Iqtisodiyot
Tadbirkorlar kredit olishida yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik va o‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni kengaytirish hamda moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, ular uchun moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish Yangi O‘zbekiston islohotlarining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
So‘nggi yillarda bu borada qator dasturlar amalga oshirilib, tadbirkorlarga kredit, kompensatsiya, kafillik va boshqa moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari kengaytirildi. Shu bilan birga, kichik va o‘rta biznesning moliyaviy xizmatlardan foydalanishida hali ham ayrim to‘siqlar saqlanib qolayotgani qayd etildi.
Bugungi kunda kichik va o‘rta biznesga ajratilgan kreditlar portfeli 218 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Bu yalpi ichki mahsulotga nisbatan 12 foizga teng. Shu bilan birga, onlayn tarzda ajratilayotgan ta’minotsiz mikrokreditlar ulushi kam. Ta’minotsiz onlayn mikrokredit ajratish jarayoni o‘rtacha 7 kungacha vaqt olmoqda. Tadbirkor kredit olish uchun bir nechta bank takliflarini bir joyda ko‘rish, solishtirish va o‘ziga maqbul shartlarni tanlash imkoniyatiga ega emas.
Shu munosabat bilan taqdimotda raqamli moliyaviy platformani ishga tushirish taklif qilindi. U orqali tadbirkor kredit olish uchun ariza beradi, bir nechta banklardan tijorat takliflarini oladi, ularni taqqoslab, o‘ziga qulayini tanlaydi.
Platforma “Elektron hukumat” tizimining raqamli ma’lumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi. Kichik va o‘rta biznes subyektlariga oid ma’lumotlar avtomatik ravishda olinib, banklarga taqdim etiladi. Bu kredit berish jarayonida hujjat yig‘ish, ortiqcha vaqt sarflash va inson omilini kamaytirishga xizmat qiladi.
2026 yil 1 dekabrdan boshlab platforma doirasida sun’iy intellekt texnologiyalari elementlaridan foydalangan holda muqobil skoring modeli joriy etiladi.
An’anaviy skoring asosan kredit tarixiga tayansa, muqobil skoring biznes faolligi, kommunal to‘lovlar, aylanmalar, soliq va boshqa raqamli ma’lumotlarni ham hisobga oladi. Bu kredit tarixi mavjud bo‘lmagan tadbirkorlarni ham baholash, ularga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga yo‘l ochadi.
Shuningdek, kelgusida sun’iy intellekt asosida tadbirkorning kredit tarixini yaxshilash, kelgusidagi xatarlarni baholash va biznesni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalarni shakllantirish imkoniyati yaratiladi.
Tijorat banklari tomonidan “AI maslahatchisi” dasturini ishga tushirish ham nazarda tutilmoqda. Mazkur dastur mahallalar ixtisoslashuvi va o‘sish nuqtalarini hisobga olgan holda biznes g‘oyalarni ishlab chiqish, ularni moliyalashtirish imkoniyatlarini aniqlashga ko‘maklashadi.
Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida ham qo‘shimcha yengilliklar belgilanmoqda. Avval dastur doirasida mikrokreditdan foydalangan va ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlar uchun mikrokreditning garovsiz qismi 100 million so‘mdan 200 million so‘mgacha oshiriladi.
Qolaversa, kredit yoki lizing miqdoridan qat’i nazar, uning 5 milliard so‘mgacha bo‘lgan qismi uchun foiz xarajatlari kompensatsiya qilinadi.
Har yili o‘z faoliyatini kengaytirgan va yuqori natija ko‘rsatgan 100 ta tadbirkorlik subyektiga raqamlashtirish, xalqaro standartlar va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bilan bog‘liq xarajatlar uchun 300 million so‘mgacha grant ajratish taklif etildi.
Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni ma’qullab, kredit tarixiga ega bo‘lmagan kichik va o‘rta biznes subyektlariga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, platforma xavfsizligi va ma’lumotlarning himoyalanganligini ta’minlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Iqtisodiyot
Saida Mirziyoyeva Gonkongning Henderson Land Group xoldingi boshqaruvi raisi bilan uchrashdi
Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva XXRning Gonkong maxsus ma’muriy hududidagi eng yirik xoldinglardan biri — Henderson Land Group boshqaruvi raisi Piter Li bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tomonlar qayta tiklanuvchi energetika, Yangi Toshkent infratuzilmasini rivojlantirish va ta’lim sohalaridagi istiqbolli qo‘shma loyihalarni muhokama qildi.
«Mamlakatimiz investitsiyalar uchun ochiq va biz Gonkongning yetakchi biznes doiralari bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Sheriklikdagi tashabbuslarni, jumladan, yangi tashkil etilayotgan Toshkent xalqaro moliya markazi orqali ham qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Administratsiya rahbari O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida uzoq muddatli iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar borligiga ishonch bildirdi.
Iqtisodiyot
Dollar kursi tinimsiz ko‘tarilib boryapti
Markaziy bank 2026-yil 9-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 37,38 so‘mga oshib, 11 846,57 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 34,69 so‘mga oshdi va 13 240,91 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 631,55 so‘mni tashkil qildi (29,25).
Rossiya rubli 138,95 so‘m etib belgilandi (+0,8).
Iqtisodiyot
Dollar, yevro va rublning yangi qiymatlari belgilandi
Markaziy bank 2026-yil 6-oktyabrdan valyutalarning yangi kursini belgiladi.
AQSh dollari 5,5 so‘mga oshib, 11 778,45 so‘m etib belgilandi.
Yevro kursi 25,62 so‘mga tushdi va 13 198,93 so‘m bo‘ldi. Funt-sterling 15 580,53 so‘mni tashkil qildi (+31,99).
Rossiya rubli 138,35 so‘m etib belgilandi (-2,79).
Iqtisodiyot
O‘zbekiston shokolad importining qariyb 70 foizi Rossiyaga to‘g‘ri kelmoqda
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyul oylarida O‘zbekistonga 46 davlatdan qariyb 28,5 ming tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan.
Import qilingan mahsulotlarning umumiy qiymati 123,7 mln AQSh dollarini tashkil etgan. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,6 ming tonnaga yoki 6 foizga ko‘p.
Import hajmi bo‘yicha Rossiya keskin ustunlik qilgan. Yilning dastlabki yetti oyida Rossiyadan O‘zbekistonga 19,5 ming tonna shokolad mahsulotlari yetkazib berilgan.
Rossiyadan kelgan shokolad mahsulotlari umumiy importning qariyb 70 foizini tashkil etgan. Keyingi o‘rinda Ukraina bo‘lib, undan 2,2 ming tonna mahsulot import qilingan.
Qozog‘istondan 914 tonna, Belarusdan 805,2 tonna shokolad mahsulotlari olib kirilgan. Litvadan import 746,2 tonnani tashkil etgan.
Turkmaniston 715,2 tonna, Turkiya esa 569,5 tonna ko‘rsatkich bilan keyingi o‘rinlarda qayd etilgan. Qolgan davlatlar hisobiga 3 ming tonna mahsulot to‘g‘ri kelgan.
Iqtisodiyot
Andijonda Shavkat Mirziyoyev raisligida yig‘ilish boshlandi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyat iqtisodiyoti 8,8 foiz, sanoat 9,2 foiz, xizmatlar 16,1 foiz, investitsiyalar 8,9 foizga o‘sgani qayd etildi.
– Bizga o‘sishdagi raqamlar emas, balki har bir ko‘rsatkich har bir oilaning kundalik hayotiga qanday o‘zgarish olib kirgani muhim,– dedi davlatimiz rahbari.
Andijonda yer va tabiiy boyliklar cheklangan bo‘lsa-da, harakatchan aholi, kuchli tadbirkorlik ruhi, ko‘p sonli yoshlar, sanoat maktabi va katta bozor kabi imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.
So‘nggi o‘n yilda viloyatga respublika budjetidan 20 trillion so‘m, banklar tomonidan tadbirkorlik uchun 90 trillion so‘m yo‘naltirildi. Birgina joriy yilda aholi farovonligini oshirishga 6 trillion so‘m ajratildi.
Hokimlarga berilgan vakolatlar va yaratilgan moliyaviy imkoniyatlar shunga munosib natijaga aylanishi zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
