk ko‘cha deb o‘ylaganingiz yana bir kichik jin ko‘chalarga olib chiqishi mumkinligi ham g‘alati hislarni berdi…
Va angladimki, bu yerdagi har bir xonadon, har bir eshik ortida tarix va bugunni bog‘laydigan bitmas tuganmas-sirlilik bor. Va bularni bilish uchun albatta yana qaytaman…
Odatda sayohatga chiqish deganda insonlar o‘zga yurtlarning tarixiga, madaniyatiga, shaharlariga havas qiladi. Ammo moddiy imkoniyatlar hamisha bunga imkon bermaydi, lekin sayohatdan oladigan taassurotlarimizni biz o‘z yurtimizning qadimiy joylaridan ham topishimiz mumkin. Toshkentning eski shaharini aylanganimda, ochig‘i, xorijga chiqqanday taassurot oldim. 2200 yildan ortiq tarixga ega bu shaharni uch kun aylanib chiqsangiz ham vaqtingiz yetmaydi, ishoning, uning boy madaniy merosi, tarixiy muhiti sizga o‘zgacha hissiyotlarni beradi… yana va yana qaytishni istab qolasiz.
Barno Sultonova
Mahalliy
Texnikum bitiruvchisini ishga olgan tashkilotlarga kredit beriladi
Hukumat qarori bilan «Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom davlat texnikumlari bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
– texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda dual ta’lim bo‘yicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan bo‘lishi;
– dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan bo‘lishi hamda ish haqi to‘lashi;
– joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi.
Tashkilotlar dual ta’lim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi:
kreditni olish to‘g‘risidagi ariza;
ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo‘lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim bo‘yicha shartnoma nusxalari;
dual ta’lim dasturi va dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar ro‘yxati;
tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot.
Tashkilotning kredit ajratish bo‘yicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi hamda uning hisobvarag‘iga kreditni o‘tkazadi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyatini beruvchi yangi tartib belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi joriy etiladi.
Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi.
10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanadi. Bu o‘quvchilarga kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YaIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi.
Mahalliy
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, o‘n yil ichida mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.
Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida 2 ta bo‘lgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 6 taga yetgan.
2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yilda ular soni yana sezilarli ko‘paygan.
2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan. Bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘pdir.
Shuningdek, 2020/2021-yildan 2025/2026-o‘quv yiligacha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshgan. Natijada besh yillik davrda ular soni 18 tadan 30 taga yetdi.
Mahalliy
35 yilda O‘zbekistonda maktablar soni 1,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yilidagi 8 557 ta maktabga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, mustaqillikdan keyingi davrda mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 561 taga oshgan.
Dinamikaga ko‘ra, maktablar soni ayrim davrlarda sekin o‘sgan yoki qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda barqaror ko‘payish kuzatilgan. 2020/2021-o‘quv yilida ular soni 10 181 tani tashkil etgan.
1995/1996-o‘quv yilida mamlakatda 9 289 ta, 2000/2001 o‘quv yilida 9 726 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
2005/2006-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 9 803 taga yetgan. 2010/2011-o‘quv yilida esa 9 806 ta maktab qayd etilgan. Keyingi besh yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 2015/2016-o‘quv yilida 9 720 tani tashkil qilgan.
2020/2021-o‘quv yilidan boshlab o‘sish yana tezlashgan. 2021/2022-yilda 10 289 ta, 2022/2023-yilda 10 522 ta, 2023/2024-yilda 10 750 ta maktab faoliyat yuritgan.
2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 tani tashkil etgan. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich yana 175 taga oshib, 11 118 taga yetgan.
Shunday qilib, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiligacha mamlakatdagi maktablar soni 937 taga ko‘paygan.
Mahalliy
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
Oliy ta’lim tashkilotlari, akademik litsey va texnikumlarda yangi o‘quv yili boshlanish sanasi belgilandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar qildi.
2026/2027-o‘quv yilida akademik litsey va texnikumlarda o‘quv jarayonlari 2-sentyabrdan boshlanadi.
Oliy ta’lim tashkilotlarida esa:
— 1-bosqich talabalari uchun — 7-sentyabrdan;
— 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun — 14-sentyabrdan o‘quv jarayonlari tashkil etiladi.
-
Iqtisodiyot3 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Iqtisodiyot4 days ago
Mikro GESlarni loyihalash va qurish tartibi soddalashtiriladi
-
Mahalliy2 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga ko‘proq eksport qilmoqda?
-
Jamiyat5 days ago
Mirakida ekologik bilim va sport uyg‘unlashgan kun
-
Mahalliy4 days ago
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
-
Mahalliy3 days ago
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
-
Iqtisodiyot20 hours ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
