Jamiyat
“To‘lqinli” yo‘llar: asfaltdagi do‘ngliklar bartaraf etiladimi?
O‘zbekiston yo‘llarida deformatsiyaga uchragan asfaltdagi to‘lqinsimon notekisliklar (xalq tilida “garmoshka”) ko‘p uchraydi. Ayrim joylarda bunday do‘ngliklarning balandligi haydovchini qo‘rqitib yuboradi va YTHlarga ham sabab bo‘ladi. Muammo shahar yo‘llarida ham, shaharlararo magistrallarda ham birdek dolzarb. Xo‘sh, gap asfaltning sifatidami yoki yuk mashinalarida? Kun.uz haydovchilar va mas’ullarga mikrofon tutdi.
{Yii::t(}
O’tkazib yuborish 6s
O’tkazib yuborish
Bir necha yil oldin Qashqadaryoning Muborak tumanida asfalt yo‘lning to‘lqinsimon notekisligi (“garmoshka”) bor joyda mudhish YTH ro‘y berib, 8 kishi halok bo‘lgan edi. Va bu muammo hozir ham aktualligicha turibdi.
“Garmoshka”lar nafaqat shaharlararo yo‘llarda, balki shaharlar ichkarisida ham ko‘p uchraydi. Toshkent halqa yo‘lida Kun.uz bilan suhbatlashgan haydovchilardan biri bunday notekisliklar avariya xavfini oshirishini aytadi.
“Svetoforga yaqinlashayotganda mashinalar juda noqulay to‘xtaydi. Yoningizdagi mashina bo‘lsa, garmoshka hisobiga manyovr qilish qiyin. Yoki ayrimlar garmoshkani ko‘rib, birdan tormoz berib qoladi, avariyaviy holatlar yuzaga keladi”, – deydi suhbatdosh.
Toshkent avtovokzalidan viloyatlarga qatnaydigan taksichilar bilan ham suhbatda bo‘ldik.
“Garmoshkalar Sirdaryoda ko‘proq. Oldimizda qish, qishda unaqa narsalar juda ko‘p bo‘ladi. Garmoshkadan qochaman deb kimnidir qisib yuboradi yo turtib oladi, ag‘darilib ketadi, ballonlari dam qo‘yib yuboradi… O‘zim necha marta guvohi bo‘lganman. Men ham o‘tgan yili ballonimni yirtib oldim”, – deydi haydovchilardan biri.
“Jizzaxdan qatnaymiz. Trassaga chiqqandan keyin Toshkentga kelguncha juda ko‘p. Sirdaryoda, Baxtda bor, yamalar ko‘p. Ballonga zarar yetadi, diska qiyshayadi. Hozirgi ballonlar kamirsiz, bitta yamaga tushsak bo‘ldi, dam qo‘yyapti-da. Misol uchun, Baxtdan burilgandan keyin garmoshka juda ko‘p. Gagarindan Do‘stlikka borguncha ham yo‘llar o‘ta yomon, garmoshka. Avariya ko‘p bo‘ladi, toyib ketamiz. Oldingi yili shaxsan o‘zim shu betonkada garmoshkaning kasriga qoldim”, – deydi boshqa bir haydovchi.
“Samarqand, Ishtixonning yo‘li juda ham rasvo bo‘lib ketgan. Garmoshkasi juda ham ko‘p. Keyin Jizzaxga kirishdan to chiqishgacha mashinalarni sakratib yuboryapti. Garmoshka kelgan paytda birdan tormoz berib qo‘ysak, orqadan yetib olyapti. Odamlarimiz qo‘rqib, dod deb yuboryapti. Asosan, homiladorlar qiynalyapti. Men ham oilam bilan Toshkentdan Samarqandga borib kelishda 5-6 ta garmoshkaga tushdim. Ayolim homilador edi, borgandan vrachga ko‘rsatdik. “Ugrojayushchiy” deb bir haftalik “lecheniya” yozib berdi”, – deydi yana bir suhbatdosh.
“Buxoroda ham bor. Qiziltepa cho‘lida o‘tgandan keyin. Loyish betonkalarida. Biz borib yurganimiz uchun bilamiz, lekin bilmaydigan insonlarning ballonlari teshilib qoladi”, – deydi taksichilik bilan shug‘ullanuvchi vatandosh.
Mas’ullar nima deydi?
Transport nazorati inspeksiyasi Qurilish ishlarini nazorat qilish boshqarmasi bosh inspektori Doniyorxo‘ja Po‘latov yo‘llardagi notekisliklarga ko‘proq yuk avtomobillari sabab bo‘layotganini aytdi.
“Umumfoydalanuvdagi avtomobil yo‘llarida hosil bo‘layotgan siljishlarning asosiy sabablaridan bittasi – og‘ir yuk avtomobillari. Chunki ushbu qoplamalarning yuk ko‘tarish qobiliyati 13 tonnagacha mo‘ljallangan. Hozirgi vaqtda bitta o‘qiga 30 tonnagacha yuk olib harakatlanayotgan transport vositalari bor. 3 barobargacha og‘ir yuk tushishi natijasida asfaltda siljishlar, o‘yilishlar, buzilishlar hosil bo‘lyapti”, – deydi Po‘latov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sifatsiz bajarilgan qurilish ishlari ham notekisliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Po‘latovning aytishicha, 2025 yilning 9 oyida 19 mlrd 300 mln so‘mlik sifatsiz yo‘lqurish ishlari aniqlangan. 2024 yilning xuddi shu davrida bu ko‘rsatkich 16,9 mlrd so‘m bo‘lgan.
Doniyorxo‘ja Po‘latovning aytishicha, inspeksiya yo‘llardagi do‘ngliklar aynan nimadan kelib chiqayotganini ilmiy asos bilan isbotlash taklifini tayyorlamoqda. Bu tez orada Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga taqdim etiladi.
“Bu taklifimiz siljishlar hosil bo‘lgan asfalt qoplamalarni tekshirishni ilmiy ish darajasigacha ko‘tarish. Bir necha obektlarni tanlab, rahbariyat bilan kelishdik. Shu obektlarda aynan nima sababdan shu holatlar yuzaga kelayotgani bo‘yicha Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga bevosita murojaat xatimizni tayyorlayapmiz. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibida ilmiy-tadqiqot instituti bor. Shu institutning professor-o‘qituvchilari va ilmiy xodimlaridan aynan shu holatga nima sabab bo‘layotgani bo‘yicha ilmiy asoslar so‘ramoqchimiz.
Chunki faqat yuk mashinasining harakatidan hosil bo‘lmasligi ham mumkin. Balki boshqa sabablar bordir. Balki asfalt-beton mahsulotimizning tarkibini o‘zgartirarmiz”, – deydi u.
Yo‘llardagi notekisliklarni kamaytirish uchun yuk avtomobillarining og‘irligini o‘lchaydigan statsionar va ko‘chma tarozilar tashkil etilgan. Lekin ularning soni ko‘p emas, respublika bo‘yicha 50 tacha. Transport nazorati inspeksiyasi axborot xizmati boshlig‘i Firdavs Xayriddinovning so‘zlariga ko‘ra, 100 tonnadan ortiq yuk bilan harakatlangan avtomobillar ham uchrab turibdi.
“Statsionar tarozilar Buxoro, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Qamchiq dovonidan chiqqanda bor. Ko‘chma tarozilar qayerda qoidabuzarliklar ko‘p bo‘lsa, o‘sha joyga o‘tkaziladi va reyd tadbirlari tashkil etiladi. 2025 yilning 9 oylik hisobotini oladigan bo‘lsak, 560 mingdan ziyod yuk avtomobillari tarozi nazoratidan o‘tkazilgan va ulardan 10 500 tasidan ortig‘i belgilangan me’yorlarni buzgani aniqlangan va ularga nisbatan ma’muriy choralar qo‘llangan.
Barcha davlatlarda yuk avtomobillariga qo‘yilgan me’yorlar bor. Yo‘l qanchalik sifatli qurilmasin, o‘sha me’yorga amal qilinmasa, tezda buziladi. Reydlar davomida 100 tonnadan ortiq yuk bilan harakatlanganlar ham qayd etilgan. Ko‘pincha reydlarda kuzatamiz, haydovchi tarozidan o‘tkazmasa ham yuki og‘irligini harakatlanayotgan payt biladi, chunki bu yuk avtomobilini haydashda ham bilinadi. Hammada ijtimoiy tarmoqlar bor, qayerdadir tarozi nazorati qo‘yilgan, deyishadi, keyin unga yaqin bo‘lgan joyda atayin to‘xtab turish holatlari bor”, – deydi Xayriddinov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, dunyoning ko‘plab davlatlarida, xususan, O‘zbekiston yo‘llarida maksimal 44 tonnagacha bo‘lgan yuk bilan harakatlanish mumkin. Biroq hozircha buni doimiy nazorat qilish va barcha qoidabuzarlarni aniqlab, jarima qo‘llashning imkoni yo‘q. Xayriddinovga ko‘ra, 2026 yildan boshlab O‘zbekistonda vazn va hajm parametrlari nazoratining avtomatlashtirilgan WIM tizimi yo‘lga qo‘yiladi. U inson omilisiz bo‘lishi kutilmoqda. Hozirda shunday tizimlardan biri Toshkendagi “Rohat” post oldida qurilmoqda. Tizimlar bosqichma-bosqich ko‘payib borishi kutilyapti.
Bundan tashqari, kuni kecha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan hukumat qarori loyihasida, og‘irligi 44 tonnadan ortiq yuk avtomobillari uchun alohida davlat raqam belgilarini joriy etish ko‘zda tutilgan. Bu orqali eng og‘ir transportlarni yo‘llarda oson ajratib olish imkoni paydo bo‘ladi.
Inspeksiya vakili Doniyorxo‘ja Po‘latovga ko‘ra, respublika bo‘yicha ko‘chma tarozilar sonini oshirish choralari ham ko‘rilmoqda. Bu haqdagi taklif Avtomobil yo‘llari qo‘mitasiga kiritilgan.
Po‘latovdan do‘ngliklar hosil bo‘lgan yo‘llarni ta’mirlash masalasi haqida so‘radik. U bu ishga “O‘zavtoyo‘l” va yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmalari vakolatli ekanini aytdi.