Mahalliy

So‘z mulkining so‘nmas chirog‘i Ibrohim G‘afurov vafot etdi

Published

on


Milliy adabiyotimiz va ma’naviyatimiz og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekiston Qahramoni, ulug‘ adib, taniqli adabiyotshunos, munaqqid va tarjima maktabining asoschilaridan biri Ibrohim G‘afurov 88 yoshida olamdan o‘tdi. Uning nomi bir necha avlod ziyolilari uchun shunchaki ijodkor emas, balki so‘zga, haqiqatga va yuksak ma’naviyatga sadoqat ramzi edi.

Ibrohim G‘afurov ijodining eng zalvorli qismi – jahon adabiyoti durdonalarini o‘zbek kitobxoniga yetkazishda namoyon bo‘ladi. Uning tarjimalari orqali o‘zbek o‘quvchisi Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo”, “Telba”, “Qimorboz”, Gi de Mopassanning “Azizim”, Ernest Xemingueyning “Alvido, qurol” hamda “Chol va dengiz” kabi asarlarini ona tilida mutolaa qilish baxtiga muyassar bo‘ldi.

Ijodkorning mahorati shunda ediki, u chet tilidagi asarni shunchaki o‘girmadi, balki unga milliy nafas, yangi ruh baxsh etdi. Bu mehnati 2025-yilda Ogahiy nomidagi Xalqaro badiiy tarjimonlik tanlovida yuksak e’tirof etilgani bejiz emas.

1937-yil 27-dekabrda Toshkent shahrida hunarmand oilasida dunyoga kelgan Ibrohim G‘afurov o‘z taqdirini ilm va adabiyot bilan chambarchas bog‘ladi. 1956–1961-yillarda hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetida olgan bilimlari keyinchalik uning ulkan ijodiy parvozi uchun poydevor bo‘lib xizmat qildi.

Uning mehnat faoliyati ham adabiyotga xizmat qilish bilan o‘tdi. 1961–1982-yillarda davlat badiiy adabiyot nashriyotida kichik muharrirlikdan bosh muharrir o‘rinbosari lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.

Nashriyot va matbuot sohasidagi faoliyati davomida u nafaqat o‘z ijodi, balki yosh qalamkashlarni tarbiyalash, adabiy muhitni shakllantirishda katta maktab yaratdi.

Ibrohim G‘afurovning adabiyot va san’at rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni, “Do‘stlik” ordeni, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi hamda Davlat mukofoti sohibi edi.

Ammo uning haqiqiy unvoni – xalq qalbida qoldirgan o‘chmas izi va o‘zbek tilining boyishiga qo‘shgan hissasidir. Ustozning vafoti nafaqat oilasi va shogirdlari uchun, balki butun o‘zbek ma’naviyati uchun ulkan yo‘qotishdir.

Marhumning ortidan qolgan boy ijodiy meros, tarjimalar va adabiy tanqidiy qarashlar kelajak avlodlar uchun ma’naviy xazina bo‘lib qolaveradi.

Xabar.uz axbotot-tahliliy portali ijodkorning yaqinlariga va barcha kitobxonlarga chuqur hamdardlik bildiradi.

 



Source link

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *

Trending

Exit mobile version