Mahalliy
«Sud-pud demasdan, ichidagi odamlari bilan buzib, ko‘mib tashlaysan» – Buxoro hokimini nima qo‘yushqondan chiqargandi
Joriy yilning 12-iyun kuni ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovning mutasaddilar bilan xususiy bog‘chalardan birida bo‘lgani va bir nechtasini buzdirib tashlattirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Tarqalgan videotasvirda viloyat hokimi, jumladan, «sud-pud demasdan, ichidagi odamlari bilan buzib, ko‘mib tashlaysan» degan. Shuningdek, u «Bog‘cha hududiga kirganlarni hammasini huquqiy hujjatlarini ko‘tarasan. Yo‘qlarini hech kimni eshitmasdan buzasan. Bugunni o‘zida buzib tashlaysan, narsalari bilan, ichidagi odamlari bilan ko‘mib tashlaysan, k chyortu. Bo‘ldi endi sud-pud, deb erkalatgani», degan Buxoro shahar hokimi o‘rinbosariga qarata.
Viloyat hokimligi matbuot xizmati yuqoridagi videotasvirda ketgan so‘zlar Buxoro viloyati hokimi tomonidan aytilganini inkor qilmadi. Biroq keng muhokamalarga sabab bo‘layotgan holat aslida qanday? Viloyat rahbari «xususiy bog‘chani buzib tashlash» kerakligi yuzasidan topshiriq berganmi?
Buxoro villoyati hokimi axborot xizmati rahbari Olim Jo‘rayevning «Xabar.uz»ga bildirishicha, aslida Buxoro hokimi Botir Zaripov ishchi guruhi bilan joriy yilning 22 may kuni Buxoro shahridagi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasida bo‘lgan. Bunda u davlat maktabgacha ta’lim muassasasida amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlarining borishini ko‘zdan kechirgan. U yerdagi og‘ir ahvol, ayniqsa, bog‘chaga tutash umumiy ovqatlanish ob’yekti tomonidan muassasada hududining tegishlicha maydoni o‘zboshimchalik bilan egallab olinganiga, bolalar hayoti xavfsizligi ta’minlanmaganiga guvoh bo‘lgan. Buxoro shahar markazidagi bunday achinarli ahvoldan va bolalar taqdiridan xavotirlangan viloyat rahbari jahl ustida javobgar mas’ullarga tadbirkorning o‘zboshimcha xatti-harakatlariga nisbatan: «sud-pud demasdan, ichidagi odamlari bilan buzib, ko‘mib tashlash» haqida tanbeh bergan.
Bildirilishicha, Buxoro shahridagi 2-sonli davlat maktabgacha ta’lim muassasasi 140 o‘ringa mo‘ljallangan. 1961 yilda qurilgan va hozirda ta’mirtalab holga kelib qolgan. O‘tkazilgan xatlovga asosan mahalliy budjet hisobidan zarur mablag‘lar ajratilib, bog‘chada kapital ta’mirlash ishlari olib borilishi ko‘zda tutilgan.
O‘rganish chog‘ida viloyat hokimi qurilish ishlarini jadallashtirish va qisqa muddatda yakunlash yuzasidan shahar hokimligi va soha mas’ullariga topshiriqlar bergan.
«O‘rganish jarayonida tadbirkorning bog‘cha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufyona noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagi ochganiga, bundan tashqari, bog‘cha hududining bir qismida yuqori kuchlanishli transformator atrofi temir panjara bilan o‘rab olinmaganiga guvoh bo‘ldik», – deydi Olim Jo‘rayev.
Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, viloyat hokimlari zimmasiga muassasalarning xavfsizligini ta’minlash, shu jumladan, hududlar atrofini o‘rash, ularga huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha inspektorlarni biriktirish, kuzatuv kameralari va yong‘inga qarshi signalizatsiya tizimlarini o‘rnatish choralarini ko‘rish, shuningdek, muassasa hududining va ko‘chmas mulkining butunligini hamda daxlsizligini belgilangan tartibda ta’minlash vazifalari yuklatilgan.
Videolavhada tilga olingan «buzib tashla» jumlasida aynan o‘sha bog‘cha hududida tegishli ruxsatlarsiz, xufyona, noqonuniy kirish-chiqish yo‘lagini bartaraf etilishi nazarda tutilgan. Va asosiy maqsad viloyat hokimi tomonidan 140 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchilarini xavfsizligi, hamda yuz berishi mumkin bo‘lgan turli noxush, noqonuniy holatlarni oldini olish bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida: Bundan ilgari Buxoroda e’tiborsizlik oqibatida bog‘cha bolasining tok urishi oqibatida vafot etgan hamda tok urishidan vafot etgan bog‘cha tarbiyalanuvchisi ishi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilgan edi.
«Ijtimoiy tarmoq faollari va foydalanuvchilari aynan shu jumlani «hokim xususiy bog‘chalarni buzib tashlash bo‘yicha topshiriq berayapti” tarzida muhokama qilishmoqda. Bu esa mutlaqo asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi», – deydi Buxoro shahar hokimi o‘rinbosari Feruz Hamroyev.
Bildirilishicha, viloyatning boshqa shahar-tumanlaridagi maktabgacha ta’lim muassasalarida bu kabi holatlarni o‘rganish va zudlik bilan bartaraf etish maqsadida Buxoro shahar hokimining tegishli o‘rinbosariga «hayfsan» intizomiy chorasi qo‘llanilgan. Noqonuniy yo‘lak bartaraf etilgan hamda o‘rganish olib borilgan 2-son davlat maktabgacha ta’lim muassasasidagi jarayon tasvirga olinib, mutasaddilarga yuborilgan va shu tariqa keng tarqalgan.
Rasmiy munosabatda viloyatda qonun ustuvorligi ta’minlanishi, birorta noqonuniy buzilish amalga oshirilmasligi ta’kidlab o‘tilgan. Ushbu holatda esa viloyat hokimi tomonidan topshiriq berish paytida ayrim rahbarlarning mas’uliyatini oshirish uchun hissiyotli gapirishiga to‘g‘ri kelgani vaj keltirilgan.
Mahalliy
Buxorodagi davlat bog‘chalari ham vaqtincha yopiladi
Buxoroda ham bog‘chalar vaqtincha yopiladi.
Buxoro viloyatida kutilgan kuchli issiqlar munosabati bilan 15–17-iyul kunlari barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati vaqtincha to‘xtatiladi.
Bu haqda Buxoro viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi Buxoro viloyati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasining xulosasiga asoslanib ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, qaror maktabgacha yoshdagi bolalarning hayoti va salomatligini jazirama issiqning salbiy ta’siridan muhofaza qilish maqsadida qabul qilingan.
Davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari 20 iyul kunidan boshlab belgilangan tartibda o‘z faoliyatini qayta tiklaydi.
Ota-onalardan ushbu vaqtinchalik cheklovni to‘g‘ri qabul qilish, shu kunlarda farzandlari salomatligi va xavfsizligiga alohida e’tibor qaratish so‘raldi.
Avvalroq Qoraqalpog‘iston, Xorazm va Navoiydagi bog‘chalar vaqtincha yopilishi ma’lum qilingandi.
Mahalliy
Ayrim fransuz tili o‘qituvchilariga umumiy qiymati 1,3 mln yevrolik grant ajratiladi
Fransiyaning Nitsa shahrida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi delegatsiyasi hamda Frankofoniya instituti o‘rtasida hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan Anglashuv memorandumi imzolandi.
Hujjatga ko‘ra, 2030 yilgacha O‘zbekistondagi 1 410 nafar fransuz tili o‘qituvchisining malakasi oshiriladi. Ularning 910 nafari uchun umumiy qiymati 1,3 million yevroga teng bo‘lgan bepul pedagogik stipendiya (grant) ajratiladi.
Shuningdek, tomonlar «Allyumer le zetual» («Allumer les étoiles») dasturi doirasida pedagoglar malakasini oshirish, trenerlar tayyorlash hamda xorijiy til mutaxassislarini O‘zbekistonga jalb etish bo‘yicha hamkorlik qilishga kelishib oldi.
Bundan tashqari, A. Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida Frankofoniya instituti byurosini ochish masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur byuro kelgusida mintaqaviy markaz sifatida fransuz tili o‘qituvchilarining malakasini oshirishga xizmat qilishi rejalashtirilmoqda.
Mahalliy
O‘zbekistondagi 10 mingdan ortiq maktab «Canva»dan bepul foydalanadi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari Sherzod Karimov boshchiligidagi delegatsiya Fransiyadagi O‘zbekiston elchixonasida «Canva» kompaniyasi bilan grant kelishuvini imzoladi. Hujjatga muvofiq, mamlakatdagi 10 mingdan ortiq umumta’lim maktabi «Canva for Education» platformasidan uch yil mobaynida mutlaqo bepul foydalanadi.
Kelishuv Parij shahridagi YuNESKO bosh qarorgohida o‘tkazilayotgan «Ta’lim transformatsiyasi sammiti +4» doirasida imzolandi. Grantning umumiy qiymati 20 million AQSh dollariga teng bo‘lib, u maktablarda zamonaviy raqamli ta’lim vositalarini keng joriy etishga xizmat qiladi.
«Canva» — Avstraliyada tashkil etilgan va hozirda dunyoning 190 dan ortiq mamlakatida qo‘llanilayotgan yetakchi vizual dizayn platformasi hisoblanadi. Uning ta’limga mo‘ljallangan «Canva for Education» xizmati o‘qituvchilar va o‘quvchilar uchun maxsus ishlab chiqilgan minglab tayyor shablonlar hamda dizayn vositalarini taklif etadi.
Platforma orqali o‘quvchilar taqdimot va infografikalar tayyorlash, vizual materiallar yaratish, sun’iy intellekt asosida ta’lim kontenti ishlab chiqish, guruh bo‘lib onlayn hamkorlik qilish va raqamli savodxonlik ko‘nikmalarini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mahalliy
OTMlarga kirish uchun test sinovlari 14 iyuldan boshlanadi
2026/2027-o‘quv yili uchun davlat oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari 14-23 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, test sinovlari 10 kun davomida kuniga ikki smenada tashkil etiladi. Birinchi smena soat 08:00, ikkinchi smena esa 15:00 da boshlanadi. Abituriyentlardan belgilangan hududga test boshlanishidan kamida 1,5 soat oldin yetib kelishlari so‘ralgan.
Ma’lum qilinishicha, test sinovlarida ishtirok etish uchun «Abituriyent ruxsatnomasi» my.uzbmb.uz sayti orqali berilmoqda. Abituriyentlarga ruxsatnomani yuklab olib, chop etish tavsiya etilgan.
Har bir abituriyent ruxsatnomada ko‘rsatilgan manzil, sana va smenada test topshiradi. Boshqa hudud, kun yoki smenada test sinovlarida ishtirok etishga ruxsat berilmaydi.
Agentlik abituriyentlar test sinoviga pasport yoki ID-karta hamda ruxsatnoma bilan kelishi shartligini eslatdi. Pasport nusxasi yoki boshqa hujjatlar bilan kelgan, shuningdek, kechikkan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmaydi.
Mahalliy
O‘zbekistonda 13 mingga yaqin abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi
2026/2027-o‘quv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga kirish jarayonida 13 mingga yaqin nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, joriy yilda barcha fanlar bo‘yicha milliy yoki xalqaro sertifikatga ega bo‘lgan 12 997 nafar abituriyent test topshirmasdan, bevosita tanlov bosqichiga o‘tkazilgan. Mazkur toifadagi abituriyentlar uchun testga kirish ruxsatnomasi shakllantirilmagan. Taqqoslash uchun, 2025 yilda bunday imkoniyatdan 678 nafar abituriyent foydalangan.
2026/2027-o‘quv yili uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish 5–25 iyun kunlari davom etdi. Bu davrda 677 907 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan. Ularning 451 744 nafari joriy yil bitiruvchilari, 226 163 nafari esa avvalgi yillarda ta’lim muassasasini tamomlagan fuqarolardir.
Ro‘yxatdan o‘tganlarning 365 196 nafari ayollar, 312 711 nafari erkaklarni tashkil etgan. Test sinovlarida esa 664 609 nafar abituriyent ishtirok etadi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tish jarayonida yuklangan 24 526 ta milliy va xalqaro sertifikat tasdiqlangan. Shuningdek, umumta’lim fanlari bo‘yicha 193 186 nafar, chet tillari bo‘yicha esa 125 354 nafar sertifikatga ega abituriyent ro‘yxatdan o‘tgan.
Test sinovlarini o‘tkazish uchun respublika bo‘yicha 64 ta yirik sig‘imli bino tayyorlangan. Ularda bir smenada 35 490 nafar, bir kunda esa 70 980 nafar abituriyent test topshirishi mumkin. Test sinovlari 10 kun davomida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
-
Sport4 days agoAngliya-Norvegiya bahsi boshlanish vaqti kechiktirilishi mumkin
-
Sport4 days agoIspaniya Belgiyani yengib, yarimfinalga chiqdi
-
Iqtisodiyot4 days ago
17 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlaridagi qonunbuzilishlar aniqlandi
-
Dunyodan4 days ago
Frantsiyada ko’pchilik qo’rqqan narsa yuz berdi.
-
Sport3 days agoInfantino yana JCh ishtirokchilari sonini oshirish g‘oyasi haqida gapirdi
-
Jamiyat4 days agoBektemir tumanida «zakladchik»lar qo‘lga olindi
-
Jamiyat4 days agoDori narxini sun’iy oshirgan yuzlab dorixonalar aniqlandi
-
Jamiyat4 days agoJanubiy Koreya va AQShga noqonuniy migratsiya tashkil etmoqchi bo‘lganlar ushlandi
