Sport
Tamp Oq uy hududida UFC jangi o‘tkazilishini e’lon qildi
Jang sanasi 80 yoshga to‘ladigan Donald Trampning tug‘ilgan kuniga, shuningdek, AQSh bayrog‘i kuniga to‘g‘ri keladi.
AQSh prezidenti Donald Tramp 2026 yil 14 iyun kuni Oq uy hududida UFC shafeligida jang o‘tkazilishini e’lon qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Sana tasodifan tanlanmagan – 14 iyun 80 yoshga to‘ladigan Donald Trampning tug‘ilgan kuniga, shuningdek, AQSh bayrog‘i kuniga to‘g‘ri keladi.
Tadbir Oq uyning Janubiy maysazorida (South Lawn) o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu prezident qarorgohi hududida professional sport jangi o‘tkaziladigan birinchi holat bo‘ladi.
UFC prezidenti Dana Uayt uzoq vaqtdan beri Tramp bilan do‘stona munosabatda bo‘lib kelgan. U bir necha bor uning kampaniyalarida qatnashgan va ommaviy ravishda qo‘llab-quvvatlagan.
Reuters ma’lumotlariga ko‘ra, shouni tashkil etish uchun taxminan 700 ming dollar kerak bo‘ladi – jumladan, janglardan keyin Oq uydagi maysazorni tiklash uchun ham.
UFC brendiga egalik qiluvchi TKO Group Holdings bosh kompaniyasi bo‘lajak tadbirga hozircha rasman izoh bermadi.
Sana allaqachon e’lon qilingan bo‘lsa-da, janglar xaritasi hali tasdiqlanmagan. Dana Uayt intervyuda jangchilar bilan muzokaralar keyinroq boshlanishini, Konor MakGregor bilan shartnoma haqidagi mish-mishlar esa «haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini» ta’kidladi.
Bundan tashqari, Oq uy ham tadbir o‘tkazilishini ochiq tasdiqlamadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, prezident qarorgohi hududida bo‘lib o‘tadigan UFC jangi savollar tug‘dirishi mumkin – xavfsizlik va moliyalashtirishdan tortib, bunday shouning ramzlari va etikasigacha.
Avvalroq janglarni 2026 yil 4 iyul – AQSh Mustaqillik kunida o‘tkazish g‘oyasi muhokama qilingan edi, biroq «logistika sabablariga» ko‘ra sana iyunga ko‘chirildi.
UFC va Oq uy hozircha tafsilotlar, jumladan, tomoshabinlar soni, ishtirokchilar ro‘yxati va translatsiya formati ustida ishlamoqda.
UFC (Ultimate Fighting Championship) – aralash yakkakurash janglari (MMA) bo‘yicha dunyodagi eng yirik tashkilot. 1993 yilda AQShda tashkil etilgan. Bugungi kunda u o‘nlab mamlakatlarning eng yaxshi jangchilarini birlashtirgan jahon brendi bo‘lib, 170 dan ortiq mamlakatlarda turnirlarni translatsiya qiladi.
UFC oktagon-arena (sakkizburchakli ring) formatini ommalashtirdi va jangovar mahorat, shou va biznes uyg‘unlashgan zamonaviy sport sanoatining ramziga aylandi. Tashkilot prezidenti – Dana Uayt, 2001 yildan beri uni boshqaradi. 2023 yildan beri UFC WWE (kurash shousi) bilan birlashtirilgan TKO Group Holdings korporatsiyasi tarkibiga kiradi.