Iqtisodiyot
Tadbirkorlar murojaatlari bo‘yicha «koll-markaz» tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-dekabr kuni eksport salohiyatini oshirish va tadbirkorlarning davlat xizmatlaridan foydalanishini soddalashtirish yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
O‘zbekiston 2030-yilga qadar eksport hajmini 45 milliard dollarga yetkazishni maqsad qilib qo‘ygan. Mazkur ko‘rsatkichga erishish uchun an’anaviy bozorlar bilan cheklanmasdan yuqori marjali yangi bozorlarga chiqish zarur.
Bu borada tashqi bozorlardagi yetakchi iste’mol segmentlari va yuqori talabga ega mahsulotlar bo‘yicha chuqur tahlil olib borildi. Natijada qurilish materiallari, yengil sanoat, elektrotexnika, oziq-ovqat, maishiy kimyo, mashinasozlik va metallarga oid yo‘nalishlarda eksportni yanada oshirish uchun mamlakatimizda katta zaxira hamda imkoniyat borligi aniqlandi.
Shu munosabat bilan taqdimotda istiqbolli bozor hisoblangan mamlakatlar bilan imtiyozli savdoni yo‘lga qo‘yish, savdo-iqtisodiy munosabatlarni faollashtirib, eksport-import hajmi o‘sishiga mos ravishda chegara o‘tkazish punktlari infratuzilmasi va quvvatini kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Mutasaddilar mahsulotlarimizning tashqi bozorlarda egallagan o‘rni, talab yuqori bo‘lgan tovar turlari, xorijiy sheriklar bilan amalga oshirilayotgan hamkorlik loyihalari hamda eksportni diversifikatsiya qilish bo‘yicha bajarilayotgan ishlar yuzasidan axborot berdi. Mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanish, yangi bozorlarni ochish va tashqi savdo mexanizmlarini soddalashtirish topshirildi.
Bugungi kunda 81 ta davlat idorasi tomonidan tadbirkorlarga 739 turdagi xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Lekin 576 turdagi xizmatlar tarqoq holda ko‘rsatilgani uchun tadbirkorlar hujjat yig‘ib, idorama-idora sarson bo‘layotgani ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, go‘sht mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun 17 ta bosqichdan o‘tish, 10 ta idoraga borish kerak.
Shu bilan birga, buxgalteriya, soliq, eksport va sertifikatlash bo‘yicha konsalting xizmati ko‘rsatadigan yagona xususiy servis maydoni mavjud emas. Bunday xizmatlarni banklar, sug‘urta kompaniyalari, birja, brokerlar va logistika operatorlari, biznes ta’limi va trening dasturlari bilan integratsiya qilish mumkin.
Taqdimotda tadbirkorlar uchun barcha davlat va xususiy xizmatlarni bir joyga jamlaydigan «Biznes hamroh» markazlarini ochish taklif qilindi.
Rejaga ko‘ra, Savdo-sanoat palatasi huzurida tashkil etiladigan markazlarda barcha davlat va xususiy xizmatlarni «yagona darcha» tamoyili asosida bir joyda, yagona elektron platforma orqali ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi. Tadbirkorlarning murojaatlariga tunu kun javob beradigan «koll-markaz» ham tashkil etiladi.
Prezidentimiz taklifni ma’qullab, markaz tadbirkorlik sub’yektini tashkil etishdan tortib, faoliyatini yo‘lga qo‘yish, tayyor mahsulotlarni sotish va eksport qilishgacha bo‘lgan barcha sohalarni qamrab olishi zarurligini ta’kidladi. Mutasaddilarga bu borada tegishli topshiriqlar berildi.
Iqtisodiyot
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev G‘uzor tumanida «Qashqadaryo Jingu» korxonasi tomonidan Shinjon usulida paxta yetishtirilayotgan dalada bo‘ldi.
Davlatimiz rahbariga chigit ekish, g‘o‘zani sug‘orish va parvarishlashda qo‘llanayotgan texnologiyalar haqida ma’lumot berildi. Bu yerda 2,2 ming gektar maydonga chigit plyonka ostiga qo‘sh qatorlab ekilgan, tomchilatib sug‘orish to‘liq joriy qilingan.
Plyonka tuproqdagi namlik va haroratni saqlab, chigitning erta hamda bir tekis unib chiqishiga yordam beradi. Suv va o‘g‘it esa tomchilatib sug‘orish tizimi orqali bevosita g‘o‘za ildiziga yetkaziladi. Natijada suv sarfi 30-40 foizga, o‘g‘it sarfi qariyb 30 foizga kamayadi. Hosil an’anaviy maydonlarga nisbatan 10-15 kun oldin pishib yetiladi.
Prezidentimiz paxtazorda yetishtirilgan hosil va agrotexnik tadbirlarni tashkil etish jarayoni bilan tanishdi. An’anaviy usulda gektaridan 30-35 sentner paxta olinsa, Shinjon texnologiyasida bu ko‘rsatkich 60-70 sentnergacha yetishi mumkin. Korxona dalalarida hosildorlik gektariga 55 sentnerni, yalpi hosil esa 12,3 ming tonnani tashkil etmoqda.
Dala ishlarida agrodronlardan ham foydalanilmoqda. Bu ayrim agrotexnik tadbirlarni tezroq bajarish, yonilg‘i sarfini kamaytirish imkonini bermoqda.
Xitoy sarmoyasi ishtirokida tashkil etilgan «Qashqadaryo Jingu» agroklasteri Koson, Nishon, G‘uzor, Ko‘kdala va Mirishkor tumanlarida jami 18,3 ming gektar maydonda faoliyat yuritadi. Ushbu yerlarning katta qismi ilgari foydalanilmagan cho‘l va qarovsiz maydonlar bo‘lgan. Loyihaga 128 million dollar investitsiya kiritilib, 50 ta ish o‘rni yaratilgan. Eksport hajmi esa 8,5 million dollarni tashkil etadi.
Shu yerda davlatimiz rahbariga viloyat qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Iqtisodiyot
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Wabtec» kompaniyasi direktorlar kengashi raisi va bosh ijrochi direktori Rafael Santanani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuvda mamlakatda temir yo‘l infratuzilmasi va tranzit salohiyati rivojlanayotganini hisobga olib, lokomotivlar parkini yangilash va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
AQSh moliya institutlari ishtirokida lokomotivlarni uzoq muddatli servis xizmati bilan birga yetkazib berish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Shuningdek, O‘zbekistonda texnik xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va mutaxassislar tayyorlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Tog‘-kon korxonalari karer texnikasiga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish hamda dizel-generator qurilmalari bo‘yicha hamkorlik qilishga ham e’tibor qaratildi.
«Wabtec» lokomotivlar, temir yo‘l texnikasi, raqamli va servis yechimlarini ishlab chiqarish bo‘yicha jahondagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi. Kompaniya Markaziy Osiyo mamlakatlarida ham loyihalarni amalga oshirmoqda.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
-
Iqtisodiyot3 days ago
O‘zbekiston «Wabtec» kompaniyasi bilan lokomotivlar parkini yangilashni muhokama qildi
-
Jamiyat3 days ago
Tadbirkorlar jarimaning 50 foizini to‘lab, qolgan qismidan ozod etilishi mumkin
-
Iqtisodiyot1 day ago
Shavkat Mirziyoyev Shinjon usulida yetishtirilgan paxta dalasini ko‘zdan kechirdi
-
Jamiyat3 days ago
O‘zbekiston do‘konlarida 73 turdagi mahsulot sifatsiz deb topildi
