Jamiyat
Sudlarda iqtisodiy nizolarni tezkor hal etish uchun yangi standart joriy etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev sud-huquq islohotlarining natijalari va sohadagi ustuvor vazifalarni muhokama qilish yuzasidan sud tizimi rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqotda sudlar faoliyatini 2030 yilga qadar rivojlantirishga qaratilgan «Odil sudlov – 2030» strategiyasi loyihasi taqdimot qilindi.
So‘nggi yillarda sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, inson huquqlarini sud orqali himoya qilish va odil sudlovga erishish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirildi. Shu bilan birga, aholi murojaatlari va sud amaliyoti tahlili tizimda yechimini kutayotgan masalalar mavjudligini ko‘rsatdi.
Shu munosabat bilan islohotlar natijasi, avvalo, fuqaroning sudga ortiqcha ovoragarchiliksiz murojaat qilishi, buzilgan huquqi o‘z vaqtida tiklanishi va qabul qilingan qarorning adolatli ekaniga ishonch hosil qilishida namoyon bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
«Odil sudlov – 2030» strategiyasi aholining takliflari, olimlar, amaliyotchi yuristlar va advokatlar bilan muloqotlar, shuningdek, ilg‘or xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan. Strategiyada 57 ta vazifa, uni amalga oshirish bo‘yicha 2026-2028 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar dasturida 160 ta aniq chora-tadbir hamda 2030 yilga qadar erishilishi lozim bo‘lgan 33 ta maqsad belgilangan.
Jumladan, quyi sudlar qarorlarini qayta ko‘rib chiqish xolisligini oshirish maqsadida 2027 yil 1 iyuldan 5 ta hududlararo sud tashkil etiladi. Viloyat sudlarida apellyasiya va kassatsiya instansiyalari saqlanib, taftish instansiyasining vakolatlari hududlararo sudlarga beriladi. Bu bir sudning o‘z qarorini o‘zi qayta ko‘rib chiqishi amaliyotiga chek qo‘yadi va fuqarolarning adolat izlab poytaxtga borish zaruratini kamaytiradi.
Kundalik hayotiy muammolarni hal etuvchi, odamlarning ishi ko‘proq tushadigan sudlar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar ekanligini inobatga olib, ularni xalqqa yaqinlashtirish maqsadida 2030 yilga qadar zaruratga qarab qariyb barcha tuman va shaharlarda fuqarolik sudlarining faoliyati bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yiladi. Barcha sudlarda axborot olish, murojaat topshirish va raqamli xizmatlardan foydalanish «yagona darcha» tamoyili asosida ta’minlanadi.
Sudga berilgan ariza boshqa sudga tegishli bo‘lsa, u fuqaroga qaytarilmaydi, sudning o‘zi uni tegishli sudga yuboradi. Arizada juz’iy kamchilik aniqlangan taqdirda sud uni bartaraf etishda fuqaroga faol ko‘maklashadi.
Iqtisodiy nizolarni tezkor hal etish uchun «iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish» standarti joriy etiladi. Bu tadbirkorlarning idorama-idora sarson bo‘lishi va hujjatlarni qayta-qayta topshirishiga chek qo‘yadi.
Inson erki – oliy qadriyat ekanligidan kelib chiqib, tergov, surishtiruv bosqichida inson huquqlari kafolatlarini kuchaytirish uchun «asosli gumon» (prima facie) standarti joriy etiladi. Tergov sudyasi sanksiya berish masalasini ko‘rib chiqishda shaxsni ushlab turishning qonuniyligi, gumon yoki ayblov uchun asoslar yetarliligini tekshirish va zarur qo‘shimcha hujjatlarni talab qilish imkoniga ega bo‘ladi. Bu esa shaxsning erkinligi asossiz cheklanishining oldini oladi.
Yagona sud amaliyotini ta’minlash maqsadida Oliy sud Rayosati qarorlarini qamrab oladigan ochiq «Pretsedentlar reyestri» yuritiladi.
Sudyalarni odil sudlovga daxldor bo‘lmagan tashkiliy vazifalardan ozod etish uchun 2028 yildan «sud ma’murchiligi» instituti joriy etiladi.
«Raqamli sud» konsepsiyasi barcha sudlarda to‘laqonli ishga tushirilib, my.sud.uz portali va uning mobil ilovasi takomillashtiriladi. Sudlarga murojaatlarning kamida 50 foizini elektron shaklda berish, sud majlislarining 100 foizini audioyozuv orqali qayd etish va Oliy sud axborot tizimlari foydalanuvchilarining sonini kamida 5 baravar oshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mediatsiya va yarashuv mexanizmlarini kengaytirish, noqonuniy deb topilgan ma’muriy hujjatlarning ochiq reyestri yuritishni qamrab olish, «xalq vakillari hay’ati» ishtirokida ko‘riladigan jinoyat turlari sonini kamida 3 taga yetkazish maqsad qilingan.
Taqdimotda sud apparati xodimlari uchun maxsus xizmat kiyimi namunasi ham ko‘rib chiqildi. Bu fuqarolarga sud xodimlarini oson tanib olish, ularning kasbiy mas’uliyatini oshirishga xizmat qiladi.
Uchrashuvda konstitutsiyaviy sud ishlarini yuritishni yanada takomillashtirish, sudyalar hamjamiyati organlari faoliyati samaradorligini oshirish, sud mustaqilligini mustahkamlash hamda tizimdagi kadrlarning xorijda malakasini oshirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari strategiya loyihasini ma’qullab, unda nazarda tutilgan islohotlarni ro‘yobga chiqarishga qaratilgan tegishli farmonni imzoladi.
Jamiyat
Toshkentda xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi
O‘zbekistonda moda va dizayn sohasi uchun malakali mutaxassislar tayyorlashga ixtisoslashgan yangi davlat oliy ta’lim muassasasi tashkil etiladi.
Prezidentning 2026-yil 16-oktyabrdagi PQ–378-son qaroriga muvofiq, Toshkent xalqaro moda akademiyasi tashkil etiladi. Akademiya Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritadi.
Yangi oliygoh Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamda Parij xalqaro moda akademiyasining qo‘shma ta’lim dasturi negizida tashkil etiladi.
Mazkur dasturda tahsil olayotgan barcha talabalar o‘qishini yangi akademiyada davom ettiradi. Bitiruvchilarga Toshkent xalqaro moda akademiyasining diplomi beriladi.
O‘quv jarayoni 2026/2027 o‘quv yilidan boshlanadi. Akademiyada xalqaro qo‘shma dasturlar bilan bir qatorda, mustaqil ta’lim dasturlari asosida bakalavr va magistrlar tayyorlashga ham ruxsat etiladi.
2027/2028 o‘quv yilidan boshlab to‘qimachilik, tikuvchilik, trikotaj va charm-poyabzal sohalarida korxonalar buyurtmasi asosida dual ta’lim joriy qilinadi. Bunda talabalar nazariy bilim olish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida ham ishtirok etadi.
Shuningdek, yengil sanoat yo‘nalishidagi texnikumlarni muvaffaqiyatli tamomlagan, o‘rtacha bahosi akademiya belgilagan talabga javob beradigan bitiruvchilarga bakalavriatning uchinchi bosqichidan to‘lov-kontrakt asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyati yaratiladi.
Akademiya bazasida davlat buyurtmasi asosida turli tashkilotlar uchun kiyim-bosh dizaynini ishlab chiqish va milliy brendlarni shakllantirish ham yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorda xorijiy mutaxassislar va talabalarni jalb qilish uchun ko‘p martalik vizalar rasmiylashtirish tartibi ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2028-yil yakuniga qadar davlat-xususiy sheriklik asosida 400 o‘rinli talabalar turar joyi quriladi. Ungacha akademiyaga o‘tkazilgan talabalar Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti yotoqxonasidan belgilangan tartibda foydalanishi mumkin.
Jamiyat
Xorijda o‘zbek restorani ochgan tadbirkorga xarajatlari bir qismi qoplab beriladi
Xorijda o‘zbek milliy taomlariga ixtisoslashgan restoran yoki oshxona tashkil etgan mahalliy tadbirkorlar ayrim xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini subsidiya sifatida qaytarib olishi mumkin.
Ushbu xizmat Turizm qo‘mitasi tomonidan my.gov.uz Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali bepul ko‘rsatiladi.
Subsidiya O‘zbekistonda davlat ro‘yxatidan o‘tgan va xorijda milliy restoran tashkil etgan tadbirkorlik subyektlariga ajratiladi.
Ariza topshirishda restoranning xorijiy davlatda ro‘yxatdan o‘tganini va binodan foydalanish huquqini tasdiqlovchi hujjatlar, sanitariya va yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqlik bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etilishi kerak.
Shuningdek, restoranni tashkil etish bilan bog‘liq amalga oshirilgan xarajatlarni tasdiqlovchi hujjatlar, zaruratga qarab O‘zbekistondan mahsulot yetkazib berilganini tasdiqlovchi ma’lumotlar va ularning rasmiy tarjimasi so‘ralishi mumkin.
Restoranning ichki va tashqi ko‘rinishini aks ettiruvchi fotosuratlar ham arizaga ilova qilinadi.
Ariza my.gov.uz portali orqali elektron shaklda yuboriladi va 18 ish kuni ichida ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, subsidiya mablag‘lari 7 ish kuni ichida tadbirkorning bank hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Arizada kamchiliklar aniqlangan taqdirda, tadbirkorga ularni bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish imkoniyati beriladi.
Jamiyat
Ustyurtda sayg‘oqlar uchun beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi huzuridagi «Sayg‘ochiy» kompleks landshaft buyurtma qo‘riqxonasida yovvoyi hayvonlarni suv bilan ta’minlash maqsadida beshta avtonom suv ichish tizimi o‘rnatildi.
Tashabbus Ekologiya qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va Global ekologik jamg‘arma (GEF) bilan hamkorlikda «Aral Sea Wetlands» loyihasi doirasida amalga oshirildi.
Suv resurslari cheklangan Ustyurt cho‘li sharoitida qo‘shimcha suv manbalarining mavjudligi sayg‘oqlar va mahalliy faunaning boshqa vakillarini saqlab qolishda muhim ahamiyatga ega.
Avtonom tizimlar quyosh energiyasida ishlaydi va to‘liq avtomatlashtirilgan. Ularning har biri 3 kub metr sig‘imga ega suv havzalari, nasoslar, datchiklar va hisoblagichlar bilan jihozlangan. Bu markazlashgan elektr energiyasi va suv ta’minoti manbalariga doimiy ulanish zaruratisiz suvni barqaror yetkazib berish imkonini beradi.
Suv ichish tizimlari bilan bir qatorda hududga 10 ta kamera va 10 ta fototuzoq ham o‘rnatildi. Ular hayvonlarni sutka davomida kuzatish, harakatlanishi va suv ichish joylaridan foydalanishini qayd etish, shuningdek, populyasiyalar holatini keyingi monitoring qilish uchun ma’lumot to‘plash imkonini beradi.
Ustyurtning og‘ir tabiiy sharoitida yashaydigan sayg‘oqlar uchun qo‘shimcha suv manbalarining yaratilishi yovvoyi hayvonlar populyasiyalarini saqlash va tiklashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Avtonom suv ichish tizimlarining o‘rnatilishi Ustyurtda bioxilma-xillikni asrash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan biri bo‘lib, zamonaviy kuzatuv vositalari orqali hayvonlar holatini monitoring qilish va zarur ma’lumotlarni to‘plash imkonini ham beradi.
Jamiyat
SSV 4 ta MSKT xaridi bo‘yicha bekor qilingan tender xususida tushuntirish berdi
Bir muddat oldin Raqobat qo‘mitasi SSV huzuridagi Xaridlar markazining boshlang‘ich narxi 14 mlrd so‘m bo‘lgan davlat xaridi «Raqobat to‘g‘risida»gi qonun talablariga nomuvofiq deb topilgani sababli bekor qilingani aytilgan edi.
Markaz ushbu holat yuzasidan bergan rasmiy tushuntirish berib, respublika tibbiyot muassasalari uchun 4 ta MSKT uskunasini xarid qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tender natijalari bekor qilinganini tasdiqladi.
Markaz ma’lumotiga ko‘ra, maxsus axborot portalida 497870-sonli lot bo‘yicha o‘tkazilgan tender yakunlaridan so‘ng “SKYMED Technologies” MChJ tomonidan e’tiroz xati kelib tushgan.
Murojaat Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganilganda, ishtirokchilarning texnik takliflarini baholash jarayonida tibbiyot muassasalari ekspert guruhi tomonidan ayrim texnik xatolarga yo‘l qo‘yilgani aniqlangan.
Xususan, servis xizmati ko‘rsatish bo‘yicha belgilangan mezon asosida g‘olib ishtirokchiga asossiz ravishda qo‘shimcha 1 ball berilgan.
Shundan so‘ng Xarid komissiyasining 2026-yil 18-sentyabrdagi qarori bilan mazkur lot bo‘yicha tender natijalari bekor qilingan.
Shuningdek, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi 21-sentyabr kuni tender yuzasidan o‘rganish o‘tkazish maqsadida ishtirokchilar taqdim etgan hujjatlarni so‘ragan.
Xaridlar markazi 22-sentyabr kuni qo‘mitaga javob yo‘llab, tender natijalari bekor qilingani va bunga sabab bo‘lgan holatlar haqida ma’lumot bergan.
Markazning ta’kidlashicha, tender natijalarining bekor qilinishi texnik baholash jarayonida aniqlangan xatolar bilan bog‘liq bo‘lib, qaror Xarid komissiyasi tomonidan o‘rganish yakunlariga ko‘ra qabul qilingan.
Jamiyat
O‘zbekistonda Ta’lim va ilm-fan vazirligi tashkil etildi
O‘zbekistonda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi yagona Ta’lim va ilm-fan vazirligi sifatida qayta tashkil etildi.
Bu Prezident farmonida belgilandi.
Yangi vazirlik maktabgacha ta’limdan boshlab oliy ta’lim va ilmiy faoliyatgacha bo‘lgan yo‘nalishlarni yagona boshqaruv tizimiga birlashtiradi.
Islohotdan asosiy maqsad mamlakatda ta’lim, tarbiya va ilm-fanning yaxlit tizimini zamon talablari asosida tashkil etish, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish hamda inson kapitalini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.
Shuningdek, ta’limning barcha bosqichlari o‘rtasida uzviylik va davomiylikni ta’minlash ko‘zda tutilgan. Ya’ni maktabgacha ta’lim, maktab ta’limi, oliy ta’lim va ilmiy faoliyat yagona tizim doirasida muvofiqlashtiriladi.
Farmonda sohada samarali boshqaruv tizimini joriy qilish, turli ta’lim bosqichlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish va vazirlikning jamoatchilik oldidagi hisobdorligini oshirish ham nazarda tutilgan.
Yangi tuzilma orqali ta’lim va ilm-fan sohasida davlat siyosatini yagona yondashuv asosida amalga oshirish maqsad qilingan.
