Jamiyat
Tarkibida giyohvandlik vositalari bo‘lgan dorilar to‘xtatib qolindi
Xorijdan olib kirishga urinilgan “ozdiruvchi” dorilar tarkibidan taqiqlangan moddalar topildi.
Namangan viloyati bojxona boshqarmasining “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona posti orqali qo‘shni mamlakatdan kelgan fuqaroga tegishli qo‘l sumkasi ko‘zdan kechirilganda bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan 40 dona Tawan Liar dori vositalari borligi aniqlandi.
Ushbu post orqali harakatlangan yana bir kishining qo‘l yuklari orasidan ham deklaratsiyada ko‘rsatilmagan 40 dona shu kabi dorilar topilgan.
Boshqa bir holatda esa, “Uchqo‘rg‘on” chegara bojxona posti orqali O‘zbekistonga kirib kelgan fuqaroning mashinasi tekshirilganda xorijda ishlab chiqarilgan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan 40 dona Tawan Liar nomli dorilar borligi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu dorilar ekspertizadan o‘tkazilganda ularning tarkibida “Tapentadol” va “Tramadol” moddalari borligi aniqlandi.
Ushbu moddalar Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan O‘zbekistonda muomalada bo‘lishi cheklangan giyohvandlik vositalari ro‘yxatiga kiradi.
Jamiyat
Sog‘liqni saqlash vaziri korrupsiyaga qarshi murojaat bilan chiqdi
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Odilov soha xodimlari va aholiga murojaat qilib, tibbiyot tizimida korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, ichki nazoratni kuchaytirish hamda raqamli nazorat mexanizmlarini joriy etish ustuvor vazifa bo‘lishini ta’kidladi.
Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi
Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Odilov tibbiyot sohasi xodimlari va aholiga yo‘llagan murojaatida korrupsiya mamlakat taraqqiyotiga jiddiy tahdid ekanini qayd etib, mazkur illatga qarshi qat’iy kurashish sohadagi eng muhim vazifalardan biri bo‘lib qolishini bildirdi.
Vazirning ta’kidlashicha, prezidentning 2026 yil 5 maydagi farmoni asosida vazirlik tizimi qayta tashkil etilmoqda. Markaziy apparat zamonaviy yondashuvga ega malakali kadrlar bilan to‘ldirilmoqda, korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens masalalari bo‘yicha vazir o‘rinbosari lavozimi joriy etilgan hamda ichki nazorat tizimi kengaytirilgan.
Ma’lum qilinishicha, 2026 yilning dastlabki besh oyida vazirlik tizimidagi tashkilotlarda masofaviyaudit.uz axborot tizimi orqali 979 ta holatda jami 514,9 milliard so‘mlik moliyaviy xato va kamchiliklar erta aniqlanib, bartaraf etilgan.
Shuningdek, tug‘uruq muassasalarida homiladorlar va ularning yaqinlaridan noqonuniy pul talab qilinishiga chek qo‘yish maqsadida «Sirli mijoz» tadbirlari yo‘lga qo‘yilgani qayd etildi.
Vazirning bildirishicha, 2026 yil 1 iyuldan boshlab «Raqamli komplayens» axborot dasturiy kompleksi sinov rejimida ishga tushiriladi. Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat faoliyati esa E-Komplaens elektron moduli orqali to‘liq raqamlashtiriladi. Shuningdek, sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali korrupsiyaviy xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olish rejalashtirilgan.
Eldor Odilov fuqarolarni sog‘liqni saqlash tizimidagi korrupsiyaviy holatlar, manfaatlar to‘qnashuvi, byurokratik to‘siqlar yoki noqonuniy to‘lovlar haqida vazirlikning 1203 qisqa raqamli ishonch telefoni yoki [email protected] elektron pochtasi orqali xabar berishga chaqirdi.
Uning ta’kidlashicha, har bir murojaat tezkor tartibda ko‘rib chiqiladi, murojaatchilarning shaxsi va taqdim etilgan ma’lumotlarning maxfiyligi to‘liq kafolatlanadi.
Jamiyat
Toshkent va Navoiyda mansabdorlar pora bilan ushlandi
Toshkent va Navoiy viloyatlarida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida yerdan foydalanish uchun ruxsatnoma rasmiylashtirish hamda ishga joylashtirish evaziga pora olgan mansabdor shaxslar qo‘lga olindi. Har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati
Davlat xavfsizlik xizmati hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida Toshkent va Navoiy viloyatlarida tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatida O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining tuman bo‘limlaridan biri inspektori fuqaroga davlat zaxirasidagi 20 gektar yer maydonidan tabiiy chimni ko‘chirib olish huquqini beruvchi sertifikat hamda uni tashish uchun deklaratsiya hujjatini rasmiylashtirib berish evaziga 2200 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruvda inspektor ushbu mablag‘ning 200 AQSh dollarini o‘zida qoldirib, qolgan 2 ming AQSh dollarini tuman bo‘limi boshlig‘iga berishni rejalashtirgani aniqlangan. Keyingi tezkor tadbirda bo‘lim boshlig‘i ham mazkur pul mablag‘ini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Navoiy viloyatida esa DXX, Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda ichki ishlar organlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirda «Navoiy suv ta’minoti» AJning tuman bo‘limlaridan biri mashinisti mahalliy fuqaroni tanishlari orqali operator lavozimiga ishga joylashtirib berish evaziga 500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlangan.
Tezkor tadbir davomida ushbu pul mablag‘ini qabul qilgan, muqaddam sudlangan bosh muhandis ham qo‘lga olingan. Shuningdek, noqonuniy holatga tuman bo‘limi boshlig‘ining ham aloqadorligi aniqlanib, holat protsessual tartibda rasmiylashtirilgan.
Hozirda har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Andijonda do‘ppisi ichiga 35 ming dollar yashirgan yo‘lovchi ushlandi
Andijon viloyatidagi «Do‘stlik» chegara bojxona postida qo‘shni davlatga yo‘l olgan fuqaro do‘ppisi ichiga yashirilgan 35,6 ming AQSh dollari bilan ushlandi. Bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan valuta protsessual tartibda olib qo‘yildi.
Foto: Bojxona qo‘mitasi
Holat Andijon viloyati bojxona boshqarmasining «Do‘stlik» chegara bojxona postida aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, qo‘shni davlatga chiqib ketayotgan 51 yoshli fuqaro boshidagi do‘ppining ichiga 35,6 ming AQSh dollarini yashirgan holda mamlakat hududidan olib chiqishga uringan.
Bojxona nazorati davomida yo‘lovchining deklaratsiyasi tekshirilgan va og‘zaki so‘rov o‘tkazilgan. Natijada deklaratsiyada ko‘rsatilmagan hamda ma’lum qilinmagan naqd xorijiy valuta aniqlanib, belgilangan tartibda olib qo‘yilgan.
Bojxona qo‘mitasi eslatishicha, amaldagi qonunchilikka muvofiq, O‘zbekiston rezidentlari mamlakat hududidan 100 million so‘m ekvivalentigacha bo‘lgan miqdordagi naqd xorijiy valutani olib chiqish huquqiga ega.
Ayni paytda mazkur holat yuzasidan bojxona tekshiruvlari davom ettirilmoqda.
Jamiyat
Qamchiqda yonilg‘i tashuvchi maxsus avtomobil YTHga uchradi
Qamchiq dovonida harakatlanayotgan yonilg‘i tashishga mo‘ljallangan maxsus yuk avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida yo‘lni ajratuvchi temir to‘siqqa urilib, harakatni davom ettira olmay qolgan. Hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, hodisa 30 iyun kuni soat 13:59 da A-373 avtomobil yo‘lining Qamchiq dovoni hududida sodir bo‘lgan.
Ma’lumotga ko‘ra, yonilg‘i tashishga mo‘ljallangan maxsus yuk avtomobili haydovchisi boshqaruvni yo‘qotgan va transport vositasi yo‘lni ajratuvchi temir to‘siqqa urilib, harakatdan to‘xtagan.
Xabar kelib tushgach, «Qamchiq» maxsus qutqaruv boshqarmasi qutqaruvchilari voqea joyiga tezkorlik bilan yetib borgan. Maxsus texnikalar yordamida avtomobil xavfsiz hududga olib chiqilgan.
Qayd etilishicha, yo‘l-transport hodisasi oqibatida tan jarohati olganlar yo‘q.
Jamiyat
Gaz ta’minoti va kadastr tizimida korrupsion jinoyatlar aniqlandi
Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida gaz ta’minoti hamda kadastr tizimida sodir etilgan korrupsion jinoyatlar fosh etildi. Har ikki holat bo‘yicha jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida korrupsiya bilan bog‘liq ikki holatga chek qo‘yildi.
Ma’lum qilinishicha, Samarqand viloyatidagi «Urguttumangaz» gaz ta’minoti bo‘limining mansabdor xodimi hamda ushbu tashkilotning sobiq xodimi mahalliy MChJga qarashli ishlab chiqarish sexiga yangi tabiiy gaz taqsimlash uskunasini o‘rnatish uchun loyiha hujjatlarini rasmiylashtirish va texnik shart ruxsatnomasini olib berish evaziga 2 ming AQSh dollari talab qilgan. Ular so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Qashqadaryo viloyatida esa Kadastr agentligining tuman bo‘limi boshlig‘i mahalliy fuqaroga issiqxona qurish uchun ajratilgan 50 sotix sug‘oriladigan yer maydonini boshqa shaxs nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilib, buning uchun muqaddam 11 600 AQSh dollari olgani aniqlangan.
Tergovga qadar tekshiruvda mansabdor shaxs olgan mablag‘ining bir qismini — 49,7 mln so‘mni qaytarib bergan vaqtida uning noqonuniy harakatlari fosh etilgan. Keyinchalik qolgan 89,5 mln so‘m ham jabrlanuvchiga qaytarilgan.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari davom etmoqda.
DXX fuqarolarga murojaat qilib, kundalik hayotda korrupsiya va boshqa qonunbuzilish holatlariga duch kelganda, idoraning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib xabar berishni so‘radi. Qayd etilishicha, murojaat etuvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.
-
Dunyodan2 days agoEron Hormuz boʻgʻozi orqali oʻtayotgan kemalarni ogohlantirdi
-
Dunyodan4 days agoQirgʻiziston va Oʻzbekiston chegarani delimitatsiya qilish doirasida hudud almashadilar
-
Iqtisodiyot5 days ago
Ertaga dollar tushib, yevro biroz ko‘tariladi
-
Iqtisodiyot5 days ago
O‘zbekiston kivilarni asosan Erondan import qilmoqda
-
Jamiyat5 days agoVatanparvar jurnalistlarni o‘zimga do‘st va maslakdosh deb bilaman
-
Iqtisodiyot3 days ago“Xohlagan ekinni ekish mumkin” – Yangi tartib fermerga nima beradi?
-
Sport4 days agoJCh kundaligi. Kabo-Verdeda mo‘jiza, Urugvayda sharmandalik, Dembeleda het-trik, Eronda drama
-
Jamiyat3 days agoToshkent davlat agrar universiteti sport kompleksida yong‘in sodir bo‘ldi
