Mahalliy
Tomoshabin haqiqiy hayotiy film kutmoqda!
Shuhratbek Samoni ijtimoiy tarmoq – Facebook orqali taniyman. Sahifasida mashhur insonlar, kinofilmlar, bolalik nostalgiyasi haqida fikrlar va suratlar bilan tanishtirib boradi. Tanidingizmi, esladingizmi… ha aksariyat hollarda postlari shunday boshlanadi.
Shuhratbek Hojiyev Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh oblasti Aravon qishlog‘ida tug‘ilgan. Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika institutining o‘zbek va qozoq filologiyasi fakultetida tahsil olgan va maktablarda o‘zbek tili va adabiyotidan dars bergan, oliy toifali o‘qituvchi. 1987 yildan esa Aravon tumanida o‘zbek tilida gazeta nashr etila boshlagach, faoliyatini gazetada davom ettirdi – muxbir, maxsus muxbir, fotomuxbir, mas’ul kotib, ayni paytda esa bosh muharrir. Hamkasbimiz biz bilan kino muxlis, tomoshabin, jurnalist sifatida film va seriallar xususida o‘z fikrlarini o‘rtoqlashdi.
– Insonning o‘z ustida ishlashida, rivojlanishida kino san’atining o‘rni qay darajada?
– Kino shaxs o‘zini va boshqalarni o‘rganishi, voqealardagi xatolardan saboq, yutuqlardan ibrat olishida katta ahamiyatga ega. Faqat tomoshabin kinodan to‘g‘ri xulosa chiqarishi kerak. Afsuski, fikrimcha hozir insonni mushohada qilishga, ibratli xulosa chiqarishga undovchi milliy filmlar deyarli yo‘q. Borlari ham ko‘pchilikka manzur emas. Sababi, aksariyat tomoshabinlarning didi yengil-yelpi, oldi-ochdi, «xontaxta» filmlarga moslashib bo‘ldi.
– Ko‘pincha sahifangizda «esladingizmi, tanidingizmi», degan mazmundagi mavzular – eski kinolar va aktyorlarni eslaysiz. Avval yaratilgan o‘zbek kinolari va ular hozirgi asarlardan qanday farq qiladi?
– Sobiq Ittifoq davrida «O‘zbekfilm» mamlakatning yetakchi kinostudiyalaridan edi. Shuningdek, o‘zbek kinoaktyorlari ham tom ma’noda san’at darg‘alari, ustalari edi. Baxtga qarshi hozir o‘sha davrda yaratilgan aksar filmlar namoyish etilmagani bois, aktyorlarni bugungi o‘rta va kichik avlod mutlaqo tanimaydi. Katta avlod vakillari ham filmning nomini, syujetini bilgani bilan, ko‘pchiligi ismi sharifini bilmaydi, ma’lumotga ega emas. Men «Esladingizmi, tanidingizmi?» ruknida ularni yodga olaman. Muxlislar esa ularni esga oladi, bilgan ma’lumotlarini o‘rtaga tashlaydi. Bu bilan postlarni o‘qiganlar nimanidir xotirlaydi, o‘rganadi. Qoldirilgan izohlardan, shaxsiyga yozilgan fikrlardan bu rukn do‘stlarimga manzur bo‘layotganidan xursandman.
Eski filmlarda syujet, ijro, aktyorlar ansambli, dialoglar, matn, tasvir…xullas filmdagi insoniy tuyg‘ular, hissiyotlar, chiqariladigan xulosalar hamma-hammasi tomoshabinlarni zeriktirmasdi. Shu sabab ularni qayta-qayta ko‘rsangiz ham me’daga urmasdi.
Hozirgi deyarli 90 foiz filmlarda dialoglar poyma-poy, aktyorlar rolga tushmagan, ssenariy bachkana yoki saviyasi past. Bir marta ko‘rsa ko‘riladi, bo‘lmasa yo‘q.
Ya’ni avval yaratilgan filmlarda rejissura kuchli bo‘lgan. Ssenariy puxta yozilgan, g‘alizliklar deyarli yo‘q. Bosh rollardan tortib, epizodik rollargacha aktyorlar mos tushgan. Shu bois epizodik rol ijrochilari ham tomoshabin yodidan chiqmaydi. Filmlarda ijodiy muhitga talab va e’tibor kuchli bo‘lgan deb ayta olaman. Masalan SSSR xalq artisti Lutfixonim Sarimsoqovani olaylik. «Sen yetim emassan» filmidagi Fotima opa bilan «Farzandlar» filmidagi telba ayol obrazini ko‘ring. Yoki «Mahallada duv-duv gap» filmidagi Mehri xola bilan «Paranji sirlari» film-spektaklidagi Mastura satangni bitta aktrisa ijro etganiga ishonish qiyin. Bittasi yetimlarning boshini silagan mehribon ona roli bo‘lsa, ikkinchisida turmush mashaqqatlari tufayli aqldan ozgan ayolni ko‘ramiz. Mehri xola timsolidagi hammamizga tanish mehrli, ayni qahrli, farzandi kamoli uchun kuyib-yongan o‘zbek ayolini ko‘rib quvonamiz, arazlarini ham to‘g‘ri qabul qilamiz. Shu aktrisa qahri qattiq, inson taqdirini pista po‘chog‘ichalik ko‘rmaydigan, odamiylikdan boylikni, pulni ustun ko‘radigan Mastura satang rolini ijro etganiga ishonolmaysiz. Bu aktrisaning obrazga kirishi, kasbiga mas’uliyati yuksakligi, fidoyiligidan darak.
– Yaqinda o‘zbek seriallarini tanqid qilgan postlaringiz ko‘paydi…
– Hozir telekanallarda deyarli har kuni yangi seriallar, telenovellalar namoyish qilinyapti. Avval ishlangan videofilmlar, milliy seriallarning hozirgilari bilan yer va osmonchalik farqi bor. «Qismat», «Ulug‘bek xazinasi», «Bobur» videofilmlari, «Qaytar dunyo», «Tutash taqdirlar», «Opa-singillar» kabi seriallar puxta ishlangan. Shu sababdan ham tomoshabin ularni juda yaxshi eslaydi.
Keyingi paytda yaratilayotgan seriallarning aksariyatida syujet sifati ham talab darajasida emas. Davlat buyurtmasi asosida ishlanayotgan seriallarni qisman, ha qisman saviyali deyish mumkin. Ammo xususiy telekanallarda yaratilayotganlari haqida bunday fikr bildirolmayman. Yana bir afsuslanarlisi butun boshli 40, 50, 100 qismli seriallar ssenariy yozilmasdan bir-ikki haftada, nari borsa bir oyda suratga olinayotgani menimcha, mutaxassilarni ham tashvishga solmay qo‘ydi.
Aktyorlarning improvizatsiya orqali rol ijro etishlari natijasida aytilayotgan gap-so‘zlar tomoshabinlarning e’tiroziga, tanqidiga, eng achinarlisi kulgisiga sabab bo‘lyapti, aksar seriallardagi aktyorlar, aktrisalar deyarli professional emas. Ijro ham shunga yarasha. Aktrisa yig‘laydi, ko‘zida tomchi yosh yo‘q, quvonch va baxtiyorlikdan porlab turadi. Atrofimiz faqat maishiy buzuq, yengiltak ayollarga to‘lib ketganmi, aksariyat rollardagi ayollar birovning erini yo‘ldan urgan, erini bir tiyinga olmaydigan, sal narsaga 102 qiladigan kelinlar seriallar va novellalarning bosh qahramonlariga aylanib qolmoqda. Bu nima degani? Hayotimizda shunaqa insonlar ko‘pmi? Yoki tomoshabinlar sonini ko‘paytirib, reytingni oshirish uchun bunaqa tomoshalar yaratilyaptimi? Ochig‘ini aytish kerak, hayotimizda uchrayotgan noxush holatlarning yuzaga kelishiga ko‘p hollarda seriallar sabab.
«Yoqmasa ko‘rma! Televizorni o‘chir!» deydigan «aqlli»lar ko‘p. To‘g‘ri, men yoki siz ko‘rmasligimiz, televizorni o‘chirishimiz mumkin. Yoki biz ko‘rsak ham to‘g‘ri xulosa chiqaradigan yoshdamiz. Lekin tomoshabin faqat biz emasmiz-da. Qancha yoshlar bularni tomosha qilyapti! Hammasi ham to‘g‘ri xulosa chiqaryapti deb bo‘lmaydi.
Yana bir og‘riqli muammo. Barcha telekanallarda adabiy til qoidalariga rioya qilinmaydi. Yoki ular adabiy til sifatida Toshkent shevasini tasavvur qilishadimi? Hamma ko‘rsatuvlar Toshkent shevasida olib boriladi. Hatto viloyatdan kelganlar ham o‘xshasa-o‘xshamasa «votti»lashadi. Yana bir kulgili tomoni, oiladagi ona «votti»lasa, farzandlarining biri «opti»laydi, boshqasi «yapti»laydi. Shunaqasi ham bo‘ladimi?
Yana bir achinarli ko‘rinish: qamoqdagi, ochlikdan, muhtojlikdan qiynalgan, kasalxonada oylab o‘lim to‘shagida yotgan ayollarning tirnoqlari o‘stirilgan, bo‘yalgan, qosh-ko‘zi, yuzi makiyaj qilingan. Nima o‘lim to‘shagida yotgan ayolning ko‘ngliga yasanish sig‘adimi?
Siz aytayotgan o‘sha tanqidiy postlarim, fikrlarim kimgadir yetib borsa, o‘qisa va yo «to‘g‘ri» yoki «noto‘g‘ri», «loaqal bilmagan narsaga aralashma!» deb javob qaytarsa edi…
– Kinolarimizning aksariyatida yuqorida aytganingizdek, qaynona-kelin ya’ni maishiy muammolar ko‘tarilishini nima bilan izohlaysiz?
– Telekanallardagi tarbiyaviy-maishiy mazudagi har xil ko‘rsatuvlarda namoyish qilinayotgan telenovellar, seriallarning nomlariga e’tibor qarating-a, men ayrimlarini sanab o‘taman:
«Iqror» ruknidagi ko‘rsatuvlar: «Yangi kelin kelganda…», «Kelinning maoshi kimniki?», «Telba kelin», «Instagramchi kelin», «Kelinimning bolasi bor ekan», «Gumondor kelin»…
Taqdirlar ruknidagi ko‘rsatuvlar: «Shaharlik kelinimning qiliqlaridan dod», «Dugonasini kuydirib xor bo‘lgan kelin», «Chimildiqdagi kelin nolasi», «Farzandlarini enagaga berib, mehr bermagan kelin», «Kelinim tungi klubda»…
«Tugun» ruknidagi ko‘rsatuvlar: «Nogiron erini tashlab chet elga ketgan kelin», «Boylikka uchib fotihasini buzgan kelin», «Boylik sabab oilasidan ayrilgan shifokor kelin»…
«Otalar so‘zi-aqlning ko‘zi» ruknidagi ko‘rsatuvlar: «Erini kredit olishga majburlagan kelin», «Oqibatsiz kelinlar», «Dangasa kelinning hiylasi»
«Hikmatli dunyo» va «Odamlar orasida» ruknidagi ko‘rsatuvlar:«Shaharlik kelin», «Benomus kelin», «Kelinchak», «Baqiroq kelinlar», «Dangasa kelinlar»…
Kino va seriallar: «Pahmoq kelin», «Vaysaqi kelin», «Modnitsa» kelin», «Jangchi kelinlar»…
Xuddi jamiyatimizda kelinlardan boshqa tashvish va muammo qolmagandek. Tarbiyaviy-ma’rifiy ko‘rsatuvlarning kelinlar mavzusi tomoshabinlarga qay darajada tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatayotganining o‘zi yanayam qiziq.
Savolingizga kelsak, bir tomondan kanal ijodkorlarining bu pozitsiyasi to‘g‘riday – tinch, g‘alvasiz mavzu.
Kinoijodkorlar qaynona (rolga tayyor aktrisalar yomoniga Saida Rametova, sal ezilganiga Ra’no Yarashevalar bor, kastingning keragi yo‘q), kelinlar (har qanaqasini yosh aktrisalar qoyillatadi), qaynotalar (har qanaqa xarakterdagi qaynotani qoyillatib yuboradigan aktyorlar ko‘p), kuyovlar… mavzusini shundoqqina yoritsa tinchroq bo‘ladi.
Bechoralar boshqa mavzuga qo‘l ursa, negativlar shunaqa ko‘p yog‘iladi. Birpasda hamma san’atshunos, kinotanqidchi, tarixchiga aylanadi. Urush yoki bosmachilar mavzusi yozilsa, ba’zi tarixchilar qayerdandir eshitgan, ha o‘qigan emas, eshitgan safsatasini aytib, ssenarist va rejissyorni xalq dushmaniga chiqaradi. Shu sababdan ham bizda faqat komediya, maishiy mavzulardagi filmlar («Mahallada duv-duv gap», «Suyunchi», «Kelinlar qo‘zg‘oloni», «Chimildiq», «To‘ylar muborak» kabilar) mashhur.
«101 reys» va «Qo‘qon shamoli» filmlari haqida ijobiy fikr bildirsam, darrov salbiy fikrlari bilan «tanqidchilar» yetib kelishdi. Tanqid asosli bo‘lsayu, xo‘p. Lekin odatdagidek «u unaqa, bu bunaqa» degandek oddiy gaplar.
Qani edi bizda ham «Soldat otasi», «Hur qizlar»dek filmlar ishlansa… Afsuski bugun biz o‘zbek teatr va kino san’atining darg‘alari, afsonalaridan foydalana olmayapmiz. Erkin Komilov, Yodgor Sa’diyev, Naima Po‘latova, Gulchehra Jamilova, Tesha Mo‘minov kabi aktyorlarimiz ham hatto maishiy mavzular bilan cheklanib qolyapti.
Bir kuchli rejissyor chiqsayu, O‘tkir Hoshimovning «Ikki eshik orasi» asarini ekranlashtirsa… Orif oqsoqol obrazini Erkin Komilov, Umar Zakunchi rolini Hamid Toshpo‘latov ijro etsa deb orzu qilaman.
– Shular qatorida oz bo‘lsa-da ijtimoiy yoki tarixiy mavzudagi filmlarimizdan muvaffaqiyatlilarini ko‘rasizmi? Agar bor bo‘lsa, ular nima uchun yaxshi qabul qilingan va shu muvaffaqiyat sabablari nimada deb hisoblaysiz?
– Kino yoki seriallarimizni butunlay qoralash fikridan yiroqman. Yuqorida aytganimdek, keyingi yillarda yaratilgan «101 reys», «Qo‘qon shamoli», «Ilxaq», «Sudya» kabi filmlarni ko‘pchilikka yoqqan, muvaffaqiyatli chiqqan filmlar deb hisoblayman. Buning sababi, aktyorlar ansambli, rol ijrochilari to‘g‘ri tanlangan. Ular o‘zlariga berilgan obrazlarni ishonarli, to‘laqonli yaratib berishgan.
Negadir bizda rejissyorlar izlanishni, rolga mos tushadigan aktyorlarni qidirishni xohlashmaydi. Qaynona roliga tayyor 3-4ta aktrisalar bor. Ular ham boshini qotirib o‘tirmaydi. Shartta ko‘ylak, ro‘molini almashtirib bir paytda bir nechta serialda, novellada o‘ynab tashlayveradi. Shang‘illasa, yig‘lamsirasa, baqirsa bo‘ldi rol tayyor. Bitta aktrisani bir vaqtning o‘zida bir nechta tomoshada ko‘rgan tomoshabinlar serial nomlarni, boshqa ijrochilarni ham adashtirib yuboradi. Shunaqa mushtumzo‘r, shilqim, yengiltabiat, suyuqoyoq shaxslar roliga ham navbatchi san’atkorlar tayyor.
Xullas, yengiltaklik, jazosiz qolayotgan odam savdosi, jinoyatchilik, giyohvandlikni namoyish qiladigan saviyasiz seriallar yaratish borasida turk va Lotin Amerikasi, Italiya ijodkorlarini ham ortda qoldirdik.
Bugun talab shu, tarixiy yoki dramatik seriallar, voqealarni tomoshabin ko‘rmaydi deyish noto‘g‘ri. Tomoshabin bachkana vayn, tik-tok, prank, seriallardan zerikdi. Ular jiddiylikni xohlashadi. Bunga seriallar, postlarga qoldirilgan izohlarni o‘qib, amin bo‘lmoqdaman.
Endigi maqsad ezgulikka chorlash, yaxshilikni, mehr-oqibatni targ‘ib qilish bo‘lish kerak. Olinayotgan film va seriallar hayotiy bo‘lsin!
Suhbatni Barno Sultonova tayyorladi
Mahalliy
Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlari jadallashtiriladi
Joriy yil 24-fevral kuni Prezidentinng «Aholini uy-joy bilan ta’minlash ishlarini jadallashtirish va ko‘p kvartirali uylar qurilishini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–29-son farmoni qabul qilindi.
Quyidagilar ushbu Farmonning asosiy maqsadlari etib belgilandi, jumladan:
uy-joy qurilishini rag‘batlantirish va uy-joyga bo‘lgan huquqni amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishga doir konstitutsiyaviy norma talablarini bajarish;
ko‘p kvartirali uylar bozorida talabga muvofiq takliflarni mutanosib ravishda oshirib borish;
ko‘p kvartirali uylar qurilishida yer ajratish va ruxsat berish tartib-taomillari jarayonlarini o‘z ichiga oluvchi investitsiya-qurilish davrining davomiyligini 1,5 baravargacha qisqartirish.
Farmonga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda «Yangi O‘zbekiston» massivlari uchun yangi hududlarni tanlab olishning qonunchilikda belgilangan mezonlariga mos keladigan loyihalarga «Yangi O‘zbekiston» massivi maqomini berish orqali ularga amaldagi tartib-taomillar va moliyalashtirish manbalari tatbiq etiladi.
«Yangi O‘zbekiston» massivlarining yo‘l-transport infratuzilmalari loyihalarini ishlab chiqishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, energiya tejovchi uskunalar, muqobil issiqlik tizimlaridan keng foydalaniladi va «yashil» transport muhiti yaratiladi.
Mahalliy
Talaba qizlarga “ikkinchi imkoniyat” beriladi
Prezident farmonga ko‘ra, homilador talaba-qizlarga yoki 3 yoshgacha bo‘lgan farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanuvchi talabalarga oliy ta’lim olish uchun “ikkinchi imkoniyat” yaratish maqsadida 2026/2027 o‘quv yilidan:
kursdan kursga qolgan yoxud talabalar safidan chiqarilgan shaxslarga, istisno tariqasida, fanlar farqini qayta o‘zlashtirish sharti bilan ta’limni davom ettirish imkoni yaratiladi;
talabalar fanlar farqini mustaqil o‘zlashtirishi uchun qo‘shimcha muddat beriladi va boshqa zarur shart-sharoitlar tashkil etiladi.
Shuningdek, voyaga yetmagan shaxslar bilan nikoh tuzishga da’vat etganlik (qiziqtirganlik) va uni targ‘ib qilganlik uchun ma’muriy javobgarlikni belgilash to‘g‘risidagi taklif ma’qullandi.
2026 yil 1 sentyabrdan nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilik yoki nikoh tuzish tartibini buzishga oid huquqbuzarliklar uchun undirilgan jarimaning 15 foizi bunday holat haqida xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirishga yo‘naltiriladi.
Erta nikoh va 16 yoshgacha bo‘lgan homiladorlik bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida ichki ishlar organlari va “Inson” markazlariga xabar berish majburiyati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish hamda FHDYo organlari, ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalari hamda diniy idora vakillari zimmasiga yuklatiladi.
Mahalliy
Ayrim toifa yoshlar va pedagoglarga imtiyozli ta’lim krediti beriladi – Hukumat qarori
Joriy yil 2-martdagi Hukumatning 88-son qarori bilan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish istagidagi yoshlar va pedagog xodimlarga ta’lim kreditini ajratish tartibiga doir nizom tasdiqlandi.
Nizom Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi hisobidan imtiyozli ta’lim kreditini ajratish va ularni qaytarish tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, ta’lim krediti quyida talablarga javob beradigan yoshlar (30 yoshdan oshmagan, shu jumladan, 30 yoshda bo‘lgan) va pedagoglarga ajratiladi:
QS (Quacquarelli Symonds) yoki THE (The Times Higher Education) bo‘yicha TOP-300 talikka kiritilgan xorijiy oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilingan;
O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan.
Kredit ularning bakalavriat hamda magistratura dasturlarida ta’lim olishlari uchun ajratiladi.
Kredit 1 o‘quv yili uchun 20 ming AQSh dollarigacha miqdordagi ekvivalentda milliy valyutada ajratiladi.
Kreditning asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng 7-oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.
Kredit oluvchi bankka murojaat qilishda quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
ariza;
shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi;
taklifnoma-xat (1-kurslar uchun);
akademik o‘zlashtirish natijalari (2-kursdan boshlab);
to‘lov-kontrakt asosida o‘qish bo‘yicha shartnoma hamda oliy ta’lim tashkilotining bank rekvizitlari ko‘rsatilgan invoys;
birgalikda qarz oluvchilarning so‘nggi 12 oylik daromadlari yuzasidan ma’lumot;
mehnat daftarchasidan ko‘chirma (30 yoshdan oshgan pedagoglar uchun).
Ta’lim krediti stavkasi Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida belgilanadi.
Mahalliy
Bugun Xalqaro yozuvchilar kuni: bizda nishonlanadimi?
Yurtimizda barcha kasb egalarining bayramlari – o‘qituvchilar, jurnalistlar, quruvchilar, shifokorlar mehnati ulug‘lanadigan kunlar bor. Masalan, uzoqqa bormaylik 1 aprel hazil kuni ham keng nishonlanadi: turli tadbirlar, televideniyeda kulguga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar, qiziqchilar bilan uchrashuvlar… Lekin 3 mart kuni ana shu barcha kasb egalari haqida kitob yozadigan, zamonni qog‘ozga muhrlaydigan, tarixni jimgina hujjatga aylantiradigan so‘z zargarlari kuni ekanini bilasizmi?
So‘z umid, tasalli beradi, tarixni muhrlaydi, kerak bo‘lsa tarbiya, jazo ham bo‘ladi. Asrlar davomida yozuvchilar va shoirlar o‘z davrining og‘rig‘ini, quvonchini, savollarini qog‘ozga tushirgan. Shu bois biz bugun antik mutafakkirlarning qo‘lyozmalarini o‘qiy olamiz, o‘tmishga sayohat qilamiz, o‘tgan asrning nafasini his etamiz.
Bu bayramning tarixi ham so‘z erkinligi bilan bog‘liq. XX asr boshlarida ingliz yozuvchisi Ketrin Douson adabiyot va jurnalistikada haqiqatni himoya qiladigan xalqaro klub tuzish g‘oyasini ilgari surdi. Shu tariqa PEN klubi tashkil etildi – nomi inglizcha poets (shoirlar), essayists (essenavislar), novelists (romannavislar) so‘zlarining bosh harflaridan olingan. 1921-yildan boshlab klubga Jon Golsuorsi rahbarlik qildi. Oradan 65 yil o‘tib, 1986-yil Nyu-Yorkda o‘tkazilgan tashkilotning 48-xalqaro kongressida 3 mart sanasi «Butunjahon yozuvchilar kuni» deb e’lon qilindi.
PEN klub – xalqaro yozuvchilar birlashmasi bo‘lib, uning Xartiyasida qayd etilganidek, u «har bir mamlakat ichida va barcha davlatlar o‘rtasida axborot erkinligi tamoyillarini himoya qiladi». A’zolar o‘zlari mansub bo‘lgan jamiyatlarda va imkoni boricha butun dunyoda so‘z erkinligini bostirishning har qanday shakliga qarshi chiqish majburiyatini oladi.
PEN klub tinchlik davrida senzuraning ixtiyoriy va asossiz qo‘llanilishiga qarshi turadi, matbuot erkinligini himoya qiladi. Tashkilot fikricha, insoniyatning siyosiy va iqtisodiy jihatdan yuksakroq tizimlarga intilishi erkin tanqidsiz amalga oshmaydi. Hukumat, boshqaruv organlari va siyosiy institutlarni erkin tanqid qilish taraqqiyot shartlaridan biri.
Shu bilan birga, erkinlik o‘z-o‘zini tiyishni ham talab qiladi. Shu sabab PEN klub a’zolari erkin matbuotning salbiy jihatlari – yolg‘on axborot, ataylab soxtalashtirish, faktlarni buzib ko‘rsatish yoki ularni siyosiy, guruhiy yoki shaxsiy manfaatlar yo‘lida biryoqlama talqin qilishga qarshi chiqishni o‘z zimmasiga oladi. Qarang, yozuvchilarning ishi faqat kitob yozish emas, balki taraqqiyot uchun o‘z so‘zi, aralashuvi bilan hissa qo‘shish ham ekan. Endilikda 100 dan ortiq mamlakatda 130 dan ortiq PEN markazlari faoliyat yuritadi. Butunjahon yozuvchilar kuni ko‘plab mamlakatlarda nishonlanadi. Ko‘pincha bu sanaga turli adabiy mukofotlarni topshirish marosimlari, mashhur adabiyot namoyandalarini taqdirlash, ommaviy mutolaalar, ijodiy uchrashuvlar, yangi kitoblar taqdimoti va boshlovchi yozuvchilar uchun mahorat darslari bag‘ishlanadi. Shuningdek, muallif va publitsistlar yig‘ini, seminarlar o‘tkazilib, yozuvchilik mehnati va adabiyotning yangi yo‘nalishlari muhokama qilinadi.
Masalan, uzoqqa bormaylik Rossiyada bu kun nisbatan yaqin yillardan beri nishonlanib kelinadi va u ko‘proq kasbiy bayram sifatida qabul qilinadi. Odatda sana tantanali va mazmunli tadbirlar bilan o‘tadi. Adabiy kechalar, konsertlar, seminarlar, anjumanlar, yozuvchi va publitsistlar yig‘ini tashkil etiladi. So‘z ustalari bir joyga jam bo‘lib, faqat tabrik eshitish bilan cheklanmaydi – adabiyotning buguni va ertasi haqida jiddiy suhbatlar qiladi.
An’anaga ko‘ra, shu kunda turli mukofot va adabiy sovrinlar topshiriladi. Konferensiyalarda yangi adabiy yo‘nalishlar muhokama etiladi, asarlarning kuchli va zaif jihatlari tahlil qilinadi. Ijodiy ko‘rgazmalar, tanlovlar o‘tkazilib, muayyan yo‘nalishda eng yaxshi deb topilgan mualliflar e’tirof etiladi.
Yozuvchilar kitobxonlar bilan uchrashadi, tajribasi bilan o‘rtoqlashadi, yangi nashrlar taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Ommaviy axborot vositalarida adabiyotga bag‘ishlangan ko‘rsatuvlar efirga uzatiladi. Maktablarda ochiq darslar tashkil etiladi, muzeylarda adabiy ko‘rgazmalar va taqdimotlar o‘tkaziladi.
Xo‘sh, bu kun bizda qanday nishonlanadi? Ochig‘ini aytsam, deyarli bu kunning nishonlanishi bilan bog‘liq tadbirlar haqidagi ma’lumotlarni izlab topa olmadim. Boshqa mamlakatlardagidek, bugun kutubxonalarda, maktablarda har xil tadbirlar, uchrashuvlar o‘tkazilmas ekan.
2023-yil noyabrida Kvanjuda o‘tgan koreys tilli ijodkorlarning 9-xalqaro kongressiga taklif etilgan, dunyoning 70 davlatidan 500 nafar adib jamlangan yig‘inda o‘zbek adabiyoti haqida ma’ruza qilgan yozuvchilar uyushmasi a’zosi, iqtidorli jurnalist va yozuvchi Fozil Farhodning aytishicha, Koreyada PEN markazi faoliyati juda kuchli. Adiblar birlashgan, xalqaro aloqalar tizimli yo‘lga qo‘yilgan. Nobelga nomzod ko‘rsatish jarayonlarida ham shu markazlar faol ishtirok etadi.
– Koreyadagi olti kunlik tajriba shuni ko‘rsatdiki, adabiyotni yuzaga chiqaruvchi jarayon turli mukofotlar emas, balki uning atrofida birlashgan muhitdir, – deydi u bugungi kun haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlasharkan. – Bizda esa PEN markazi yo‘q, shu bois Butunjahon yozuvchilar kuni deyarli nishonlanmaydi. Balki bir-ikki xabar tarqalar, xolos. Bugun ham katta bayram emas, Yozuvchilar uyushmasida she’riyat kengashining yillik hisobot yig‘ilishini o‘tkazayapmiz. Agar xalqaro maydonga chiqishni istasak, avvalo shu yo‘llarni ochishimiz kerak. Yurtimizda Nobelga munosib adiblar bor, deb o‘ylayman. Lekin ularni dunyoga olib chiqadigan ko‘priklar kerak. Koreyada 500 nafar ijodkorni bir joyga jamlash oddiy ish emas. Bu adabiyotga munosabat. Bizda esa 3 mart sanasi deyarli nishonlanmaydi…
Darhaqiqat, keling, o‘sha ko‘priklarni bugundan, o‘zimizdan boshlab quraylik. Biz bugundan yozuvchilar kunini nishonlashni boshlashimiz, 3 mart kuni kimni va qanday tabriklash kerakligi haqida o‘ylashimiz mumkin. Buni bizga hech kim taqiqlamaydi. 3 mart sanasini an’anaviy ravishda nishonlashni boshlash orqali biz nafaqat adabiyotga, balki o‘zligimizga bo‘lgan munosabatni o‘zgartiramiz. Balki bugungi kichik tabriklarimiz, e’tiborimiz va sovg‘alarimiz kelajakda yurtimizda yangi adabiy muhitning shakllanishiga, xalqaro PEN markazlarining ochilishiga va o‘zbek ijodkorlarining dunyo minbarlarida baralla so‘z aytishiga turtki bo‘lar.
Yozuvchi deganda faqat kitoblari minglab nusxada chop etilgan mashhur adibni tushunish shart emas. Qalam tutgan, so‘z bilan ishlaydigan har qanday inson – yangi boshlagan muallif ham, she’r yozayotgan talaba ham o‘zini bu bayramga daxldor deb his qilishi mumkin.
So‘z ixlosmandlarini tabriklashning eng chiroyli yo‘li, balki ularga bag‘ishlab she’r yozishdir, balki klassik yo‘l kitob sovg‘a qilish ham mumkin. Kitob barcha zamonlarning eng munosib tuhfasi.
Butunjahon yozuvchilar kunini nishonlash uchun qimmatbaho restoran yoki rasmiy minbarlar ham shart emas. Ba’zan ijodkor uchun eng katta sovg‘a uning mehnati qadrlanishini his qilishdir. Agar siz ijod ahliga yaqin bo‘lsangiz, quyidagi kichik, ammo ma’noli qadamlarni tashlashingiz, ya’ni sevimli muallifingizning asaridan bir parchani ijtimoiy tarmoqlarda ulashishingiz va uni belgilab tashakkur aytishingiz mumkin.
Agar biror tanishingiz ijod bilan shug‘ullansa, unga shovqindan xoli, shinamgina qahvaxonada bir soatlik «ijodiy tanaffus» sovg‘a qiling.
Yangi boshlagan yosh qalamkashning ilk mashqlarini tinglang. Tanqid emas, «Senda iste’dod bor, to‘xtama!» degan bir og‘iz so‘z ba’zan eng katta mukofotdan ham kuchliroq ta’sir qiladi.
Butunjahon yozuvchilar kuni nafaqat mashhur adiblarni, balki qo‘liga qalam tutib, dunyoni yaxshiroq qilishga intilayotgan har bir insonni qo‘llab-quvvatlash uchun imkoniyatdir. Biz bugun 3 martni bayram sifatida qabul qilsak, ertaga jamiyatimizda So‘zning qadri baland bo‘ladi.
Barno Sultonova
Mahalliy
25 yil ichida kitob olamida nimalar kashf etildi?
XXI-asrning birinchi choragi ya’ni 2001-2025-yillarda adabiyot olamida, umuman kitobga bog‘liq sohalarda qanday yangiliklar bo‘ldi?
Avvalo kitoblarning shakli o‘zgardi — elektron kitoblar va audio kitoblar paydo bo‘ldi. Endi kutubxonaga qatnab kerakli kitobni izlash muammosiga barham berildi. Chunki, istalgan kitobning elektron ko‘rinishi yaratildi. Elektron qurilmalar mutolaani juda osonlashtirib yubordi. Audio kitoblar esa insonlarga harakat paytida ham mutolaa qilish imkonini yaratdi.
Muallifga erkinlik berildi. Shoir va yozuvchilar endi avvalgidek nashriyotga qaram bo‘lmay qoldi. Ular o‘z saytlarini, ijtimoiy tarmoqlarda blog va sahifalarini yuritib, ijodini ommaga olib chiqa boshladilar. Yozuvchiyu shoirlar nashriyotlar yordamida asarlarini e’lon qilib, avvalgidek noyob, sirli muallif emas, kontent yaratuvchiga aylandilar.
Kitob terapiya yo‘lga qo‘yildi. Kitob “san’at”dan tashqari terapiya – davolovchi hamda motivator vazifasini ham bajara boshladi. Mualliflar ilmiy-ommabop, psixologik va biznes mavzusidagi kitoblar bilan odamlarga ta’sir o‘tkaza boshladilar.
Multimediali kitoblar ommalashdi. XXI asrda nashriyotlar bolalar uchun ovozli, interaktiv kitoblar chiqara boshladilar. Va mazkur kitoblarning ichidagi animatsiyalar va har xil o‘yinlar bolalarni kitobga qiziqtirishda muhim rol o‘ynadi.
Yaxlit janrlar kamayib, ularning aralashmalari paydo bo‘ldi. Masalan: Roman esselar, hujjatli badiiy asarlar, tarixiy fentezilar yaratildi.
Shuningdek, distopiya, grafik roman, manga, LitRPG (o‘yinlar ichida kechadigan asarlar), iqlim o‘zgarishi haqidagi asarlar, muxlislar yozgan asarlar kabi yangi janr va oqimlar ham vujudga keldi.
Yirik asarlar qisqartirildi va yangi mutolaa turlari paydo bo‘ldi. Chunki yostiqday romanlar endi zamonaviy kitobxon uchun zerikarli bo‘la boshladi. Vaqtni tejash uchun esa yirik romanlarning qisqartirilgan nasriy bayonlari yaratildi. Zamonaviy mualliflar 50 betlik romanlar, epizodik hikoyalar yozishmoqda.
Shuningdek, tez o‘qishning yangi yo‘llari kashf etildi. Shoshqaloq o‘quvchi vaqtini tejash uchun vertikal o‘qib, bir oyda 20 talab asar tugatayapti.
Yevropa kutubxonalaridagi “tirik” kitoblar paydo bo‘ldi. Masalan Daniyadagi kutubxonalardan biri “tirik kitoblar”dan iborat. Bunda siz kutubxonaga kirib mavzuga qarab bironta odamni tanlaysiz, u esa sizga o‘z hayotidan qiziqarli hikoyalar so‘zlab beradi. Bu kabi “tirik kitoblar” qisqa vaqt ichida Yevropada ommalashdi va hozirgacha faoliyat yuritib kelmoqda.
Eng mashhur elektron kitob do‘koni Amazon o‘z faoliyatini 1990-yillarda boshlagan bo‘lsa-da, XXI boshida ommalashdi. Natijada, butun dunyoga bosma va elektron kitoblar sotish orqali katta natijalarga erishdi.
2018-yilga kelib O‘zbekistonda ham Amazondan ilhomlanib Asaxiy Books elektron kitob savdosini yo‘lga qo‘ydi.
Birinchi internet bloglar 1990 yillarda tor doirada yaratilgan edi, XXI-asrning boshlarida esa faollasha boshladi. 2004 yilda Facebook, 2010 yilda Instagram, 2013-yilda yesa Telegram platformalari ishga tushgach kitob bloglarini yurituvchilar ko‘paydi.
Sun’iy intellekt XXI-asrning birinchi choragidagi eng katta kashfiyot bo‘ldi. Chunki uning ommalashishi tufayli barcha sohalarning ish sistemasi o‘zgardi. SI adabiyot va kitoblar dunyosiga ham ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Masalan: SI yordamida hikoya, qissa, roman yozish, tarjima qilish, rasm va illyustratsiyalar chizish osonlashib ketdi.
Hatto ilmiy ishlardagi murakkablik ham SI oldida ojiz qolmoqda.
Temur Tangriberganov
-
Iqtisodiyot4 days agoAQSh Eronga zarbalarni qo‘llab-quvvatlamagan Ispaniya bilan savdoni to‘xtatadi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston–Yaponiya: startaplar yo‘nalishida hamkorlik imkoniyati mavjud
-
Iqtisodiyot3 days agoYevropada gaz narxi so‘nggi uch yildagi eng yuqori darajaga yetdi
-
Dunyodan2 days ago
Sochida bir kunda ikki marta zilzila sodir bo‘ldi
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev pedofillarga umrbod qamoq jazosini joriy etish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi
-
Siyosat4 days agoO‘zbekiston mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi
-
Iqtisodiyot1 day agoSodiqlik kartasini skanerlash va xarid uchun to‘lov qilish — endi payme’da barchasi bir urinishda!
-
Jamiyat2 days ago
O‘zbekistonda umumxalq hashari o‘tkaziladi
