Jamiyat

Telegram orqali 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘larni o‘g‘irlagan guruh ushlandi

Published

on


Xorazm viloyatida Telegram orqali fuqarolar akkauntlarini buzib, bank kartalaridan 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ni o‘g‘irlagan guruh fosh etildi, deya xabar berdi IIV axborot xizmati.

Qayd etilishicha, 10-mart kuni Ichki ishlar organlari va Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari hamkorligida maxsus tezkor-qidiruv tadbirlari o‘tkazilgan. Unda Xonqa tumanida tug‘ilgan shaxslardan iborat guruh oldindan til biriktirib, murakkab firibgarlik sxemasini yo‘lga qo‘ygani aniqlangan.

Mazkur guruh a’zolari jinoiy faoliyatini yashirish maqsadida boshqa fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan bank kartalari va mobil sim-kartalardan foydalangan. Bu orqali ular o‘z harakatlarini niqoblashga uringan. Gumonlanuvchilar Telegram messenjerida yopiq guruhlar tashkil etgan. U yerda Android qurilmalari uchun mo‘ljallangan APK formatdagi virusli fayllar tarqatilgan.

Fayllar orqali fuqarolarning Telegram akkauntlariga noqonuniy kirish amalga oshirilgan. Shundan so‘ng jabrlanuvchilar nomidan ularning yaqinlariga turli xabarlar yuborilib, pul mablag‘lari o‘tkazib olingan.

Shuningdek, telefonlarga bog‘langan bank kartalari orqali ham mablag‘lar yechib olingan. Tergov davomida guruh tomonidan umumiy hisobda 1 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ o‘g‘irlangani aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, mablag‘lar «Binance», «Tonkeeper» va «Bitget» kabi platformalar orqali boshqa shaxslar nomiga o‘tkazilib, kriptoaktivlarga aylantirilgan.

Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version