Sport
tarixiy chempionatning 4 ta muhim jihati
Bugun O‘zbekiston terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQShga uchib ketgani haqida xabar bergan edik.
2026 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati avvalgilaridan ancha farq qiladi. Quyida ushbu tarixiy chempionatning muhim jihatlarini ko‘rib chiqamiz.
Rekord darajadagi kengayish: 32 dan 48 ta jamoagacha…
JCh-2026ning eng katta inqilobi – ishtirokchilar sonining 48 tagacha ko‘paytirilishi bo‘ldi. Bu FIFA prezidenti Janni Infantinoning tashabbusi bilan amalga oshirilib, uzoq yillar davomida amal qilgan 32 jamoalik an’anaviy formatga chek qo‘ydi.
Yangi format: Endilikda jamoalar 12 ta guruhga 4 tadan taqsimlanadi.
Pley-off intrigasi: Guruhda 1 va 2-o‘rinni egallaganlar bilan bir qatorda, eng yaxshi natija ko‘rsatgan 8 ta 3-o‘rin sohiblari ham keyingi bosqichga yo‘l oladi.
Yangi bosqich: Pley-offga ilk bor 1/16 final bosqichi qo‘shildi. Bu esa kurashning yanada shiddatli bo‘lishini va kutilmagan natijalar (sensatsiyalar) ehtimolini keskin oshiradi.
Uchta mezbon va o‘yinlar geografiyasi
Tarixda ilk bor Jahon chempionati bir yo‘la uchta mamlakat – AQSh, Meksika va Kanada hududida bo‘lib o‘tadi. Ovoz berish jarayonida ushbu uchlik Marokash da’vogarligini yirik farq bilan (134 ga qarshi 65 ovoz) ortda qoldirdi. Musobaqa davomida jami 16 ta shahar o‘yinlarni qabul qiladi:
AQSh (11 shahar): Eng ko‘p – 78 ta uchrashuvga mezbonlik qiladi.
Meksika (3 shahar) va Kanada (2 shahar): Har biri 13 tadan o‘yinni o‘z maydonlarida o‘tkazadi.
Tarixiy fakt: Meksikadagi afsonaviy «Atsteka» stadioni (sig‘imi 87 523 tomoshabin) futbol tarixida uchta Jahon chempionatiga (1970, 1986 va 2026) mezbonlik qilgan yagona arenaga aylanadi. Qizig‘i shundaki, AQSh 1994 yilgi JChda foydalangan stadionlarning birortasi bu safar ro‘yxatga kiritilmagan – infratuzilma to‘liq yangilangan.
Taqvim va infratuzilma
Turnir iyun va iyul oylarida bo‘lib o‘tadi. Ochilish o‘yini 11 iyunda bo‘lib o‘tsa, final uchrashuvi 19 iyulga belgilangan.
O‘yinlar o‘tkaziladigan stadionlarning sig‘imi va zamonaviyligi jihatidan AQSh arenalari (masalan, Metlayf – 82 500, Ey-ti-end-ti – 80 000, Sou-Fay – 70 240) moliyaviy va tomoshabin tashrifi bo‘yicha yangi rekordlarni o‘rnatishi kutilmoqda. Taqvimning zichligi va qit’alararo parvozlar jamoalarning jismoniy holatiga va logistikaga katta bosim yuklaydi.
Guruhlar va O‘zbekiston milliy terma jamoasining tarixiy debyuti
Qur’a natijalariga ko‘ra shakllangan guruhlar tarkibi quyidagicha ko‘rinish olgan:
A guruhi: Meksika, JAR, Janubiy Koreya, Chexiya
B guruhi: Kanada, Shveysariya, Katar, Bosniya va Gersegovina
S guruhi: Braziliya, Marokash, Gaiti, Shotlandiya
D guruhi: AQSh, Paragvay, Avstraliya, Turkiya
E guruhi: Germaniya, Kyurasao, Kot‑d’Ivuar, Ekvador
F guruhi: Niderlandiya, Yaponiya, Tunis, Shvetsiya
G guruhi: Belgiya, Misr, Eron, Yangi Zelandiya
H guruhi: Ispaniya, Kabo‑Verde, Saudiya Arabistoni, Urugvay
I guruhi: Fransiya, Senegal, Norvegiya, Iroq
J guruhi: Argentina, Jazoir, Avstriya, Iordaniya
K guruhi: Portugaliya, Kolumbiya, O‘zbekiston, Kongo DR
L guruhi: Angliya, Xorvatiya, Gana, Panama
O‘zbekiston uchun tarixiy imkoniyat
O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatining final bosqichiga yo‘l oldi va K guruhidan joy oldi.
Raqiblar: Krishtianu Ronaldu yetakchiligidagi Portugaliya, Janubiy Amerika grandlaridan biri – Kolumbiya va Afrikaning jismonan baquvvat Kongo Demokratik Respublikasi jamoasi.
O‘yinlar taqvimi: O‘zbekiston o‘z yurishini 17 iyun kuni Mexikodagi afsonaviy «Atsteka» stadionida Kolumbiyaga qarshi o‘yin bilan boshlaydi. So‘ngra Xyustonda Portugaliya bilan kuch sinashadi va guruh bosqichini Atlantada Kongoga qarshi o‘yin bilan yakunlaydi. 3-o‘rinni olgan taqdirda ham pley-offga chiqish mumkinligi terma jamoamizning keyingi bosqichga o‘tish umidini beradi.
Ushbu turnir o‘zining yangi formati, ulkan stadionlari va kutilayotgan shiddatli pley-off bahslari bilan futbol tarixida yangi sahifa ochadi. Shubhasizki, u eng ko‘p tomosha qilingan va muhokama etilgan chempionatga aylanadi.
Sport
Badiiy gimnastikachilarimiz Osiyo chempionatida zafar quchishdi
Qirg‘izistonda 23-26-may kunlari badiiy gimnastika bo‘yicha Osiyo chempionati bo‘lib o‘tdi.
Musobaqalarning navbatdagi kuni ham O‘zbekiston terma jamoasi uchun muvaffaqiyatli yakunlandi. Sportchilarimiz 4 ta oltin va 1 ta bronza medalga sazovor bo‘lishdi.
Taxmina Ikromova — 2 ta oltin (kattalar: yakkalik ko‘pkurash hamda guruh mashqining ko‘pkurash dasturi);
Sabina Kagirova — 2 ta oltin (yoshlar: to‘p bilan mashq hamda guruh mashqining 5 ta to‘p bilan mashqi).
Natalya Usova — 1 ta bronza (kattalar: yakkalik ko‘pkurash).
Sport
Kamilla Rahimova «Rolan Garros» turnirini g‘alaba bilan boshladi
O‘zbekistonlik tennischi Fransiya ochiq chempionatining birinchi bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tdi.
Jahon tasnif jadvalida 89-pog‘onani egallab turgan tennischi Kamilla Rahimova «Rolan Garros» turnirida birinchi bosqich o‘yinini o‘tkazdi. Ruminiyalik Kristian Jaklinga (33-reyting) qarshi kortga chiqqan o‘zbekistonlik sportchi 3 set (6:3, 4:6, 6:4) davom etgan o‘yinda g‘alabaga erishdi. Rahimova ikkinchi davra bahsini chexiyalik Karolina Muxovaga qarshi o‘tkazadi.
«Katta dubulg‘a» turnirlariga kiruvchi «Rolan Garros» (Tennis bo‘yicha Fransiya ochiq chempionati) 24 maydan 7 iyungacha Parijdagi Stade Roland Garros grunt kortlarida bo‘lib o‘tadi. Musobaqa sovrin jamg‘armasi — taxminan 61,7 million yevro. 2025 yilda erkaklar o‘rtasidagi bahslarda ispaniyalik Karlos Alkaras, ayollar o‘rtasidagi bahslarda amerikalik Koko Gauff g‘alaba qozongan edi.
Asli rossiyalik bo‘lgan Kamilla Rahimova 2025 yil dekabr oyida sport fuqaroligini o‘zgartirib, xalqaro musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘i ostida ishtirok etishni boshladi.
Sport
O‘zbekiston milliy jamoasi ilk mundialda qatnashish uchun AQShga jo‘nab ketdi
Milliy jamoa Toshkent xalqaro aeroportida / Foto: O‘FA
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi 26 may tongida Toshkent – Nyu York reysi bilan o‘z tarixidagi ilk jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQShga uchib ketdi.
Bosh murabbiy Fabio Kannavaro chempionatga 30 nafar futbolchini olib ketmoqda, yakuniy ro‘yxatga ulardan 26 nafari kiritiladi.
Uzbekistan Airways jamoa uchun Boeing 787 Dreamliner samolyotini “Olg‘a O‘zbekiston”, “ko‘k bo‘rilar” kabi yozuvlar tushirilgan maxsus livreya bilan jihozladi.
22 may kuni “Bunyodkor” stadionida prezident Shavkat Mirziyoyev jamoa a’zolari bilan uchrashib, ularga muvaffaqiyat tiladi; ilk mundial sharafiga bayramona tadbir tashkil etildi.
O‘zbekiston JChdagi birinchi o‘yinini 17 iyunda (Toshkent vaqti bilan 18 iyun tongida) Mexiko shahrida Kolumbiyaga qarshi o‘tkazadi.
Sport
O‘zbekiston terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQShga uchib ketdi (foto)
O‘zbekistonning futbol bo‘yicha milliy terma jamoasi FIFA jahon chempionatida ishtirok etish uchun AQShga uchib ketdi.
Eslatib o‘tamiz, 2026 yilgi jahon chempionati AQSh, Meksika va Kanada hududida o‘tkaziladi.
Kannavaro boshchiligidagi jamoa 1 iyun kuni Kanadaga qarshi o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazadi, 8 iyunda esa Niderlandiya bilan bahs olib boradi.
«Oq bo‘rilar»ning jahon chempionatidagi ishtiroki esa Meksikadagi o‘yindan boshlanadi. Jamoa 18 iyun kuni Kolumbiyaga qarshi birinchi uchrashuvini Mexikodagi «Atsteka» stadionida o‘tkazadi.
23 iyun kuni jamoa Portugaliya terma jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Bahs AQShning Xyuston shahridagi stadionida bo‘lib o‘tadi.
Guruh bosqichidagi so‘nggi o‘yin 28 iyun kuni Atlantadagi stadionda Kongo Demokratik Respublikasiga qarshi o‘tkaziladi.
Avvalroq, Kongo terma jamoasi Ebola virusi tarqalganligi sababli Belgiyada karantin muddatini o‘tab, keyin AQShga kelishi talab etilgan, aks holda jamoa jahon chempionatidan chetlatilishi mumkinligi ma’lum qilingandi.
Sport
«Arsenal» kubok ko‘tardi, «Siti» va «Liverpul» afsonalari bilan xayrlashdi
APLda yakshanba kuni o‘tkazilgan so‘nggi tur o‘yinlaridan keyin qaysi jamoalar qaysi yevrokuboklarda ishtirok etishi va qaysi jamoalar chempionshipga tushib ketishi aniq bo‘ldi. Bundan tashqari, shu kuni «Siti» va «Liverpul» o‘z afsonalari bilan xayrlashdi.
«Arsenal» g‘alaba bilan yakunladi
«Kristal Pelas» – «Arsenal» 1:2
Gollar: Jyezus, 42 (0:1), Madueke, 48 (0:2), Mateta, 89 (1:2).
Muddatidan oldin chempion bo‘lib ulgurgan «Arsenal» natijasi o‘zi uchun hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan o‘yinda ikkinchi tarkibni tushirib, g‘alaba qozondi. «Kristal Pelas» ham shu kuni aralash tarkibda o‘ynadi: jamoa uch kun o‘tib Konferensiyalar ligasi finalida «Rayo Valekano»ga qarshi o‘yin o‘tkazadi. O‘yinning 42-daqiqasida Gabriel Jyezus «Arsenal»ni hisobda oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘lim boshida Madueke burchak zarbasidan keyin ikkinchi golni urdi. Barcha o‘yin yakunini kutayotganida «Pelas» oldinga o‘tdi va 89-daqiqada Jan-Filipp Mateta hisobni qisqatirdi. O‘yinga qo‘shib berilgan daqiqalarda mezbonlar hisobni tenglashtirishgandi, ammo Pinoning goli Evann Gessandagi ofsayd tufayli bekor qilindi.
O‘yindan keyin esa chempionlar oltin medallarni va kubokni qabul qilib olishdi hamda 22 yil kutilgan chempionlikni yorqin nishonlashdi.
«Siti» «Bornmut»ni YeChLsiz qoldirdi
«Manchester Siti» – «Aston Villa» 1:2
Gollar: Semenyo, 23 (1:0). Uotkins, 47 (1:1). Uotkins, 61 (1:2)
«Manchester Siti»: Trafford, Ruben Diash, Stouns (Ayt Nuri, 77), Ake (Gvardiol, 77), Lyuis, Gonsales, Bernardu Silva (Kovachich, 59), Savio, Semenyo (Sherki, 58), Reynders (Doku, 77), Foden
«Aston Villa»: Bizot, Lindelyof (Pau Torres, 74), Mings, Matsen, Garsiya (Kesh, 46), Duglas Luis (Tilemans, 74), Bogard (Onana, 74), Barkli (Makginn, 86), Buendiya, Beyli, Uotkins
Ogohlantirish: Lyuis, 82
«Liverpul» – «Brentford» 1:1
Gollar: Jons, 58 (1:0). Shade, 64 (1:1)
«Liverpul»: Alisson, van Deyk, Konate (Gomes, 89), Roberson (Kerkez, 83), Jons, Makallister, Gravenberh (Nioni, 83), Soboslai, Ngumoha (Virs, 73), Saloh (Frimpong, 74), Gakpo
«Brentford»: Kelleher, van der Berg, Kollinz, Lyuis-Potter (Nelson, 89), Kayode, Henderson (Hiki, 60), Yanelt, Yyensen (Damsgor, 83), Shade, Uattara, Tiago
Ogohlantirishlar: Konate, 79. Makallister, 90 – Yanelt, 90. Kollinz, 90
Manchesterning ko‘k tomoni va Liverpulning qizil tomoni afsonalarini kuzatishdi. Xosep Gvardiola, Bernardu Silva, Jon Stounz, Endi Roberson va Muhammad Saloh endi «Siti» va «Liverpul» liboslarida boshqa o‘ynashmaydi. Lekin har ikki jamoa ham xayrlashuv uchrashuvlarini g‘alaba bilan yakunlay olishmadi.
«Manchester Siti» «Aston Villa»ga qarshi o‘yinda dastlab Semenyoning goli orqali hisobni ochganiga qaramay, ikkinchi bo‘limda Uotkinsning o‘zidan ikkita gol o‘tkazib yubordi. O‘yin oxirlarida Fodenning hisobni tenglashtiruvchi goli inobatga olinmadi va «shaharliklar» mavsumni mag‘lubiyat bilan yakunlaydigan bo‘lishdi. Shu bilan birga, jamoa bu orqali o‘zini chempionlik poygasidan chiqarib yuborgan «Bornmut»dan o‘ziga xos tarzda qasos olishdi. «Aston Villa»ning g‘alabasi Andoni Iraola shogirdlarini YeChL yo‘llanmasidan mahrum etdi.
«Liverpul» esa uyda «Brentford» bilan durang (1:1) o‘ynadi va keyingi mavsum YeChLda ishtirok etadigan bo‘ldi. O‘yinning birinchi bo‘limida hisob ochilmadi, ikkinchi bo‘lim boshida esa shu kuni klub safida so‘nggi o‘yinini o‘tkazayotgan Muhammad Saloh Jonsga assistentlik qilib, yana bir klub rekordini o‘rnatdi – u APL o‘yinlaridagi golli paslari sonini 93 taga yetkazib, bu borada Stiven Jyerrardning natijasini yaxshiladi. Mezbonlar g‘alabani saqlab qola olishmadi: Kevin Shade biroz o‘tib hisobni tenglashtirdi, qolgan daqiqalarda mersisaydliklar sobiq darvozaboni Kelleherga boshqa gol ura olishmadi.
O‘yin oxirlarida Saloh va Roberson «Enfild»da yig‘ilgan muxlislarning olqishlari ostida zaxiraga olindi.
Fernandeshda rekord
«Brayton» – «Manchester Yunayted» 0:3
Gollar: Dorgu, 33 (0:1). Mbemo, 44 (0:2). Brunu Fernandesh, 48 (0:3)
«Brayton»: Verbryuggen, Dank, van Hekke, Ferdi Kadio‘g‘li, Viffer, Milner (Baleba, 59), Gros, Hinshelvud (Ryutter, 74), De Keyper (Minte, 46), Gomes (March, 59), Uelbek (Kostulas, 59)
«Manchester Yunayted»: Lammens, Maguayr, Martines, Shou (Malasia, 82), Mazraviy (Yoro, 74), Maunt (Fletcher, 74), Maynu, Brunu Fernandesh, Dorgu (Leysi, 62), Diallo, Mbemo (Zirkze, 74)
Ogohlantirishlar: Maynu, 45
«MYu» allaqachon uchinchi o‘rinni kafolatlagandi va «Brayton»ga qarshi o‘yin oldidan jamoa uchun bitta intriga bor edi – jamoa sardori Brunu Fernandesh APL tarixidagi eng yaxshi assistentga aylanadimi? Va bu maqsadga erishildi: portugaliyalik yarimhimoyachi birinchi bo‘limdayoq Dorguning goliga uzatma berdi va bu mavsumdagi golli uzatmalari sonini 21 taga yetkazib, APL rekordchisiga aylandi. U ikkinchi bo‘limda o‘z nomiga ham gol yozdirib qo‘yib, Angliya chempionatidagi golli harakatlar soni (143) bo‘yicha Devid Bekhemni ortda qoldirdi. Shu ritmda davom etadigan bo‘lsa, Brunu keyingi mavsumda Pol Skoulzni (162) ortda qoldirib, uchinchi o‘ringa ko‘tarilishi ham mumkin. Ammo unga Ueyn Runi (276) va Rayan Giggzga (271) yaqinlashib olish uchun ham ko‘p yillar kerak bo‘ladi.
«Brayton» esa bu mag‘lubiyatdan keyin turnir jadvalida «Sanderlend»ni oldinga o‘tkazib yubordi va keyingi mavsumda Yevropa Ligasida emas, Konferensiyalar ligasida qatnashadigan bo‘ldi.
«Chelsi» 10-o‘rinda
«Sanderlend» – «Chelsi» 2:1
Gollar: Hyum, 25 (1:0). Gyusto, 50 – avtogol (2:0). Palmer, 56 (2:1)
«Sanderlend»: Rufs, O`Nayyen, Mukiyele, Mandava, Gertreyda, Sadiki, Jaka, Le Fe (Rigg, 90), Angulo (Diarra, 61), Hyum, Brobbi (Izidor, 61)
«Chelsi»: Sanches, Kolvill, Xato (Jyeyms, 53), Fofana, Fernandes, Kaysedo (Achimpong, 85), Kukurelya, Gyusto (Delap, 85), Palmer, Pedru Netu (Chaloba, 65), Joao Pedro
Ogohlantirishlar: Angulo, 42. Gertreyda, 52. Jaka, 73. Diarra, 81. Sadiki, 89 – Fofana, 54. Fernandes, 69. Joao Pedro, 90. Palmer, 90
Chetlatish: Fofana, 62 (ikkinchi sariq)
Shu kuni yevrokuboklar yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan yana bir baxtiyor jamoa – chempionshipdan chiqqan «Sanderlend» bo‘ldi. «Qora mushuklar» o‘zaro bahsda «Chelsi»ni mag‘lub etgan holda, o‘z tarixidagi eng yaxshi natijani qayd etdi va yettinchi o‘rin bilan Yevropa ligasida qatnashadigan bo‘ldi.
O‘tgan mavsumda Konferensiyalar ligasida va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan londonliklar esa bu mavsumni APLda 10-o‘rin bilan yakunlab, keyingi mavsumda hech qaysi yevrokubokda qatnashmaydigan bo‘ldi. Bu bir tomondan yozda jamoani qabul qilib oladigan Habi Alonso uchun ayni muddao. U«Stemford Brij»da o‘z o‘yinini qurish uchun ideal sharoitga ega bo‘ladi.
«Tottenhem» APLda qoldi
«Tottenhem Hotspur» – «Everton» 1:0
Gol: Palinya, 43 (1:0)
«Tottenhem Hotspur»: Kinski, Danso, van de Ven, Udodji (Dregushin, 90), Porro, Palinya, Bentankur (Meddison, 82), Gallaher (Grey, 82), Tel (Sarr, 73), Spens, Risharlison (Kolo Muani, 73)
«Everton»: Pikford, Kin, Tarkovski, Mikolenko, O`Brayyen (Armstrong, 62), Garner, Iroegbunam (Koulman, 84), Ndiay, Dyusberi-Holl (Alkaras, 84), Rel (Jorj, 62), Barri (Betu, 84)
Ogohlantirishlar: Sarr, 80. Palinya, 87 – O`Brayyen, 13. Tarkovski, 89
«Vest Hem» – «Lids» 3:0
Gollar: Kastelyanos, 67 (1:0). Bouen, 79 (2:0). Uilson, 90 (3:0)
«Vest Hem»: Hermansen, Disasi, Mavropanos, Diuf, Uoker-Piters, Fernandesh, Souchek, Pablo (Uilson, 46), Sammervill, Bouen, Kastelyanos (Kante, 88)
«Lids»: Darlou, Biyol (Jyeyms, 70), Streyk, Rodon, Ampadu, Aaronson (Bornau, 90), Tanaka (Buonanotte, 78), Jastin, Bogl (Piru, 78), Kalvert-Lyuin (Nionto, 69), Nmecha
Ogohlantirishlar: Biyol, 10. Aaronson, 25. Ampadu, 88
Bir yil muqaddam ham chempionatni muvaffaqiyatsiz o‘tkazgan «Tottenhem» Yevropa Ligasida g‘olib chiqqan va YeChLga yo‘llanma olgandi. Bu safar so‘nggi turda Joau Palinyaning yagona goli «shporlar» joniga ora kirdi. Roberto De Dzerbi qatorasiga ikkinchi mavsumda turnir jadvalida 17-o‘rinni egalladi va ligada jon saqlab qoldi. «Vest Hem» esa so‘nggi turda «Lids» ustidan yirik hisobda g‘alaba qozonganiga qaramay, «Byornli» va «Vulverhempton» bilan birga chempionshipga tushib ketdi. «Bolg‘achilar» 39 ochko jamg‘arishdi, bu esa so‘nggi 15 yillikda 18-o‘rin egalari uchun maksimal ko‘rsatkichdir. Oxirgi bor bu qadar ko‘p ochko jamg‘arib ham ligani tark etgan jamoalar «Birminghem» va «Blekpul» bo‘lgandi.
Yakuniy turnir jadvali
-
Mahalliy5 days ago
Yoshlar umrini sotgan jinoyatchilar qo‘lga olindi
-
Mahalliy3 days agoSizni maktabda aldashgan! So‘nggi qo‘ng‘iroq haqida siz bilmagan haqiqat
-
Mahalliy4 days ago
Prezident davlat boshqaruvidagi eng yaxshi kadrlarni e’tirof etdi
-
Dunyodan4 days agoPrezident Trampning Gʻazo boʻyicha 15 banddan iborat rejasi eʼlon qilindi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda har 100 ta uyga nechta kompyuter to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘ldi
-
Mahalliy3 days agoErtaga ishga xizmat mashinasida bora ko‘rmang!
-
Jamiyat3 days agoToshkentda Tesla’ni yuqori tezlikda boshqargan haydovchiga chora ko‘rildi
-
Sport3 days agoO‘zbekiston milliy terma jamoasining jahon chempionatida ishtirok etuvchi tarkibi e’lon qilindi
