Jamiyat
texnologiyalar bizni qanday tobe qilmoqda?
Zamonaviy dunyoda smartfonsiz hayotni tasavvur qilish qiyin. Ertalab ko‘zimizni ochishimiz bilanoq unga qaraymiz, kechasi esa telefon ekraniga tikilgan holda uyquga ketamiz. Ishda, transportda, hatto do‘stlar davrasida ham uni qo‘limizdan qo‘ymaymiz.
Bizni dunyo bilan bog‘laydigan kichik qurilma aslida real hayotdan uzoqlashtirayotgani haqida hech o‘ylab ko‘rganmisiz? Smartfonning ruhiy va jismoniy sog‘lig‘imizga jiddiy zarar yetkazayotganini-chi, sezasizmi?
Kun.uz telefonlarga keragidan ortiq bog‘lanib qolish natijasida yuzaga kelgan “raqamli qullik” va uning oqibatlarini o‘rgandi.
Simptomlar
Insonning texnologik vositalarga haddan tashqari bog‘lanib qolishi natijasida o‘z hayoti ustidan nazoratni yo‘qotishi raqamli qullik deyiladi. Bu tushuncha, odatda, “telefonga qaramlik” yoki “texnologik asirlik” kabi iboralar bilan yonma-yon keladi.
Smartfondan doimiy foydalanish istagi, uni ishlatmasa o‘zini notinch va noqulay his qilish holati – telefonga qaramlik hisoblanadi. Bu ilmiy tilda “nomofobiya” (no-mobile-phone phobia – telefonsiz qolishdan qo‘rqish) deb ham ataladi.
Telefonga qaramlik quyidagi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi:
hech qanday sabab bo‘lmasa ham smartfon ekranini ochib, unga qarab turish;
o‘qish, ish yoki suhbat mobaynida doimiy ravishda telefonga chalg‘ish;
yotishdan oldin uzoq vaqt davomida telefon ishlatish va buning natijasida uyqu sifatining yomonlashishi;
haqiqiy hayotdagi muloqot o‘rniga faqat internet va virtual dunyoga bog‘lanib qolish.
Dopamin tuzog‘i
Ijtimoiy tarmoqlar, mobil ilovalar va videoo‘yinlar muloqot qilish, hordiq chiqarish va yangiliklardan xabardor bo‘lish imkonini beradi. Lekin ular inson miyasida maxsus mukofot tizimini shakllantirib, qaramlikni ham keltirib chiqaradi. Bu jarayonning asosi dopamin deb nomlangan gormon bilan bog‘liq. Dopamin – miyada zavq va motivatsiya hissini uyg‘otadigan modda hisoblanadi.
Kaliforniya davlat universiteti olimlari o‘tkazgan tadqiqotda ijtimoiy tarmoqlarning miyadagi rag‘bat tizimini qanday o‘zgartirishi o‘rganilgan. Buning uchun MRT (magnit-rezonans tomografiya) yordamida miyaning faoliyati kuzatilgan. Izlanishlarda ma’lum bo‘lishicha, har safar ijtimoiy tarmoqlardan bildirishnomalar kelganda, miyaning “mukofot markazi” (striatum) faollashadi. Bu – insonda zavqlanish holatini hosil qiladi, ya’ni qancha ko‘p layk yoki izoh qoldirilsa, shuncha ko‘p dopamin ajraladi. Shuning ortidan foydalanuvchi platformada uzoqroq qolishga moyillashadi.
Dopamin miqdori vaqt o‘tishi bilan kamayish xususiyatiga ega. Bu moddani qayta to‘plash va zavq hissi yig‘ishni davom ettirish maqsadida odamlar ijtimoiy tarmoqlarga uzoq vaqt sarflaydi. Ushbu jarayon giyohvandlik mexanizmlariga o‘xshash tarzda ishlaydi. Ya’ni inson qanday qilib chekish yoki shirinlik yeyishga o‘rganib qolsa, ijtimoiy tarmoqlar va internetdan foydalanishga ham xuddi shunday qaram bo‘lishi mumkin.
“Balki keyingisi qiziqroqdir”
Ijtimoiy tarmoqlar ko‘ngilochar maydon va axborot olish vositasi bo‘lishdan tashqari, ulkan biznes industriyaga ham aylandi. Bu platformalarning asosiy maqsadlaridan biri – foydalanuvchilarni iloji boricha ko‘proq vaqt davomida ushlab qolishdir.
Buning uchun ijtimoiy media kompaniyalari nevrologiya, psixologiya va sun’iy intellekt tadqiqotlaridan foydalangan holda, diqqatni boshqaradigan kuchli algoritmlar va dizayn mexanizmlarini ishlab chiqmoqda:
“Infinite scroll” (cheksiz aylantirish) – foydalanuvchi ekranni pastga siljitgani sari, yangidan yangi kontent chiqib kelaveradi va bu oqim tugamaydi, cheksiz davom etadi. Bu – miyaga “keyingi post qiziqroq bo‘lishi mumkin” degan kutish hissini beradi. Natijada odam ekran oldida reja qilganidan ancha ko‘proq vaqt o‘tkazadi.
“Autoplay” (avtomatik boshlanish) – video tugashi bilan keyingisi avtomatik tarzda boshlanadi. Bir videoni ko‘rib bo‘lgan odam tanaffus qilishga ulgurmasdanoq, keyingi kontent bozoriga sho‘ng‘iydi, yangi video tanlash haqida o‘ylamaydi. Bu esa “yana bir marta ko‘ray” degan odatni shakllantiradi. Bu mexanizmlar insonni doimiy ravishda yangilik izlashga majbur qiladi va e’tiborni jamlash qobiliyatini zaiflashtirib, telefonga qaramlikni oshiradi.
Kontentni shaxsiylashtirish – ijtimoiy tarmoqlarga integratsiya qilingan sun’iy intellekt algoritmlari foydalanuvchining harakatlarini kuzatib, uning qiziqishiga mos kontentni ko‘rsatadi, bu algoritm odamni platformaga yanada bog‘lab qo‘yadi.
FOMO sindromi
Bugungi kunda ko‘plab odamlar ijtimoiy tarmoqlarda sodir bo‘layotgan voqealarni kuzatish uchun telefonga yoki kompyuterga tez-tez qarashni odatga aylantirgan. Voqealardan orqada qolib ketish, muhim narsani o‘tkazib yuborishdan tashvishlanish hissini – FOMO (Fear of Missing Out) sindromini uyg‘otadi.
FOMO sindromiga chalingan insonlarda quyidagilarga moyillik ortib ketadi:
Ijtimoiy tarmoqlardagi yangiliklarni doimiy kuzatish. Ular har qanday yangi post yoki xabarni o‘tkazib yubormaslik uchun telefonini qo‘ldan tushirmaydi.
Boshqalarni o‘zidan yaxshiroq yashaydi deb hisoblash. Ijtimoiy tarmoqlardagi suratlar va videolarni ko‘rib, boshqalarning hayoti yanada qiziqarli, boy va omadli ekanini tan oladi, o‘zini esa betavfiq sifatida his qilib, hayotidan noliy boshlaydi.
Har qanday voqeadan bexabar qolishdan qo‘rqish. Kimdir tadbir yoki sayohatga borganda o‘sha jarayonda ishtirok etmaganidan afsuslanib, o‘zini yomon his qiladi.
Real hayotdagi muhim daqiqalarga e’tibor bermaslik. Oilasi va yaqinlari bilan vaqt o‘tkazish o‘rniga, ijtimoiy tarmoqlardagi yangiliklarni kuzatishga ko‘proq vaqt ajratadigan bo‘lib qoladi.
Ijtimoiy izolyatsiya
Odamlar bilan jonli muloqot qilish imkoniyati cheklangan yoki o‘zini yolg‘iz his qiladigan shaxslar ijtimoiy tarmoqlar va onlayn o‘yinlarga kuchliroq bog‘lanadi.
Raqamli texnologiyalar, jumladan internet, videoo‘yinlar va ijtimoiy tarmoqlar real hayotdagi muammolardan vaqtinchalik yashirinish maydoni sifatida xizmat qilmoqda.
Stress, depressiya, yolg‘izlik yoki turli hayotiy qiyinchiliklardan qochish odamlarni virtual dunyoda ko‘p vaqt o‘tkazishga undayapti.
Raqamlar nima deydi?
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, odam har kuni o‘z telefonida o‘rtacha 4 soat 37 daqiqa vaqt sarflaydi. Bu haftada 1 kundan ortiq yoki oyda 6 kunga teng. Bu ko‘rsatkich yil davomida telefonga qariyb 70 kun sarflanishini anglatadi.
Boshqa bir tadqiqot shuni ko‘rsatadiki, ayollar erkaklarga qaraganda smartfonlardan biroz ko‘proq foydalanadi. 30 mingdan ortiq odam bilan o‘tkazilgan tajribada ayollar uchun kunlik ekran vaqti o‘rtacha taxminan 2 soat-u 47 daqiqa, erkaklarda esa 2 soat-u 34 daqiqani tashkil qilgan.
Hozirda butun dunyo bo‘ylab qariyb 5,4 milliard odam internetdan foydalanadi. Shulardan 96,5 foizi internetga mobil telefon orqali internetga ulanadi – bu raqam o‘tgan yilga nisbatan 4,6 foizga oshgan.
2011 yilda internetda vaqt o‘tkazish yarim soatdan sal ko‘proqni (32 daqiqa) tashkil etgan bo‘lsa, 2014 yilga kelib ikki barobarga oshib, 1 soat 38 daqiqaga yetdi. 2024 yil holatiga ko‘ra, smartfonda internetdan foydalanish uchun o‘rtacha kunlik vaqt taxminan 3 soat 45 daqiqaga chiqdi.
Manba: DataReportal
E’tibor va konsentratsiya muammolari
Raqamli dunyo va undagi tezkor axborot oqimi odamlarning diqqatni jamlay olish qobiliyatini susaytirib bormoqda. Tez va qisqa ma’lumotlarni qabul qilishga o‘rganib qolgan miyamiz chuqur fikrlash va uzoq muddatli e’tiborni talab qiladigan ishlarni bajarishga qiynalyapti. Ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, inson miyasi aslida uzoq muddatli konsentratsiyaga moyil shaklda yaratilgan, ammo doimiy chalg‘ituvchi omillar tufayli bu qobiliyat yo‘qolib bormoqda.
Microsoft kompaniyasining Kanadadagi shu’basi o‘tkazgan tadqiqotga ko‘ra, zamonaviy insonning e’tiborini jamlash davomiyligi 8 soniyagacha qisqargan. Taqqoslash uchun, qisqa e’tibor davomiyligi bilan tanilgan oltin baliq (goldfish)ning diqqatni ushlab turishi 9 soniyani tashkil qiladi. 2000-yillarda odam bir vazifaga o‘rtacha 12 soniya diqqat qarata olgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 25 foizga kamaygan. Ijtimoiy tarmoqlardan ko‘p foydalanadigan odamlar tez-tez chalg‘iydi va diqqatini uzoq muddat bir joyda jamlay olmaydi.
Raqamli texnologiyalar bolalar va o‘smirlar miyasi rivojlanishiga qanday ta’sir qo‘rsatishi borasida o‘tkazilgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlarga ko‘p vaqt sarflaydigan bolalarda prefrontal korteks (diqqat va tafakkur markazi) sust rivojlanadi. Tezkor kontent iste’moli (reels, shors) diqqatni jamlash va chuqur tafakkur qilish qobiliyati uchun mas’ul sanalgan miyadagi prefrontal korteks faoliyatini pasaytiradi. Natijada bola qisqa ma’lumotlarga o‘rganib qoladi va uzoq matnlarni tushunishi qiyinlashadi. Bu bolalarda chuqur fikrlash va muammolarni mustaqil hal qilish qobiliyatini yo‘qotadi.
Ko‘k nurlanish: moviy yorug‘likning qora ta’siri
Smartfonlardan muttasil foydalanish ko‘k nurlanish natijasida yuzaga keladigan fiziologik muammolarni hosil qiladi. Elektromagnit spektrining 400-495 nanometr to‘lqin uzunligiga ega qismini tashkil etuvchi yorug‘lik ko‘k nurlanish bo‘lib, u tabiiy (quyosh nuri) va sun’iy manbalar (ekranlar, LED chiroqlar)dan tarqaladi. Ko‘k nur tabiiy yorug‘likning tarkibiy qismi hisoblanishiga qaramay, uning smartfon, planshet, kompyuter va LED yoritkichlar orqali hosil bo‘ladigani inson ko‘ziga salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Xususan, ko‘p vaqt davomida ekranga tikilish ko‘z mushaklarida ortiqcha zo‘riqishni yuzaga keltiradi. Ko‘zdagi toliqish esa bosh miyaning frontal qismida og‘riqni hosil qiladi. Uzoq vaqt davomida yaqin masofada ekranga qarash ko‘zning uzoqni ko‘rish qobiliyatini vaqtincha pasaytiradi. Xususan, ko‘k nurlanishning ko‘z to‘r pardasi (retina)ga zarar yetkazishi va makula degeneratsiyasi (ko‘rish markazi yemirilishi )ni tezlashtirishi mumkinligi aniqlangan. Shuningdek, telefon yoki planshet ekraniga uzluksiz tikilish ko‘z yoshining tez bug‘lanishi va tabiiy namlanish mexanizmining buzilishiga olib keladi.
Bundan tashqari, kechasi ekranga uzoq qarash, ya’ni ko‘k nurlanish ta’siri melatonin gormoni ishlab chiqarilishini pasaytiradi, shu tariqa uyqusizlik rivojlanadi, sirkadiyal ritm (biologik soat) buziladi. Melatonin uyqu gormoni bo‘lib, u tun davomida tabiiy ravishda ishlab chiqariladi va organizm uyqu rejimini tartibga solishda muhim rol o‘ynaydi.
Shuningdek, smartfon, planshet va noutbukdan foydalanishda boshni oldinga egib turish natijasida bo‘yin mushaklari va umurtqa pog‘onasiga ortiqcha bosim tushadi. Boshning egilish darajasi ortgani sayin bo‘yin umurtqasidagi yuk miqdori sezilarli darajada ko‘payadi. Masalan, 15 daraja egilish bo‘yin umurtqasiga taxminan 12,25 kg og‘irlik tushishiga olib keladi, 60 daraja egilish esa bu massani taxminan 27,2 kggacha oshiradi. Ortiqcha massa vaqt o‘tishi bilan bo‘yin va yelka mushaklari churrasini (grija) yuzaga keltirishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlar – raqamlashayotgan dunyoda qudratli vosita. Ular bizga axborot olish, o‘zga shaxslar bilan kontakt o‘rnatish va o‘zimizni ifodalash imkoniyatini beradi. Shu bilan birga, inson psixologiyasi, e’tibor qobiliyati va ijtimoiy xulq-atvoriga bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Ularni ongli ravishda ishlatmasak, ular bizni boshqarishi, ya’ni raqamli qullarga aylantirib, ijtimoiy hayotimiz, fiziologik barqarorligimizda o‘zining salbiy bo‘yoqlarini qoldiradi.
Ongli yondashuv, raqamli detoks va real hayotdagi munosabatlarga ko‘proq ahamiyat qaratish orqali virtual muhit hukmiga tushib qolishdan himoyalanishimiz mumkin.
Diyoraxon Nabijonova,
Kun.uz
Jamiyat
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi!
Bu yilgi Mustaqillik bayrami ijtimoiy tarmoqlarda chin ma’noda portladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning nutqi, bayram ssenariysi va sahnadagi chiqishlarga foydalanuvchilardan juda katta, samimiy va kuchli reaksiya bo‘ldi.
Izohlarni o‘qib, bir narsa yaqqol ko‘rinadi: odamlar bayramni shunchaki tomosha qilmagan — his qilgan.
“Juda zo‘r!”, “Boshqacha bo‘ldi!”, “Ta’sirli!”, “Gap yo‘q!”, “Sahnadagi energiya va jonli ijro odamni lol qoldirdi, haqiqiy bayram kayfiyati!”, “Harbiylarning safdagi kelishgan va qat’iy qadamlari qalbimizni g‘ururga to‘ldiradi”, “Juda go‘zal bayram, betakror bayram”… — ijtimoiy tarmoqlardagi minglab fikrlarda bir xil kayfiyat.
Ayniqsa, Prezident nutqidagi fikrlar alohida muhokama qilindi. Vatan tarixi, bugungi islohotlar va kelajakka ishonch uyg‘unlashgan nutq ko‘pchilikda kuchli taassurot qoldirdi.
Bu yilgi Mustaqillik bayrami sahnada o‘zgacha bo‘ldi — ijtimoiy tarmoqlardagi reaksiya esa bundan ham kuchli!
Bu shunchaki izohlar emas. Bu — xalqning bayramga bo‘lgan kayfiyati.
Jamiyat
BYD CHAZOR UzPride – O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan maxsus taklif
BYD Central Asia mahalliy ishlab chiqarilayotgan BYD CHAZOR UzPride modelining rasmiy sotuvi boshlanganini e’lon qiladi. Mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgani tufayli 55 KM Luxe jamlanmasi 255 900 000 so‘m narxda taklif etilmoqda.
Modelning nomi uning mazmun-mohiyatini aks ettiradi: brend mahalliy bozorda izchil rivojlanib, texnik mutaxassislarni tayyorlash va mamlakat avtomobilsozlik sanoatini zamonaviylashtirishga ko‘maklashmoqda. Shu bilan birga, zamonaviy texnologiyalarni aholining tobora keng qatlamlari uchun qulay va hamyonbop qilmoqda. Shu sababli yangi talqin O‘zbekiston va uning xalqiga chuqur hurmat ramzi sifatida UzPride nomini oldi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan xaridorlar uchun maxsus moliyalashtirish dasturi tayyorlandi:
– boshlang‘ich to‘lov – 35%;
– bo‘lib to‘lash muddati – 35 oy;
– foiz stavkasi – 0%;
– moliyalashtirishni rasmiylashtirish – faqat OFB hamkor banki orqali.
Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi shartlari 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha amal qiladi.
Dastur shartlari qutlug‘ sana bilan ramziy tarzda uyg‘unlashtirilgan bo‘lib, yangi supergibrid sedanni O‘zbekiston bo‘ylab xaridorlar uchun yanada qulayroq shartlarda sotib olish imkonini beradi.
BYD CHAZOR UzPride haqida
BYD CHAZOR UzPride DM-i supergibrid tizimi bilan jihozlangan. Unda elektr yuritmaning afzalliklari 1,5 litr hajmli yuqori samarali benzin dvigatelining imkoniyatlari bilan uyg‘unlashtirilgan.
132 kVt quvvatga ega elektr dvigatelining eng yuqori burovchi kuchi 316 N·m ni tashkil etadi. Avtomobil 0 dan 100 km/soat tezlikka 7,9 soniyada chiqadi. NEDC o‘lchov tartibi bo‘yicha faqat elektr quvvatida yurish masofasi 55 kilometrgacha yetadi. Akkumulyator quvvati past bo‘lganda yoqilg‘i sarfining eng kam ko‘rsatkichi 100 kilometrga 3,8 litrni tashkil etadi.
55 KM Luxe jamlanmasiga aylantiriladigan 12,8 dyuymli multimedia ekrani, 8,8 dyuymli displeyga ega raqamli ko‘rsatkichlar paneli, o‘zbek tilidagi aqlli ovozli boshqaruv tizimi, 4G va Bluetooth ulanishi, shuningdek, OTA orqali masofadan yangilash imkoniyati kiradi.
Haydovchiga yanada ko‘proq qulaylik yaratish maqsadida avtomobil kalitsiz kirish tizimi, NFC-karta, masofadan ishga tushirish, o‘rindiqni elektr yordamida sozlash, elektr yuritmali tom tuynugi hamda orqa o‘rindiq yo‘lovchilari uchun havo yo‘naltirgichlarga ega iqlim tizimi bilan jihozlangan.
360° atrofni ko‘rsatuvchi panoramali HD-kamera hamda old va orqa to‘xtash datchiklari avtomobilni boshqarish va tor joylarda harakatlanishni osonlashtiradi.
Xavfsizlik tizimlari qatoriga tezlikni bir maromda saqlash tizimi, yo‘nalish barqarorligini nazorat qilish, g‘ildiraklarning sirpanishiga qarshi tizim, shinalardagi bosimni kuzatish, qiyalikda harakatni boshlashga ko‘maklashish, avtomobilni avtomatik ushlab turish, old va yon xavfsizlik yostiqchalari, shuningdek, parda turidagi xavfsizlik yostiqchalari kiradi.
BYD CHAZOR UzPride modelining mahalliy ishlab chiqarilishi yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi zamonaviy avtomobillar tanlovini kengaytiradi hamda mamlakat avtomobilsozlik sanoatining rivojlanishiga hissa qo‘shadi.
BYD Central Asia kompaniyasining mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan dasturi – O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan yangi avtomobil boshqaruvida kutib olish uchun ajoyib imkoniyatdir.
*Mustaqillikning 35 yilligiga bag‘ishlangan moliyalashtirish dasturi 2026 yil 29 avgustdan 1 sentyabrgacha, 1 sentyabr kuni ham, amal qiladi. Dastur doirasidagi moliyalashtirish faqat OFB hamkor banki orqali rasmiylashtiriladi. Dastur bo‘yicha taklif etiladigan avtomobillar soni cheklangan. Texnik ko‘rsatkichlar ma’lumot berish maqsadida keltirilgan bo‘lib, yo‘l va ob-havo sharoiti, avtomobilning yuklanish darajasi hamda haydash uslubiga qarab farq qilishi mumkin. Avtomobilni sotib olish shartlari va jamlanmasi haqidagi batafsil ma’lumotni BYD kompaniyasining rasmiy dilerlaridan olishingiz mumkin.
BYD kompaniyasining O‘zbekistondagi aloqa ma’lumotlari
Rasmiy ishonch telefoni: 1811
Rasmiy veb-sayt: bydauto.uz
Instagram: @bydauto.uz
Telegram: t.me/bydautouz
Jamiyat
Yangi o‘quv yilida 806 mingdan ziyod 6 yoshli bola maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olinadi
E-qaror tizimida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 2026/2027 o‘quv yiliga tayyorlash va bolalarni qabul qilish jarayonini samarali tashkil etishga oid buyrug‘i e’lon qilindi. Hujjatning ilovalari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining 2026-yil 18-avgustdagi 299-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan.
Hujjatga ko‘ra, 2026/2027 o‘quv yilida respublika bo‘yicha 811 ming 586 nafar 6 yoshli bola hisobga olingan. Ularning 806 ming 290 nafarini maktabga tayyorlov guruhlariga qamrab olish rejalashtirilgan. Natijada qamrov darajasi 99,3 foizga yetkazilishi ko‘zda tutilmoqda.
Maktabga tayyorlov guruhlari bilan qamrab olinmagan 6 yoshli bolalar uchun 485 ta bir yillik bepul majburiy tayyorlov guruhi tashkil etiladi. Ularda jami 13 ming 104 nafar bolani qamrab olish rejalashtirilgan.
Shundan:
— umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 413 ta guruh tashkil etilib, 11 ming 163 nafar bola;
— davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 65 ta guruh ochilib, 1 ming 766 nafar bola;
— boshqa mos binolarda 7 ta guruh tashkil qilinib, 175 nafar bola qamrab olinadi.
Chora-tadbirlar rejasiga muvofiq, avval hududlardagi 6 yoshli bolalar xatlovdan o‘tkaziladi. Xatlov natijasida tayyorlov bilan qamrab olinmagan bolalar mavjud bo‘sh guruh va o‘rinlarga joylashtiriladi.
Shundan keyin ham qamrovdan tashqarida qolgan bolalar uchun umumta’lim maktablari, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, «Kelajak markazlari» va boshqa obyektlarning bo‘sh xonalarida yangi tayyorlov guruhlari tashkil etiladi. Ularni sentyabr–oktyabr oylarida ishga tushirish belgilangan.
Jamiyat
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
Prezident farmonida tadbirkorlik subyektlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga qaratilgan «tadbirkorlik subyektining haqlilik prezumpsiyasi» belgilandi.
Unga ko‘ra, davlat organi tomonidan aksi isbotlanmaguncha tadbirkorlik subyekti va uning mansabdor shaxsi qonunchilikka muvofiq harakat qilgan hamda o‘z majburiyatlarini lozim darajada bajargan deb hisoblanadi.
Sudda tadbirkorga nisbatan huquqiy ta’sir chorasi qo‘llash uchun uning asosli, qonuniy va mutanosib ekanini, shuningdek, huquqbuzarlik faktini isbotlash majburiyati davlat organiga yuklanadi.
Qonunchilikdagi bartaraf etib bo‘lmaydigan ziddiyatlar, noaniqlik va tushunmovchiliklar, shuningdek, dalillar yetarli emasligi tufayli yuzaga keladigan shubhalar tadbirkorlik subyekti foydasiga talqin qilinadi.
Jamiyat
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi o‘rtasida muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv avvalida mehmon davlatimiz rahbarini Mustaqillik kuni bilan samimiy tabrikladi. Ushbu tarixiy tashrif ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqib, o‘zaro hamkorlikda yangi bosqichni boshlab berishi ta’kidlandi.
Tomonlar savdo-iqtisodiy aloqalar izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. O‘tgan yili tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard dollardan oshdi, qo‘shma korxonalar soni esa 7 barobarga ko‘paydi, haftasiga 14 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaparvoz amalga oshirilmoqda. Ikki davlat rahbarlari 2030-yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishga kelishib oldilar. Shuningdek, energetika, farmatsevtika, metallurgiya, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor sohalarda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Hamkorlikni samarali muvofiqlashtirish maqsadida tashqi siyosat idoralari rahbarlari darajasida yangi muvofiqlashtiruvchi mexanizm ta’sis etiladigan bo‘ldi. Tomonlar parlamentlararo, Hukumatlararo komissiya va Ishbilarmonlar kengashi doirasidagi muloqotlarni faollashtirishga kelishib oldilar. Andijon va Gujarat, Farg‘ona va Haryana, Samarqand va Agra o‘rtasidagi hududlararo yaqin sheriklik aloqalari ham yuqori baholandi.
Gumanitar sohada ta’lim va madaniyat yo‘nalishidagi aloqalar kengaymoqda. Hozirda O‘zbekistonda Hindistonning 4 ta universiteti faoliyat yuritmoqda. Madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunda Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi va Mahatma Gandi nomidagi Hindshunoslik markazi muhim o‘rin tutmoqda.
Shuningdek, O‘zbekistonda yoga tobora ommalashib borayotgani va ushbu sohadagi hamkorlik faol rivojlanayotgani qayd etildi.
Tashrif doirasida Madaniy almashinuv bo‘yicha besh yillik dastur imzolanishi, madaniyat kunlari va kinofestivallar muntazam o‘tkazilishi belgilandi. Rahbarlar BMT, ShHT va BRIKS kabi xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini izchil qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishlarini bildirdilar. Muzokaralar yakunida belgilangan barcha vazifalar bo‘yicha aniq «yo‘l xaritalari» ishlab chiqilishiga kelishib olindi.
-
Sport4 days ago
EChL 2026/2027. Umumiy guruh bosqichi taqvimi e’lon qilindi
-
Jamiyat3 days ago
Ko‘ksaroyda O‘zbekiston va Hindiston yetakchilariningg tarixiy muzokaralari bo‘lib o‘tdi
-
Sport3 days ago
Akademik eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi tarixda ilk bor jahon chempioni bo‘ldi
-
Jamiyat2 days ago
Qonunchilikdagi noaniqliklar tadbirkor foydasiga talqin qilinadi
-
Siyosat4 days ago
Prezidentning Mustaqillik bayrami tabrigidan o‘rin olgan asosiy fikrlari
-
Siyosat2 days ago
Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazildi
-
Siyosat1 day ago
Шавкат Мирзиёев Бишкекда кутиб олинди
-
Mahalliy12 hours ago
«Enamdan qolgan dalalar» (Esse)
