Jamiyat

tana tili bizni nimalardan ogohlantiradi?

Published

on


Inson organizmi o‘zida ro‘y berayotgan har qanday o‘zgarish haqida tanadagi turli belgilar orqali xabar beradi. Tirnoqdagi oq dog‘lar, milk qonashi, sochdagi qazg‘oq, teri qurishi faqat tashqi ko‘rinishdagi o‘zgarish emas, ichki muvozanat buzilgani haqida tanamiz bizga yuborayotgan ishora hamdir. Organizm doim “gapiradi”, bu tilni tushunish salomatligimizni saqlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ladi. Ushbu maqolada tanamiz yuboradigan 7 muhim signal va ularning tibbiy sabablari, qanday kasalliklar bilan bog‘liqligi haqidagi faktlarni ko‘rib chiqamiz.

Soch to‘kilishi

Ko‘pchilik uchun bu holat faqat tashqi ko‘rinishdagi noqulaylikdek tuyulib, estetik muammo sifatida qabul qilinadi Aslida soch to‘kilishi ichki muvozanat buzilganidan darak beradi, unga sabab bo‘luvchi asosiy omillardan biri temir tanqisligi, ya’ni kamqonlikdir. Tanamizda gemoglobin miqdori kamayganda to‘qima va a’zolar, jumladan, soch ildizlari ham kislorodga to‘yinmaydi. Ushbu vaziyat sochlarning o‘sishini sekinlashtiradi, follikulalarni zaiflashtiradi va soch to‘kilishini kuchaytiradi.

Soch o‘sishining tabiiy ritmini qalqonsimon bez faoliyati ham boshqaradi. Gipotireoz (qalqonsimon bez gormonlari yetishmovchiligi) holatida soch hujayralarining yangilanishi sekinlashadi, follikulalar “uyqu” rejimiga o‘tadi va tolalar zaiflashadi.

Bundan tashqari, gormonal muvozanatdagi o‘zgarishlar, ayniqsa, polikistik tuxumdon sindromi (PTXS) yoki menopauza davri ayollarda kuchli soch to‘kilishini yuzaga keltiradi. Tanada sink, biotin, temir, D vitamini va B guruhi vitaminlari tanqisligi ham soch to‘kilishini yuzaga keltiradi.

Qazg‘oq

Sochdan oqish rangli parchalar yelkaga to‘kilsa, ko‘pchilik uni darhol shampun yoki niqoblar bilan bartaraf etishga urinadi. Aslida bu teri ostidagi muammo. Tibbiy izlanishlarga ko‘ra, qazg‘oq bosh terisida “malassezia” deb nomlangan zamburug‘larning keragidan ortiq ko‘payishi natijasida paydo bo‘ladi. Ushbu zamburug‘lar aslida har bir odamda tabiiy holatda mavjud, muammo ularning haddan tashqari faollashuvi va immun tizimning bunga qarshi kurasha olmasligida. Aynan shu holatni yuzaga keltiruvchi omillardan biri organizmda A, E va B guruhi vitaminlarining yetishmovchiligi hisoblanadi. Masalan, B6 va B7 (biotin) tanqisligi bosh terisi hujayralarining yangilanish jarayonini sekinlashtirib, yog‘ bezlari faoliyatini izdan chiqaradi. E vitamini teri qatlamini oksidlovchi stresslardan himoya qiladi, A vitamini bosh terisining himoya funksiyasida muhim rol o‘ynaydi. Tanada ushbu moddalar tanqis bo‘lsa, bosh terisi quriydi, yallig‘lanadi va qazg‘oq yuzaga keladi.

Qazg‘oq ba’zida ichak yallig‘lanish kasalliklarining ilk belgisi sifatida namoyon bo‘ladi. Ichak florasi, ya’ni foydali bakteriyalar muvozanati buzilsa (disbakterioz), organizmda yallig‘lanish kuchayadi, immunitet susayadi va bu bevosita terida aks etadi.

Qalqonsimon bez faoliyatining yaxshi ishlamasligi ham qazg‘oqni yuzaga keltiradi. Gipotireoz holatida tanadagi barcha modda almashinuvi sekinlashadi, teri va soch suvsizlanadi, yog‘ ishlab chiqarish jarayoni izdan chiqadi. Bu esa quruq teri va sinuvchan soch, qayta-qayta paydo bo‘ladigan qazg‘oqni hosil qiladi.

Ko‘z osti qorayishi

Ko‘z atrofidagi teri inson tanasidagi eng nozik va yupqa qatlamlardan biri. Bu hududda qon tomirlari teriga yaqin joylashgan, shu sabab tana bo‘ylab qon aylanishidagi har qanday muammo yoki suyuqlik almashinuvidagi buzilish birinchi navbatda ko‘z ostida seziladi.

Buyrak faoliyati sustlashganda tana o‘zidan ortiqcha suyuqlikni chiqarishda qiynaladi. Uning natijasida ko‘z ostida qorayish va shish paydo bo‘ladi.

Boshqa bir ehtimoliy sabab – qon aylanishidagi buzilish. Yurak yetishmovchiligi, anemiya (kamqonlik) mavjud yoki qon bosimi past odamlarda qon terining ostida turg‘un holatga keladi. Bu ko‘z tagida ko‘kimtirlik yoki sarg‘ishlikni hosil qilishi mumkin.

Shuningdek, surunkali yallig‘lanish holatlari (masalan, allergik rinit, bronxial astma, ichki a’zolardagi yashirin iltihobiy jarayonlar) ham ko‘z atrofi qorayishlariga olib keladi,

Milk qonashi

Ko‘pchilik buni tish yuvishda noto‘g‘ri cho‘tkadan foydalanish yoki vaqtinchalik yallig‘lanish deb o‘ylaydi. Milk qonashining doimiy tus olishi tana ichkarisida nimadir izdan chiqqani haqida ogohlantiruvchi signal bo‘lishi mumkin.

Uning eng keng tarqalgan sababi organizmda askorbin kislotasi (C vitamini) tanqisligi hisoblanadi. Bu vitamin kollagen sintezi va qon tomirlarning mustahkamligi uchun zarur. Agar C vitamini yetarli bo‘lmasa, milklar oson jarohatlanadi, yallig‘lanadi va eng oddiy harakat ta’sirida ham qonay boshlaydi.

B guruhi vitaminlari (B2, B6, B12) va folat yetishmovchiligi milk to‘qimalarining tiklanishiga salbiy ta’sir qiladi. Og‘iz bo‘shlig‘idagi surunkali yallig‘lanish, ya’ni gingivit va paradontit kabi kasalliklar tufayli ham milklar qonaydi. Mazkur hastaliklar bakterial infeksiya va tish toshi yig‘ilishi oqibatida yuzaga keladi.

Milk qonashi qon aylanishi tizimi bilan bog‘liq kasalliklarning dastlabki belgisi sifatida ham paydo bo‘lishi mumkin. Masalan, qonda trombotsitlar sonining kamayishi (trombotsitopeniya), gemofiliya holatlarida tananing eng nozik joylari: milklar, burun ichki qavati, teri osti birinchi bo‘lib ta’sirlanadi.

Lab yorilishi

Lab terisi inson tanasidagi eng nozik to‘qimalardan biri bo‘lib, u yog‘ bezlarisiz, ya’ni tabiiy himoyasiz faoliyat yuritadi. Shu sabab organizmdagi har qanday muvozanat buzilishi eng avval lablarda seziladi. B2 (riboflavin) va B6 (piridoksin) vitaminlari yetishmasa, lab burchaklarida yoriq, og‘riq va qizarish holatlari paydo bo‘ladi. Bu vitaminlar teri va shilliq qavatlarning tiklanishi, hujayralar regeneratsiyasida muhim rol o‘ynaydi. Mazkur moddalar tanqisligi terining quruqlashishi, yallig‘lanishi va yoriqlarga olib keladi.

Tanada temir moddasining kamayishi qon orqali kislorod tashilishini zaiflashtiradi, natijada lablardagi to‘qimalar yetarlicha oziqlanmaydi. Bu esa ularni mo‘rt, qurigan va yorilishga moyil holatga keltiradi.

Ko‘pincha lab burchaklaridagi yoriqlar (tibbiyotda bu holat angular xeylit deb ataladi) immunitet pasaygan davrlarda: shamollash, antibiotiklardan so‘ng yoki ichki infeksiyalar ortidan paydo bo‘ladi. Bunday paytda og‘iz bo‘shlig‘idagi bakteriyalar tez ko‘payib, yallig‘lanishni kuchaytiradi.

Lab yorilishi ba’zida gormonlar muvozanatining buzilishi yoki qalqonsimon bez faoliyatining susayishi bilan ham bog‘liq bo‘ladi. Gipotireoz holatlarida tana harorati tushadi, qon aylanishi sekinlashadi va periferik to‘qimalar, jumladan, lablar yetarlicha oziqlanmaydi. Bu esa yoriq, qurish va qichishish kabi belgilarni hosil qiladi

Tirnoqdagi oq dog‘lar

Tibbiyotda bu holat “leukonixia” deb yuritiladi. U ikki shaklda namoyon bo‘ladi: birinchisida dog‘lar butun tirnoq bo‘ylab yoyilgan, ikkinchisida kichik-kichik oq to‘rtburchak yoki aylana ko‘rinishida.

Tirnoqda oq dog‘lar yuzaga kelishining asosiy sababi organizmda sink, kalsiy va magniy tanqisligi kuzatilishidir. Tsink teri va tirnoq hujayralarining yangilanishida muhim rol o‘ynaydi. Uning yetishmovchiligi nafaqat oq dog‘lar, balki tirnoqning mo‘rtlashishi, sinuvchanligi va sarg‘ayishiga ham sabab bo‘ladi.

Kalsiy va magniy esa suyak-to‘qima mustahkamligi bilan birga, tirnoq plastinkasining strukturasi uchun muhim elementlar sanaladi. Bu moddalar yetishmovchiligi, odatda, noto‘g‘ri ovqatlanish, stress, ichak faoliyati buzilishi yoki surunkali ichki kasalliklar fonida rivojlanadi.

Teri qurishi

Buning asosiy ichki sabablaridan biri – qalqonsimon bez faoliyatining pasayishi (gipotireoz). Ushbu holatda tana harorati tushadi, modda almashinuvi sekinlashadi va yog‘ bezlari yetarli miqdorda lipid ishlab chiqarmaydi. Natijada teri quriydi, tirsak, tizza va yuz terisida o‘zgarishlar yaqqol seziladi.

Bundan tashqari, ayollarda estrogen darajasi pasayganda (menopauza, tug‘uruqdan keyingi davr) teri elastikligi kamayadi, namlikni ushlab turish qobiliyati zaiflashadi. Bu esa namlovchi vositalar yordam bermaydigan darajada teri qurishiga olib keladi.

Shuningdek, teri qurishi ba’zida qandli diabet yoki buyrak yetishmovchiligi fonida ham yuzaga chiqadi. Diabetga uchragan odamlarda qon tarkibida glyukoza darajasi yuqori bo‘lib, bu teri hujayralarining suvni ushlab turish qobiliyatiga salbiy ta’sir qiladi. Shu tufayli teri quruq va tez yoriladigan holga keladi. Buyrak kasalliklari esa tanadagi suyuqlik aylanishini izdan chiqaradi, bu ham terining suvsizlanishiga sabab bo‘ladi.

A, E, va B guruhi vitaminlari, ayniqsa, B3 (niatsin) va B7 (biotin) terining yangilanishi va himoya qatlami holati uchun javobgar moddalar sanaladi. Ularning yetishmovchiligi teri hujayralarini zaiflashtiradi, yangilanish jarayonini sekinlashtiradi va namlikni yo‘qotadi. Omega-3 yog‘ kislotalari tanqisligi ham terini quruq va qichishadigan qilib qo‘yadi.

Yuqorida qayd etilgan belgilar tanamiz tomonidan yuborilayotgan ogohlantiruvchi signallardir. Har bir simptom organizmdagi ichki tizim: qon aylanishi, immunitet, gormonlar, ovqat hazm qilish yoki nerv sistemasi faoliyatida muvozanat buzilganini ko‘rsatadi. Ko‘pincha biz buni kosmetik vositalar yoki vaqtinchalik choralar bilan bartaraf etishga harakat qilamiz. Ammo asl davo sabablarga qarshi kurashishdan boshlanadi. Shifokorga murojaat etib, qon tahlili, vitamin va mikroelementlar balansi, gormonal tekshiruvlar, ichki organlar faoliyatini tahlil qilish tana signallari vositasida organizmni sog‘lomlashtirish yo‘lidagi eng to‘g‘ri qadamlardan biri bo‘ladi.

Diyoraxon Nabijonova



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version