Iqtisodiyot
Tashabbusli budjet: kimga ko‘proq, kimga kamroq?
Bugun fuqarolar budjet mablag‘larining qayerga sarflanayotganini shunchaki kuzatibgina qolmayapti — ular bu jarayonda qaror qabul qilishda ham ishtirok etmoqda. 2018 yildan yo‘lga qo‘yilgan “Ochiq budjet” loyihasi ayni shu maqsadga xizmat qilib, davlat bilan xalq o‘rtasida ishonchli muloqot maydonini yaratdi. Shu paytga qadar loyihaning har bir mavsumida minglab fuqarolar o‘z takliflari va ovozlari orqali budjet mablag‘larining qanday sarflanishiga bevosita ta’sir ko‘rsatib kelmoqda.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, “Tashabbusli budjet” loyihasi doirasida 2025 yilda jami 4 772 ta loyiha g‘olib deb topilgan va ularni moliyalashtirish uchun 6 477,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan. Mablag‘larning eng katta qismi, ya’ni 49 foizi ichki yo‘llarni, jumladan piyodalar yo‘lakchalari va yo‘l o‘tkazgichlarni, 23 foizi umumta’lim maktablari, 10 foiz ulushi sog‘liqni saqlash muassasalarini ta’mirlash va jihozlash ishlariga yo‘naltirilgan. Qolgan 18 foiz mablag‘ esa boshqa yo‘nalishdagi loyihalarni amalga oshirish uchun sarflangan.
Biroq ushbu raqamlar tashabbusli budjet mablag‘lari qanday yo‘naltirilgani haqida umumiy tasavvur bersa-da, ularning hududlar kesimida qay darajada mutanosib va adolatli taqsimlangani haqida savol tug‘diradi. Aholi soni, infratuzilmaga bo‘lgan ehtiyoj hamda jon boshiga to‘g‘ri keladigan xarajatlar o‘rtasidagi farqni aniqlash maqsadida ushbu taqsimotni alohida tahlil qilishga qaror qildik.
Me’yoriy cheklovlar demografik muvozanatni ta’minlayaptimi?
Tadqiqot davomida aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan tashabbusli budjet xarajatlarini oshirishda loyihalar sonini ko‘paytirish strategik ahamiyatga ega ekanini aniqladik. Hozirgi kunda mablag‘lar taqsimotida o‘ziga xos nomutanosiblik kuzatilmoqda: aholi soni kam bo‘lgan hududlarda tashabbusli budjet xarajatlarining jon boshiga to‘g‘ri keluvchi mablag‘i yuqori, biroq aholi zich joylashgan hududlarda bu ko‘rsatkich ancha pastligicha qolmoqda. Masalan, Sirdaryo va Boyovut tumanlarida aholi soni deyarli 140 mingdan yuqori bo‘lsa-da, loyihalar soni minimal talabga, yani 10 taga yaqinligi aholi jon boshiga xarajatlar qisqarishiga olib kelgan. Shuningdek, tashabbusli budjet xarajatlarining quyi o‘nligidan joy olgan Samarqand shahri (42 ta loyiha) va Urgut tumani (34 ta loyiha)da qonunchilikda ko‘rsatilgan maksimal loyihalar soni 30 ta va undan yuqori bo‘lishiga qaramay aholi jon boshiga xarajatlar pastligicha qolmoqda.
Shu o‘rinda Iqtisodiyot va moliya vazirligining bizga bergan ma’lumotiga ko‘ra, 30 ta loyiha uchun belgilangan limitdan tashqari, agar yil davomida qo‘shimcha mablag‘ shakllansa, loyihalar sonini oshirish imkoniyati mavjud.
Mazkur nomutanosibliklarning yuzaga kelishida tashabbusli budjet jarayonlarini tartibga soluvchi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar muhim rol o‘ynamoqda. Avval, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2024 yil 30 yanvardagi KQ-666-IV-son qaroriga ko‘ra, ushbu jarayonga tuman va shaharlar budjetlarining kamida 5 foizi va tuman (shahar) budjetlari qo‘shimcha mablag‘larining kamida 30 foizi yo‘naltirilishi kerak edi. Biroq, 2025 yil 13 yanvardagi Senatning KQ-34-V-son qarori bilan bu tartib o‘zgartirildi. Unga ko‘ra, endilikda 5 foizlik qat’iy me’yor o‘rniga boshqa yondoshuv joriy etildi: har bir tuman va shahar budjeti doirasida kamida 10 ta, ko‘pi bilan 30 ta loyihani moliyalashtirish uchun mablag‘ rejalashtiriladi. Agar loyihalar soni 10 tadan oshsa mablag‘lar tuman yoki shahar aholisi sonidagi ulushidan kelib chiqib taqsimlanadi.
2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2025 yil 17 dekabrdagi KQ-280-V-sonli qaroriga muvofiq, “Tashabbusli budjet” doirasida amalga oshiriladigan loyihalar soni kamida 6 ta va ko‘pi bilan 30 ta etib belgilangan.
Amaliy tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, eng kamida 10 ta va yuqori chegarasi 30 ta loyiha bajarilishi talabi hududlarning aholi soni farqlarini yetarli darajada hisobga olmayapti. Natijada kam aholi yashaydigan hududlarda loyihalar sonining minimal talablardan yuqori bo‘lishi aholi jon boshiga xarajatlarning sun’iy oshishiga olib kelmoqda. Aksincha, aholisi ko‘p bo‘lgan tuman va shaharlarda loyiha sonining yuqorilab ketishi kuzatilmoqda va bu ham ijtimoiy ehtiyojlarning to‘liq qoplanmasligiga sabab bo‘lmoqda. Xususan, aholi soni 100 ming nafargacha bo‘lgan hududlarda tashabbusli budjet doirasida o‘rtacha 16 ta loyiha amalga oshirilgan, aholi jon boshiga to‘g‘ri kelgan xarajat 331 ming so‘mni tashkil etgan. Aholisi 300-400 ming oralig‘ida bo‘lgan hududlarda esa loyihalar soni 34 taga yetgan, aholi jon boshiga o‘rtacha mablag‘ 138 ming so‘mga tushgan. Eng yirik — aholisi 500-600 ming bo‘lgan tumanlarda 38 ta loyiha qayd etilgan bo‘lsa-da, aholi jon boshiga to‘g‘ri keluvchi mablag‘ bor-yo‘g‘i 95 ming so‘m.
Hududlar kesimida aholi jon boshiga xarajatlarning yuqori va quyi 10 taligi o‘rtasidagi farq quyidagi grafiklarda ham yaqqol namoyon bo‘ladi.
Aholi zich joylashgan yirik tuman va shaharlarda esa ahvol butunlay boshqacha. Bu yerda bir kishiga to‘g‘ri keladigan mablag‘ 100 ming so‘m atrofida to‘xtab qolgan:
G‘ozg‘on shahrining aholisi 9,3 ming kishi, 14 ta loyiha g‘olib deb topilgan bo‘lib, har bir fuqaroga to‘g‘ri keladigan mablag‘ 1,5 million so‘mdan oshadi.
Urgut tumanining aholisi 572 ming nafar, 34 ta loyiha belgilangan bo‘lib (yuqori chegaradan ko‘proq), jon boshiga to‘g‘ri keladigan ulush atigi 90,5 ming so‘mni tashkil etadi.
Ushbu tumanlarda aholi jon boshiga mablag‘lar o‘rtasidagi farq qariyb 16,5 barobarni tashkil etadi. Bu raqamlar loyihalar sonini belgilashda aholi soni omilini kiritish qanchalik zarurligini isbotlaydi.
Nima uchun bu muhim?
Budjet mablag‘larini aholi jon boshiga taqsimlanishini tahlil qilish ijtimoiy adolat va davlat siyosati samaradorligini belgilovchi omildir. Tadqiqot natijalari ko‘rsatgan nomutanosibliklar bir nechta sabablarga ko‘ra muhim ahamiyatga ega.
Yuqorida ta’kidlaganimizdek, G‘ozg‘on shahrida yashovchi fuqaro uchun budjetdan ajratilayotgan mablag‘ (1,5 mln so‘m) Urgut tumanidagi fuqaro ulushidan (90,5 ming so‘m) 16,5 barobar ko‘p. Bu degani, bir hududda yashayotgan aholi zamonaviy infratuzilmaga ega bo‘layotgan bir paytda, boshqa hududda ehtiyojlar yillar davomida qondirilmay qolib ketmoqda. Jon boshiga hisoblangan mezon hududlararo bu ijtimoiy tafovutni kamaytirishga xizmat qiladi.
Aholi zich joylashgan hududlarda (masalan, Samarqand shahri yoki Namangan tumanlarida) mavjud yo‘llar, maktablar va shifoxonalar bir necha barobar ko‘p aholiga xizmat qiladi. 500 ming aholisi bor tumanga ham, 50 ming aholisi bor tumanga ham bir xil (maksimal 30 ta) loyiha kvotasi berilishi, katta hududlardagi muammolarning “surunkali” bo‘lib qolishiga olib keladi. Mablag‘lar aholi soniga qarab ko‘paytirilsa, infratuzilmaning eskirish tezligi va yangilanish tezligi o‘rtasida muvozanat paydo bo‘ladi.
Davlat uchun har bir so‘mning samaradorligi muhim. Aholi zich hududlarda qurilgan bitta maktab yoki ta’mirlangan yo‘ldan foydalanuvchilar soni ko‘proq bo‘ladi. Demak, mablag‘ni aholi soniga qarab yo‘naltirish ijtimoiy investitsiyaning eng yuqori samaradorligiga erishish demakdir.
Bu yil qanday yangiliklar kutilmoqda?
Tadqiqot jarayonida “Ochiq budjet” portali orqali amalga oshirilayotgan loyihalar endilikda nafaqat ovoz yig‘ish poygasi, balki ijtimoiy mas’uliyat bosqichiga qadam qo‘yganiga yana bir bor amin bo‘ldik.
Senat Kengashining 2025 yil 17 dekabrdagi qaroriga ko‘ra, 2026 yil uchun “Tashabbusli budjet” jarayonlariga kiritilgan o‘zgartirishlar esa tizimni yanada shaffoflashtirish va mablag‘larning manzilliligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Ilgari loyiha g‘olib bo‘lishi uchun bor-yo‘g‘i 10 ta ovoz talab etilgani tizimda ma’lum ma’noda “passiv” tashabbuslarning ko‘payishiga sabab bo‘lgan edi. Endilikda eng kam ovoz chegarasining 50 taga ko‘tarilishi mahalla faollaridan yanada kattaroq mobilizatsiya va jamiyat birdamligini talab qiladi. Bu o‘z-o‘zidan “sun’iy” loyihalarning saralanishiga, eng dolzarb va ahamiyatli tashabbuslarning yuzaga chiqishiga olib keladi.
Yana bir yangilik — “50/50” tamoyili asosidagi sherikchilik modelidir. Bunda aholi tashabbus mablag‘ining 50 foizini to‘plasa, qolgan qismi davlat tomonidan qoplanadi va loyiha avtomatik ravishda g‘olib deb topiladi.
Bu tizimning joriy etilishi aholida daxldorlik hissini paydo qiladi, ko‘p ovoz to‘play olmagan, lekin moliyaviy imkoniyati bor kichikroq jamoalar uchun o‘z muammosini tezkor hal qilish imkoniyati tug‘iladi. Davlat hamma narsani qilib berishi kerak, degan qarashdan “birgalikda qilamiz” degan zamonaviy yondashuvga o‘tiladi.
Ammo bir mahallaga bir mavsumda faqat bitta sherikchilik loyihasiga ruxsat beriladi. Budjet tashkilotlariga oid loyihalarga mazkur tartib qo‘llanmaydi.
Ko‘p hollarda muhim loyihalar bir nechta ovoz yetmay qolgani uchun chetda qolib ketardi. Endi esa ovoz berish yakunlangach, 10 kunlik qo‘shimcha bosqichda mahalliy va respublika deputatlariga muhim vakolat berilmoqda. Unda tuman (shahar) deputatlari yetishmagan mablag‘ni mahalliy budjet hisobidan qoplashi mumkin. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari esa ovoz to‘plagan bitta loyihani qo‘shimcha g‘olib sifatida tanlash huquqiga ega.
Deputat tanlovi uchun loyiha saylov okrugida joylashgan, kamida 50 ta ovoz olgan va sherikchilik loyihasi bo‘lmasligi shart. Bir mahallada ketma-ket ikki mavsum loyiha tanlanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Bu islohotlar aholining loyihalarni tanlashdagi ishtirokini yanada rag‘batlantirish va budjet mablag‘larini haqqoniy taqsimlash mexanizmini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Yechim nimada?
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, mamlakatimizdagi tuman va shaharlar aholi soni bo‘yicha bir-biridan keskin farq qiladi. 2025 yil “Tashabbusli budjet” jarayonlarida ishtirok etgan 200 dan ortiq hududlarda deyarli 10 mingdan 600 minggacha aholi istiqomat qiladi. Biroq, amaldagi tizimda aholisi eng kam va eng ko‘p bo‘lgan hududlar uchun loyihalar soni bo‘yicha bir xil cheklov o‘rnatilgan.
Bunday yondashuv infratuzilma ehtiyojlarini adolatli qondirish imkonini bermayapti. Masalan, kichik tuman va aholisi bir necha barobar ko‘p bo‘lgan yirik shaharga bir xil limit qo‘yish real ehtiyojlar inobatga olinmayotganiga ishora.
Shu bois, tadqiqot doirasida loyihalar sonini aholi soniga mutanosib ravishda belgilash taklif etiladi.
Birinchidan, aholisi kam bo‘lgan hududlarda amaldagi minimal ko‘rsatkichlarni saqlab qolish o‘rinli. Ikkinchidan, aholi soni o‘rtacha va yuqori bo‘lgan hududlarda g‘olib loyihalar sonini aholi zichligiga bog‘lash lozim. Bunda har 10–15 ming nafar aholi uchun bitta loyiha hisobidan kvota ajratish ijtimoiy adolatni ta’minlaydi.
Xulosa qilib aytganda, aholi qancha ko‘p bo‘lsa, g‘olib loyihalar soni ham shuncha ko‘p bo‘lishi kerak. Bunday differensial yondashuv davlat mablag‘larini hududlarning real yuki va odamlarning haqiqiy ehtiyojidan kelib chiqib taqsimlashga xizmat qiladi.
Iqtisodchi: Nodirjon Toyirov,
Jurnalist: Barno Sultonova,
Mentor: Saviya Hasanova.
Iqtisodiyot
British Petroleum O‘zbekiston energetika bozoriga qiziqish bildirmoqda
O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov British Petroleum transmilliy kompaniyasining xalqaro rivojlanish departamenti rahbari Maykl Denison bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Dunyo” AA xabar berishicha, muloqot davomida Britaniya kompaniyasi vakili joriy yilning 26 fevral kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov boshchiligidagi delegatsiya hamda BP rahbariyati o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijalarini yuqori baholadi.
Qayd etilishicha, mazkur uchrashuv o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, keng ko‘lamli investitsiya va sanoat loyihalarini amalga oshirish uchun mustahkam zamin yaratgan.
Britaniya tomoni energetika sohasida, xususan, uglevodorod resurslarini qidirish va qazib olish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda infratuzilmani rivojlantirish yo‘nalishlarida O‘zbekiston bilan tizimli va uzoq muddatli sheriklikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Shu bilan birga, bunday hamkorlik O‘zbekistonning investitsiya muhitini yanada yaxshilash va mamlakat energetika salohiyatini oshirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida BP delegatsiyasining V Toshkent xalqaro investitsiya forumida yuqori darajada ishtirok etishga tayyorligi ma’lum qilindi. Tomonlar ushbu maydon ikki tomonlama aloqalarni yanada faollashtirish va yangi investitsiya kelishuvlarini ilgari surish uchun muhim ahamiyat kasb etishini qayd etdi.
Iqtisodiyot
Olmaliqdagi 3-mis boyitish fabrikasi dunyodagi yirik korxonalar qatoridan joy oldi
Germaniyaning Deutsche Allgemeine Zeitung nashrida O‘zbekistondagi Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining 3-mis boyitish fabrikasi ochilishiga bag‘ishlangan maqola chop etildi.
Foto: Prezident matbuot xizmati
“Dunyo” AA xabar berishicha, maqolada prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ramziy tugmani bosish orqali ishga tushirilgan mazkur loyiha mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega ekani ta’kidlangan.
Qiymati 2,7 milliard dollar bo‘lgan, 196 gektar maydonda barpo etilgan zavod yiliga 60 million tonna rudani qayta ishlash quvvatiga ega. Bu ko‘rsatkich bilan u nafaqat Markaziy Osiyoda, balki dunyodagi eng yirik korxonalar qatoridan joy olgani qayd etilgan.
Nashrda misning energetika, elektrotexnika, raqamlashtirish, sun’iy intellekt va “yashil” iqtisodiyotdagi ahamiyati alohida urg‘u bilan yoritilgan. Shuningdek, O‘zbekistonda xomashyoni eksport qilishdan ko‘ra, uni chuqur qayta ishlashga o‘tish maqsad qilingani ta’kidlangan.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda misni qayta ishlash quvvatini 240 ming tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
Loyihaning texnologik ustunligi sifatida ishlab chiqarish jarayonlarining raqamli nazorat ostida ekani va sun’iy intellekt yordamida boshqarilishi qayd etilgan. Bu esa energiya sarfini 10 foizga, ishlab chiqarish xarajatlarini esa 15 foizga kamaytirish imkonini beradi.
Shuningdek, “Yoshlik-1” va “Qalmoqir” konlarida qariyb 45 million tonna mis va 5000 tonnadan ortiq oltin zaxiralari mavjud ekani, bu resurslar kamida 100 yilga yetishi ta’kidlangan. Molibden, selen, tellur va reniy kabi nodir metallar esa kelgusidagi innovatsion loyihalar uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
Deutsche Allgemeine Zeitung ta’kidlashicha, mazkur loyiha O‘zbekiston uchun nafaqat sanoat yutug‘i, balki texnologik modernizatsiya va barqaror iqtisodiy o‘sish sari yo‘naltirilgan muhim qadam hisoblanadi.
Iqtisodiyot
Toshkent va Ashxobod o‘rtasida iqtisodiy hamkorlik kuchaytiriladi
O‘zbekiston elchisi Ravshan Alimov Ashxobod shahri hokimi Rahim Gandimov bilan uchrashdi.
“Dunyo” AA xabar qilishicha, suhbat chog‘ida o‘zbek-turkman munosabatlari so‘nggi yillarda barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, ayniqsa Toshkent va Ashxobod shaharlari o‘rtasidagi hamkorlik tobora mustahkamlanayotgani alohida ta’kidlandi.
Muzokaralar davomida tomonlar shaharlar o‘rtasidagi birodarlik munosabatlari to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda delegatsiyalar almashinuvini faollashtirish masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish va madaniy-gumanitar tadbirlarni ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda Ashxoboddagi “Toshkent” va Toshkentdagi “Ashxobod” istirohat bog‘lari ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlikning yorqin ramzi ekani qayd etildi. Joriy yilda ikki davlatning muhim sanalariga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar xalqaro tadbirlarda o‘zaro ishtirokni yanada faollashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi.
Iqtisodiyot
Xitoy kompaniyasi O‘zbekistonda texnik uglerod ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi mumkin
Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Kasimov Xitoyning «China CAMC Engineering» kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh direktori Go Szisze va «Fushun Zhenxing Chemical Engineering» kompaniyasi bosh direktori Pyao Syan bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi
Muzokaralar davomida O‘zbekistonda eskirgan shinalarni utilizatsiya qilish va texnik uglerod ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Xususan, tomonlar zamonaviy piroliz texnologiyalarini joriy etish, ekologik xavfsiz ishlab chiqarishni tashkil etish hamda sanoat chiqindilarini kamaytirish uchun ilg‘or muhandislik yechimlarini qo‘llash bo‘yicha fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar ushbu loyiha doirasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va uning amalga oshirilishini izchil rag‘batlantirishga kelishib oldilar.
«Fushun Zhenxing Chemical Engineering» kompaniyasi kimyoviy injiniring, neft-kimyo va ekologik yechimlar sohasida faoliyat yuritadi. Kompaniya texnik uglerod yo‘nalishida 80 dan ortiq loyihalarni amalga oshirgan.
Iqtisodiyot
Eron 10 million riyollik banknotni muomilaga chiqardi
Eron markaziy banki 10 million riyollik banknotga murojaat qildi – bu mamlakat tarixidagi eng yirik nominaldir, deya yozadi Financial Times.
10 million riyol – 7 dollardan sal ko‘proq degani.
Markaziy bank yangi kupyura chiqarishdan maqsad «jamoatchilikning naqd pulga ega bo‘lishini ta’minlash»ga qaratilgani, mamlakatda elektron to‘lov tizimlari va internet-banking hali ham barqaror ishlayotganini ta’kidlagan.
Financial Times’ning qayd etishicha, yangi banknot Eronda naqd pulga bo‘lgan katta talab fonida muomalaga chiqarilgan. Eronliklar elektron to‘lov tizimlari ishlamay qolishidan xavotirda, ular hisob raqamlaridan pul yechish uchun banklarda soatlab navbatda turishmoqda. Shu bilan birga, Markaziy bank kredit tashkilotlariga yetarli miqdorda kupyuralar taqdim etayotganini aytayotgan bo‘lsa-da, banklar naqd pul berishda cheklovlar joriy qilmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, fevral oyida, ya’ni urush boshlanishidan oldinroq, Eronda inflatsiya yillik hisobda 47,5 foizni tashkil etayotgandi.
10 million riyollik banknotlar muomilaga chiqarilgunicha Erondagi eng yirik kupyura 5 million riyol bo‘lib turgandi. Markaziy bank uni fevral oyi boshida muomilaga chiqargan.
-
Dunyodan4 days ago
Eron Hormuz boʻgʻozi orqali cheklangan oʻtishga ruxsat beradi
-
Jamiyat4 days ago
Tadbirkor boshpanasiz bo‘lgan 5 ta oilani uy-joy bilan ta’minladi
-
Siyosat4 days agoSoʻnggi savdo maʼlumotlariga koʻra, Oʻzbekiston temir yoʻllari importi eksportdan 2,5 barobar koʻp
-
Iqtisodiyot5 days agopayme Tez QR orqali to‘lovni 3% keshbek bilan ishga tushirmoqda
-
Dunyodan4 days ago
Istanbulda yetti yil avval sodir etilgan qotillik ishi fosh etildi. O’zbek ayoli vafot etdi
-
Iqtisodiyot5 days agoQashqadaryo viloyati ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi
-
Dunyodan4 days ago
Isroil mintaqaviy tuzilmani qayta tiklamoqchi
-
Jamiyat3 days agoToshkentda bayram kunlari jamoat transporti uchun maxsus jadval joriy etildi
