Jamiyat
Sudyadan tortib obodonlashtirish boshliqlarigacha — poytaxt va uch viloyatda poraxo‘rlar ushlandi
Poytaxt hamda Namangan, Farg‘ona, Samarqand viloyatlarida korrupsiya jinoyatlari fosh etildi.
Namangan. O‘zbekiston xalqaro arbitraj va hakamlik sudlarini rivojlantirish jamoat fondi huzuridagi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi Namangan viloyat hakamlik sudi sudyasi Chust tumanida yashovchi shaxsga mazkur tumanning «Mustaqillik» MFYdagi 6 sotix yer maydonida joylashgan, qurilishi tugallanmagan bahsli noturar binoga egalik huquqini beruvchi hal qiluv qarorini chiqarib berish evaziga 3 200 AQSh dollari talab qiladi.
DXX va Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda sudyasi ushbu pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Farg‘ona. DXX va IJQKD hamkorligida o‘tkazilgan boshqa tezkor tadbirda esa Farg‘ona viloyati Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi O‘zbekiston tumanidagi chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jalikning naslchilik toifasiga o‘tkazilganligi to‘g‘risida guvohnoma rasmiylashtirib berganligi evaziga mazkur xo‘jalikning ish boshqaruvchisidan 500 AQSh dollari olgan vaqtida ushlandi.
Dastlabki surishtiruv tadbirlari davomida bosh mutaxassis ushbu pul mablag‘ini viloyat Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosariga berishi kerakligi ma’lum bo‘lib, tezkor tadbir davom ettirildi va mazkur mansabdor shaxs 300 AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Samarqand. Pastdarg‘om tumanida buxgalteriya xizmatlari ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi MChJ rahbari 2 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni o‘zi buxgalteriya ishini olib borayotgan korxonalarning go‘yoki ishchi xodimi bo‘lganliklari haqida soxta ma’lumotlar kiritish orqali ish stajlarini ko‘paytirib, har biriga 2,5 mln so‘mdan pensiya tayinlanishini «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi Pastdarg‘om tuman bo‘limi xodimi bilan hal qilib, nafaqaga chiqarib berish evaziga 2 000 AQSh dollari talab qiladi.
DXX hamda Bosh prokuratura huzuridagi departament xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda MChJ rahbari kelishilgan puldan 1 900 AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Poytaxt. Toshkent shahar kanallardan foydalanish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish boshqarmasining 2 nafar bo‘lim boshlig‘i o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda, qurilish firmasi tomonidan Bo‘zsuv kanali hududiga to‘kilgan chiqindi tuproqlar uchun 60 mln so‘m miqdorida jarima qo‘llanilishi yuzasidan dalolatnoma rasmiylashtirmaslik va kelgusida rahnamolik qilish evaziga tamagirlik yo‘li bilan 30 mln so‘m olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Jamiyat
Toshkentda tug‘uruqqa sog‘lom kirgan 21 yoshli ayol ikki oydan buyon og‘ir ahvolda
Toshkentdagi tug‘uruq muassasalaridan birida 21 yoshli ayol tug‘uruqdan keyin falaj holatiga tushib qolgan. Voqeaga ikki oy bo‘lganiga qaramay, uning ahvoli hanuz og‘irligicha qolmoqda. Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi Kun.uz’ga holat yuz berganini tasdiqlab, bemor shifokorlar nazorati ostida ekanini ma’lum qildi.
Ayolning yaqinlari ma’lum qilishicha, voqea joriy yil 24 aprel kuni Toshkentdagi 9-tug‘uruq muassasasida sodir bo‘lgan. Ularning aytishicha, ayol homiladorlik davrini sog‘lom o‘tkazgan va tug‘uruqqa jiddiy muammolarsiz kirgan.
Yaqinlarining so‘zlariga ko‘ra, tug‘uruq jarayonida og‘riqni kamaytirish maqsadida epidural anesteziya qo‘llangan. Shundan keyin ayolning ahvoli og‘irlashib, u koma holatiga tushgan. Chaqaloq kesarcha kesish amaliyoti orqali dunyoga keltirilgan.
Ma’lum qilinishicha, uch kundan keyin ona va chaqaloq Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish markazi jonlantirish bo‘limiga o‘tkazilgan. Ayol komadan chiqqan, ammo unda falajlik alomatlari kuzatilgani aytilmoqda.
Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi Kun.uz so‘roviga javoban mazkur holatni tasdiqladi. Boshqarmaga ko‘ra, bemor ayni vaqtda mutaxassislar nazorati ostida davolanyapti.
Hozircha ayol ahvolining og‘irlashishi sabablari bo‘yicha rasmiy xulosa e’lon qilinmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kuvaytda faoliyat yuritayotgan o‘zbek anesteziologi Jahongir Jo‘rayev Kun.uz bilan suhbatda O‘zbekistonda anesteziologiya sohasi chuqur islohotlarga muhtojligini ta’kidlagan edi. Uning fikricha, anesteziologik yondashuvlar va xavfsizlik standartlari yetarli darajada takomillashtirilmasa, og‘ir asoratlar va o‘lim bilan bog‘liq holatlar kuzatilishi davom etishi mumkin.
Jamiyat
Mehnat inspeksiyasi Adiz Boboyevga ogohlantirish yubordi
Inspeksiya Samarqand viloyati hokimini pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etganlik uchun javobgarlik borligidan ogohlantirgan.
Samarqand viloyati hokimligi e’lon qilgan videodan kadr
Mehnat inspeksiyasi Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevga o‘qituvchilarni ko‘chalardagi obodonlashtirish va monitoring ishlariga jalb etish tashabbusi yuzasidan ogohlantirish yubordi. Bu haqda inspeksiya axborot xizmati xabar berdi.
Inspeksiya rasmiy munosabatida amaldagi qonunchilikka ko‘ra, pedagog xodimlarni ularning kasbiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga majburiy tarzda jalb etish taqiqlanishini eslatgan.
“Agar mazkur tashabbus amaliyotga joriy etilib, pedagoglar faoliyatiga daxldor bo‘lmagan ishlarga jalb etilsa, majburiy mehnat holatlarining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi.
Shu munosabat bilan Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyevga pedagoglarni kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan ishlarga jalb etish qonunchilikka zid ekani hamda bunday holatlar uchun javobgarlik belgilanganligi yuzasidan ogohlantirish yuborildi”, deyiladi munosabatda.
Idora har qanday tashabbusni amalga oshirishda amaldagi qonunchilik talablariga rioya etish, pedagoglarning huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini ta’minlash zarurligini qo‘shimcha qilgan.
Samarqand viloyati hokimligi ham rasmiy munosabat bildirib, viloyat rahbarining tavsiyasidan asosiy maqsad talabalarni jismoniy mehnatga jalb qilish emas, balki sohaga ixtisoslashgan oliy ta’lim muassasalari, fakultetlar va kafedralarning ilmiy salohiyatidan samarali foydalanish, jamoatchilik nazoratini o‘rnatishdan iborat ekanini ma’lum qildi.
“Bugungi kunda shahar ko‘chalarida turli kasalliklar, zararkunanda hasharotlar hamda noto‘g‘ri agrotexnik yondashuvlar kabi qator omillar tufayli ayrim daraxtlar kasallanib, qurib qolmoqda. Bu masalalarni hal etishda ilmiy yondashuv va mutaxassislar maslahat va tavsiyalari asosida ish tutish muhim ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan oliy o‘quv yurtlari rektorlari bilan uchrashuvda biologiya, ekologiya, agronomiya, tuproqshunoslik va landshaft dizayni kabi yo‘nalishlarda ta’lim olayotgan yosh tadqiqotchilar hamda professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot ishlarini shahar muhitidagi amaliy kuzatuvlar bilan uyg‘unlashtirish taklif etildi.
Bu jarayonda talabalar va yosh olimlar daraxtlarning holatini o‘rganish, monitoring olib borish, kasallik va zararkunandalar belgilarini erta aniqlash bo‘yicha ilmiy xulosalar hamda tavsiyalar ishlab chiqishlari mumkin bo‘ladi. Barcha agrotexnik va jismoniy ishlar esa tegishli kommunal va obodonlashtirish tashkilotlari tomonidan amalga oshiriladi.
Ta’kidlash joizki, mazkur tashabbus ilmiy muassasalar, mahalliy hokimlik va obodonlashtirish xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan”, deyiladi hokimlik munosabatida.
Qo‘shimcha qilinishicha, bu yondashuv talabalar uchun sifatli amaliyot maydonini yaratish, ilmiy izlanishlarning amaliy samaradorligini oshirish va shaharning yashil fondini saqlash bo‘yicha zamonaviy yechimlarni ishlab chiqish imkonini beradi. Hokimlik har qanday tashabbusni amalga oshirishda qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilinishi, fuqarolar huquq va manfaatlari ta’minlanishi hamda majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilmasligini bildirgan.
Avvalroq Samarqand viloyati hokimi o‘qituvchilarni ko‘cha nazoratchisiga aylantirishni buyurgani xabar qilingandi. Adiz Boboyev o‘z topshirig‘ida Samarqand shahridagi ko‘chalarni OTMlarga biriktirib qo‘yishni, oliygoh pedagoglari o‘zlariga biriktirilgan ko‘chaning tozaligi, ko‘cha bo‘yidagi daraxtlar va sug‘orish tizimining holatini monitoring qilib, muammolar haqida obodonlashtirish xizmatini xabardor qilib turishi kerakligini aytgandi.
Jamiyat
Mahallalar uyushmasining bo‘limlariga yangi huquq beriladi
«Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni (PF–116-son, 24.06.2026-y.) qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlariga:
– mahallalardagi muammolarni tizimli tahlil qilish, mas’ul idoralar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish, shuningdek, hududiy dasturlarni tayyorlash hamda ijrosini nazorat qilishda ishtirok etish huquqi beriladi.
Mahallada yashovchi 1-marotaba ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgan fuqarolarga ularning oilaviy sharoitidan kelib chiqib, fuqarolar yig‘ini kengashining kollegial qarori asosida shaxsga nisbatan yengillik berish to‘g‘risida qilingan murojaat sud-tergov organlari tomonidan qanoatlantirilgan hollarda:
– «mahalla yettiligi» kafillikka olingan shaxsni qayta tarbiyalash, zarur hollarda, kasbga o‘rgatish, bandligini ta’minlash, ta’limga yo‘naltirishga mas’ul bo‘ladi;
– kafillikka olingan shaxs 3 yil davomida jinoyat va huquqbuzarlik sodir etmasa, «mahalla yettiligi»ning shaxsni tarbiyalashda faollik ko‘rsatgan a’zosini qo‘shimcha rag‘batlantirish choralari ko‘riladi.
Uyushmaning tuman (shahar) bo‘limi boshliqlariga «mahalla yettiligi» faoliyatiga aralashganlik, ularni xizmat vazifalari bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etganlik uchun tuman (shahar) hokimlariga taqdimnomalar kiritish vakolati beriladi.
Jamiyat
Quva tumani hokimi ham fermerni haqoratlagani aytilmoqda
Quva tumani hokimi Halimjon Umarovga tegishli ekani aytilayotgan audioyozuv tarqaldi. Unda amaldor fermerni haqoratlagani hamda yerni majburan topshirish haqida ko‘rsatma bergani eshitiladi. Farg‘ona viloyati hokimligi holatga aniqlik kiritish uchun xizmat tekshiruvi tayinlanganini bildirgan.
Quva tumani hokimi Halimjon Umarov fermerni haqorat qilgani aytilmoqda. Bu haqda Daryo.uz xabar berdi.
Xabarda aytilishicha, audioyozuvda Quva tumani hokimi Halimjon Umarov ekani taxmin qilinayotgan shaxs fermerlar bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ulardan birini haqorat qilgan. U yerni majburan topshirishga ko‘rsatma bergani eshitiladi.
“Ey sen, k.., gaplashging kelmayaptimi men bilan? …qa o‘yin qilyapsanmi? 3 kundan beri axtaraman seni, topilmaysan. … tiqib qo‘yaymi hozir?! Tiqilging kelyaptimi?”, degan amaldor fermer bilan suhbatda.
Holat yuzasidan Farg‘ona viloyati hokimligi axborot xizmati izoh berib, holatga aniqlik kiritish uchun xizmat tekshiruvi tayinlanganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Halimjon Umarov 2021 yil fevralidan Quva tumani hokimi lavozimida ishlab keladi. Bungacha u Farg‘ona viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.
Avvalroq Surxondaryo viloyati Muzrabot tumani hokimi Abdulla Mamatqulov g‘alla topshirish rejasini bajarmayotgan fermerlarni qo‘pol haqoratlab, hatto onasidan so‘kkandi. Holat o‘z tasdig‘ini topib, hokimga hayfsan berilgandi.
Jamiyat
Toshkentda avtobusda ayolga jinsiy a’zosini ko‘rsatib, shilqimlik qilgan erkak 15 sutkaga qamaldi
50 yoshli erkak 93-sonli yo‘nalishda harakatlanayotgan avtobusga chiqib, ayol yonidagi o‘rindiqqa o‘tirgan. Avvaliga ayolning qo‘liga tegingan, so‘ngra jinsiy a’zosini ko‘rsatib, unga shahvoniy shilqimlik qilgan.
Sun’iy intellekt yordamida yaratilgan illyustrativ surat
Toshkent shahridagi avtobus ichida ayolga shilqimlik qilgan erkak ma’muriy jazoga tortildi. Kun.uz sud qarori bilan tanishdi.
Sud hujjatiga ko‘ra, 50 yoshli T.S. 23 iyun kuni ertalab 93-sonli yo‘nalishda harakatlanadigan avtobusga mingan. U avtobus ichida yonida o‘tirgan ayolga jinsiy a’zosini ko‘rsatib, shahvoniy shilqimlik qilgan.Qo‘rqib ketgan ayol baqirib, haydovchidan yordam so‘ragach, erkak avtobusdan tushib ketishga uringan. Ammo haydovchi eshiklarni ochmagan.
T.S. sudda aybiga iqrorlik bildirgan. U mast holatda bo‘lgani uchun uyatli harakatlar qilganini eslay olmasligini, ichki ishlar binosiga olib kelishganidan keyin o‘zini anglay boshlaganini aytgan.
Jabrlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida shunday degan:
“23 iyun kuni soat 7:45 larda avtobusda menga notanish erkak yonimga kelib o‘tirdi va qo‘li bilan qo‘limga tegindi. Shunda o‘zimni undan uzoqlashtirish uchun chekkaroq surildim. Keyin T.S. o‘zining jinsiy a’zosini ko‘rsatdi. Qo‘rqib baqirib yubordim, haydovchidan yordam so‘radim. T.S. qochib, avtobusdan tushib ketmoqchi bo‘ldi, lekin haydovchi eshiklarni ochmadi. Shunda T.S. haydovchini uyatli so‘zlar bilan so‘kib, avtobus eshiklarini ochishga urindi. Lekin qochib ketolmadi. Shundan so‘ng voqea joyiga ichki ishlar xodimlari keldi”.
Ayol suddan huquqbuzarga nisbatan chora ko‘rishni so‘ragan.
JIB Bektemir sudining qarori bilan T.S. MJtKning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) 1-qismi, 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etishda aybli deb topildi. Unga 15 sutka ma’muriy qamoqqa jazosi tayinlangan.
Avvalroq Toshkentda amaliyotchi talaba qizlarga shilqimlik qilgan shifokor 5 sutkaga qamalgandi.
-
Dunyodan5 days agoEron Hormuz boʻgʻozi yopilganini eʼlon qildi
-
Jamiyat4 days ago
Bugun ayrim hududlarda havo harorati 44 darajaga yetishi mumkin
-
Siyosat4 days ago
«Endigi vazifa erishilgan kelishuvlarni real loyihalarga aylantirish»
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekistonda qurilish ishlari hajmi 35 yilda 12 barobar oshdi
-
Jamiyat5 days ago
Uy qurmoqchimisiz? Hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi bilan tanishing
-
Iqtisodiyot4 days agoO‘zbekiston qaysi mamlakatlarga ko‘proq mahsulot sotmoqda?
-
Siyosat3 days agoPrezident Mirziyoyev Ozarbayjon elchisini oʻz nihoyasiga yetgan “Mehnat Shufrati” ordeni bilan taqdirladi
-
Dunyodan5 days agoAQSh va Eron o’rtasidagi urushning iqtisodiy oqibatlari hisoblanmoqda
