Connect with us

Mahalliy

Tabiat uyg‘onmoqda… Ammo u bizning quvonchimizga sherikmi?

Published

on


Navro‘zni odatda tabiatning uyg‘onishi, yangilanish va poklanish ayyomi deb ta’riflaymiz. Bu fasl borliqning qishki sukunatdan chiqishi, ariqlarning suvga to‘lishi va daraxtlarning gullashi bilan kirib keladi. Biroq Navro‘z shunchaki mavsum almashinishi emas, u davomiylik ramzi bo‘lib, tabiatni asrab-avaylash g‘oyasini o‘zida mujassam etgan yuksak ma’naviy qadriyat. Mana shu kunlarda yana o‘sha tanish jumlalar quloqqa chalinadi: «Tabiat uyg‘onmoqda», «Yasharish va yangilanish fasli», «Yer bag‘ridan ko‘katlar bo‘y ko‘rsatmoqda». Go‘yo bu so‘zlar zamirida xalqimizning atrof-muhitga bo‘lgan chuqur ehtiromi va azaliy an’analari yashiringan.

Xalqimiz tomonidan tabiat bilan bog‘liq «Suvga tupurma», «Suv bor joyda — hayot bor», «Ona Yerni asrash — kelajakni asrash» kabi o‘gitlar shunchaki odob qoidalari emas, balki ajdodlarimizdan meros qolgan tabiat bilan munosabat madaniyatidir.

Suvni muqaddas bilgan xalq uni iflos qilishni gunoh, yerni mushtipar onaga qiyos qilgan millat uni asrashni farz deb bilgan. Shu bois, Navro‘z — aynan mana shu ezgu qadriyatlar qayta uyg‘onishi, insonning tabiat bilan uyg‘unligini anglatuvchi qadimiy tuyg‘ular tiklanishi kerak bo‘lgan muborak kun.

Tabiat bilan uyg‘unmizmi….

Qahratonning muzlagan barmoqlari orasidan sitilib chiqqan Navro‘z yer yuziga yasharish mujdasini olib keladi. Biz sumalak qozonlari atrofida tilak aytamiz, tog‘larda «Darveshona» qilib, «Yil go‘ja»ning barakasidan suyunamiz. Bir-birimizni yangilanish fasli bilan qutlaymiz.

Birdamlik, mehr birlashgan shu manzara — bayramning eng go‘zal jihati. Aynan shu bayram va bahorning uyg‘onishi bilan tabiat qo‘ynida sayillar, sayohatlar avjiga chiqadi. Ammo mana shunday sayru sayohat, sayilu bayramlarda ko‘ngilni xira qiladigan yana bir holat borki…

So‘nggi yillarda bayram manzarasini bir martalik plastik idishlarsiz tasavvur qilib bo‘lmay qoldi. Sayillar, ommaviy tadbirlar va dasturxonlar qulaylik uchun tanlangan plastik stakan va paketlar bilan to‘ladi. Tabiat haqida eng ko‘p gapiriladigan kunda aynan tabiatga eng uzoq muddatli iz qoldiradigan buyumlar ishlatiladi.

Birgina sumalak saylini olaylik, uni tarqatishda millionlab bir martalik plastik idishlardan foydalanish ommalashdi. Sayilgohlarda qoldirilgan yelim paketlar, suv oqimini to‘sib qo‘ygan plastik idishlar shunchaki chiqindi emas, balki tabiatning nafas yo‘llarini bo‘g‘ib qo‘yayotgan to‘siqlar.

An’anaga ko‘ra, Navro‘z arafasida ariqlar tozalanib, suv yo‘llari ochilar edi. Bugun esa plastik chiqindilar suv ekotizimlariga zahar kabi yoyilib, daryo va ko‘llarning tabiiy muvozanatini buzmoqda. Siz besh daqiqada yeb bo‘lgan sumalakning plastik idishi tabiatda parchalanishi uchun yuzlab yillar kerak bo‘ladi.

Keling, oddiy matematikaga yuzlanamiz. Agar bayram sayillarida aytaylik 7 tonna sumalak pishirilib, har bir kishiga 100 grammdan tarqatilsa, bu — 70 000 dona plastik idish degani. Bitta kichik idishning yuzasi 0.01 m² bo‘lsa, birgina xayriya tadbiridan so‘ng 700 kvadrat metr yer plastik «kishan» ostida qoladi. Bu taxminan 10 ta tomorqaning maydoniga teng.

Biz bir kun bayram qilamiz, lekin yer to‘rt-besh asr davomida uning zahridan azoblanadi. Bugun ariqqa oqizilgan plastik idishning tili bo‘lganida, u bizga shunday degan bo‘lardi: «Sizlardan keyin men 500 yil yashayman, kelajakda men sizning avlodlaringiz ichadigan suvda, ular yeydigan taom tarkibida bo‘laman».

Aynan shu plastik chiqindilar va uning zarrachalari tuproqning tabiiy nafas olishini qiyinlashtiradi va yerdagi mikroorganizmlar faoliyatiga, hosildorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Albatta, gap bayramni nishonlamaslikda emas. Gap uning mazmuniga mos munosabatda. Qayta ishlatiladigan idishlar, an’anaviy sopol yoki metall kosalar, umumiy dasturxon madaniyati — bular Navro‘z ruhiga yaqinroq emasmi?

Xayrli amal chindan xayrlimi…

Yaqinda qishloqqa borganimda toshlar orasida singan chinni va paxta gulli sopol idishlarni uchratdim. Bu har yili Navro‘z bahonasida qir-adirlarda o‘tkaziladigan darveshona va yilgo‘ja marosimlaridan qolgan «xotira» edi. Yer va suvga shukronalik keltirish uchun nishonlanadigan bu qadimiy marosimlar bugun tog‘ yonbag‘irlarida yelim paket va shisha siniqlari uyumini qoldirmoqda.

Agar ushbu marosimlardan keyin atrof chiqindixonaga aylansa, bu qanday xayrli amal bo‘lsin?

Bu yerda nafaqat ekologik, balki ma’naviy inqiroz yaqqol ko‘rinadi: biz yerdan baraka so‘rab duo qilamiz-u, lekin uning baraka yo‘llarini chiqindi bilan bekitayotganimizni o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Singan paxta gulli kosa — bu shunchaki chiqindi emas, bu bizning tabiatga bo‘lgan munosabatimizning aksi emasmi?

Tabiat uyg‘onmay qolsa-chi?

Agar biz tabiatga adolatsizlikni hozirgi sur’atda davom etsak, 2126 yilning bahorida bizni nima kutmoqda? Bir asrdan keyin keladigan bahorni tasavvur qilib ko‘rganmisiz, tabiatning uyg‘onishini-chi?

Afsuski, agar bir martalik idishlardan foydalanish shu tezlikda davom etsa Yerning ustki unumdor qatlami ostida milliardlab idishlardan iborat «plastik qatlam» tufayli, nihollar tuproqdan emas, plastik devorlar orasidan yo‘l izlashga majbur bo‘ladi.

Quyosh nuri va yomg‘ir ta’sirida parchalangan idishlar mikroplastikka aylanib, oziq-ovqat zanjiri orqali dasturxonimizga qaytadi. Siz «uyg‘onish» deb ataydigan jarayon aslida kimyoviy zaharlanishga aylanadi.

Boychechak va lolalarning «vidolashuv» sayli…

Bahorning ilk mujdasi — boychechak. U qor tagidan zahmat bilan yo‘l topib, bizga umid va tiriklik xabarini olib keladi. Biz esa uni yer bag‘ridan avaylab emas, piyozi (ildizi) bilan yulib olamiz.

Demak ildiz sug‘urib olindimi tabiat o‘sha nuqtada qayta uyg‘onmaydi. Biz  bahorning ilk elchisini keyingi yili u yerdan topolmasligimiz mumkin.

Tog‘-toshlarda qip-qizil gilam bo‘lib to‘shalgan lolazorlar bugun yildan-yilga siyraklashib, go‘yo qon yig‘lamoqda. Keyingi paytlarda odamlarning lolaqizg‘aldoq o‘sadigan qir adirlarga to‘g‘ri mashina bilan kirib borish urf bo‘ldi… Lola va lolaqizg‘aldoq sayli bahonasida ularni dasta-dasta qilib uzamiz, shaharga yetib kelguncha esa ular so‘liydi va axlat qutisidan joy oladi.

Navro‘z aslida tabiatning yangilanish bayrami, ammo tabiatni ulug‘layotgan kunimizda, unga ko‘proq ozor yetkazayotgan bo‘lsak demak, biz Navro‘zni shunchaki ramz sifatida qabul qilyapmiz, lekin uning mohiyatini yashamayapmiz. Bu shunchaki ekologik muammo emas, balki madaniy paradoks.

Gap bayramni nishonlash yoki uni tanqid qilishda emas, balki qadriyat va amaliyot o‘rtasidagi masofada. Navro‘z haqiqatan tabiat uyg‘onishi bo‘lsa, u avvalo insonning munosabatini uyg‘otishi kerak.

Navro‘z har yili qayta keladi. Quyosh yana yorug‘roq nur sochadi, yer yana isiydi. Ammo savol ochiq qoladi: biz ham har yili bir oz o‘zgaryapmizmi?

Yoki tabiatning har yili uyg‘onishi biz tashlab ketgan plastik qatlamlari ostida tobora qiyinlashib boraveradimi?

Bugun biz tabiatning yangilanayotganidan, uyg‘onayotganidan xursand bo‘lamiz. Ammo shu tabiat borib-borib plastikli yer ostida uyg‘onishga qiynalmasmikan?
Umuman, bir kun kelib, Yer uyg‘onmay qolsa-chi?

Eng xavflisi biz o‘zimizni yomon ish qilayapmiz, deb hisoblamaymiz. Chunki bayram nishonlayapmiz, sumalak saylida birlashayapmiz, hashar uyushtirayapmiz, ko‘chat ekayapmiz. Ya’ni ramziy poklanish bor, ammo ekologik mas’uliyat yo‘q.

Navro‘zning haqiqiy qiymati bayram tantanalarida emas, balki bayramdan keyingi sukutda, bo‘sh qolgan maydonlarda, adirlarda va ariq yoqalarida ko‘rinadi. Sukunatni chiqindilar shovqini buzsa demak, biz nafaqat tabiatni, balki o‘zimizni ham aldagan bo‘lamiz.

Shunda o‘z-o‘zidan savol tug‘iladi: biz haqiqatan ham Navro‘zni qarshi oldikmi  yoki faqat uning nomini nishonladikmi?

Barno Sultonova



Source link

Continue Reading
Click to comment

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Mahalliy

Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazining Investitsion portali xorijliklar e’tiborida!

Published

on


Poytaxtimizda yuqori saviyada bo‘lib o‘tgan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi mamlakat iqtisodiyoti uchun nafaqat yirik kelishuvlar, balki raqamli texnologiyalarning namoyish maydoniga ham aylandi.

Forum doirasida tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmada Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi o‘zining innovatsion stendi bilan ishtirok etdi. Markaz mutaxassislari tomonidan taqdim etilgan raqamli ekotizim va yangi Investitsion portal chet ellik biznes vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.

Ko‘rgazmaga tashrif buyurgan xorijlik investorlar va yirik xalqaro korporatsiyalar vakillari Markaz stendida O‘zbekistonning raqamli infratuzilmasi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ldilar. Aytish joizki, ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlash xavfsizligi, kiberhimoya hamda tizimlarning barqarorligi xalqaro sarmoyadorlar uchun eng muhim kafolatlardan biridir.

Aynan shu jihati davlat va biznes o‘rtasidagi muloqotni to‘liq raqamlashtirgan, yuzlab xizmatlarni masofaviy shaklga keltirgan tizim sifatida alohida e’tirof etildi.

Markazning yetakchi mutaxassislari har bir xorijlik mehmonga ushbu qulay platformalardan amaliyotda qay tartibda foydalanish, tizimlarning ishlash algoritmlari va ular taqdim etadigan iqtisodiy samaradorlik xususida batafsil ma’lumot berishdi.

Ko‘rgazmaning eng qizg‘in muhokama qilingan va xorijlik sarmoyadorlarni o‘ziga jalb etgan asosiy yangiligi — «Investitsion portal» bo‘ldi.

Markazning yetakchi mutaxassislari mehmonlarga portal orqali O‘zbekistonga investitsiya jalb qilish uchun qanday yo‘l tutish lozimligini, kompaniya nomini zahiralashdan tortib, MChJ yoki qo‘shma korxona ochish, litsenziyalar olish, yer maydonlarini auksiondan sotib olish va soliq masalalarini masofadan hal etish jarayonlari qay tartibda amalga oshirilishini qadamma-qadam tushuntirib berishdi.

Elektr, gaz, suv kabi infratuzilma tarmoqlariga ulanishdan tortib, erkin iqtisodiy zonalardan joy ajratilishigacha bo‘lgan barcha jarayonlarning raqamli formatga o‘tkazilgani O‘zbekistonning xalqaro biznes reytinglardagi o‘rnini keskin yuqoriga ko‘tarishi shubhasiz.

Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi nafaqat tayyor mahsulotni namoyish etdi, balki O‘zbekistonning zamonaviy tendensiyalarga moslasha olayotgan, ochiq va xavfsiz raqamli davlatga aylanganini amalda isbotladi. Ko‘rgazma maydonidagi bevosita muloqotlar va xorijliklarning yuqori qiziqishi yaqin istiqbolda mamlakatimizga raqamli kanallar orqali yangi kapital oqimi kirib kelishini ta’minlaydi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

O‘zbekistonda ta’lim sohasidagi bizneslar bir yilda qariyb 2,2 mingtaga ko‘paydi

Published

on


Milliy statistika qo‘mitasiga ko‘ra, O‘zbekistonda 2026-yil 1-may holatiga ta’lim sohasida 8 555 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bu ko‘rsatkich 2025-yilning shu davriga nisbatan qariyb 2,2 mingtaga yoki 34,1 foizga oshgan. Natijada ta’lim sohasidagi tadbirkorlik subyektlari soni so‘nggi besh yildagi eng yuqori darajaga yetdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ta’lim sohasidagi tadbirkorlik subyektlari sonining o‘sishi so‘nggi yillarda turlicha shakllangan. Xususan, 2022-yil 1-may holatiga mazkur ko‘rsatkich 6 443 tani tashkil etgan. 2023-yilda bu raqam 6 478 taga yetgan bo‘lsa, 2024-yilda 6 370 taga tushgan.

2025-yil 1-may holatida ta’lim sohasida 6 380 ta tadbirkorlik subyekti faoliyat yuritgan. 2026-yilga kelib esa ularning soni keskin oshib, 8 555 taga yetdi.

Shunday qilib, bir yil ichida sohada 2 175 ta yangi tadbirkorlik subyekti paydo bo‘lgan.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Xivada Xitoy universiteti filiali ochilishi mumkin

Published

on


Hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, Xorazm viloyatining Xiva shahrida Xitoyning Lyaoning pedagogika universiteti filialini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Loyiha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Lyaoning pedagogika universiteti hamda Urganch davlat universiteti hamkorligida amalga oshiriladi.

Hujjatga muvofiq, filialda bakalavriat va magistratura bosqichlarida, keyinchalik esa doktorantura yo‘nalishlarida ham kadrlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Ta’lim jarayoni Xitoy universitetining o‘quv dasturlari asosida, O‘zbekiston ta’lim standartlari hisobga olingan holda tashkil etiladi.

Filialda pedagogika, psixologiya, tillar va ta’lim texnologiyalari yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini tashkil etish rejalashtirilgan.

Qaror loyihasiga ko‘ra, ta’lim kunduzgi va masofaviy shakllarda, xitoy, o‘zbek hamda ingliz tillarida olib boriladi. O‘qish to‘lov-kontrakt asosida tashkil etiladi.

Filial faoliyati litsenziya olingandan keyin 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanishi ko‘zda tutilgan. Bitiruvchilarga O‘zbekistonda tan olinadigan diplom beriladi.

Loyihada yana bir muhim norma nazarda tutilgan. Unga ko‘ra, filial har yili to‘lov-kontrakt tushumlarining kamida 5 foizini moliyaviy qiyinchilikka uchragan va iqtidorli talabalar uchun stipendiyalarga yo‘naltiradi.

Mazkur hujjat ayni paytda muhokama uchun joylashtirilgan bo‘lib, qabul qilinsa, O‘zbekistondagi xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari soni yana bittaga ko‘payadi.



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Xavfni xavf deb o‘ylamaslik xavfi yoxud «Hech narsa qilmaydi» qurbonlari

Published

on


«Tok urdi…», «zaharlandi…», «tushib ketdi…»

Bolalar bog‘chasi hududi. Besh yoshli bolakay transformator yerto‘lasining darchasidan pastga tushib ketadi. Yuqori kuchlanishli tok jajji vujudni kuydiradi, bola og‘ir jarohatlar bilan shifoxonaga yotqiziladi.

Boshqa bir manzil. 11 yoshli qizaloq tomdan o‘yinchog‘ini olib tushmoqchi bo‘ladi. Simlarga tegib ketishi oqibatida tok urishi qizchaning hayotiga nuqta qo‘yadi.
Temiryo‘l stansiyasi. Jizzax viloyatida 17 yoshli o‘smir yigit do‘stlari bilan vagon ustiga chiqadi. Ammo yuqori kuchlanishli elektr tarmog‘i soniya ichida ularing navqiron hayotini kulga aylantiradi.

Oradan hech qancha o‘tmay, xuddi shunday manzara, xuddi shunday temiryo‘l vagon ustida chirchiqlik 14 yoshli maktab o‘quvchisi tok urishidan og‘ir kuyish jarohati oladi.
O‘smirlar-ku hali yosh, qiziqqon deylik. Lekin hayot tajribasiga ega kattalarga, soha mutaxassislariga nima bo‘lgan?

2023-yil 22 iyul. Toshkent viloyatining Nurafshon tumanida «Toshkent kommunal qurilish servis»ning to‘rt nafar xodimi kanalizatsiya tarmog‘ini tozalash ishlarini olib borayotgan edi. Jarayonda 57 yoshli ishchi quduq ichidagi zaharli gazlardan hushini yo‘qotadi. Uni qutqaraman deb orqasidan hech qanday himoya vositasiz, tavakkal qilib chuqurga tushgan 23, 27 va 55 yoshli hamkasblari ham zaharlanadi. Ulardan uch nafari o‘sha yerning o‘zida jon taslim qiladi, biri esa og‘ir ahvolda shifoxonaga olib boriladi. Sud-tibbiy ekspertizasi o‘lim sababini vodorod sulfididan (serovodorod) o‘tkir zaharlanish deb ko‘rsatdi. Oradan uch yil o‘tib, Jinoyat kodeksining 247-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan ochilgan jinoyat ishlariga qaramay, Andijonda xuddi shu ayanchli o‘lim ssenariysi takrorlandi. Yana to‘rt nafar inson, yana quduq va yana o‘sha mehnat xavfsizligiga rioya qilmaslik…

Bu esa uch yil ichida Nurafshondagi fojeadan hech qanday xulosa chiqarmaganimizdan, o‘sha to‘rt qurbonning ayanchli o‘limi tizim uchun dars bo‘lmaganidan dalolat beradi. Sud-tibbiy ekspertizasining dastlabki ma’lumotiga ko‘ra, ularning ham o‘limiga vodorod sulfiddan o‘tkir zaharlanish va yuqori nafas yo‘llarining suyuqlik bilan berkilishi natijasida yuzaga kelgan mexanik asfiksiya sabab bo‘lgan.

Jamiyatimizda nafaqat ish joylarida mehnat muhofazasi, balki kundalik hayotimizda, mahalla va ko‘chalarimizda ham eng oddiy xavfsizlik madaniyati butunlay falajlangan. Nega biz xavfni ko‘rib turib, u bizga zarar yetkazsa-da hushyor tortmaymiz? Bolalarni tok urishi va quduq ichidagi to‘rt nafar katta yoshli insonlarning vafoti o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor? Bog‘liqligi shundaki, jamiyatimizda bolalar, yoshlar, kattalar va ish beruvchi rahbarlar xavfni xavf deb o‘ylamaslik XAVFi ostida yashayotgani…
Xo‘sh, nima uchun o‘smir xavfni xavf deb bilmaydi? U poyezd vagonlari tepasida necha ming volt kuchlanishli tok borligini, bu tok odamni bir soniyada kuydirib kul qilishini bilmaydimi?

Xavfni pisand qilmaslik…

O‘smirlar psixologiyasida juda xavfli omil bor, ya’ni «Shaxsiy mif» (Personal Fable) deb ataladigan psixologik fenomen. Bu yoshdagi bolalarning miyasida «Yomon voqealar, o‘lim yoki baxtsiz hodisalar kimgadir sodir bo‘lishi mumkin, lekin menga emas. Men boshqachaman, menga hech narsa qilmaydi» degan mutlaq ishonch bo‘ladi. Ular o‘zlarini kino qahramondek his qilishadi.
Bunday «xavfni pisand qilmaslik» faqat bizning yoshlarimizga xos muammo emas. Dunyoning eng rivojlangan davlatlari ham vaqtida xuddi shu ijtimoiy inqiroz bilan to‘qnash kelgan. Masalan, Avstraliyaning Melburn shahrida o‘smirlarning temir yo‘l va metro atrofidagi beparvoligi, xavfli harakatlari ortidan baxtsiz hodisalar soni keskin ortib ketgan edi.

Ammo ular yoshlarga qarata «Poyezd yaqiniga yo‘lama!», «Tok uradi!» kabi balandparvoz va zerikarli shiorlar ish bermasligini allaqachon anglab yetishdi. Chunki o‘smirlar quruq taqiqlarni eshitishni istamasligini juda yaxshi bilishadi. Shu sababli, 2012-yilda Avtraliya jamoatchilikni xabardor qilish kampaniyasi va Melburn shahridigi Metro Trains dunyoga mashhur «Dumb Ways to Die» (O‘limning ahmoqona usullari) deb nomlangan animatsion videokampaniyani taqdim etishdi.  
Rolikning mazmuni juda oddiy, lekin ta’sirli: unda rang-barang, sodda «loviyasimon» qahramonlar o‘zlarining turli ahmoqona harakatlari — sochlariga o‘t qo‘yish, ayiqqa tayoq sanchish, muddati o‘tgan dorilarni ichish tufayli bevaqt halok bo‘lishadi. Videorolikning eng asosiy va yakuniy qismida esa poyezd platformasining chetida turish, relslar ustidan yugurib o‘tish kabi temir yo‘ldagi ehtiyotsizliklar «dunyodagi eng ahmoqona o‘lim usuli» sifatida ko‘rsatiladi.
Ijodkorlarning asosiy maqsadi xavfli trendlar ketidan quvayotgan o‘smirlarga ularning bu ishi «qahramonlik» yoki «jasurlik» emas, shunchaki axmoqlik ekanini o‘z tillarida vizual va hajviya orqali ongiga singdirish edi. Bu urinish kutilganidek natija berdi. Mahalliy metro yo‘llaridagi baxtsiz hodisalar soni qisqa vaqt ichida 20 foizdan 30 foizgacha kamaydi. Ushbu loyiha rahbari Jon Meskal o‘z intervyusida uning muvaffaqiyati haqida shunday degan edi: «Ushbu kampaniyaning maqsadi hech qanday xavfsizlik xabarini eshitishni istamaydigan auditoriyani jalb qilishdir va biz ushbu rolik buni amalga oshiradi deb o‘ylaymiz».

E’tibor berganmisiz?…

Ko‘p qavatli uylarning tepa qavatida hech qanday himoya kamarlarisiz, deraza tashqarisiga oyoq qo‘yib, oyna yuvayotgan ayollarga ko‘zingiz tushganmi? Yoki soha mutaxassisi bo‘lmay turib, hech qanday himoyasiz mahalladagi baland simyog‘ochga chiqib, uzilgan chiroqni ulashga urinayotganlarga? Bu manzaralar biz uchun shunchaki oddiy kundalik holatga aylanib bo‘lgan.
Xavfni pisand qilmaslik, afsuski, faqat ish joylarida emas, maishiy hayotimizda ham qon-qonimizga singib ketgan. Masalan, har yili qish mavsumi kelishi bilan mo‘rilarni tozalamaslik, uy ichida ochiq chelakka ko‘mir yoqib isinishga harakat qilish oqibatida butun boshli oilalarning is gazidan fojiali vafot etgani haqidagi sovuq xabarlarga ko‘zimiz tushadi.
Yoki qo‘l telefoni hojatxonaga tushib ketganda, uni olib chiqaman deb hech qanday himoyasiz chuqurga kirgan va u yerda to‘planib qolgan zaharli gaz tufayli soniyalar ichida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz haqidagi xabarlar ham, afsuski, to‘qima emas. (XXI asrda hojatxonalarning hali hamon o‘radek holatda bo‘lishining o‘zi alohida e’tiborsizlik, alohida mavzu….)

Mana shu yerda kattalar o‘rtasidagi eng dahshatli virus «hech narsa qilmaydi» xotirjamligi pand beradi. «Oldin ham qilganman, hech narsa ro‘y bermagan, menga hech narsa bo‘lmaydi» degan ishonch odamlarning bevaqt hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘lmoqda.

«Xavfsizlik madaniyati» nima?

Xo‘sh, jamiyatimizda xavfsizlik madaniyati qay darajada?

— Xavfli joylarda hech qanday himoya vositasisiz faoliyat olib borish, «menga hech narsa bo‘lmaydi» degan odat bilan ish yuritish holatlari afsuski uchramoqda, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi Xodimlarning malakasini oshirish markazi professori, texnika fanlari doktori Ozodaxon Yo‘ldosheva. — Bularning asosiy sababi “xavfsizlik madaniyati”ning yetishmayotganligi. Xavfsizlik madaniyati, bu xavfsizlikni faqat qoida emas, balki kundalik odat va mas’uliyat sifatida qabul qilish demakdir».

Professorning ta’kidlashicha, O‘zbekiston Respublikasining «Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi 410-sonli Qonuni (17-modda) hamda Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 24 dekabrdagi 819-sonli qarorida tashkilotlarda mehnat muhofazasi sohasida qayta tayyorlash va malaka oshirish vazifalari aniq belgilab qo‘yilgan. Ammo amaliyotda ahvol boshqacha.

— Afsuski, hamma tashkilotlar ham ushbu vazifalarni birdek qabul qiladi deb ayta olmayman, — deydi Ozodaxon Yo‘ldosheva. — Ba’zan xavfsizlik choralari mavzusida dars o‘tayotganimda ayrim tashkilot rahbarlarida, ayniqsa, xavfsizlik texnikasiga mas’ul shaxslarda befarqlikni kuzataman. Ularga mana shu holatlar saboq bo‘lishi kerak. Xavfsizlik texnikasi, mehnat muhofazasi bular shunchaki hisobotlar uchun qilinadigan tadbirlar emas. Bular muhim fanlar, dolzarb qoidalar majmuasidir, negizida ishchi-xodimlar, fuqarolar taqdiri, salomatligi, hayoti, oilasining xotirjamligi turibdi».

Ha, suhbatdoshim aytganidek, bizda xavfsizlik texnikasi ko‘pincha «shunchaki qog‘ozdagi hisobot» deb qaralgani uchun ham Andijondagidek fojialar yangilik emas. Agar qonundagi vazifalar shunchaki tekshiruvchi kelganda ko‘rsatiladigan papkalar uchun emas, ongli ravishda bajarilganda edi, bugun to‘rt nafar inson bevaqt nobud bo‘lmasdi.

Quduqni kim tozalashi kerak?

Kun.uz surishtiruvida oshkor bo‘lgan ba’zi faktlar esa tizimdagi befarqlik va mas’uliyatsizlik naqadar chuqur ildiz otganini ko‘rsatadi. Fojiadan so‘ng tashkilot mas’ullarining «biz ularga quduqni tozalash haqida buyruq bermagandik, o‘zlari tavakkal qilib tushib ketishibdi» qabilida o‘zini oqlashi va javobgarlikni marhumlarning bo‘yniga qo‘yishga urinishini nima deb tushunishni ham bilmaysan. Ish joyida xavfsizlik tizimi shu qadar izdan chiqqanki, hatto sohaga umuman aloqasi bo‘lmagan, oddiy bog‘bon, qorovul, elektr muhandisi, haydovchi quduq tozalash mas’uliyatini o‘z bo‘yniga olgan. Yoki halokatga uchragan xodimni qutqarishga haqqim bor deb o‘ylashgan. Rahbariyatning «buyruq bermaganmiz» degan bahonasi mehnat qonunchiligi qarshisida mutlaqo asossizdir. Chunki tashkilot hududida mehnat qilayotgan har bir xodimning hayoti va xavfsizlik vositalari bilan ta’minlanishi uchun birinchi navbatda aynan o‘sha rahbarlar javobgar hisoblanadi. Xodimning maxsus kiyim va gaz analizatorisiz quduq yaqiniga borishining o‘zi nazorat mutlaqo yo‘qligidan dalolat beradi.

Surishtiruv davomida oshkor bo‘lgan eng dahshatli va yurakni ezadigan fakt esa boshqa nuqtada. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, quduqqa tushgan yurtdoshlarimiz kamida 5-10 daqiqa davomida pastdan yordam so‘rab, jon talvasasida baqirishgan. Ular o‘sha paytda hali tirik bo‘lgan! Eng achinarlisi, voqea joyiga yetib kelgan Favqulodda vaziyatlar vazirligi (MChS) xodimi esa «Qo‘limizda hech qanaqa maxsus apparat yo‘q, ustiga-ustak rahbariyatning ruxsatisiz quduqqa tushib qutqarolmaymiz», deya shunchaki qarab turgan…

Inson hayoti soniyalar bilan o‘lchanayotgan bir paytda, qutqaruvchining «ruxsat kutib» va «quruq qo‘l bilan» turishi, tizimimizdagi eng ayanchli og‘riqdir. Bu holat Mehnat muhofazasi va Favqulodda vaziyatlar organlarining o‘zaro hamkorligi, tezkorligi va eng oddiy texnik vositalar (kislorod niqoblari) bilan ta’minlangani darajasi qay ahvolda ekanini yaqlon ko‘rsatib qo‘ydi.

Boshqa mamlakatlarda xavfsizlik madaniyatiga munosabat qanday?

Yaponiyada temir yo‘l ishchilari yoki qurilish sektoridagi xodimlar biror harakatni qilishdan oldin o‘sha obyektga barmoq bilan ishora qilib, baland ovozda holatni aytishlari shart. Ishchi biror xavfli harakatni qilishdan oldin o‘sha obyektga barmog‘i bilan ishora qilib, baland ovozda: «Klapan yopiq — xavfsiz!» yoki «Niqob taqildi — soz!» deb aytishi va sherigi buni tasdiqlashi shart. Bu miyani avtomatlashtirilgan (robot) holatdan uyg‘otadi.

Yevropa va AQShning yirik sanoat korxonalarida ishchi quduqqa yoki xavfli shaxtaga tushishdan oldin maxsus ko‘zoynaklarini taqadi. Unga virtual dunyoda himoya niqobisiz quduqqa tushganda sodir bo‘ladigan zaharlanish va o‘lim holati realdek his ettiriladi. Virtual olamda bo‘lsa-da, xatosi tufayli «o‘lib ko‘rgan» yoki og‘ir jarohat olgan ishchi real hayotda ushbu xatoni aslo takrorlamaydi.
Ishchilarni dahshatli avariya suratlari bilan qo‘rqitish korxonalarda vaqt o‘tib immunitet paydo qiladi («bu men bilan bo‘lmaydi» deyish tizimi ishga tushadi). Shu sababli hozir G‘arbda xavfli obyektlar kirishiga ishchilarning o‘z farzandlari, oilasi bag‘rida baxtli yashab yurgan suratlari va ularning: «Dadajon, sizni sog‘-salomat uyda kutib qolaman!» degan audio xabarlari qo‘yiladi. Oilaviy mas’uliyat insonni xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilishga majburlaydi. Bu insonni «men faqat o‘zim uchun emas, oilam uchun ham tirik va sog‘ bo‘lishim shart» degan mas’uliyatni uyg‘otadi.
Rivojlangan davlatlarda agar ishchi maxsus himoya kiyimi (kaska, maska, kamar) kiymagan bo‘lsa va bu kameraga tushib qolsa, u sug‘urta pulidan mahrum bo‘ladi. Jarohatlangan taqdirda ham, agar ayb ishchining beparvoligida bo‘lsa, davolanish xarajatlarini sug‘urta qoplamaydi va korxona ham badal to‘lamaydi. Bu omil odamlarni tirik qolish va oilasini boqish uchun qoidalarga bo‘ysunishga majbur qiladi.
Avstraliyaning «Dumb Ways to Die» multfilmini tomosha qilish asnosida loviyalar ustidan kulishingiz mumkin. Lekin real hayotda elektrichka ustiga chiqayotgan o‘smirlarimiz ham, hech qanday himoyasiz turli xavfli yumushlarga o‘zini urayotgan katta yoshli hamyurtlarimiz ham aslida o‘sha animatsiya qahramonlaridan farq qilmay qolmoqda.

«Afsus», «Essiz, kech bo‘ldi», «Juda yosh edi-ya»…

Biz qachongacha fojialardan keyin bir xil gaplarni takrorlaymiz?
Tan olaylik, jamiyatda xavfsizlik qoidalari qat’iy o‘rnatilmas ekan, xatolardan xulosa chiqarishni emas, balki mana shunday mudhish yo‘qotishlarga ko‘nikishni boshlaymiz. Vaholanki, qat’iy tartib-intizom o‘rnatish orqali bu bevaqt o‘limlarning oldini olish, qanchadan-qancha hayotlarni saqlab qolish mumkin edi.
Agar korxona va tashkilotlarda, hatto o‘z uyimizda xavfsizlik madaniyati shakllanmas ekan, mehnat xavfsizligi qoidalari faqat hisobot va navbatdagi imzo uchun xizmat qiladigan rasmiyatchilik bo‘lib qolaveradi. Oqibatda esa, Andijonda yuz bergan dahshatli voqea kabi fojialar va bevaqt o‘limlar zanjiri to‘xtamaydi.

Barno Sultonova



Source link

Continue Reading

Mahalliy

Prezident va AQSh moliyaviy gigantlari o‘rtasidagi yopiq muloqot tafsilotlari

Published

on


Bugun poytaxtimizda start olayotgan beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF) arafasida, O‘zbekistonning yaqin yillardagi iqtisodiy xaritasini belgilab beruvchi strategik voqea yuz berdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hamda AQShning eng nufuzli davlat moliyaviy institutlari va transmilliy korporatsiyalari rahbarlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri, eksklyuziv davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Vashingtonning global investitsiyalar siyosatini belgilovchi ikki yirik ustuni — AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi va Eksport-import banki rahbariyatining ushbu uchrashuvda shaxsan ishtirok etgani Amerika siyosiy va biznes doiralarining O‘zbekistonga nisbatan strategik qarashlari tubdan o‘zgarganidan dalolat beradi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuv shunchaki rasmiy bayonotlardan iborat bo‘lmay, balki AQSh yirik biznesining Markaziy Osiyodagi eng yirik bozorga kirishini tezlashtirish mexanizmiga aylandi. O‘zbekiston xorijiy investorlar uchun mutlaqo xavfsiz va yuqori rentabelli sheriklik maydoniga aylandi.

Amerika kapitalining O‘zbekistonga faol intilishi ortida 3 ta asosiy strategik drayver turibdi:

Jumladan, mamlakatda xususiy mulk va xorijiy investorlar huquqining qonun ustuvorligi darajasida himoyalanishi AQSh moliyaviy institutlari uchun bosh mezon bo‘ldi.

O‘zbekiston an’anaviy xomashyo eksportidan voz kechib, yashil enertika, litiy va boshqa nodir metallarni qayta ishlash, raqamli infratuzilma va sun’iy intellekt kabi eng zamonaviy sohalarda sheriklikni taklif qilmoqda.

AQSh kompaniyalari O‘zbekistonga nafaqat 38 millionlik bozor, balki butun Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalarga chiqish imkonini beruvchi bosh logistik va sanoat darvozasi sifatida qaramoqda.

DFC va EXIM bankining birgalikdagi harakati Amerika xususiy sektori uchun yashil chiroq demakdir. Ushbu institutlar tomonidan loyihalarning moliyalashtirilishi Uoll-strit (Wall Street) va AQShning yirik sanoat gigantlariga O‘zbekistondagi xavf-xatarlar minimal darajada ekani haqida berilgan eng kuchli signaldir.

Mazkur oliy darajadagi uchrashuv beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining bosh intrigasini ochib berdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, forum davomida AQSh kompaniyalari bilan energetika, transport va yuqori texnologiyalar sohasida uzoq muddatli, ko‘p milliardlik kelishuvlar imzolanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston o‘zining ochiqlik siyosati va qat’iy islohotlari bilan nafaqat mintaqada, balki global miqyosda ishonchli, bashorat qilib bo‘ladigan va yuqori salohiyatli strategik hamkor sifatidagi mavqeini uzil-kesil mustahkamladi. Toshkent va Vashington o‘rtasidagi bu galgi iqtisodiy muloqot yaqin yillarda ikki tomonlama munosabatlar tarixidagi eng yirik investitsiya to‘lqinini boshlab berishi kutilmoqda.

 



Source link

Continue Reading

Trending

Copyright © 2025 Xabarlar. powered by Xabarlar.