Mahalliy
Ta’lim — ayolning birinchi huquqi: bilimdan siyosiy ovozgacha
Yo‘l boshida…
Qo‘lida qizil o‘n so‘mlik pul, ikki o‘rim sochi ko‘ylagidan uzun qiz qishloqning chang ko‘chalari bo‘ylab shoshib odimlab bormoqda.
U yashirincha Samarqand shahriga, institutga hujjat topshirish uchun yo‘lga chiqqan. Ammo u otasi va akalari tomonidan yo‘ldan qaytarildi. Qishloq soveti majlisida ota va akalariga isyon qilgan qiz sifatida muhokamaga qo‘yildi, izza qilindi.
Sababi u paytlari qiz bolaning o‘qishi shart emas, deb hisoblangan. Oilada besh nafar oliy ma’lumotli o‘g‘ilning orasidagi birgina qiz ana shu taxlit oliy ma’lumot olish huquqidan mahrum qilindi.
Bu mening onamning hikoyasi. Lekin bu faqat o‘sha zamondagi bir ayolning taqdiri emas, balki qiz bolaga qanday munosabatda qaralganining kichik, ammo juda ta’sirli ko‘rinishi.
Ushbu voqea onamning butun umrlik armoni bo‘lib qoldi. Ammo ba’zi armonlar insonni sindirmaydi, aksincha, ular keyingi avlodlar taqdirini o‘zgartiradi. Onam oliy ma’lumotli bo‘la olmagani uchun bizga, uch qizga bir gapni qayta-qayta singdirdi: «O‘qishlaring shart».
Onamning birgina armoni tufayli nafaqat biz qizlar o‘qidik, balki kelinlar, nevaralar ham o‘zlari istagan kasb egasi bo‘lishdi.
Ta’lim va huquqni anglash
Ayolning ta’lim olishi uning barcha muammolarini birdaniga hal qilib qo‘ymaydi. Ammo ta’lim unga huquqlarini tanish, o‘z hayoti haqida fikrlash, o‘z nomidan qaror qabul qilish va qabul qilgan qarorining oqibati uchun mas’uliyatni zimmasiga olish imkonini beradi. Albatta, yurtimizda qaror qabul qila oladigan xotin-qizlarning ko‘payayotgani quvonarli. Bu fikrning amaliy ifodasini bugungi statistikada ham ko‘rish mumkin: Yangi o‘quv yilida oliy ta’lim tashkilotlariga qabul qilingan 409,7 ming talabaning 226,8 ming nafari, ya’ni 55,4 foizi xotin-qizlardir. Oliy ta’limda xotin-qizlar uchun bir qator imtiyoz va imkoniyatlar ham yaratilgan. Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar uchun 2 mingta davlat granti ajratilishi, besh yillik mehnat stajiga ega, ammo oliy ma’lumoti bo‘lmagan xotin-qizlar uchun 500 ta kvota belgilanishi, «Zulfiya» mukofoti sovrindorlariga qo‘shimcha davlat granti asosida qabul qilish imkoniyati shular jumlasidandir. Magistraturaga qabul qilingan xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlarini davlat tomonidan qoplash mexanizmi ham joriy qilingan.
Ta’lim olish huquqi va mustaqillik
Qiz bola ta’lim olish huquqini qo‘lga kiritdi, endi u bilimi va mehnatidan qanday foydalana oladi? Bu savol o‘z-o‘zidan xotin-qizlarning iqtisodiy mustaqilligi masalasiga olib keladi. Chunki ayolning daromad topishi uning o‘z hayoti haqida qaror qabul qilish imkoniyatlarini ham kengaytiradi.
Shu bois bu yo‘nalishda ham yangi imkoniyatlar yaratilmoqda. O‘tgan yili xotin-qizlar bandligi va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun 23,5 trillion so‘m kredit yo‘naltirildi, buning hisobidan 425 mingdan ortiq ayol tadbirkorlikka jalb qilindi. Joriy yilda esa 1,5 million nafar ayolni daromadli qilish, shundan 400 ming nafarini biznesga jalb etish ko‘zda tutilgan. Chunki qizlar faqat oliy ma’lumotli bo‘lish bilan cheklanmayapti u kasb egallayapti, ishlayapti, tadbirkorlik qilayapti, ilm-fan bilan shug‘ullanyapti va jamiyatning turli sohalarida o‘z o‘rnini topyapti.
Ammo endi yana bir savol paydo bo‘ladi, ayolning ovozi qaror qabul qilinadigan joygacha yetib borayaptimi?
Ta’limdan siyosiy ovozgacha
Ayolning ta’lim olishi uning hayotidagi birinchi katta eshikni ochsa, siyosiy ishtirok ana shu eshik ortidagi yana bir muhim bosqichdir.
Chunki jamiyatning buguni va ertasiga daxldor qarorlar qayerda qabul qilinadi, qonunlar qayerda muhokama qilinadi? Albatta parlamentda, mahalliy kengashlarda, davlat boshqaruvida, siyosiy partiyalarda va boshqa qaror qabul qiluvchi tuzilmalarda.
Shuning uchun xotin-qizlarning bu maydonlardagi ishtiroki ularning jamiyatdagi o‘rnini belgilaydigan muhim mezonlardan biri desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
2023-yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, siyosiy partiyalarda xotin-qizlar ulushi 47 foizga, oliy ta’limda 40 foizga, tadbirkorlik faoliyatida 37 foizga, rahbar lavozimlaridagi 33 foizga yetgan. Qariyb 2 ming davlat va jamoat tashkilotiga ayollar rahbarlik qilmoqda. 2021-yilda parlamentdagi xotin-qizlar ulushi qariyb 32 foizga yetgan va O‘zbekiston bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarilgan.
Bu raqamlar albatta muhim, ammo raqamlar ortidagi mazmun yanada muhimroq.
Ayolning siyosatdagi ishtiroki nimani o‘zgartiradi?
Ayolning siyosatdagi ishtiroki, avvalo, jamiyatda turli hayotiy tajribalar va qarashlar qaror qabul qilish jarayonida aks etishi uchun zarur. Ta’lim sohasidagi muammoni bilgan ayol ta’lim siyosati haqida gapirishi mumkin. Mehnat bozoridagi muammolarni ko‘rgan ayol bandlik masalasini ko‘tarishi mumkin. Oila va bolalar bilan bog‘liq muammolarni hayotidan bilgan ayol ijtimoiy siyosatga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Xotin-qizlar huquqlari haqida gapirganda yana bir muhim jihat bor: huquqning qonunlarda belgilanishi bilan uning hayotda amal qilishi bir xil narsa emas. Qonun ayolga ta’lim olish huquqini berishi mumkin, ammo u oilasida o‘qishga ruxsat ololmasa, bu huquq qog‘ozda qolib ketadi.
Qonun ayolga mehnat qilish huquqini berishi mumkin. Ammo ish topishda, munosib maosh olishda yoki rahbarlik lavozimiga ko‘tarilishda to‘siqlar bo‘lsa, huquqning amaldagi qiymati boshqacha bo‘ladi.
Qonun ayolga siyosiy ishtirok huquqini berishi mumkin, ammo uning fikri qaror qabul qilinadigan joyga yetib bormasa, vakillikning o‘zi yetarli emas.
Shuning uchun ayol huquqlari haqida gapirganda «ayollarga qanday huquqlar berildi?» deb emas, «bu huquqlar ayolning hayotini qay darajada o‘zgartirdi?» deb ham savol qo‘yish kerak.
Ayol huquqlari va gender tenglik islohotlari
Bugungi kunda O‘zbekistonda xotin-qizlarning jamiyat va davlat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Mamlakatda gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli va institutsional o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda.
2026-yilgi xotin-qizlar bayrami 8-mart arafasida Prezident Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha yangi tizim yaratilganini ta’kidladi: «Biz yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatini ta’minlash, muammolarini hal qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratdik. Barcha qonun, farmon va qarorlarni qabul qilishda gender masalasi bo‘yicha huquqiy mexanizmlar yaratildi. Endi xotin-qizlarning huquq va manfaatlariga ta’siri baholanmay turib birorta qonun qabul qilinmaydi.»
Davlat rahbarining bu so‘zlari mamlakatda qonunchilik amaliyoti tamomila yangi bosqichga ko‘tarilganini ko‘rsatadi. Endilikda har bir me’yoriy-huquqiy hujjat majburiy ravishda gender ekspertizasidan o‘tkazilmoqda, bu esa ayollar manfaatiga zid bo‘lgan yoki ularning imkoniyatlarini cheklaydigan har qanday huquqiy bo‘shliqlarni oldindan bartaraf etishga xizmat qiladi. Mazkur mexanizm xotin-qizlarni nafaqat ijtimoiy himoya qilish, balki ularning biznes, ta’lim va davlat boshqaruvidagi ishtirokini huquqiy jihatdan kafolatlashga qaratilgan.
Amalga oshirilayotgan mazkur tub islohotlar va xotin-qizlarimiz hayotidagi o‘zgarishlar dunyo hamjamiyati tomonidan ham e’tirof etilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning «Parlamentdagi ayollar» reytingida 92 pog‘ona yuqorilab, 36-o‘rinni egalladi. Bu ko‘rsatkich mamlakatda qarorlar qabul qilish darajasida ayollar ulushi keskin oshganidan dalolat beradi. Shunga hamohang ravishda, mamlakatimiz «Gender tenglik va boshqaruv» indeksida 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi, bu esa davlat va jamiyat boshqaruvida ayollar uchun yaratilgan teng imkoniyatlar natijasidir. Bundan tashqari, Jahon bankining «Ayollar, biznes va qonun» hisobotida O‘zbekiston o‘z pozitsiyasini 43 pog‘onaga yaxshilab, 48-o‘ringa chiqdi, bu esa ayollarning iqtisodiy erkinligi va tadbirkorlik sohasidagi huquqlari mustahkamlanganini xalqaro miqyosda tasdiqlaydi.
Bunday yuqori xalqaro e’tiroflar O‘zbekistonda gender siyosati shunchaki deklaratsiya emas, balki konkret natijalarga yo‘naltirilgan va barqaror amalga oshirilayotgan hayotbaxsh islohot ekanini yaqqol isbotlaydi.
Ayolning siyosatda nega o‘rni bo‘lishi kerak?
Bu savolga javob berishda yana xayolimizda o‘sha qiz paydo bo‘ladi. Qo‘lida o‘n so‘m bilan o‘qish uchun yo‘lga chiqqan qiz. Uning siyosatga kirish niyati bor edi, deb ayta olmaymiz. Uning qo‘lida siyosiy dastur ham yo‘q edi, u faqat o‘qishni istagan.
Ammo ba’zan katta o‘zgarishlarning boshlanishi uchun insonga siyosiy minbar emas, o‘z huquqini anglash kifoya qiladi.
Ta’lim olgan qiz o‘z hayotiga boshqacha qaraydi, imkoniyatlarini ko‘radi, fikrini bildirishga o‘rganadi, mehnatiga baho beradi. Jamiyatdagi muammolarga befarq bo‘lmaydi. Va shu jarayonda u faqat o‘z hayoti emas, atrofidagi muhit haqida ham qaror qabul qilishni boshlaydi. Shuning uchun ayolning siyosatdagi ishtiroki aslida siyosatdan ancha oldin boshlanadi.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva joriy yil 23 iyunda qizlarning ta’lim olishini qo‘llab-quvvatlash lozimligiga to‘xtalarkan: «Qiz farzandining ilm olishiga ishongan minglab oilalar… O‘zi qiziqqan kasbni tanlayotgan minglab qizlar… Ular o‘qimoqda, izlanmoqda, bu qizlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchi hamda shijoati kun sayin ortib bormoqda. Bilimli qiz nafaqat o‘z hayotini, balki oilasini, atrofidagi muhitni va butun mamlakat kelajagini o‘zgartirishga qodir», dedi.
Bu fikrni onamning hayoti bilan yonma-yon qo‘ysak, uning ma’nosi yanada chuqurlashadi. Onam o‘z hayotini ta’lim orqali o‘zgartira olmagan, ammo onamning kuchli xohishi qizlarining hayotini o‘zgartirdi.
Biz orqali esa bu ta’sir qizlarimizga o‘tdi. Demak, bilimli qiz haqiqatan ham faqat o‘zini emas, undan keyingi avlodni ham o‘zgartira oladi.
Yo‘l hali tugamadi…
Erishilgan natijalar bilan bir qatorda, sohada o‘z yechimini kutayotgan masalalar ham borligini ochiq tan olish lozim.
Xotin-qizlarning ta’lim olish imkoniyatlari kengayganiga qaramay, mehnat bozorida daromadlar o‘rtasidagi tafovut hali ham saqlanib qolmoqda. Xotin-qizlarning rahbarlik va siyosatdagi ishtiroki ortgan bo‘lsa-da, bu hali yetarli darajada emas. Qaror qabul qilinadigan har bir darajada ayollar ovozi eshitilishi zarur, shundagina huquqiy kafolatlar to‘liq kuchga kiradi.
Shu sababli, bugungi vazifa faqatgina «qizlarni o‘qitish» bilan cheklanmaydi. Eng muhimi bilim olgan qizga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun yo‘l ochish, kasbli bo‘lgan ayolga munosib mehnat sharoiti yaratish, uning mehnatini qadrlash hamda jamoat hayotidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashdir.
Chunki xotin-qizlar huquqlari haqida gap ketganda, asosiy maqsad ayolni kimgadir qarama-qarshi qo‘yish emas. Maqsad uning inson sifatidagi huquqlari to‘liq ta’minlangan, bilimli, mustaqil fikrlaydigan va o‘z hayoti bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilishi mumkin bo‘lgan shaxs sifatida jamiyatda munosib o‘rin egallashiga erishish.
Bir vaqtlar qiz bolaning o‘qishi shart emasdek ko‘rinardi. Bugun esa ta’lim — o‘z kelajagini erkin tanlash huquqining boshlanishiga aylandi. Bu yo‘lning keyingi manzili esa ayolning nafaqat o‘z hayoti, balki butun jamiyat taqdiriga daxldor qarorlar qabul qiladigan faol fuqaroga aylanishida namoyon bo‘ladi.
Vaqtida onamning orzu-istaklari cheklanganini, yo‘li boshidanoq to‘sib qo‘yilganini yaxshi bilaman. Ammo bugun biz o‘sha tugallanmay qolgan yo‘lni davom ettirmoqdamiz va bu ezgu manzil sari yana minglab qizlar ishonch bilan odimlamoqda.
Barno Sultonova
Mahalliy
Texnikum bitiruvchisini ishga olgan tashkilotlarga kredit beriladi
Hukumat qarori bilan «Texnikumlar bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Ushbu Nizom davlat texnikumlari bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda bitiruvchilar bandligini ta’minlagan tashkilotlarga kredit ajratish tartibini belgilaydi.
Quyidagi talablarga javob bergan tashkilotlar kredit olish huquqiga ega:
– texnikum bilan dual ta’limni yo‘lga qo‘ygan hamda dual ta’lim bo‘yicha texnikum bilan amal qiluvchi shartnoma mavjud bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilar uchun ish joylari va ishlab chiqarish amaliyoti tashkil etilgan bo‘lishi;
– dual ta’lim doirasida o‘quvchilarga tashkilotning malakali mutaxassislarini “ustoz” sifatida biriktirgan bo‘lishi;
– dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan o‘quvchilar bilan muddatli mehnat shartnomalari tuzilgan bo‘lishi hamda ish haqi to‘lashi;
– joriy yilda texnikum bitiruvchisini tashkilotdagi vakant ish o‘rniga mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilgan bo‘lishi.
Tashkilotlar dual ta’lim dasturi doirasida kredit olish uchun tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni qog‘oz shaklida taqdim etadi:
kreditni olish to‘g‘risidagi ariza;
ariza beruvchi (tashkilot)larning amalda bo‘lgan tasdiqlovchi hujjatlari;
texnikum va tashkilot o‘rtasidagi hamda tashkilot va o‘quvchi o‘rtasidagi dual ta’lim bo‘yicha shartnoma nusxalari;
dual ta’lim dasturi va dual ta’limda tahsil olayotgan o‘quvchilar ro‘yxati;
tashkilot tomonidan kreditdan foydalanish rejasi;
tashkilotning soliq qarzdorligi mavjud emasligi to‘g‘risida ma’lumot.
Tashkilotning kredit ajratish bo‘yicha taqdim etgan barcha hujjatlari kreditga layoqatlilik ko‘rsatkichiga muvofiq kelgan taqdirda, tijorat banki 3 ish kunida bu haqda tashkilotga xabar beradi, shartnoma tuzadi hamda uning hisobvarag‘iga kreditni o‘tkazadi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilariga o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish imkoniyatini beruvchi yangi tartib belgilandi. Bu Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan.
Qarorga ko‘ra, kasbiy ta’lim tashkilotlari o‘quvchilarining o‘qishini ko‘chirish yoki qayta tiklash, shuningdek, umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-sinf o‘quvchilarini texnikumlarga ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning yagona tartibi joriy etiladi.
Mazkur xizmatlardan foydalanish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali elektron shaklda topshiriladi.
10-sinf o‘quvchilarining o‘qishini texnikumlarga ko‘chirish tartibi alohida belgilanadi. Bu o‘quvchilarga kasbiy ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Shuningdek, kasbiy ta’lim tashkilotlariga o‘qishni ko‘chirish va qayta tiklash bo‘yicha xulosa berishning yagona tartibi joriy etiladi.
Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan hamkorlikda ikki oy muddatda mazkur davlat xizmatlarini YaIDXP orqali ko‘rsatish imkoniyatini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Bundan tashqari, davlat xizmatlarini ko‘rsatish uchun zarur ma’lumotlarni tegishli davlat organlaridan elektron shaklda olish imkoniyati yaratiladi.
Mahalliy
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 30 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu 2015/2016-o‘quv yilidagi 7 taga nisbatan 4,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, o‘n yil ichida mamlakatda faoliyat yuritayotgan xorijiy OTMlar soni 23 taga oshgan.
Xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni 2005/2006-o‘quv yilida 2 ta bo‘lgan. 2010/2011-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 6 taga yetgan.
2015/2016-o‘quv yilida mamlakatda 7 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, keyingi besh yilda ular soni yana sezilarli ko‘paygan.
2020/2021-o‘quv yili boshida xorijiy OTMlar soni 18 taga yetgan. Bu 2015/2016-o‘quv yiliga nisbatan 11 taga ko‘pdir.
Shuningdek, 2020/2021-yildan 2025/2026-o‘quv yiligacha xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari soni yana 12 taga oshgan. Natijada besh yillik davrda ular soni 18 tadan 30 taga yetdi.
Mahalliy
35 yilda O‘zbekistonda maktablar soni 1,3 barobar oshdi
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025/2026-o‘quv yili boshida O‘zbekistonda 11 118 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
Bu ko‘rsatkich 1991/1992-o‘quv yilidagi 8 557 ta maktabga nisbatan 1,3 barobar ko‘p. Shu tariqa, mustaqillikdan keyingi davrda mamlakatdagi umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 2 561 taga oshgan.
Dinamikaga ko‘ra, maktablar soni ayrim davrlarda sekin o‘sgan yoki qisqargan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda barqaror ko‘payish kuzatilgan. 2020/2021-o‘quv yilida ular soni 10 181 tani tashkil etgan.
1995/1996-o‘quv yilida mamlakatda 9 289 ta, 2000/2001 o‘quv yilida 9 726 ta umumiy o‘rta ta’lim tashkiloti faoliyat yuritgan.
2005/2006-o‘quv yiliga kelib bu ko‘rsatkich 9 803 taga yetgan. 2010/2011-o‘quv yilida esa 9 806 ta maktab qayd etilgan. Keyingi besh yilda ko‘rsatkich biroz pasayib, 2015/2016-o‘quv yilida 9 720 tani tashkil qilgan.
2020/2021-o‘quv yilidan boshlab o‘sish yana tezlashgan. 2021/2022-yilda 10 289 ta, 2022/2023-yilda 10 522 ta, 2023/2024-yilda 10 750 ta maktab faoliyat yuritgan.
2024/2025-o‘quv yili boshida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari soni 10 943 tani tashkil etgan. Bir yil o‘tib, bu ko‘rsatkich yana 175 taga oshib, 11 118 taga yetgan.
Shunday qilib, 2020/2021-o‘quv yilidan 2025/2026-o‘quv yiligacha mamlakatdagi maktablar soni 937 taga ko‘paygan.
Mahalliy
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
Oliy ta’lim tashkilotlari, akademik litsey va texnikumlarda yangi o‘quv yili boshlanish sanasi belgilandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar qildi.
2026/2027-o‘quv yilida akademik litsey va texnikumlarda o‘quv jarayonlari 2-sentyabrdan boshlanadi.
Oliy ta’lim tashkilotlarida esa:
— 1-bosqich talabalari uchun — 7-sentyabrdan;
— 2-bosqich va undan yuqori bosqich talabalari uchun — 14-sentyabrdan o‘quv jarayonlari tashkil etiladi.
-
Mahalliy4 days ago
Toshkentda maktabgacha ta’lim markazi tashkil etiladi
-
Jamiyat4 days ago
Mirakida ekologik bilim va sport uyg‘unlashgan kun
-
Iqtisodiyot3 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Iqtisodiyot4 days ago
Mikro GESlarni loyihalash va qurish tartibi soddalashtiriladi
-
Mahalliy1 day ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Mahalliy4 days ago
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga ko‘proq eksport qilmoqda?
-
Mahalliy2 days ago
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
