Sport
Televideniyedan murabbiylikka o‘tgan, Runiga yordamchilik qilgan – «Chelsi»dagi yangi «nouneym» haqida
Enso Mareska o‘rniga «Chelsi»ning yangi bosh murabbiyi etib tayinlangan Liam Roseniorni ko‘pchilik faqat bu lavozim uchun nomzodlar qatorida paydo bo‘lganida tanigan bo‘lsa ajab emas. Liam Bouliga tegishli bo‘lgan boshqa bir klub «Strasbur»dan kelgani tufayli bu shunchaki vaqtinchalik kelishuv bo‘lishini taxmin qilganlar ham ko‘p edi. Ammo murabbiy bilan 6 yillik shartnoma tuzilishini hech kim kutmagandi. Bu qadar ishonch qayerdan? Rosenior kim o‘zi? O‘z uslubiga egami va u qanaqa?
Tabiiyki, butun e’tibor Liamning so‘nggi jamoasi «Strasbur»ga qaratildi va hammasi biz o‘ylagandek oddiy emasligini payqash qiyin bo‘lmadi. Ba’zi manbalar aytishicha, «Chelsi»dagilar Liam Roseniorni Angliyadagi faoliyati orqali yaxshi bilgan va «Strasbur»dagi ishi aslida bir kun kelib «Chelsi»ni qo‘lga olishga bo‘lgan tayyorgarlik edi. Albatta, futbolchilar bilan o‘n yillik shartnomalar tuzadigan klub bo‘lsa ham, Bouli jamoasining bu qadar uzoq rejalar qurishiga ishonish qiyin, lekin Liamning «Strasbur»dagi faoliyati alohida e’tiborga arziydi.
Liam Rosenior 2024 yil 25 iyulida fransuzlar klubi bilan uch yillik shartnoma imzolagandi. Liam «Strasbur»ga Patrik Viyeyraning o‘rniga kelgan va yangi murabbiy bilan jamoa jiddiy o‘sishga erishdi. 2023/24 yillar mavsumidagi 13-o‘rindan keyin jamoa keyingi mavsumda Liam bilan 7-o‘rinni egalladi va Konferensiyalar Ligasiga yo‘llanma oldi. 2025 yilda murabbiyga APLning turli jamoalaridan qiziqish paydo bo‘la boshlagach, shartnoma yangilandi.
Taktik tomondan Rosenior Enso Mareskadan keskin farq qilmaydi. Har ikki murabbiy ham to‘pga egalik qilinganida uch himoyachi bilan harakat qiladi, yuqori pressing va qisqa paslar bilan o‘ynashni ma’qul ko‘radi. Liamning sevimli sxemasi 3-4-2-1 (to‘p bilan 3-2-5, himoyada esa 4-3-3), ammo raqibga moslashgan holda kichik o‘zgarishlar bo‘lishi mumkin. Bularning hammasi Mareskaning uslubidan katta farq qilmaydi va balki bu ham «Chelsi» uchun muhim bo‘lgan – u ba’zi kichik o‘zgarishlarni amalga oshiradi va shu bilan birga ishlab turgan tizim buzilmaydi.
«Strasbur» tarkibi Rosenior futboliga juda mos edi – yosh va jismonan kuchli. Yangi mavsumning 1-turida «Mets»ga qarshi o‘yinning boshlang‘ich tarkibida tushgan futbolchilarning barchasi 2000 yildan keyin tug‘ilgan yoshlar edi. Bu kuchli beshlik ligalaridagi ilk mana shunday voqea bo‘lgandi. «Chelsi» bu borada Liamga juda mos.
O‘z vaqtida «Chelsi»da o‘ynagan, ayni paytda esa «Strasbur»da ikkinchi yoshligini boshdan kechirayotgan Ben Chilluel yosh murabbiy haqida shunday degandi: «G‘alaba qozonish uchun yetarli tajribaga ega bo‘lmagan yosh futbolchilar bilan murabbiy juda yaxshi ishlamoqda. U ushbu mavsumda sovrinlar ham yutmoqchi – Fransiya kubogi, Konferetsiyalar Ligasi kabi turnirlarda g‘alaba qozonish, Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun kurashish asosiy maqsadimiz».
«Chelsi» bosh murabbiyi bo‘lish – amaldagi jahon chempioni bo‘lgan klubda ishlash ajoyib imkoniyat. Men uyga qaytishim, o‘z bolalarimni ko‘rishim, buyuk klub bilan shartnoma tuzishim mumkin. Bu imkoniyatni qo‘ldan boy bera olmasdim», – dedi Liam Roseniorning o‘zi.
Murabbiyning haqiqiy faoliyati boshlaganiga ko‘p bo‘lmadi, asosiysi endi boshlanadi. Ammo bizda uning murabbiy va shaxsiyat sifatida shakllanish yo‘li haqida ma’lumotlar bor. Quyida The Coaches’ Voice loyihasida Liam Roseniorning «Strasbur» bilan shartnoma imzolagan kuni, ya’ni bir yarim yil oldin e’lon qilingan fikrlari keltiriladi.
Murabbiy bu maqolada bolaligi, otasi bilan munosabatlari, murabbiy bo‘lib shakllanishida ta’sir ko‘rsatgan va ustozlik qilgan shaxslar haqida hikoya qiladi. Bu matn muxlislarga «Chelsi»ning yangi murabbiyini yaqindan tanishga yordam berishi va hatto uning muxlisiga aylanib qolishga sabab bo‘lsa ajab emas.
«Otam men sakkiz yoshimda chizgan rasmni haligacha saqlab qo‘ygan. Qachonki bu surat haqiqatga aylansa, menga qaytarib berishga va’da bergan. Men endigina tug‘ilgan 1984 yilda u “Fulhem”da o‘ynardi. Chaqaloqligimda onam bu jamoa o‘yinlariga meni olib borgan ekan.
Futbol oilamizning qonida bor. Esimda, bolaligimda men va ukam Daron uchun har shanba bayram edi – otamning futbol o‘ynashini tomosha qilardik. To‘rt yoshligimda otam “Vest Hem”ga o‘tdi. Jamoa yuqori ligada o‘ynar, otam esa uning eng yaxshi to‘purari edi. Bizni mashg‘ulotlarga ham olib borar, shuningdek, markaziy himoyada o‘ynaydigan Toni Geyl ham o‘z o‘g‘li Entoni bilan kelardi.
“Alton Park”da mo‘’jazgina trenajyor zali bo‘lib, o‘yindan oldin futbolchilar o‘sha yerda shug‘ullanishardi. Biz – bolalar, o‘yin boshlanishiga atigi 15 daqiqa qolganda ular bilan birga shug‘ullanardik. Ajoyib adrenalin. O‘sha paytlardan kiyim almashtirish xonasi ikkinchi uyimga aylangan. Uyimizga ko‘pincha otamning do‘stlari kelar, futbol haqida, turli taktikalar haqida suhbat boshlanib ketar, men esa o‘zimni divanda uxlaganga solib, ularni tinglashni yaxshi ko‘rardim. Menga mehmon bolalar bilan o‘ynashdan ko‘ra mana shu suhbatlar qiziqroq edi-da.
Aytishim kerakki, otam meni hech qachon futbolga tortmagan. Istak o‘zimdan kelardi. Qolgani oilamiz mentaliteti – “nimadir bilan shug‘ullanmoqchimisan, bor kuchingni bera olishingga ishonching komil bo‘lsin”
Vaqt o‘tib otam bilan futbolni muhokama qilishni boshladik. Qizig‘i, u doim meni bolalar o‘yinlariga olib borar, ammo xuddi biror ishi chiqib qolgandek yo‘qolib qolardi. Aslida menga ko‘rinmaydigan joyda turib olib kuzatar ekan, shu tariqa, bosim qilishni istamagan. Murabbiylarga men bilan qiyin bo‘lgan, deb o‘ylayman. To‘qqiz yoshimdayoq Charlz Hyuzning texnika va taktikani boshqarish haqidagi kitobini o‘qib bo‘lgandim. Juda yoqqan. Eslayman, o‘n bir yoshimdayoq maktab jamoasining o‘ynovchi murabbiyi edim – turli mashqlar tashkil qilar, o‘yin kartinasini yaratishga urinardim.
O‘sha davrlarda “Ayaks” zo‘r edi. Jamoa o‘yinlarini otam bilan birga tomosha qilardik. Shuningdek, Pep Gvardiola to‘p suradigan “Barselona”ni ham kuzatganmiz. O‘sha paytlardayoq men murabbiy bo‘lishni o‘ylardim, balki shuning uchun juda qaysar futbolchi bo‘lganman. Doim jamoa o‘yini meni qoniqtirmas, o‘zimniki bo‘lgan nimadir yaratishni orzu qilardim.
Esimda, 17 yoshda “Bristol”da o‘ynab yurganimda murabbiy bilan bahslashib, savollarga ko‘mib yuborardim. Yo‘q, muammo yaratish uchun emas, shunchaki, uning g‘oyasini tushunishga urinardim. Doim futbolga murabbiy nuqtayi nazari bilan qaraganman. Professionallikka o‘tganimdayoq otamning maktabida murabbiylik ham qilganman, o‘ttiz ikki yoshimdayoq, futbolchi bo‘lib yurib Pro litsenziyasini oldim. O‘yinlardan so‘ng, sheriklarim bilan qarta o‘ynash o‘rniga ko‘pincha raqib o‘yinlarini tomosha qilib o‘rganishga urinardim. Hamma narsani tahlil qilishni yaxshi ko‘rganman.
Faoliyatim davomida doim nimalarnidir yozib yurganman. Keyinroq ularni to‘plab, turli slaydlar yasaganman, hozir 350 ga yaqini turibdi. Ichida turli xulosalar, raqibga qarab turib jamoani qanday o‘zgartirishga doir turli qarashlar. Ilk yillarda britan futboli yakkakurashlarga asoslangan 4-4-2 sxemasida edi, lekin shaxsan menga futbol aslida kengroq, chuqurroqdek tuyulardi.
Shundan beri futbol taktik tomondan jiddiy rivojlandi, shu qatori Angliya ham o‘sdi. Ayni paytda murabbiy g‘oyasini savol ostiga qo‘yish futbolchilar uchun normal holat. Futbol o‘ynashni boshlagan yillarimda murabbiylar bizdan ular uchun har qanday devorni buzishimizni kutishardi. Bu devorni nega buzish kerak o‘zi, tushuntirib o‘tirishmagan. Hozir esa futbolchilarga g‘oyani singdirish, nega bunday futbol o‘ynayotganimizni tushuntirish eng muhimi – futbol shu tomonga ancha taraqqiylashdi.
2003 yilda “Bristol”dan “Fulhem”ga o‘tdim. Bu transfer o‘sishim uchun katta poydevor yaratdi. Londonliklarga u paytda Kris Koulmen murabbiy edi, ammo Jan Tigananing merosi katta bo‘lgan, sababi Krisning o‘zi ham uning shtabida ishlagan. Aynan “Fulhem”da men bilan futbol detallari va texnikasi haqida gaplashishni boshlashdi. Kris va uning yordamchisi Stiv Kin taktika va g‘oyalarga maftun edi, zero Jan Tigananing ta’siri shu, chunki fransuz murabbiy o‘sha paytlardagi aksariyat britan murabbiylaridan oldinda edi. Tigana davrida “Fulhem” APLga qaytgan bo‘lsa, Koulmen davrida mustahkam o‘rnashib oldi. “Manchester Yunayted”ga qarshi o‘yinda debyut qilgan bo‘lsam, jami yuzga yaqin o‘yinlarda qatnashdim. Biz hujumlarni pastdan tashkil qiladigan ilk britan jamoalaridan edik va bu menga juda yoqardi.
To‘rt yil o‘tib asosan eski futbolga tayanadigan Stiv Koppellning “Reding”iga o‘tdim. Bunday uslub menga to‘g‘ri kelmasdi. Futboldan zavq olmay qo‘ydim, lekin Stivdan ham ko‘p narsani, ayniqsa, jamoani jips holda boshqarish va ishonch uyg‘otishni o‘rgandim.
2008 yil sentabrida uyda “Suonsi”ga qarshi o‘ynadik. Raqib murabbiyi Roberto Martines pozitsion futbol qurgandi. Esimda, ular hujumlarni himoyadan boshlab, mayda paslar bilan chiqishga urinishar, biz ko‘p hollarda to‘pni olib qo‘yardik. Jismonan kuchli bo‘lgan “Reding” 4:0 hisobida g‘alaba qozondi, muxlislar esa “Angliyada bunday futbol bilan yuta olmaysan” deb baqirishgandi.
Javob o‘yinini eslayman, biz ulardan shunchaki to‘pni olib qo‘ya olmaganmiz. Men asabiylashib qizil kartochka ham oldim. “Suonsi” Martines strukturasini mukammal o‘zlashtirgan holda 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Buni o‘zim uchun saqlab oldim – jamoa muammolar ostida ham o‘z jarayonida davom etdi va kuchaydi.
Keyinroq “Reding”ga Brendan Rodjyers keldi. U to‘p nazoratiga asoslangan tashabbuskor futbol qurishga intildi. Brendanning g‘oyalari Chempionshipdagi hammanikidan oldinda bo‘lgan. U menga mashg‘ulotlarni qanday tashkil qilish va o‘yin modelini yaratish bo‘yicha ustoz bo‘ldi. Afsuski, Rodjyers qo‘l ostida atigi ikki oy to‘p surdim xolos, keyin “Ipsvich”ga o‘tishimga to‘g‘ri keldi.
Men yana Kris Hyutonning muvaffaqiyatlaridan quvonardim. U “Brayton”da ishlar, otamning sobiq jamoadoshi, u ham qora tanli edi. Men hatto uning APLga qaytishiga o‘z hissamni qo‘shdim ham – 2017 yilda u yerda o‘ynadim. Kris xotirjam va muvozanat bilan ishlar, jamoa qanday o‘ynashi kerakligini sabr bilan tushuntirardi. Uning kamtarligi, insonlarga bo‘lgan munosabatiga havas qilganman. Men undan o‘rgangan fazilatlardan biri – boshlang‘ich tarkibni o‘yin oldidan e’lon qilish. Shu bilan birga, u asosiy tarkibga kirmagan har bir futbolchi bilan shaxsan gaplashib chiqardi. Xuddi Kris kabi men ham asosiy tarkibni o‘yin arafasida ma’lum qilaman. Men uchun futbolchilar bilan ochiq va haqqoniy bo‘lish juda muhim – shu orqali ishonch va hurmat paydo bo‘ladi. Bu esa nafaqat futbolda, balki hayotda ham men uchun eng muhim jihatlar. “Brayton”da Hyuton natijalardan qat’i nazar o‘zini bir xil tutardi – xotirjam. U dushanbadan jumagacha bo‘lgan ish jarayonidan og‘ishmas, u tufayli biz eng tartibli jamoalardan biri bo‘lgandik.
“Brayton”da mening murabbiy bo‘lish istagim haqida bilishardi, shuning uchun 2018 yilda faoliyatimni tugatgach, o‘rinbosarlar jamoasi murabbiy shtabiga taklif oldim. Bizda ajoyib tarkib bor edi. U yerda katta tajribaga ega bo‘ldim. Shu bilan birga, katta jamoalardan menga taklif bo‘lmasligini ham tushunib turardim. Ha, men APLda o‘ynaganman, lekin top-darajaga chiqa olmadim. Orzum tomon o‘z yo‘limni qurishim kerak edi. Xullas, televideniyega ishga o‘tdim, Sky Spors uchun o‘yinlarni tahlil qila boshladim.
Reja ish berdi. 2018/19 yillar mavsumi oxirida “Derbi Kaunti” egasi men bilan aloqaga chiqdi. U Sky’dagi gaplarimni eshitgach, Filipp Kokuning shtabiga taklif qildi. Men juda baxtli edim. Bolaligimda aytdimku, “Barselona”ni o‘rganganman va Filipp Kokuni juda yoqtirardim. U jamoa tarkibida 300 dan ortiq o‘yinda qatnashgan, ahamiyatlisi, turli pozitsiyalarda to‘p sura olgan. Endi esa murabbiy sifatida undan o‘rganish imkoniyati paydo bo‘ldi.
Kokuni chetdan kuzatish boshqa, jarayon ichida u bilan birga ishlash butunlay boshqa. Asosiy farq, Kokuning hujum tashkil qilishga ko‘proq e’tibor berishi edi. Aksariyat britaniyalik murabbiylar 80 ga 20 foiz himoyaga ahamiyat berishadi. Toni Pulis, masalan, “Bristol”da ajoyib himoya qurgan, Hyutonning “Brayton”dagi ishi ham shunaqa. Filipp esa 80 ga 20 foiz hujum foydasiga e’tibor qaratardi va aytish mumkinki, juda ko‘p qiziq g‘oyalarni ilgari surgan. Mening vazifam, uning g‘oyalarini futbolchilarga yetkazish edi. To “Derbi” tashqi boshqaruvga o‘tkazilguncha juda yaxshi davrlar edi, keyin esa muhim kadrlar, hatto yigirma yillab klubda ishlagan insonlar ham ishdan bo‘shatildi. Bu ham bir dars bo‘ldi – futbol klubi moliyaviy resurslarni ham aql bilan boshqarishi kerak, zero asosiy jamoaning muvaffaqiyatlari yetarli emas.
Kokuning “Derbi”siga o‘yinchi va sardor sifatida Ueyn Runi kelgandi. Koku ketgach, biz Runi bilan murabbiylikni qo‘limizga oldik. Jamoaga yetakchi kerakligi aniq edi, Runi esa juda katta hurmatga ega shaxs – undan yaxshisini topishning iloji yo‘q. O‘zaro kelishuvimizga ko‘ra, men mashg‘ulotlarning bir qismida Ueynga yordam beraman, u esa menga to‘liq ishonch bildiradi. O‘yin uslubi, jamoa qanday o‘ynashi borasida ham kelishib oldik. Mashg‘ulotlarda xuddi bosh murabbiy kabi ishlardim, ammo Runi asosiy shaxs, doim asosiy tarkibni u belgilardi.
O‘z falsafasiga ega jamoa qurish, yosh tarkib bilan bir bosh baland sakrash – “Derbi”da olgan tajribam juda katta bo‘lgan. Biz jamoani Chempionshipda saqlab qoldik, keyingi yili esa hatto havaskor jamoalar ham chaqirishi qiyin bo‘lgan yigitlar bilan 55 ochko olishga muvaffaq bo‘ldik. Hech kim bizdan g‘alabalarni kutmagan paytda biz to‘p nazoratiga asoslangan pozitsion futbol ko‘rsatardik. Bu men uchun ham, Ueyn uchun ham juda muhim edi. O‘sha “Derbi” ancha dadil, hujumkor o‘yin ko‘rsatardi, ammo afsuski bizni 21 ochkodan mahrum qilishdi va jamoa quyi ligaga tushirib yuborildi. Bizga uzoq vaqt muvaffaqiyatli ishlaydigan jamoa qurish nasib qilmagan bo‘lsa-da, bir narsani tushundim – mening falsafam futbolda ishlashi mumkin.
Runi klubni tark etdi. Quyi ligaga tushgach, men vaqtinchalik bosh murabbiy etib tayinlandim. Mavsumoldi yig‘inlar boshlanishida bizda shartnomaga ega bo‘lgan atigi 5 futbolchi bor edi. Hammasini noldan boshlashga to‘g‘ri keladi. “Derbi”da murabbiylar shtabi ham shakllantirilmagandi. Biz erta-yu kech ishlar, turli futbolchilar bilan bog‘lanib, jamoa yig‘ishga urinardik. Mavsumoldi yig‘inlarga U18 va U21 jamoalaridan odam qo‘shdik va shu tariqa jamoa o‘zagi paydo bo‘ldi.
Futbolda muvaffaqiyat asosan sovrinlar va g‘alabalar bilan o‘lchanadi, ammo ba’zida shunday shartlar bo‘ladiki, boshqa tomonlarga ham e’tibor berish lozim. Men “Derbi”dagi ishimdan faxrlanaman – yangi jamoa tuzib, unga o‘z uslubimga kirita oldim. Qandaydir natijalar ham bo‘ldi – Liga kubogi uchinchi raundiga qadar bordik, ligada pley-off zonasida yurdik. Men ilk bor klubni to‘liq boshqarish, qisqa vaqtda tarkibni tuzish tajribasiga ega bo‘ldim.
Eng boshida aytganim, otamda saqlanayotgan suratda esa men jahon chempionatida Angliya milliy jamoasi murabbiyi sifatida maydon chetida turibman. Ha, men butun umr nimani xohlashimni bilardim – murabbiylik. Ayni paytda orzularimda yashayapman va har bir lahzadan zavq olishga intilyapman. Futbol mening butun hayotim edi, keyin ham shunday bo‘lib qoladi».
Sport
O‘zbekiston terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQShga uchib ketdi (foto)
O‘zbekistonning futbol bo‘yicha milliy terma jamoasi FIFA jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQShga uchib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi jahon chempionati AQSh, Meksika va Kanada hududida o‘tkaziladi.
Kannavaro boshchiligidagi jamoa 1 iyun kuni Kanadaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi, 8 iyunda esa Niderlandiya bilan bahs olib boradi.
«Oq bo‘rilar»ning jahon chempionatidagi ishtiroki esa Meksikadagi o‘yindan boshlanadi. Jamoa 18 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi birinchi uchrashuvini Mexikodagi «Atsteka» stadionida o‘tkazadi.
23 iyun kuni jamoa Portugaliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Bahs AQShning Xyuston shahridagi stadionida bo‘lib o‘tadi.
Guruh bosqichidagi so‘nggi o‘yin 28 iyun kuni Atlantadagi stadionda Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi o‘tkaziladi.
Avvalroq, Kongo terma jamoasi Ebola virusi tarqalganligi sababli Belgiyada karantin muddatini o‘tab, keyin AQShga kelishi talab etilgan, aks holda jamoa jahon chempionatidan chetlatilishi mumkinligi ma’lum qilingandi.
Sport
«Arsenal» kubok ko‘tardi, «Siti» va «Liverpul» afsonalari bilan xayrlashdi
APLda yakshanba kuni o‘tkazilgan so‘nggi tur o‘yinlaridan keyin qaysi jamoalar qaysi yevrokuboklarda ishtirok etishi va qaysi jamoalar chempionshipga tushib ketishi aniq bo‘ldi. Bundan tashqari, shu kuni «Siti» va «Liverpul» o‘z afsonalari bilan xayrlashdi.
«Arsenal» g‘alaba bilan yakunladi
«Kristal Pelas» – «Arsenal» 1:2
Gollar: Jyezus, 42 (0:1), Madueke, 48 (0:2), Mateta, 89 (1:2).
Muddatidan oldin chempion bo‘lib ulgurgan «Arsenal» natijasi o‘zi uchun hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan o‘yinda ikkinchi tarkibni tushirib, g‘alaba qozondi. «Kristal Pelas» ham shu kuni aralash tarkibda o‘ynadi: jamoa uch kun o‘tib Konferensiyalar ligasi finalida «Rayo Valekano»ga qarshi o‘yin o‘tkazadi. O‘yinning 42-daqiqasida Gabriel Jyezus «Arsenal»ni hisobda oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘lim boshida Madueke burchak zarbasidan keyin ikkinchi golni urdi. Barcha o‘yin yakunini kutayotganida «Pelas» oldinga o‘tdi va 89-daqiqada Jan-Filipp Mateta hisobni qisqatirdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda mezbonlar hisobni tenglashtirishgandi, ammo Pinoning goli Evann Gessandagi ofsayd tufayli bekor qilindi.
O‘yindan keyin esa chempionlar oltin medallarni va kubokni qabul qilib olishdi hamda 22 yil kutilgan chempionlikni yorqin nishonlashdi.
«Siti» «Bornmut»ni YeChLsiz qoldirdi
«Manchester Siti» – «Aston Villa» 1:2
Gollar: Semenyo, 23 (1:0). Uotkins, 47 (1:1). Uotkins, 61 (1:2)
«Manchester Siti»: Trafford, Ruben Diash, Stouns (Ayt Nuri, 77), Ake (Gvardiol, 77), Lyuis, Gonsales, Bernardu Silva (Kovachich, 59), Savio, Semenyo (Sherki, 58), Reynders (Doku, 77), Foden
«Aston Villa»: Bizot, Lindelyof (Pau Torres, 74), Mings, Matsen, Garsiya (Kesh, 46), Duglas Luis (Tilemans, 74), Bogard (Onana, 74), Barkli (Makginn, 86), Buendiya, Beyli, Uotkins
Ogohlantirish: Lyuis, 82
«Liverpul» – «Brentford» 1:1
Gollar: Jons, 58 (1:0). Shade, 64 (1:1)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate (Gomes, 89), Roberson (Kerkez, 83), Jons, Makallister, Gravenberh (Nioni, 83), Soboslai, Ngumoha (Virs, 73), Saloh (Frimpong, 74), Gakpo
«Brentford»: Kelleher, van der Berg, Kollinz, Lyuis-Potter (Nelson, 89), Kayode, Henderson (Hiki, 60), Yanelt, Yyensen (Damsgor, 83), Shade, Uattara, Tiago
Ogohlantirishlar: Konate, 79. Makallister, 90 – Yanelt, 90. Kollinz, 90
Manchesterning ko‘k tomoni va Liverpulning qizil tomoni afsonalarini kuzatishdi. Xosep Gvardiola, Bernardu Silva, Jon Stounz, Endi Roberson va Muhammad Saloh endi «Siti» va «Liverpul» liboslarida boshqa o‘ynashmaydi. Lekin har ikki jamoa ham xayrlashuv uchrashuvlarini g‘alaba bilan yakunlay olishmadi.
«Manchester Siti» «Aston Villa»ga qarshi o‘yinda dastlab Semenyoning goli orqali hisobni ochganiga qaramay, ikkinchi bo‘limda Uotkinsning o‘zidan ikkita gol o‘tkazib yubordi. O‘yin oxirlarida Fodenning hisobni tenglashtiruvchi goli inobatga olinmadi va «shaharliklar» mavsumni mag‘lubiyat bilan yakunlaydigan bo‘lishdi. Shu bilan birga, jamoa bu orqali o‘zini chempionlik poygasidan chiqarib yuborgan «Bornmut»dan o‘ziga xos tarzda qasos olishdi. «Aston Villa»ning g‘alabasi Andoni Iraola shogirdlarini YeChL yo‘llanmasidan mahrum etdi.
«Liverpul» esa uyda «Brentford» bilan durang (1:1) o‘ynadi va keyingi mavsum YeChLda ishtirok etadigan bo‘ldi. O‘yinning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi, ikkinchi bo‘lim boshida esa shu kuni klub safida so‘nggi o‘yinini o‘tkazayotgan Muhammad Saloh Jonsga assistentlik qilib, yana bir klub rekordini o‘rnatdi – u APL o‘yinlaridagi golli paslari sonini 93 taga yetkazib, bu borada Stiven Jyerrardning natijasini yaxshiladi. Mezbonlar g‘alabani saqlab qola olishmadi: Kevin Shade biroz o‘tib hisobni tenglashtirdi, qolgan daqiqalarda mersisaydliklar sobiq darvozaboni Kelleherga boshqa gol ura olishmadi.
O‘yin oxirlarida Saloh va Roberson «Enfild»da yig‘ilgan muxlislarning olqishlari ostida zaxiraga olindi.
Fernandeshda rekord
«Brayton» – «Manchester Yunayted» 0:3
Gollar: Dorgu, 33 (0:1). Mbemo, 44 (0:2). Brunu Fernandesh, 48 (0:3)
«Brayton»: Verbryuggen, Dank, van Hekke, Ferdi Kadio‘g‘li, Viffer, Milner (Baleba, 59), Gros, Hinshelvud (Ryutter, 74), De Keyper (Minte, 46), Gomes (March, 59), Uelbek (Kostulas, 59)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr, Martines, Shou (Malasia, 82), Mazraviy (Yoro, 74), Maunt (Fletcher, 74), Maynu, Brunu Fernandesh, Dorgu (Leysi, 62), Diallo, Mbemo (Zirkze, 74)
Ogohlantirishlar: Maynu, 45
«MYu» allaqachon uchinchi o‘rinni kafolatlagandi va «Brayton»ga qarshi o‘yin oldidan jamoa uchun bitta intriga bor edi – jamoa sardori Brunu Fernandesh APL tarixidagi eng yaxshi assistentga aylanadimi? Va bu maqsadga erishildi: portugaliyalik yarimhimoyachi birinchi bo‘limdayoq Dorguning goliga uzatma berdi va bu mavsumdagi golli uzatmalari sonini 21 taga yetkazib, APL rekordchisiga aylandi. U ikkinchi bo‘limda o‘z nomiga ham gol yozdirib qo‘yib, Angliya chempionatidagi golli harakatlar soni (143) bo‘yicha Devid Bekhemni ortda qoldirdi. Shu ritmda davom etadigan bo‘lsa, Brunu keyingi mavsumda Pol Skoulzni (162) ortda qoldirib, uchinchi o‘ringa ko‘tarilishi ham mumkin. Ammo unga Ueyn Runi (276) va Rayan Giggzga (271) yaqinlashib olish uchun ham ko‘p yillar kerak bo‘ladi.
«Brayton» esa bu mag‘lubiyatdan keyin turnir jadvalida «Sanderlend»ni oldinga o‘tkazib yubordi va keyingi mavsumda Yevropa Ligasida emas, Konferensiyalar ligasida qatnashadigan bo‘ldi.
«Chelsi» 10-o‘rinda
«Sanderlend» – «Chelsi» 2:1
Gollar: Hyum, 25 (1:0). Gyusto, 50 – avtogol (2:0). Palmer, 56 (2:1)
«Sanderlend»: Rufs, O`Nayyen, Mukiyele, Mandava, Gertreyda, Sadiki, Jaka, Le Fe (Rigg, 90), Angulo (Diarra, 61), Hyum, Brobbi (Izidor, 61)
«Chelsi»: Sanches, Kolvill, Xato (Jyeyms, 53), Fofana, Fernandes, Kaysedo (Achimpong, 85), Kukurelya, Gyusto (Delap, 85), Palmer, Pedru Netu (Chaloba, 65), Joao Pedro
Ogohlantirishlar: Angulo, 42. Gertreyda, 52. Jaka, 73. Diarra, 81. Sadiki, 89 – Fofana, 54. Fernandes, 69. Joao Pedro, 90. Palmer, 90
Chetlatish: Fofana, 62 (ikkinchi sariq)
Shu kuni yevrokuboklar yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan yana bir baxtiyor jamoa – chempionshipdan chiqqan «Sanderlend» bo‘ldi. «Qora mushuklar» o‘zaro bahsda «Chelsi»ni mag‘lub etgan holda, o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi va yettinchi o‘rin bilan Yevropa ligasida qatnashadigan bo‘ldi.
O‘tgan mavsumda Konferensiyalar ligasida va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan londonliklar esa bu mavsumni APLda 10-o‘rin bilan yakunlab, keyingi mavsumda hech qaysi yevrokubokda qatnashmaydigan bo‘ldi. Bu bir tomondan yozda jamoani qabul qilib oladigan Habi Alonso uchun ayni muddao. U«Stemford Brij»da o‘z o‘yinini qurish uchun ideal sharoitga ega bo‘ladi.
«Tottenhem» APLda qoldi
«Tottenhem Hotspur» – «Everton» 1:0
Gol: Palinya, 43 (1:0)
«Tottenhem Hotspur»: Kinski, Danso, van de Ven, Udodji (Dregushin, 90), Porro, Palinya, Bentankur (Meddison, 82), Gallaher (Grey, 82), Tel (Sarr, 73), Spens, Risharlison (Kolo Muani, 73)
«Everton»: Pikford, Kin, Tarkovski, Mikolenko, O`Brayyen (Armstrong, 62), Garner, Iroegbunam (Koulman, 84), Ndiay, Dyusberi-Holl (Alkaras, 84), Rel (Jorj, 62), Barri (Betu, 84)
Ogohlantirishlar: Sarr, 80. Palinya, 87 – O`Brayyen, 13. Tarkovski, 89
«Vest Hem» – «Lids» 3:0
Gollar: Kastelyanos, 67 (1:0). Bouen, 79 (2:0). Uilson, 90 (3:0)
«Vest Hem»: Hermansen, Disasi, Mavropanos, Diuf, Uoker-Piters, Fernandesh, Souchek, Pablo (Uilson, 46), Sammervill, Bouen, Kastelyanos (Kante, 88)
«Lids»: Darlou, Biyol (Jyeyms, 70), Streyk, Rodon, Ampadu, Aaronson (Bornau, 90), Tanaka (Buonanotte, 78), Jastin, Bogl (Piru, 78), Kalvert-Lyuin (Nionto, 69), Nmecha
Ogohlantirishlar: Biyol, 10. Aaronson, 25. Ampadu, 88
Bir yil muqaddam ham chempionatni muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan «Tottenhem» Yevropa Ligasida g‘olib chiqqan va YeChLga yo‘llanma olgandi. Bu safar so‘nggi turda Joau Palinyaning yagona goli «shporlar» joniga ora kirdi. Roberto De Dzerbi qatorasiga ikkinchi mavsumda turnir jadvalida 17-o‘rinni egalladi va ligada jon saqlab qoldi. «Vest Hem» esa so‘nggi turda «Lids» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozonganiga qaramay, «Byornli» va «Vulverhempton» bilan birga chempionshipga tushib ketdi. «Bolg‘achilar» 39 ochko jamg‘arishdi, bu esa so‘nggi 15 yillikda 18-o‘rin egalari uchun maksimal ko‘rsatkichdir. Oxirgi bor bu qadar ko‘p ochko jamg‘arib ham ligani tark etgan jamoalar «Birminghem» va «Blekpul» bo‘lgandi.
Yakuniy turnir jadvali
Sport
O‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatida ishtirok etuvchi tarkibi e’lon qilindi
Milliy terma jamoa 26 may kuni AQShga yo‘l oladi.
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Jahon chempionatida ishtirok etuvchi 30 nafardan iborat futbolchilarning ro‘yxatini e’lon qildi.
Tarkib quyidagicha ko‘rinish oldi:
Darvozabonlar: O‘tkir Yusupov (“Navbahor”), Botirali Ergashev (“Neftchi”), Abduvohid Ne’matov (“Nasaf”).
Himoyachilar: Avazbek O‘lmasaliyev (OKMK), Jahongir O‘rozov (“Dinamo”), Rustam Ashurmatov (“Istiqlol”, Eron), Umar Eshmurodov (“Nasaf”), Abduqodir Husanov (“Manchester Siti”, Angliya), Abdulla Abdullayev (“Dibba”, BAA), Farruh Sayfiyev (“Neftchi”), Hojiakbar Alijonov (“Paxtakor”), Sherzod Nasrullayev (“Paxtakor”), Behruz Karimov (“Surxon”)
Yarim himoyachilar: Sherzod Esanov (“Buxoro”), Odil Hamrobekov (“Traktor”, Eron), Akmal Mozgovoy (“Paxtakor”), Otabek Shukurov (“Baniyas”, BAA), Jamshid Iskanderov (“Neftchi”), Jasur Jaloliddinov (“So‘g‘diyona”), Aziz G‘aniyev (“Al Batayeh”, BAA), Umarali Rahmonaliyev (Sabah, Ozarbayjon)
Hujumchilar: Abbos Fayzullayev (“Istanbul Boshoqshehir”, Turkiya), Jaloliddin Masharipov (“Istiqlol”, Eron), Doston Hamdamov (“Paxtakor”), Oston O‘runov (“Persepolis”, Eron), Ruslan Jiyanov (“Navbahor”), Aziz Amonov (“Dinamo”), Sherzod Temirov (“Erbil”, Iroq), Igor Sergeyev (“Persepolis”, Eron), Eldor Shomurodov (“Istanbul Boshoqshehir”, Turkiya)
Jamoamiz 26 may kuni tongda Toshkent – Nyu-York yo‘nalishi bo‘yicha Amerika Qo‘shma Shtatlariga yo‘l oladi.
Sport
O‘zbekistonning JChga boradigan tarkibi aniq bo‘ldi
O‘zbekiston milliy terma jamoasi 26 may kuni qaysi tarkib bilan AQShga yo‘l olishi ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Championat.asia xabar berdi.
Tarkib quyidagicha ko‘rinish oldi:
Darvozabonlar: O‘tkir Yusupov (“Navbahor”), Botirali Ergashev (“Neftchi”), Abduvohid Ne’matov (“Nasaf”).
Himoyachilar: Avazbek O‘lmasaliyev (OKMK), Jahongir O‘rozov (“Dinamo”), Rustam Ashurmatov (“Istiqlol”, Eron), Umar Eshmurodov (“Nasaf”), Abduqodir Husanov (“Manchester Siti”, Angliya), Abdulla Abdullayev (“Dibba”, BAA), Farruh Sayfiyev (“Neftchi”), Hojiakbar Alijonov (“Paxtakor”), Sherzod Nasrullayev (“Paxtakor”), Behruz Karimov (“Surxon”)
Yarim himoyachilar: Sherzod Esanov (“Buxoro”), Odil Hamrobekov (“Traktor”, Eron), Akmal Mozgovoy (“Paxtakor”), Otabek Shukurov (“Baniyas”, BAA), Jamshid Iskanderov (“Neftchi”), Jasur Jaloliddinov (“So‘g‘diyona”), Aziz G‘aniyev (“Al Batayeh”, BAA), Umarali Rahmonaliyev (Sabah, Ozarbayjon)
Hujumchilar: Abbos Fayzullayev (“Istanbul Bashakshehir”, Turkiya), Jaloliddin Masharipov (“Istiqlol”, Eron), Doston Hamdamov (“Paxtakor”), Oston O‘runov (“Persepolis”, Eron), Ruslan Jiyanov (“Navbahor”), Aziz Amonov (“Dinamo”), Sherzod Temirov (“Erbil”, Iroq), Igor Sergeyev (“Persepolis”, Eron), Eldor Shomurodov (“Istanbul Bashakshehir”, Turkiya)
Yig‘inda qatnashgan quyidagi futbolchilar AQShga bormaydi: Vladimir Nazarov, Muhammadrasul Abdumajidov, Diyor Ortiqboyev, Quvondiq Ro‘ziyev, Nodir Abdurazzoqov, Alisher Odilov, Sardor Bahromov, Husayn Norchayev, Muhammadqodir Hamraliyev.
Oldinroq O‘FA Ibrohimhalil Yo‘ldoshevning jarohati sababli JChga bora olmasligini ma’lum qilgandi.
Sport
Shahram G‘iyosov professional boksda ilk bor mag‘lubiyatga uchradi
12 raund davom etgan jang yakuniga ko‘ra, britaniyalik Jyek Katterol hakamlarning yakdil qarori bilan g‘olib deb topildi.
O‘zbekistonlik bokschi Shahram G‘iyosov yarim o‘rta vaznda (66,7 kg) WBA Regular kamari uchun jang o‘tkazdi.
U Misrning Giza shahridagi Pyramids of Giza arenasida britaniyalik Jyek Katterolga qarshi ringga chiqdi. Jang 12 raund davom etdi va Jyek Katterol hakamlarning yakdil qarori bilan g‘olib deb topildi.
Bu Shahram G‘iyosovning professional boksdagi ilk mag‘lubiyati bo‘ldi. U bunga qadar 17ta jang o‘tkazib, ularning barchasida g‘alaba qozongan va 10ta jangda raqiblarini nokautga uchratgandi.
Uning raqibi esa bugunga qadar 34ta jang o‘tkazgan bo‘lib, 32 g‘alabaga erishgan, 2ta jangda mag‘lub bo‘lgan, 14ta jangni nokaut bilan yakunlagan.
Shahram G‘iyosovning so‘nggi jangi 2025 yil 12 aprel kuni bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda o‘zbekistonlik bokschi argentinalik Franko Okamponi 4-raundda nokautga uchratgandi.
-
Siyosat5 days agoBirlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi Markaziy Osiyodagi chegaralarni tinch yoʻl bilan tartibga solish boʻyicha rezolyutsiyani qabul qildi
-
Siyosat4 days ago
Shavkat Mirziyoyev YeXHT bosh kotibini qabul qildi
-
Jamiyat4 days ago
Kontent markazida «Yurt qayg‘usida 365 kun» nomli kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda IPO investorlari huquqini himoya qilish bo‘yicha qonun ishlab chiqilmoqda
-
Dunyodan2 days agoPrezident Trampning Gʻazo boʻyicha 15 banddan iborat rejasi eʼlon qilindi
-
Mahalliy3 days ago
Yoshlar umrini sotgan jinoyatchilar qo‘lga olindi
-
Iqtisodiyot4 days agoXitoy O‘zbekistondan 10 turdagi quritilgan sabzavotlarni olib kirishga ruxsat berdi
-
Iqtisodiyot5 days agoOLX onlayn reklama bozorida ustun mavqega ega deb topildi
