Jamiyat
TBC Bank 1 mlndan ortiq TBC Salom kartalarini chiqardi
Mamlakatning yirik raqamli banklaridan biri bo‘lgan TBC Bank mahsulot ishga tushirilganidan buyon bir yildan sal ko‘proq vaqt ichida flagman debet karta va kundalik bank operatsiyalari uchun asosiy mahsulot hisoblangan TBC Salom kartasining 1 mlndan ortiq chiqarilganini ma’lum qildi.
TBC Salom 2024 yil noyabr oyida ishga tushirilgan bo‘lib, qisqa vaqt ichida bankning eng talabgir mahsulotlaridan biriga aylandi. Karta bozor ulushini faol ravishda oshirishda davom etmoqda hamda chakana bank xizmatlari segmentida TBC Bank’ning kundalik moliyaviy operatsiyalar uchun asosiy bank sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlab bormoqda.
TBC Salom’ning o‘sishi, jumladan, organik talab va foydalanuvchilar tavsiyalari hisobidan ham ta’minlanmoqda. 1 mlndan ortiq chiqarilgan karta — mijozlarning ongli tanlovi natijasidir: ular kartani shaxsiy foydalanish uchun o‘z tashabbusi bilan rasmiylashtiradi. Ko‘pchilik uchun u Markaziy Osiyodagi yetakchi ekotizimlardan biri bo‘lgan va 22 mlndan ortiq foydalanuvchini birlashtirgan TBC Uzbekistan ekotizimiga ilk qadam bo‘ldi.
Mijozlar mahsulotni qoldiq mablag‘ga yillik 12%, kartani to‘ldirish va naqd pul yechish bo‘yicha komissiyalar kompensatsiyasi, shuningdek hamkorlarda 5% keshbek imkoniyati uchun qadrlaydi. Foydalanuvchilar har oy o‘rtacha 12 mlrd so‘m miqdorida bonus oladi. Kartani chiqarish va yetkazib berish mutlaqo bepul.
2025 yil noyabr oyida TBC Bank karta imkoniyatlarini yanada kengaytirib, Visa to‘lov tizimidagi kartani chiqara boshladi hamda barcha xaridlar uchun 1% keshbek va xalqaro marketpleyslarda, jumladan Taobao va AliExpress’da to‘lov qilganda 5% keshbekni qo‘shdi.
Nika Kurdiani, CEO TBC Uzbekistan:
«TBC Salom kartasining paydo bo‘lishi O‘zbekistonda kundalik bank xizmatlari uchun yangi standartlarni belgiladi. Biz mijozlar moliyaviy hayotni tezroq, qulayroq va shaffofroq qiladigan raqamli yechimlarni tanlayotganini ko‘ryapmiz. Bu bozor yangi xizmat darajasiga tayyor ekanini tasdiqlaydi. Biz millionlab insonlarning kundalik moliyaviy hayotiga tabiiy ravishda mos keladigan mahsulotlarni rivojlantirishda va jismoniy shaxslar hamda kichik biznes uchun yagona moliyaviy ekotizim yaratishda davom etamiz».
Bugungi kunda TBC Salom kartasi O‘zbekistondagi tez rivojlanayotgan bank mahsulotlaridan biri hisoblanadi va yangi mijoz segmentlarini jalb qilish hamda kross-sotuvlarni rivojlantirish orqali raqamli ekotizimini kengaytirishda muhim rol o‘ynamoqda.
TBC Salom’ni rivojlantirish TBC’ning mahsulotlar qatorini izchil kengaytirish va jismoniy hamda yuridik shaxslar uchun yagona raqamli moliyaviy xizmatlar ekotizimini shakllantirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasining bir qismi hisoblanadi. Ushbu tashabbuslar daromad manbalarini kengaytirdi, bankning asosiy bozor segmentlaridagi pozitsiyasini mustahkamladi va mijozlar uchun ekotizim universalligini oshirdi.
Reklama huquqi asosida
Jamiyat
Chustda qalbaki dollar sotuvchilari qo‘lga tushdi
Namangan viloyatining Chust tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qalbaki valyuta savdosi bilan shug‘ullangan guruh qo‘lga tushdi.
Yangi Namangan tumanida yashovchi shaxs (1984-y.t.) va Chust tumanida istiqomat qiluvchi, muqaddam sudlangan fuqaro (1980-y.t.) o‘zaro til biriktirib, xorijdan olib kelingan qalbaki 10 ming AQSh dollarini shartli xaridorga haqiqiy 7,5 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Boysunda kuchli sel kelishi natijasida yana neft aralash suyuqlik oqmoqda
Surxondaryo viloyati Boysun tumanida yana neft aralash suyuqlik oqayotgani kuzatilmoqda.
Ayni damda holat Surxondaryo viloyati Ekologiya bosh boshqarmasi Ekopolitsiya xodimlaridan iborat ishchi guruh tomonidan va boshqa tegishli tashkilotlar bilan birga voqea joyiga chiqqan holda o‘rganilmoqda. Dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, bugun tonggi 06:30da kuchli sel kelishi natijasida handaqni buzib ketgan va natijada neft aralash suyuqlik oqib chiqqan.
Hozirda o‘rganish davom etmoqda va natijalariga ko‘ra qo‘shimcha ma’lumot beriladi.
Jamiyat
«Beqaror dunyoda taraqqiyotning yo‘li bitta» – Toyvo Klaar Lissabondan Andijonga qadar kengaygan hamkorlik haqida
Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekistonning yanada kuchli, o‘ziga ishonchli va tashqi omillarga kamroq qaram bo‘lishi uchun faol qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Bu haqda Yevropa Ittifoqining yurtimizdagi elchisi Toyvo Klaar Toshkentda Yevropa kuni munosabati bilan o‘tkazilgan anjumandagi nutqida gapirdi.
Tadbirda O‘zbekiston hukumati nomidan Bosh vazir o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov qatnashdi.
«2024-yilda Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston uchun import bo‘yicha uchinchi yirik savdo hamkori va eksport bo‘yicha ikkinchi yirik savdo hamkori bo‘ldi. O‘zaro savdo hajmi qariyb 4,8 milliard yevroni tashkil etib, 2020 yilga nisbatan deyarli ikki barobarga oshdi. Iqtisodiy aloqalarimizning kengayishi Lissabondan Andijongacha bo‘lgan hududda ham o‘zbekistonliklar, ham yevropaliklarga foyda keltirmoqda», – dedi elchi Toyvo Klaar.
O‘tgan yili Bryussel va Toshkent munosabatlariga oid ikki o‘ta muhim hodisa ro‘y berdi.
2025-yil 4-aprel kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti bo‘lib o‘tdi. YeI va mintaqa rahbariyati qatnashgan tadbirda Bryussel «Global Gateway» dasturi bo‘yicha 12 mlrd yevro hajmidagi investitsiya paketini e’lon qildi.
2025-yil 24-oktyabr kuni esa Bryussel shahrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Yevropa kengashi prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni (EPCA – Enhanced Partnership and Cooperation Agreement) imzolashga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.
YeI elchisiga ko‘ra, Samarqandda bo‘lib o‘tgan tarixiy sammit allaqachon aniq natijalar bermoqda. Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim esa savdo va investitsiyalar, barqaror rivojlanish, transport va raqamli aloqalar, huquq ustuvorligi va inson huquqlari kabi ko‘plab yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirmoqda.
«Beqaror dunyoda hamkorlik bu – kuchdir. Yevropa O‘zbekiston uchun biznes, hamkorlik, xalqaro huquqqa hurmat, xavfsizlik va inson qadr-qimmatini ta’minlash borasida kuchli va ishonchli hamkor bo‘lib qoladi», – dedi notiq.
Bundan 76 yil avval, 1950-yil 9-may kuni fransiyalik atoqli davlat arbobi Rober Shuman yagona Yevropa haqidagi qarashlarini bayon etgan edi. U Yevropa ko‘mir va po‘lat hamjamiyatini tashkil etishni taklif etar ekan, raqobat o‘rniga hamkorlikni, tarqoqlik o‘rniga birlikni, urush o‘rniga tinchlikni targ‘ib qilgan edi.
Rober Shumanning qarashlari bugungi Yevropaning 27 davlatini birlashtirgan siyosiy va iqtisodiy ittifoqqa asos bo‘ldi va u qariyb 80 yil davomida qit’ada tinchlik, demokratiya va iqtisodiy farovonlikni ta’minlab kelmoqda.
«YeI oddiy, ammo kuchli g‘oyaga asoslangan: insonlar erkin yashashi, ularning huquqlari himoya qilinishi va ular doimo teng munosabatda bo‘lishi kerak. Bu tamoyillar bugungi kunda ham YeI ichida o‘z kuchini saqlab qolmoqda. Biroq bugungi dunyo tobora ortib borayotgan mojarolar, iqtisodiy beqarorlik va iqlim o‘zgarishining kuchayib borayotgan ta’siri bilan tavsiflanmoqda», – dedi T.Klaar.
Diplomat o‘z chiqishida Yaqin Sharqdagi to‘qnashuvlar, Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi kabi dolzarb masalalarga ham to‘xtaldi.
«Bugungi kunda Yevropa loyihasining bir muhim haqiqatini yana bir bor ko‘rib turibmiz: umumiy muammolar umumiy yechimlarni talab qiladi. Hech bir davlat bugungi global muammolarni yakka holda hal qila olmaydi. Iqlim o‘zgarishi global hamkorlikni, adolatli savdo umumiy tamoyillarga sodiqlikni, tinchlik esa qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni talab qiladi. Aynan shu sababli YeI butun dunyo bo‘ylab mustahkam, adolatli va ishonchli hamkorliklarni rivojlantirishda davom etmoqda, umumiy muammolarni hal etish uchun o‘zaro manfaatli sherikliklarni yo‘lga qo‘yib, 80 yil davomida shakllanishiga hissa qo‘shgan qoidalarga asoslangan xalqaro tartibni qo‘llab-quvvatlamoqda», – deya xulosa qildi YeIning O‘zbekistondagi elchisi.
Jamiyat
“Prezident orzumga yetkazsin deyman” – farg‘onalik 106 yoshli urush faxriysi
Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Katta Qaynar mahallasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Usmonjon ota Rahimov bu yil 106 yoshni qarshi oldi. Otaxonning uch o‘g‘il, uch qiz, 20 nevara, 45 evara, besh chevarasi bor.
“Urush boshlanishidan avval kolxozda ishladim, temiryo‘lda mashinistlik qildim. Urushdan qaytib kelib turli sohalarda ishladim. Qani endi prezidentimiz bilan uchrashsam-u ularga orzumni aytsam. Ulardan mashina sovg‘a qilishlarini iltimos qilgan bo‘lardim. Shu yoshimda prezident bergan mashinada Buxoro-yu, Samarqandga sayohatga chiqsam”, – deydi ota.
Usmonjon ota Rahimov urush xotiralarini so‘zlab berdi:
“1920 yilda tug‘ilganman. Urush boshlanganda kolxozda ishlardim. Ayni navqiron 21 yoshda edim. O‘shanda otam 84, onam esa 75 yoshda edi.
Ocharchilik boshlangan payt, hatto yeyishga non ham yo‘q. Nima qilishni bilmay qishloqda o‘tin teramanda aravaga solib markazga chiqib yarim buxonka nonga almashtirib kelaman. Ana shunday qilib yurib ota-onamni boqqanman. Haftalab non yemagan kunlarimiz ham bo‘lgan. Amakim bilan tomorqamizga sholg‘om, rediska ekib pishganida katta qozonga solib qaynatib shuni yeganmiz. Ota-onamga xizmat qilib ayni duolarini olish paytida noiloj urushga jo‘nab ketganman.
1941 yil 29 dekabrda Moskvaga yetib bordim…
Snayper, miltiq, minomyotga otishga o‘rgatishdi. Urushda faqat tank haydamadim xolos. Lekin sheriklarim meni “tankist” deb chaqirishardi. Urush shunchalik dahshatli bo‘lganki, Xarkivni vayron qilib yuborgan nemis. O‘q yomg‘iri ostida boshimdagi kaskamga qarsillaganicha nemisning o‘qi tegadi. Kaskalarim ilma-teshik bo‘lib ketgan. Sheriklarimning ko‘pi o‘lib ketdi. Umrimdan bergan ekan vatanimizga sog‘-omon qaytib keldim.
O‘tgan yili prezidentning qizi va kuyovlari kelib meni yo‘qlab ketishdi. Qo‘limga dollar tutqazib ketishdi. Ular bilan hazillashib bir oz kulishdik.
106 yeshga kirdim. Orzum… prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bilan ko‘rishsam, mendan nima so‘raysiz, desalar, mehnatlarimni hurmat qilib bittagina mashina sovg‘a qilsalar. Mashinaga chiqib Sarmarqand-u Buxorolarni ziyorat qilsam armonim qolmas edi”, — deydi Usmonjon ota Rahimov.
Jamiyat
Ag‘nagan devor, suv bosgan hovli: Rapqondan fotoreportaj
May oyining birinchi kuni kuchli yomg‘ir yog‘di, buning oqibatida Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Rapqon qishlog‘ining Vorux Dasht, Yangiqo‘rg‘on mahallalaridagi 90 dan ortiq xonadonlarni suv bosdi. Ayrim xonadonlarning yerto‘la va uy ichigacha suv kirdi. Hozirda tegishli tashkilotlar ko‘magida toshqin talafotlarini bartaraf etish ishlari amalga oshirilyapti. Kun.uz muxbiri Rapqon qishlog‘ida bo‘lib, hodisa joyidan fotoreportaj tayyorladi.
-
Siyosat4 days agoPrezident Mirziyoyev energiya tejash vositasi sifatida kommunal xizmatlarni oʻchirishni taqiqlovchi farmonni imzoladi
-
Siyosat4 days agoOʻzbekistonda yil oxiriga qadar 13 ta GES qurish rejalashtirilmoqda, tarmoqni kengaytirish koʻzda tutilmoqda
-
Turk dunyosi5 days agoKurd jangari rasmiysining aytishicha, Turkiya islohotlarning yoʻqligi tufayli tinchlik muzokaralarini toʻxtatib qoʻymoqda
-
Jamiyat4 days ago
Sud jarayonlarini OAVda yoritishni takomillashtirish bo‘yicha dastur boshlandi
-
Jamiyat5 days ago
May oyida qanday ob-havo kutiladi? «O‘zgidromet» izoh berdi
-
Jamiyat5 days agoBuxoro va Surxondaryoda Afg‘onistondan kontrabanda qilingan opiyning katta partiyasi aniqlandi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekistonda kafe va restoranlar daromadi keskin oshdi
-
Jamiyat3 days agoJinoiy guruh yetakchisidan 2,7 ming dollar olgan profilaktika inspektori ushlandi
