Jamiyat
Surxondaryodagi uchta tumanga hokimlar tayinlandi
Surxondaryodagi uchta tumanga yangi hokim tayinlandi.
Bugun Xalq deputatlari Denov tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Prezident raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Denov tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Ilhom Abrorov vazifasidan ozod etilgani ta’kidlandi.
Viloyat rahbari deputatlar e’tiboriga Denov tumani hokimi lavozimiga Normamatov Anvar Mamatovich nomzodini taklif etdi. Mazkur nomzod Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tomonidan ma’qullandi.
Ma’lumot uchun, Anvar Normamatov 1981-yilda Angor tumanida tug‘ilgan. 2003-yilda O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasini huquqshunoslik yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida Ichki ishlar organlarida turli mas’ul lavozimlarda xizmat qilgan. Jumladan, Sariosiyo, Uzun va Qiziriq tumanlari hamda Termiz shahar Ichki ishlar bo‘limlarida boshliq, Surxondaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Tayinlovga qadar esa Qumqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida faoliyat olib borgan.
Oltinsoy tumaniga ham yangi hokim tayinlandi. Xalq deputatlari Oltinsoy tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi rejalarga to‘xtaldi.
Sessiya davomida tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Shu kungacha Oltinsoy tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Baxrom Maxmatraemov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi.
Viloyat rahbari tuman hokimi lavozimiga Milliy kadrlar zaxirasidan tavsiya etilgan Mavlyanov Otabek Rustamovich nomzodini taklif etdi. Mazkur nomzod Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tomonidan ma’qullandi.
Ma’lumot uchun, Otabek Mavlyanov 1980-yilda Termiz tumanida tug‘ilgan. 2001-yilda Termiz davlat universitetini moliya yo‘nalishi bo‘yicha tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida mahalliy hokimliklar hamda Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari markazi tizimida turli lavozimlarda faoliyat yuritgan. Jumladan, Termiz tumani hokimining o‘rinbosari, viloyat Investitsiyalar va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. Tayinlovga qadar esa Surxondaryo viloyati Investitsiyalar, sanoat va tashqi savdo boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.
Qumqo‘rg‘on tumaniga yangi hokim tayinlandi
Bugun Xalq deputatlari Qumqo‘rg‘on tumani Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov ishtirok etdi.
Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Shu kungacha Qumqo‘rg‘on tumani hokimi lavozimida faoliyat yuritib kelgan Anvar Normamatov boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan lavozimidan ozod etilgani ma’lum qilindi.
Viloyat hokimi tomonidan tuman hokimi lavozimiga Xoliqov Farrux Omonovich nomzodi taklif etildi. Mazkur nomzod Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari tomonidan ma’qullandi. Farrux Xoliqov Milliy kadrlar zaxirasidan tavsiya etilgan.
Ma’lumot uchun, Farrux Xoliqov 1985-yilda Qashqadaryo viloyati Kitob tumanida tug‘ilgan. U 2009-yilda Toshkent davlat yuridik institutini, 2016-yilda Bosh prokuratura oliy o‘quv kursini huquqshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.
Mehnat faoliyati davomida prokuratura organlarida turli lavozimlarda, jumladan, Uzun va Sho‘rchi tumanlari prokurori sifatida ishlagan. Tayinlovga qadar Denov tumani prokurori lavozimida faoliyat yuritib kelgan.
Jamiyat
Pora olgan elektr muhandislari ushlandi
Toshkent shahridagi tuman elektr tarmoqlari korxonasining ikki nafar muhandisi pora bilan qo‘lga tushdi.
Muhandislar tijorat banklaridan birining binosida elektr hisoblagich noto‘g‘ri ulangani va elektr sarfi xato hisoblanayotgani haqida dalolatnoma rasmiylashtirishgan. Ular ushbu dalolatnoma bo‘yicha 400 mln so‘m jarima hisoblashgan va uni 65 mln so‘mga tushirib berish evaziga MChJ rahbaridan 8 ming dollar talab qilishgan.
DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, muhandislar so‘ralgan pulni uchinchi shaxs orqali olayotgan vaqtida ushlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda elektr korxonasi muhandislari 8 ming dollar bilan ushlandi
Toshkent shahrida elektr tarmoqlari korxonasining ikki nafar muhandisi katta miqdordagi jarimani kamaytirib berish evaziga pora talab qilgan vaqtda qo‘lga olindi.
Toshkent shahri tumanlaridan birida faoliyat yurituvchi elektr tarmoqlari korxonasining 2 nafar muhandisi tijorat bank filiali binosida o‘rnatilgan elektr hisoblagichni tekshirish jarayonida qonunbuzilish holatini aniqlagan.
Ma’lum bo‘lishicha, elektr hisoblagich tarmoqqa noto‘g‘ri sxema orqali ulangani sabab elektr energiyasi hisob-kitoblari xato yuritilayotganligi qayd etilgan. Shu asosda ular tomonidan 400 mln so‘m miqdorida jarima hisoblangan.
Biroq muhandislar elektr hisoblagichni tarmoqqa ulagan mas’ul MChJ rahbariga ushbu jarimani 65 mln so‘mga tushirib berishni va’da qilib, evaziga 8 ming AQSh dollari talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda muhandislar so‘ralgan pul mablag‘ini uchinchi shaxs orqali olgan vaqtda qo‘lga olindi.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolardan shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda 1520 qisqa raqami orqali xabar berish so‘raldi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanadi.
Jamiyat
Namanganda qurilish boshqarmasi bosh mutaxassislari ushlandi
Namanganda qurilish sohasida korrupsion holat aniqlandi.
Namangan viloyati Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasining ikki nafar bosh mutaxassisi o‘zaro til biriktirgan. Ular mahalliy tadbirkorga tegishli bo‘lgan, Yangi Namangan tumanida joylashgan 2 qavatli noturar binoning qurilish ruxsatnomasi, arxitektura-rejalashtirish topshirig‘i va loyiha hujjatlarini ijobiy hal qilib berish evaziga 22 ming AQSh dollari talab qilishib, joriy yilning mart oyida 7 ming dollar olishgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ulardan biri qolgan 15 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Shuningdek, ikkinchi bosh mutaxassis ham protsessual tartibda qo‘lga olindi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Uy-joyga muhtoj yosh oilalarga ipoteka kreditlari ajratiladi
Joriy yil 20-aprel kuni Prezidentning «Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030» strategiyasini tasdiqlash hamda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF–66-son farmoni qabul qilindi.
Farmon bilan 2026–2030 yillarga mo‘ljallangan «Yangi O‘zbekiston yoshlari – 2030» strategiyasi (Strategiya) tasdiqlandi hamda uning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi.
Jumladan, 2027-yil 1-yanvardan uy-joyga muhtoj yosh oilalarga birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun ipoteka kreditlarini ajratish yo‘lga qo‘yiladi.
Unda ipoteka dasturi doirasida ipoteka kreditlari bo‘yicha hisoblangan foiz to‘lovlarining Markaziy bank asosiy stavkasidan oshgan qismi Davlat budjetidan qoplab beriladi.
Shuningdek, quyidagi asosiy ijtimoiy mezonlarga muvofiq keladigan yosh oilalarga ipoteka krediti ajratiladi:
ariza beruvchi hamda uning turmush o‘rtog‘i 30 yoshdan oshmagan bo‘lishi;
ariza beruvchi hamda uning turmush o‘rtog‘i nomida so‘nggi 3 yilda mulk huquqi asosida ko‘chmas mulk mavjud emasligi.
Jamiyat
Jurnalistlar uyushmasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlik memorandumini imzoladi
2026-yil 22-aprel kuni Toshkent shahrida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayxo Mahkamova O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi raisi vazifasini bajaruvchi Shuhrat Oripov bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning jamiyatdagi faolligini oshirish hamda ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olishga qaratilgan islohotlarni ommaviy axborot vositalari orqali keng jamoatchilikka yetkazish yuzasidan o‘zaro fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi va Jurnalistlar uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Memorandumga muvofiq, Jurnalistlar uyushmasi o‘z a’zolarini jalb qilgan holda oila va xotin-qizlar masalalariga oid davlat siyosati hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritish, shu jumladan video, audio va boshqa mediakontentlar tayyorlash ishlarini amalga oshiradi.
Shuningdek, tomonlar hamkorlikda:
— Mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va faolligini oshirishga qaratilgan tashabbuslar, milliy qadriyatlar va ijtimoiy loyihalarni xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish maqsadida xorijiy auditoriya uchun ham jurnalistik materiallar tayyorlash;
— «Oltin qalam»,«Atirgul» kabi ko‘rik-tanlovlar orqali, shuningdek, ijodiy loyihalar va media tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish eng yaxshi jurnalistik materiallarni aniqlash, ularni rag‘batlantirish;
— mediaturlar, matbuot anjumanlari va brifinglarda jurnalistlar ishtirokini ta’minlash;
— qo‘mita tizimi xodimlari va xotin-qizlar faollarining OAV bilan ishlash ko‘nikmalarini oshirish maqsadida seminar-treninglar va davra suhbatlari tashkil etish;
— oila va xotin-qizlar hayotiga oid axborotlarni muntazam yig‘ish, tahlil qilish hamda tahliliy materiallar tayyorlash;
— milliy qadriyatlar, ijtimoiy tashabbuslar va ilg‘or tajribalarni xalqaro miqyosda targ‘ib etish uchun xorijiy auditoriyaga mo‘ljallangan materiallar tayyorlash;
— ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda faol jurnalistlar va blogerlarni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;
— qo‘mita axborot xizmatiga jamoatchilik bilan ishlash va raqamli kommunikatsiyalar bo‘yicha metodik yordam ko‘rsatish;
— joylarda jurnalistika sohasi faxriylarini e’zozlash va ularning yubileylarini nishonlashga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish yo‘nalishlarida hamkorlik qiladi.
-
Dunyodan5 days agoEron Hurmuz boʻgʻozini bloklagani sababli muzokaralarni rad etmoqda
-
Siyosat3 days agoSaida Mirziyoyeva xalqaro forumda Prezident murojaatini o‘qib eshittirdi
-
Siyosat5 days ago“Oʻzbekneftgaz” va Xitoyning CNPC hamkori uglevodorodlarning oʻta chuqur zahiralarini oʻrganish boʻyicha
-
Siyosat5 days agoSamarqandda narkotiklarning transmilliy tahdidlariga qarshi kurash bo‘yicha xalqaro forum bo‘lib o‘tmoqda
-
Siyosat3 days agoPrezident Shavkat Mirziyoyev JSST bosh direktorini qabul qildi
-
Siyosat5 days agoGiyohvand moddalar savdosini moliyaviy tomirlarni kesish orqali to’xtatish mumkin.
-
Siyosat4 days agoHukumat mehnat muhojirlariga til oʻrgatish va malaka olish xarajatlari uchun kompensatsiya toʻlashi kerak
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev mintaqaviy sammitda yashil savdo yoʻlaklari va yagona iqlim investitsiya strategiyasini taklif qildi
