Jamiyat
“Suv ichaman deb chalg‘idim” – Navoiyda YTHga uchragan avtobus haydovchisi 10 yilga qamaldi
“Zarafshon–Navoiy” yo‘nalishida 47 nafar yo‘lovchini olib ketayotgan avtobus yo‘ldan chiqib ketib ag‘darilgan. Oqibatda 3 kishi voqea joyida vafot etgan, 21 yo‘lovchi turli darajada jarohatlangan.
JIB Tomdi tuman sudida 3 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan avtobus haydovchisiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Tongdagi YTH
Sud hukmiga ko‘ra, 2026 yil 5 yanvar kuni tongda “Zarafshon–Navoiy” yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan avtobus A-379 “Navoiy–Uchquduq” yo‘lining 167-168 kilometri oralig‘ida, cho‘l hududida YTHga uchragan. 1986 yilda tug‘ilgan X.Sh. boshqaruvidagi avtobus haydovchining ehtiyotsizligi oqibatida yo‘ldan chiqib ketib ag‘darilgan.
YTH oqibatida 3 kishi (biri voyaga yetmagan) voqea joyida vafot etgan. Jami 21 nafar yo‘lovchi turli darajada tan jarohati olgan.
“Suv ichaman deb chalg‘idim”
Haydovchi sudda aybiga iqrorlik bildirib, boshqaruv paytida suv ichaman deb chalg‘iganini aytgan. U avtobus boshqarish huquqini beruvchi toifadagi haydovchilik guvohnomasini 2021 yil yanvarda olgan bo‘lgan.
“Zarafshon shahridan keyingi dovondan avtobusni 20 km/soat tezlikda boshqarib o‘tdim. Dovondan o‘tgach, tuman biroz tarqaldi. Lekin shunda ham oldinda taxminan 10 metr masofani ko‘rish mumkin edi.
Avtobusni soatiga 70 km/soat tezlikda boshqarib ketayotgandim. Chap tomonimdagi idishni olib, suv ichdim. So‘ng suv idishning qopqog‘ini yo‘qotib qo‘ydim. Avtobusni boshqarib ketayotgan bo‘lsam-da, idishni oyoqlarim orasiga qo‘yib, qopqoqni izlay boshladim. Shu vaqtda pastga egilib qaradim va qo‘lim avtobus rulini o‘ng tomonga burib yubordi. Yo‘ldan chiqib ketishi mumkinligini o‘ylab avtobus rulini chap tomonga burdim, ammo boshqaruvni eplolmay qoldim.
Avtobus yo‘lning o‘ng tomoniga, adirlikka chiqib ketdi va ag‘darildi. O‘zimni o‘nglab, avtobusni va elektr tizimini o‘chirdim. Shu vaqt orqadan yo‘lovchilarning baqir-chaqir ovozlari eshitildi. Shundan so‘ng sherigim bilan lyuklarni ochib, yo‘lovchilarga shu yerdan chiqishlarini aytdik”, degan haydovchi o‘z ko‘rsatmasida.
Oradan 35-40 daqiqa o‘tib, IIB, tez tibbiy yordam xodimlari va qutqaruvchilar hodisa joyiga yetib borishgan.
X.Sh. jabrlanuvchilardan kechirim so‘rashini bildirib, suddan yengillik so‘ragan.
Jazo
JIB Tomdi tuman sudining 2026 yil 11 iyundagi hukmi bilan X.Sh. Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 3 yil barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil koloniyada o‘tash belgilangan.
Shuningdek, X.Sh.dan avtobus tegishli bo‘lgan MChJ foydasiga 147 mln so‘m moddiy zarar undirish nazarda tutilgan.
Navoiy viloyati IIB axborot xizmati YTH paytida avtobusda 47 nafar yo‘lovchi bo‘lganini, ulardan 2 nafari vafot etgani hamda 9 yo‘lovchi turli ko‘rinishda tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qilgandi.
Jamiyat
Faxriylar maqomi va imtiyozlarini belgilaydigan qonun loyihasi muhokama qilindi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida «Faxriylar to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, muayyan soha, tarmoq yoki kasbda uzoq yillar davomida vijdonan va namunaviy mehnat qilib, davlat hamda jamiyat e’tirofiga sazovor bo‘lgan fuqarolarga faxriy maqomi beriladi.
Hujjatda shuningdek, faxriylarning huquqiy va ijtimoiy himoyasi, davlat tomonidan taqdim etiladigan imtiyozlar hamda kafolatlarni mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilgan.
Loyihaga muvofiq, faxriy maqomini olgan shaxslar bir qator ijtimoiy va iqtisodiy yengilliklardan foydalanish huquqiga ega bo‘ladi. Jumladan, sanatoriy-kurort va sog‘lomlashtirish muassasalarida bepul davolanish, uy-joy kommunal xizmatlari uchun kompensatsiya olish, shahar transportidan bepul foydalanish imkoniyati yaratiladi.
Shuningdek, havo va temir yo‘l chiptalarida chegirmalar, davlat xizmatlaridan navbatsiz foydalanish hamda pensiya va soliq sohasida belgilangan imtiyozlardan bahramand bo‘lish nazarda tutilmoqda.
Loyihada faxriylarni dori vositalari bilan imtiyozli ta’minlash, sport inshootlari, teatrlar, muzeylar va moddiy madaniy meros obyektlarining pulli xizmatlaridan yengillashtirilgan shartlarda foydalanish huquqi ham belgilangan.
Muhokamalar davomida deputatlar tomonidan qonun loyihasining ayrim normalari yuzasidan e’tiroz va takliflar bildirildi. Xususan, faxriy maqomini berish mezonlari, imtiyozlarning qo‘llanish tartibi va ayrim huquqiy mexanizmlarni yanada aniqlashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Shu munosabat bilan hujjatni qabul qilishdan avval uni qo‘shimcha ravishda takomillashtirish, ayrim moddalarni qayta ishlash va maromiga yetkazish bo‘yicha mas’ul qo‘mitaga topshiriq berildi.
Jamiyat
Samarqandda Damas haydovchisi YTH sodir etib, mashinadan tushib qoldi
Haydovchi o‘zidan oldinda harakatlanib ketayotgan mashinalarni quvib o‘tish maqsadida asfalt qoplamasi bo‘lmagan yo‘l chetidan harakatlangan va shundan so‘ng boshqaruvni yo‘qotib, yuk mashinasiga urilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida Damas rusumli avtomobil haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, yuk mashinasiga urilgani aks etgan video tarqaldi.
Videoda haydovchi mashinasini yo‘lning asfalt bo‘lmagan chetki qismida katta tezlikda boshqarib, o‘zidan oldinda ketayotgan boshqa mashinalarni quvib o‘tishga uringani, ammo mashina boshqaruvni yo‘qotgani, o‘z yo‘lida ketayotgan yuk mashinasiga urilgani, haydovchi esa mashinadan tushib qolgani aks etgan.
YHXX xabariga ko‘ra, holat 9 iyun kuni Paxtachi tumanidan o‘tgan M-37 avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan.
Ta’kidlanishicha, Damas rulida bo‘lgan 35 yoshli haydovchi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Namanganda ta’lim tizimi mansabdori tezkor tadbirda qo‘lga olindi
Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi sho‘ba boshlig‘i maktab direktorligiga ishga kiritishni va’da qilib, fuqarodan 10 ming dollar talab qilgan. U shundan 8,5 ming dollarini olgan vaqtida tezkor tadbirda ushlandi.
Namangan viloyatida ta’lim tizimidagi korrupsion holatlar fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Namangan viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining sho‘ba boshlig‘i To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqaroni Namangan shahridagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan biriga direktor lavozimiga ishga joylashtirib qo‘yish evaziga 10 ming dollari talab qilgan. U so‘ralgan puldan 8,5 ming dollarini o‘z xizmat xonasida olgan vaqtida ushlangan.
Ushbu mansabdor shaxs 2011 yilda ham firibgarlik, hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish, mansab soxtakorligi va pora olish kabi jinoyatlar bilan sudlangani ma’lum bo‘ldi.
Yana bir holatda esa Namangan shahridagi maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimi davlat xususiy sherikchiligida 2 ta bog‘cha tashkil etmoqchi bo‘lgan tadbirkordan 2 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan. U ushbu pul evaziga Davlatobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tomonidan tegishli shartnomalarni tasdiqlatib berishni va’da qilgan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, undan ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida Davlatobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi bosh mutaxassisi ham ushlangan.
Har ikki holat bo‘yicha mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
O‘zbekistonning 9 viloyatida sel-suv toshqinlari xavfi e’lon qilindi
16–19 iyun kunlari kutilayotgan yomg‘irlar sabab O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi mumkin. O‘zgidromet aholi, dam oluvchilar va haydovchilarni ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.
Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 16–19 iyun kunlari respublika bo‘ylab kuzatiladigan yog‘ingarchiliklar ayrim hududlarda sel kelishi va suv toshqinlarini keltirib chiqarishi mumkin.
Xususan, Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy, Jizzax, Toshkent, Namangan, Farg‘ona va Andijon viloyatlarining tog‘oldi hamda tog‘li tumanlarida sel-suv toshqinlari yuzaga kelishi ehtimoli yuqori.
Mutaxassislar tog‘li hududlarda yashovchi aholi, sayyohlar, dam oluvchilar va mazkur hududlar orqali harakatlanuvchi haydovchilarni ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirmoqda.
Shuningdek, kuchli yomg‘irlar oqibatida respublikaning ayrim hududlarida yomg‘ir suvlari to‘planishi mumkin. Bu esa pastqam joylarni suv bosishi va transport harakatida qiyinchiliklar yuzaga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Mutasaddilar fuqarolarga ob-havo ma’lumotlarini kuzatib borish, xavfli hududlarda ehtiyotkorlikka rioya qilish hamda zarurat bo‘lmasa tog‘li hududlarga safarlarni cheklashni tavsiya qildi.
Jamiyat
mahkumlar uchun yangi tartib tasdiqlandi
O‘zbekistonda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan mahkumlarning ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga oid adabiyotlarni o‘qishi va o‘zlashtirishini baholashning yangi mexanizmi joriy etildi. Yangi tartibga ko‘ra, test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan mahkumlarning jazo muddati o‘qigan har bir kitobi uchun uch kunga qisqartirilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan jazoni ijro etish muassasalarida mahkumlarning ma’naviy-axloqiy qadriyatlarga oid adabiyotlarni o‘qishini baholash va tasdiqlash tartibi belgilandi.
Hujjatga ko‘ra, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi hamda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida mahkumlar uchun maxsus adabiyotlar ro‘yxati shakllantiriladi va har yili yangilanib boriladi.
Mahkumlar o‘qigan kitoblari bo‘yicha maxsus elektron tizim orqali test sinovlaridan o‘tadi. Testlar 100 ballik tizim asosida baholanadi va muvaffaqiyatli natija qayd etilishi uchun kamida 70 ball to‘plash talab etiladi.
Qarorga muvofiq, mahkumning jazo muddati har bir o‘qilgan kitob uchun uch kunga qisqartiriladi. Biroq bir yil davomida qisqartiriladigan muddatning umumiy hajmi o‘ttiz kundan oshmasligi belgilangan.
Test jarayonlarining shaffofligini ta’minlash maqsadida muassasalarda maxsus komissiyalar tashkil etiladi. Komissiya tarkibiga muassasa xodimlari bilan bir qatorda jamoatchilik vakillari ham kiritiladi. Shuningdek, test sinovlari videokuzatuv vositalari orqali nazorat qilinadi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur tartib mahkumlarni kitobxonlikka jalb qilish, ularning ma’naviy saviyasini oshirish hamda jamiyatga moslashuvini kuchaytirishga xizmat qiladi.
-
Iqtisodiyot4 days agoSpaceX tarixdagi eng yirik IPOʻni amalga oshirdi
-
Dunyodan4 days agoYevropa Ittifoqi Oʻrta Yer dengizidagi “soya flotlari”ga qarshi reydlarni kuchaytirdi
-
Jamiyat3 days agoIchki kiyimga yashirilgan giyohvandlik moddasi saqlovchi kapsulalar aniqlandi
-
Iqtisodiyot3 days agoMevalar nega qimmat?
-
Iqtisodiyot3 days ago11:55 Namanganda “chempion” tadbirkorlar va yirik investitsiya loyihalari qo‘llab-quvvatlanadi
-
Siyosat4 days agoShvetsiya va O‘zbekiston immigratsiya shartnomasini imzoladi, viza tartiblarini soddalashtirishga kelishib oldi
-
Jamiyat3 days agoToshkentda 34 kilogrammdan ziyod narkotik moddalar musodara qilindi
-
Iqtisodiyot4 days ago
Fond birjasi va birjadan tashqari savdo tashkilotchilari uchun litsenziyalash tartibi belgilandi
