Iqtisodiyot
“QQSni oson qaytarib olish ta’minlanmasa, stavkani 6 foizga tushirishni taklif qilamiz” – Davron Vahobov
Savdo-sanoat palatasi QQSga o‘tish chegarasini oshirishni qo‘llab-quvvatlamaydi, lekin uni oson va tez qaytarib olish ta’minlanishi kerak, deb hisoblaydi. “Prezidentimiz o‘tkazgan katta yig‘ilishlarda QQSni oson qaytarish masalasi ko‘tarilgan edi, ammo amaliyotda hali to‘liq ishlamayapti. Shu sababli yana taklif kiritamiz: yo QQSni qaytarishni tubdan soddalashtirish, yoki QQS stavkasini pasaytirish kerak”, dedi SSP raisi.
Foto: Savdo-sanoat palatasi
21 aprel kuni umumiy ovqatlanish va gastronomiya sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Unda Navoiy viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlardan biri narxlar oshib borayotgani fonida qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish mezonini qayta ko‘rib chiqishni taklif qildi.
Uning aytishicha, so‘nggi paytlarda narxlar oshgani sababli korxonalarning aylanmasi ham yuqorilab boryapti. Bu esa ko‘plab kichik biznes sub’yektlarini QQS to‘lovchisiga aylanish chegarasiga olib kelib qo‘yyapti
“Narxlar oshyapti, aylanma ham shunga yarasha oshib ketyapti. Shu sababli QQSga o‘tish kriteriyasini oshirish kerak”, – dedi tadbirkor.
Amaldagi tartibga ko‘ra, yillik aylanmasi belgilangan chegaradan (hozirda 1 mlrd so‘m) oshgan tadbirkorlar majburiy tarzda QQS to‘lovchisiga aylanadi (ungacha aylanmadan olinadigan soliq amal qiladi). QQS – bu mahsulot yoki xizmat qiymatiga qo‘shiladigan bilvosita soliq bo‘lib, hozirgi stavkasi 12 foizni tashkil etadi. Tadbirkorlar bu soliqni iste’molchidan undirishadi, biroq ayrim holatlarda oldindan to‘langan QQSni qaytarib olish (zachet) mexanizmi mavjud.
Savolga javoban Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov QQS mezonini oshirish masalasiga ehtiyotkorlik bilan yondashish kerakligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu chora muammoni yengillashtirish o‘rniga yanada murakkablashtirishi mumkin.
“Kriteriyani oshirish masalasi aslida vaziyatni yanada qiyinlashtirishi mumkin. Shu sababli tadbirkorlar tomonidan boshqa muqobil taklif ilgari surilgan edi, ya’ni aylanmadan 6 foizlik soliq joriy etish va QQS mezoniga tegmaslik. Ya’ni korxona 10 mlrd yoki 100 mlrd so‘m aylanma qiladimi – farqi yo‘q, oddiy tartibda aylanmadan 6 foiz to‘lab ishlayveradi degan yondashuv taklif qilingan”, – dedi u.
Vahobovning aytishicha, bu taklif hukumat darajasida muhokama qilingan, biroq yakunda boshqa mexanizm ilgari surilgan.
“Biz bu taklifni hukumatga olib chiqqanimizda 6 foizlik modelni joriy qilish o‘rniga mavjud 12 foizlik QQSdan ma’lum qismini qaytarish mexanizmini takomillashtirish variantini taklif qildik. Ya’ni QQSning 40–50 foizini oson va tez qaytarib berish tizimini yaratish masalasi ko‘tarildi”, – dedi SSP raisi.
Uning ta’kidlashicha, agar QQSni qaytarib olish mexanizmi haqiqatan ham sodda va tez ishlaydigan bo‘lsa, tadbirkorlar uchun ancha qulaylik yaratiladi.
Shu bilan birga, u hozirgi amaliyotda QQSni qaytarish jarayoni kutilgan darajada samarali ishlamayotganini ham e’tirof etdi.
“Prezidentimiz tomonidan o‘tkazilgan katta yig‘ilishlarda QQSni oson qaytarish masalasi ko‘tarilgan edi. Ammo amaliyotda bu mexanizm hali to‘liq ishlamayapti. Shu sababli biz yana taklif kiritamiz: yoki QQSni qaytarish tizimini tubdan soddalashtirish kerak, yoki muqobil ravishda QQS stavkasini pasaytirish, masalan, 6 foizlik modelni joriy etish masalasini ko‘rib chiqish zarur”, – dedi Vahobov.
Uning qo‘shimcha qilishicha, QQS mezonini oshirish hozircha maqsadga muvofiq emas, chunki iqtisodiyotda QQS zanjiri keng qamrovli bo‘lib, u ko‘plab sohalarni qamrab oladi, jumladan, umumiy ovqatlanish sektorini ham.