Siyosat
So‘z erkinligi g‘oyalarini hayotga tatbiq etishda hamisha qat’iy bo‘lamiz – Prezident
Yurtimizda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha aniq tizim yaratildi, alohida qonunlar qabul qilindi.
Parlament palatalarida mas’ul qo‘mitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash va agentlik tashkil qilindi.
Eng muhimi, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratilgani, ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi o‘rni va ta’siri ortib borayotgani qayd etildi.
Ilgari bu mavzu jurnalistlar uchun mutlaqo yopiq edi. Hozirgi vaqtda mavjud holat ochiqlik va shaffoflik tomonga butunlay o‘zgardi.
Ochiqlik bo‘yicha xalqaro reytinglardagi mamlakatimizning o‘rni 138 pog‘onaga yaxshilanib, Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda 30-o‘ringa ko‘tarildi.
“Takror va takror aytaman: biz ochiqlik siyosatini, so‘z erkinligi g‘oyalarini hayotga tatbiq etishda hamisha qat’iy bo‘lamiz!” – dedi davlatimiz rahbari.
Siyosat
Shavkat Mirziyoyev «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston va Ozarbayjon Prezidentlarini ikki mamlakatning oliy davlat mukofotlari bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevga O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – «Oliy Darajali Do‘stlik» ordeni topshirildi.
Davlatimiz rahbari nufuzli mukofotni topshirar ekan, ushbu qaror Ozarbayjon Prezidentining qardosh mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlashdagi xizmatlariga nisbatan O‘zbekiston xalqining samimiy hurmati va e’tirofining ifodasi ekanini ta’kidladi.
– Siz ulug‘ otangiz – atoqli davlat arbobi Haydar Aliyevning ishini munosib davom ettirmoqdasiz. Sizning rahbarligingizdagi oqilona islohotlar tufayli Ozarbayjon taraqqiyot borasida va xalqaro maydonda ulkan yutuqlarga erishmoqda.
Ilhom Aliyevning O‘zbekiston – Ozarbayjon ko‘p qirrali munosabatlarini kengaytirishga qo‘shayotgan hissasi ham alohida mamnuniyat bilan qayd etildi. Ikki davlat o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari qaror topishida aynan uning o‘rni beqiyos.
O‘z navbatida, Ozarbayjon Prezidenti yuksak e’tirof uchun mamlakatimiz yetakchisi va xalqiga minnatdorlik izhor etib, do‘stlik va o‘zaro hurmat ruhidagi har tomonlama hamkorlik yanada mustahkamlanishiga ishonch bildirdi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ozarbayjonning oliy davlat mukofoti – «Haydar Aliyev» ordeni bilan taqdirlandi.
Mukofotni davlatimiz rahbariga Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev topshirdi.
O‘zbekiston yetakchisi Ozarbayjon Prezidenti va qardosh Ozarbayjon xalqiga chuqur minnatdorlik bildirib, ushbu mukofotni abadiy do‘stlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash yo‘lidagi qo‘shma sa’y-harakatlarga berilgan yuksak baho sifatida qabul qilishini ta’kidladi.
– Mazkur orden men uchun alohida ahamiyatga ega. Unga butun umrini Vataniga xizmat qilishga bag‘ishlagan ulug‘ davlat arbobi Haydar Aliyevich Aliyevning nomi berilgan. Aynan shu inson Ozarbayjonning kelgusi taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor yaratdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Haydar Aliyev O‘zbekiston tarixi va madaniyatini yuksak qadrlagani, ikki xalq yaqinlashuviga salmoqli hissa qo‘shgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston va Ozarbayjon kelgusida ham barcha sohalarda hamkorlikni kengaytirib, qardoshlik munosabatlari esa yangi amaliy mazmun bilan boyib borishiga ishonch bildirildi.
Ta’kidlash joizki,«Haydar Aliyev» ordeniga turli yillarda Fransiya Prezidenti Jak Shirak, Quvayt Amiri Saboh as-Saboh, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an, Italiya Prezidenti Serjo Mattarella va boshqa ko‘plab davlat arboblari sazovor bo‘lgan.
Siyosat
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida Abadiy do‘stlik shartnomasi imzolandi
Oliy darajadagi muzokaralar yakunida ikki tomonlama hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda Oliy davlatlararo kengash uchinchi yig‘ilishining qarorini imzoladilar.
Davlat rahbarlari huzurida quyidagi hujjatlar imzolandi:
– Pensiya ta’minoti sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– Turizm sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– 2030-yilga qadar tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha dastur;
– Investitsiyalar va savdo sohasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha amaliy harakatlar rejasi;
– Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2027-2028-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
– Adliya vazirliklari o‘rtasida 2027-2028 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi;
– Kinologiya sohasida tajriba almashish va hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
– Urganch va Xonkendi, Buxoro va Lochin, Urganch va Naxchivon shaharlari o‘rtasida birodarlik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bayonnomalar.
Siyosat
To‘qayev prezidentlikka qayta nomzod qo‘yishi haqidagi savolga javob berdi
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev bugun, 23-avgust kuni mamlakatning bir palatali parlamenti – Qurultoy saylovi munosabati bilan jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
«Vlast» nashri vakili Tamara Vaal Q.To‘qayevdan 2029-yilgi prezident saylovida qatnashish niyati bor yoki yo‘qligini so‘ragan.
«Konstitutsiyaviy sud shunday qaror qabul qildi. Bu qonuniy, albatta va men qonuniy tartibda qayta saylanish huquqiga egaman. Kelgusi saylov masalasiga yoki siz aytganingizdek, saylovda qatnashish yoki qatnashmasligimga kelsak, bu borada mulohaza yuritishga hali erta. Negaki, qayd etganimdek, mamlakatimiz oldida turgan ko‘plab masalalarni hal etishimiz kerak. Butun Qozog‘istonni qurilish maydoniga aylantirib, avvalo, fuqarolar uchun ijtimoiy obyektlar barpo qilishimiz lozim… Ehtimol, keyingi yili sizga (bu bo‘yicha) aniqroq javob berarman», – degan Q.To‘qayev.
Avval xabar berganimizdek, joriy yil iyul oyida Qozog‘iston Konstitutsiyaviy sudi Qosim-Jo‘mart To‘qayev yana prezidentlikka nomzodini qo‘yishi mumkinligi haqida qaror chiqardi.
Sud talqiniga ko‘ra, mart oyida referendum orqali ma’qullangan va 1-iyuldan e’tiboran kuchga kirgan yangi Konstitutsiya amaldagi davlat rahbari Q.To‘qayevga yana prezidentlikka nomzodini qo‘yishga imkon beradi.
Avvalgi Asosiy Qonun bo‘yicha davlat lavozimlarida ishlagan shaxslar konstitutsiyaviy islohotdan keyin qayta saylanish yoki lavozimga tayinlanish huquqiga ega bo‘ladi va bu ularning birinchi saylovi yoki lavozimga tayinlanishi hisoblanadi.
Q.To‘qayevning prezidentlik muddati 2022-yil noyabrda boshlangan va 2029-yil noyabrda tugaydi.
2025-yil may oyida Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida Q.To‘qayev davlat rahbari yollanma menejer ekanini ta’kidlagan holda, yetti yillik vakolat muddati tugagach, 2029-yilda iste’foga ketishini aytgan edi.
Konstitutsiyaviy sud Q.To‘qayev navbatdagi muddatga prezidentlik saylovida qatnashish huquqiga ega ekani haqida qaror chiqarishidan avvalroq Qozog‘iston rahbari BMT Bosh kotibi lavozimiga kutilmagan nomzod sifatida ilgari surilishi ehtimoli ham muhokama etilgandi.
Ma’lumot o‘rnida: Q.To‘qayev BMTning rasmiy tillaridan to‘rttasini biladi va avval BMT Bosh kotibi o‘rinbosari hamda Jenevadagi vakolatxona rahbari lavozimida ishlagan.
Siyosat
Ozarbayjon prezidenti Yangi Toshkent loyihasi bilan tanishdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasiga tashrif buyurdilar.
Bu yerda Ozarbayjon yetakchisiga Yangi Toshkent bosh rejasi, qurilish ishlarining borishi, shaharning transport va muhandislik infratuzilmasi hamda istiqboldagi rivojlanish rejalari haqida taqdimot qilindi.
Yangi Toshkent 20 ming gektar maydonda barpo etilib, istiqbolda 2 million aholi yashashi uchun mo‘ljallangan. 2034 yilga qadar bu yerda 200 mingta xonadon qurilishi rejalashtirilgan.
Loyihaning 6 ming gektarni qamrab olgan birinchi bosqichida zamonaviy turar joylar, ijtimoiy va biznes obyektlari, ta’lim va madaniyat maskanlari bunyod etilmoqda. Xususan, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti va boshqa oliy ta’lim muassasalarining kampuslari qurilmoqda.
Shaharni barpo etishda zamonaviy urbanistika, “yashil shahar” va energiya samaradorligi tamoyillariga ustuvor ahamiyat qaratilgan. Muhandislik kommunikatsiyalarini yer ostida joylashtirish, energiya tejamkor texnologiyalardan foydalanish, keng yashil hududlar va jamoat makonlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Transport infratuzilmasi ham yangi shaharning muhim tarkibiy qismi bo‘ladi. Yangi ko‘priklar, metro liniyasi, piyodalar va velosiped yo‘laklari Yangi Toshkentni poytaxtning mavjud hududlari bilan uzviy bog‘laydi.
Shuningdek, shaharda davlat idoralari, ilmiy va madaniy markazlar, mehmonxonalar, servis hamda biznes majmualari barpo etiladi. Loyihaga mahalliy va xorijiy investorlar keng jalb qilinmoqda.
Prezident Ilhom Aliyevga Yangi Toshkentning maketi va rejalashtirilayotgan yirik obyektlar haqida ma’lumot berildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Yangi Toshkentda Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universitetining yangi kampusini tantanali ochish marosimida ishtirok etdilar.
Davlat rahbarlari Nizomiy Ganjaviy haykali yonida daraxt ekdilar.
Prezidentlarga universitet majmuasining qurilish jarayonlari, ta’lim infratuzilmasi va kampusni rivojlantirish rejalari haqida ma’lumot berildi.
40 gektar maydonda barpo etilayotgan kampus qurilishi ikki bosqichda amalga oshirilmoqda. Bu yerda jami 20 ming nafar talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari hamda 5 ming o‘rinli talabalar turar joylarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Birinchi bosqich doirasida 12 ming o‘rinli besh qavatli o‘quv binosi va zamonaviy laboratoriya majmuasi qurildi.
Davlat rahbarlari kampusda yaratilgan o‘quv va ilmiy muhit, axborot-resurs markazi hamda Nizomiy Ganjaviy merosiga bag‘ishlangan muzey ekspozitsiyasi bilan tanishdilar.
Muzeyda buyuk ozarbayjon shoiri va mutafakkiri Nizomiy Ganjaviyning hayoti va ijodi, uning boy ma’naviy merosi, shuningdek, O‘zbekiston va Ozarbayjon xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik madaniy hamda adabiy aloqalar aks ettirilgan.
Yetakchilar ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalaridagi aloqalar ikki qardosh xalqni yanada yaqinlashtirish, yosh avlodni umumiy ma’naviy qadriyatlar ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladilar.
Siyosat
Ilhom Aliyev davlat tashrifi bilan O‘zbekistonga keladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev 23-24-avgust kunlari davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Toshkent shahrida oliy darajadagi muzokaralar hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon yetakchilari raisligida Oliy davlatlararo kengashning uchinchi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Sammit kun tartibidan O‘zbekiston – Ozarbayjon strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Tovar ayirboshlash hajmini oshirish, ishbilarmon doiralar va hududlar o‘rtasidagi kooperatsiyani chuqurlashtirish, transport-tranzit sohasidagi imkoniyatlardan samarali foydalanish, faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalari diqqat markazida bo‘ladi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashadilar, ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlik masalalarini muhokama qiladilar.
Muzokaralar yakunida salmoqli hujjatlar to‘plamini imzolash hamda qator iqtisodiy va gumanitar loyihalarni ishga tushirish ko‘zda tutilgan.
Qayd etish joizki, ayni kunlarda O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlari forumi hamda boshqa qo‘shma tadbirlar o‘tkazilmoqda.
-
Iqtisodiyot3 days ago
Yangi boshlayotgan tadbirkorlar 5 mlrd so‘mgacha kreditni onlayn rasmiylashtirishi mumkin
-
Iqtisodiyot4 days ago
Mikro GESlarni loyihalash va qurish tartibi soddalashtiriladi
-
Mahalliy2 days ago
O‘zbekistonda 10-sinf o‘quvchilari o‘qishini texnikumga ko‘chirishi mumkin bo‘ladi
-
Jamiyat5 days ago
Mirakida ekologik bilim va sport uyg‘unlashgan kun
-
Mahalliy4 days ago
Talabalar uchun o‘quv yili qachon boshlanishi aniq bo‘ldi
-
Iqtisodiyot4 days ago
O‘zbekiston qaysi davlatlarga ko‘proq eksport qilmoqda?
-
Mahalliy3 days ago
O‘zbekistonda xorijiy oliygohlar soni 10 yilda 4,3 barobar oshdi
-
Iqtisodiyot20 hours ago
O‘zbekistonda kiyim ishlab chiqarish bo‘yicha qaysi hududlar yetakchi?
