Jamiyat
“Suv ichaman deb chalg‘idim” – Navoiyda YTHga uchragan avtobus haydovchisi 10 yilga qamaldi
“Zarafshon–Navoiy” yo‘nalishida 47 nafar yo‘lovchini olib ketayotgan avtobus yo‘ldan chiqib ketib ag‘darilgan. Oqibatda 3 kishi voqea joyida vafot etgan, 21 yo‘lovchi turli darajada jarohatlangan.
JIB Tomdi tuman sudida 3 kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan avtobus haydovchisiga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, hukm o‘qildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Tongdagi YTH
Sud hukmiga ko‘ra, 2026 yil 5 yanvar kuni tongda “Zarafshon–Navoiy” yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan avtobus A-379 “Navoiy–Uchquduq” yo‘lining 167-168 kilometri oralig‘ida, cho‘l hududida YTHga uchragan. 1986 yilda tug‘ilgan X.Sh. boshqaruvidagi avtobus haydovchining ehtiyotsizligi oqibatida yo‘ldan chiqib ketib ag‘darilgan.
YTH oqibatida 3 kishi (biri voyaga yetmagan) voqea joyida vafot etgan. Jami 21 nafar yo‘lovchi turli darajada tan jarohati olgan.
“Suv ichaman deb chalg‘idim”
Haydovchi sudda aybiga iqrorlik bildirib, boshqaruv paytida suv ichaman deb chalg‘iganini aytgan. U avtobus boshqarish huquqini beruvchi toifadagi haydovchilik guvohnomasini 2021 yil yanvarda olgan bo‘lgan.
“Zarafshon shahridan keyingi dovondan avtobusni 20 km/soat tezlikda boshqarib o‘tdim. Dovondan o‘tgach, tuman biroz tarqaldi. Lekin shunda ham oldinda taxminan 10 metr masofani ko‘rish mumkin edi.
Avtobusni soatiga 70 km/soat tezlikda boshqarib ketayotgandim. Chap tomonimdagi idishni olib, suv ichdim. So‘ng suv idishning qopqog‘ini yo‘qotib qo‘ydim. Avtobusni boshqarib ketayotgan bo‘lsam-da, idishni oyoqlarim orasiga qo‘yib, qopqoqni izlay boshladim. Shu vaqtda pastga egilib qaradim va qo‘lim avtobus rulini o‘ng tomonga burib yubordi. Yo‘ldan chiqib ketishi mumkinligini o‘ylab avtobus rulini chap tomonga burdim, ammo boshqaruvni eplolmay qoldim.
Avtobus yo‘lning o‘ng tomoniga, adirlikka chiqib ketdi va ag‘darildi. O‘zimni o‘nglab, avtobusni va elektr tizimini o‘chirdim. Shu vaqt orqadan yo‘lovchilarning baqir-chaqir ovozlari eshitildi. Shundan so‘ng sherigim bilan lyuklarni ochib, yo‘lovchilarga shu yerdan chiqishlarini aytdik”, degan haydovchi o‘z ko‘rsatmasida.
Oradan 35-40 daqiqa o‘tib, IIB, tez tibbiy yordam xodimlari va qutqaruvchilar hodisa joyiga yetib borishgan.
X.Sh. jabrlanuvchilardan kechirim so‘rashini bildirib, suddan yengillik so‘ragan.
Jazo
JIB Tomdi tuman sudining 2026 yil 11 iyundagi hukmi bilan X.Sh. Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi) sodir etganlikda aybdor deb topilgan. Unga 3 yil barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil koloniyada o‘tash belgilangan.
Shuningdek, X.Sh.dan avtobus tegishli bo‘lgan MChJ foydasiga 147 mln so‘m moddiy zarar undirish nazarda tutilgan.
Navoiy viloyati IIB axborot xizmati YTH paytida avtobusda 47 nafar yo‘lovchi bo‘lganini, ulardan 2 nafari vafot etgani hamda 9 yo‘lovchi turli ko‘rinishda tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilganini ma’lum qilgandi.